O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 31-oktabrdagi O‘RQ-987-sonli qonuni
Yer qa’ri to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 27-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 20-sentabrda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qo‘llanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi yer osti boyliklariga egalik qilish va ularni tasarruf etish, shuningdek yer qa’ridan foydalanish hamda uni muhofaza qilish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi yer qa’ridan foydalanishda yuzaga keladigan, yer, suv (bundan sanoat ahamiyatiga molik yer osti suvlari mustasno), o‘simlik va hayvonot dunyosidan, atmosfera havosidan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ushbu Qonun va sohaga oid qonunchilik tegishli salohiyatga ega bo‘lgan institutlar ko‘magida bozorga yo‘naltirilgan investitsiyalarni jalb etish vositasida O‘zbekiston Respublikasining foydali qazilmalarini barqaror o‘zlashtirish uchun geologik ma’lumotlarni tartibga solish va boshqarishning zamonaviy usullariga asoslangan huquqiy asosni ta’minlaydi.
2-modda. Yer qa’ri to‘g‘risidagi qonunchilik
Yer qa’ri to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining yer qa’ri to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
benefitsiar egalik qiluvchi — yuridik shaxsni bevosita yoki bilvosita nazorat qiluvchi yoki unga egalik qiluvchi shaxs. Agar bunday shaxs shunday yuridik shaxsning yigirma besh foiz va undan ortiq foiz miqdordagi ulushiga bevosita yoxud bitta yoki o‘zaro bir-biri bilan bog‘langan bir necha yuridik shaxs orqali egalik qilsa, bunday shaxs biror-bir boshqa malaka mezonlariga qo‘shimcha tarzda avtomatik ravishda benefitsiar egalik qiluvchi deb hisoblanadi;
vakolatli shaxs — yer qa’ridan foydalanish sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan, qo‘llaniladigan milliy va (yoki) xalqaro standartlarga muvofiq vakolatli shaxs deb e’tirof etilgan shaxs;
yer ostida saqlash — yer qa’ri makonidan foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda, shu jumladan neftni, gazni, gaz kondensatini, sanoat ahamiyatiga molik yer osti suvlarini, boshqa moddalar va materiallarni yer ostida saqlash, chiqindilarni saqlash va ko‘mish maqsadida foydalanish;
yer qa’ri — yer qobig‘ining tuproq qatlamidan quyida joylashgan, tuproq qatlami mavjud bo‘lmaganda esa yer yuzasidan yoki suv obyektlari tubidan quyida joylashgan, geologik jihatdan o‘rganish va o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan chuqurlikka qadar yastangan qismi;
yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnoma — vakolatli organ tomonidan beriladigan va muayyan chegaradagi yer qa’ri uchastkasidan ushbu Qonunning 30-moddasida nazarda tutilgan yer qa’ridan belgilangan muddat mobaynida foydalanish turlariga muvofiq foydalanish huquqini tasdiqlaydigan hamda yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish shartlarini belgilaydigan hujjat;
yer qa’ri uchastkasi — ruxsatnomada ko‘rsatilgan bir yoki bir necha kadastr kvadratidan iborat bo‘lgan yer qa’ri uchastkasi;
yer qa’ridan foydalanish sohasidagi asosiy faoliyat turi — ushbu Qonun bilan tartibga solinadigan faoliyatning quyidagi biror-bir turi: qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish, qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish, uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlari, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish, uglevodorodlarni qazib olish, yer osti omborlarini geologik jihatdan o‘rganish, yer ostida saqlash;
yer qa’ridan foydalanuvchi — ushbu Qonunga muvofiq yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish — O‘zbekiston Respublikasi hududini mintaqaviy geologik jihatdan o‘rganishni, foydali qazilmalar konlarini izlash, baholash hamda qidirishni, ulardagi foydali qazilmalar zaxiralarining miqdori va sifatini, ularning texnologik xossalarini hamda iqtisodiy qimmatini, shuningdek yer qa’rining boshqa xossalarini belgilashni o‘z ichiga oladigan, yer qobig‘i geologik tuzilishining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlashga doir maxsus tadqiqot ishlari majmui;
ish kuni — shanba va yakshanbadan hamda O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga muvofiq belgilanadigan, ishlanmaydigan bayram kunlaridan tashqari har qanday kalendar kun;
kadastr kvadrati — kadastr setkasidagi eng kam maydon birligi bo‘lib, uning har bir tomoni geografik koordinatalar tizimidagi o‘nta oltmishtalik soniyaga teng bo‘ladi;
kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkasi — kadastr kvadratlari yuzasidagi, ruxsatnomaga kiritilgan hudud;
kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash — nodir tosh xomashyosining, paleontologik qoldiqlarning va boshqa geologik kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash;
konni o‘zlashtirish loyihasi — konchilik faoliyatining butun davri uchun texnik maslahatchi tomonidan tasdiqlangan ishlar (xizmatlar) loyihasi. Loyiha qazib olish uchastkasini o‘rnatish, ishlatish va yopish tavsifini o‘z ichiga oladi, shuningdek unda taklif etilayotgan loyiha, uni texnik jihatdan amalga oshirish va kutilayotgan muddatlar to‘g‘risidagi umumiy axborot mavjud bo‘ladi. Unda cheklangan vaqt davri uchun qabul qilinadigan ishlatish rejasi nazarda tutilib, ushbu rejada butun tegishli texnik faoliyat, shu jumladan ishchi kuchiga bo‘lgan talab, mehnatni muhofaza qilishga va texnika xavfsizligiga, shuningdek atrof muhitni muhofaza qilishga rioya etilishi bo‘yicha talablar har tomonlama tavsiflanadi;
konchilik faoliyati — konni o‘zlashtirish bilan bog‘liq faoliyat, shu jumladan, qidiruv, geologik jihatdan o‘rganish, konchilik faoliyatining infratuzilma obyektlarini qurish va ularga xizmat ko‘rsatish, qazib olish, konsentratsiya, boyitish yoki qayta ishlash, ishlov berish, separatsiya hamda transportda tashish, shuningdek qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish o‘tkazish, o‘zlashtirish, ishlab chiqarish yoki qayta ishlash maqsadida amalga oshiriladigan boshqa yordamchi faoliyat turlari;
konchilik faoliyati infratuzilmasi obyektlari — konchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida qurilgan yoki foydalanilayotgan har qanday imorat, qurilma, zavod va boshqa asosiy uskunalar;
konchilik faoliyati chiqindilari — foydali qazilmalarni, shu jumladan uglevodorodlarni qidirish yoki qazib olish natijasida, shuningdek qayta ishlash, shu jumladan affinaj va eritish jarayonida bevosita hosil bo‘ladigan chiqindilar (qattiq holdagi, yarim qattiq holdagi va suyuq), jumladan boyitish fabrikalarining qoldig‘i, affinaj va eritish chiqindilari, affinaj va eritish jarayonidagi chiqindilar, qoplama tog‘ jinslari, chiqindilarni qayta ishlash chog‘ida tuproqning yuqori qatlami va shlaklari, texnologik materiallar hamda utilizatsiya qilish uchun yaroqli bo‘lgan, ular bilan bog‘liq mahsulotlar;
lozim darajadagi neft-gaz amaliyoti — jahon neft-gaz tarmoqlarida neft-gaz operatsiyalarining tegishli jihatlari bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan o‘xshash holatlar hamda sharoitlarda ehtiyotkor va insofli operatorlar tomonidan foydalaniladigan texnologiyalar, usullar va tartib-taomillar;
mineral xomashyo — qazib olingan va birlamchi ishlov berishdan o‘tkazilgan foydali qazilmalar;
neft va gaz koni — uglevodorodlar qazib olinishi mumkin bo‘lgan bitta geologik tuzilma yoki stratigrafik sharoitlar bilan guruh hosil qilgan yoki bog‘liq bo‘lgan uglevodorodlar qatlami yoki uglevodorodlarning bir necha qatlami;
neft mahsulotlari — qayta ishlash yoki ishlov berish jarayonida xom neftdan yoki tabiiy gazdan fraksiyalarga ajratilgan yoki boshqacha tarzda olingan mahsulotlar;
neft-gaz infratuzilmasi obyekti — neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirish uchun qurilgan yoki foydalaniladigan har qanday konstruksiya, qurilma, zavod va boshqa asosiy asbob-uskuna;
neft-gaz operatsiyalari — uglevodorodlarni rekognossirovka qilish, geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish bilan bog‘liq ishlar, shu jumladan o‘zlashtirish, saqlash, tayyorlash, qayta ishlash, transportda tashish bilan bog‘liq faoliyat yoki uglevodorodlarni rekognossirovka qilish, geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish maqsadida amalga oshiriladigan boshqa ishlar;
noruda foydali qazilmalar — tarkibida metallar mavjud bo‘lmagan, tabiiy holatda yoki tozalangan va ishlov berilgan holda foydalaniladigan foydali qazilmalar;
tabiiy gazni chuqur qayta ishlash mahsulotlari — xom tabiiy gazni tozalash hamda taqsimlash va pirovardida undan foydalanish uchun uning yaroqliligini ta’minlash maqsadida tabiiy gazni qayta ishlash natijasida olinadigan mahsulotlar;
tajriba-sanoat usulida qazib olish — foydali qazilmalarni boyitish va qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqish yoki takomillashtirish, foydali qazilmalar konlarini sanoat usulida o‘zlashtirishning, shuningdek texnogen mineral hosilalardan foydalanishning oqilona usullari va uslublarini tanlash maqsadida yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish jarayonida amalga oshiriladigan foydali qazilmalarni qazib olish;
texnik maslahatchi — ariza berish uchun texnik-iqtisodiy asosnoma, konni o‘zlashtirish rejasi, yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish rejasi kabi hujjatlarni, shuningdek konchilik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan rejalashtirish sohasidagi boshqa hujjatlarni texnik jihatdan tayyorlashga layoqatli bo‘lgan shaxs;
texnogen mineral hosilalar — konchilik, kon-qayta ishlash (boyitish) va energetika sohasidagi ishlab chiqarishlarning tarkibida keyinchalik foydalanish uchun yaroqli foydali komponentlar mavjud bo‘lgan chiqindilari to‘plamlari;
tijoratbop topilma — joriy texnik va texnologik darajani hisobga olgan holda o‘zlashtirish chog‘ida iqtisodiy jihatdan rentabelli bo‘lgan kon;
uglevodorodlar koni — yer qa’rida bitta tuzilma yoki qatlam doirasida hosil bo‘lgan, miqdori, sifati va zaxiralari aniqlangan, uglevodorodlarning bitta yoki bir necha qatlami;
uglevodorodlar topilmasi — miqdori, sifati yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligidan qat’i nazar, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga kiritilgan yer qa’ri uchastkasining istalgan qismidagi uglevodorodlar hajmlarining biror-bir topilmasi;
uglevodorodlar qatlami — uglevodorodlarning alohida va yakka holdagi tabiiy (suyuq yoki gaz holatidagi) uyumlarini o‘z ichiga olgan, o‘tkazmaydigan jinslar va (yoki) suv to‘siqlari bilan chegaralangan hamda yagona tabiiy bosim tizimi xususiyatiga ega bo‘lgan g‘ovak va o‘tkazuvchan geologik hosila;
uglevodorodlarni baholash — uglevodorodlar topilganidan keyin uglevodorodlarning potensial qatlamidan chiqarib olinayotgan uglevodorodlar zaxiralarining miqdori va sifatini, shuningdek uglevodorodlarning potensial qatlami uglevodorodlar koni bo‘la olishi mumkinligini yoki mumkin emasligini aniqlash uchun bitta yoki bir necha shunday potensial qatlamning o‘lchamini, ko‘lamini hamda undan tijorat maqsadida foydalanish imkoniyatini aniqlash maqsadida uglevodorodlarni yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan geologik jihatdan o‘rganish doirasida amalga oshiriladigan barcha ishlar;
uglevodorodlarni birgalikda o‘zlashtirish — uglevodorodlarni qazib olishga doir turli ruxsatnomalarga taalluqli bo‘lgan yer qa’ri uchastkalaridagi bitta neft-gaz koni chegaralarida joylashgan uglevodorodlarning bitta yoki bir necha qatlamiga nisbatan uglevodorodlarni qazib olishga oid birgalikdagi ishlarni bir necha yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan shartnoma asosida, shu jumladan tegishli konni o‘zlashtirish uchun umumiy infratuzilmadan foydalangan holda amalga oshirish;
uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlari — biror-bir usuldan foydalanish vositasida yer qa’rining muayyan uchastkasida uglevodorodlarni izlash chog‘ida bajariladigan geologik, geokimyoviy va geofizik qidiruv ishlari: seysmik, gravimetrik, magnit, elektr, elektromagnit, geokimyoviy tadqiqotlar, shu jumladan uch yuz metr chuqurlikka qadar uncha chuqur bo‘lmagan burg‘ilash ishlari;
uglevodorodlarni qazib olish ishlari — neft va gaz konini yoki uglevodorodlar qatlamini o‘zlashtirish, uglevodorodlarni qazib olish, chiqarib olish, transportda tashish, tayyorlash va ajratish yoxud neft-gaz infratuzilmasi obyektlarini qurish, o‘rnatish, ishlatish yoki unga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq har qanday ishlar;
foydali komponent — foydali qazilmaning tijoratda foydalanish maqsadida qazib olish texnologik jihatdan mumkin bo‘lgan va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lgan tarkibiy qismi;
foydali qazilmalar — yer qa’ridagi kelib chiqishi noorganik va organik bo‘lgan qattiq, suyuq yoki gazsimon holatdagi tabiiy mineral hosilalar, shu jumladan sanoat ahamiyatiga molik yer osti suvlari, sho‘r ko‘llarning tuz eritmalari;
foydali qazilmalar koni — miqdori va sifati jihatidan o‘zlashtirish obyekti bo‘lishi mumkin bo‘lgan, tarkibida foydali qazilmalar mavjud yer qa’ri uchastkasi;
foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida qazib olish — yer qa’ri uchastkalaridan, shu jumladan sochma oltin konlari uchastkalaridan tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida qimmatbaho metallarni va qimmatbaho toshlarni nosanoat usulida qazib olish;
foydali qazilmalarni qazib olish — foydali qazilmalarni yer qa’ridan yuzaga chiqarib olish bilan bog‘liq ishlar majmui;
ekologik ekspertiza — rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining va boshqa faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilash hamda ekologik ekspertiza obyektini ro‘yobga chiqarishga yo‘l qo‘yilishi mumkinligini aniqlash;
elektron auksion — elektron savdolarni auksion shaklida o‘tkazish usuli bo‘lib, bunda yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqi Internet jahon axborot tarmog‘idagi ixtisoslashgan elektron savdo maydonchasida onlayn rejimda, auksiondan teng foydalanish asosida amalga oshiriladi;
qattiq holdagi foydali qazilmalar — yer osti qatlamlarida yoki yer yuzasida qattiq shaklda joylashgan tabiiy mineral hosilalar, organik moddalar va ularning aralashmalari, rudali va noruda foydali qazilmalar;
qattiq holdagi foydali qazilmalarning asosiy turlari — noruda foydali qazilmalardan farq qiluvchi qattiq holdagi foydali qazilmalar.
4-modda. Yer osti boyliklariga egalik qilish va ularni tasarruf etishning, shuningdek yer qa’ridan foydalanish hamda uni muhofaza qilishning asosiy prinsiplari
Yer osti boyliklariga egalik qilish va ularni tasarruf etishning, shuningdek yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik va yer qa’ridan foydalanish shartlarining barqarorligi;
yer qa’ridan oqilona foydalanish;
ekologik xavfsizlikni ta’minlash;
axborotning ochiqligi va shaffofligi;
adolatlilik va raqobatbardoshlik;
yer qa’ridan foydalanuvchilarning insofliligi.
Yer qa’ridan foydalanish shartlarining qonuniyligi va barqarorligi ushbu faoliyatni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirish orqali ta’minlanadi.
Yer qa’ridan oqilona foydalanishga xalqning va investorlarning manfaatlarini ko‘zlab barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash maqsadida yer qa’ridan foydalanish huquqini berish orqali erishiladi.
Ekologik xavfsizlik talablarini ta’minlash yer qa’ridan ekologik xavfsiz usullar orqali foydalanish hamda yer qa’rini ifloslantirishning oldini olish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llash hisobidan amalga oshiriladi.
Axborotning ochiqligi va shaffofligi qonunchilikka muvofiq yer qa’ridan foydalanishdagi axborot erkinligini anglatadi.
Adolatlilik va raqobatbardoshlikka yer qa’ridan foydalanuvchilarga, shu jumladan chet el investorlariga teng va kamsitilmaydigan munosabatni ta’minlash hamda monopoliyaning va bozorga ta’sir o‘tkazishni suiiste’mol qilishning oldini olish orqali erishiladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchilarning insofliligi yer qa’ridan foydalanish faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish jarayonida yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan ularga berilgan huquqlarni amalga oshirishda va ushbu Qonunda nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarishda yer qa’ridan foydalanuvchilarning halolligi hisobidan ta’minlanadi.
5-modda. Foydali qazilmalarning tasnifi
Foydali qazilmalar iqtisodiy ahamiyatiga va yer qa’ri uchastkalarini foydalanishga berish shartlariga ko‘ra, ushbu Qonunga muvofiq asosiy va noruda foydali qazilmalarga bo‘linadi.
Foydali qazilmalarning asosiy turlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
a) rudali foydali qazilmalar — tarkibida metallar mavjud bo‘lgan foydali qazilmalar. Ular jumlasiga alyuminiy, surma, margimush, berilliy, vismut, bor, kadmiy, seziy, selestin, xrom, kinovar, kobalt, mis, galenit, galliy, germaniy, oltin, gafniy, ilmenit, indiy, temir, temir oksidi, qo‘rg‘oshin, litiy, magniy, marganets, simob, molibden, nikel, niobiy, platina guruhidagi metallar, piritlar, radiy, noyob yer elementlari (lantanoidlar va aktinoidlar), reniy, rubidiy, skandiy, selen, kumush, stronsiy, tantal, tellur, talliy, toriy, qalay, titan, volfram va uning rudalari, vanadiy, vulfenit, ittriy, rux hamda sirkon kiradi. Rudali foydali qazilmalar suvda erigan rudali foydali qazilmalarni o‘z ichiga oladi;
b) radioaktiv foydali qazilmalar — tarkibida radioaktiv izotoplar mavjud bo‘lgan minerallar. Ular uranni, toriyni va boshqa radioaktiv minerallarni o‘z ichiga oladi, bundan radiy va kaliy mustasno;
v) energetik foydali qazilmalar — uglevodorodlardan farq qiladigan, energiyani hosil qilishda foydalaniladigan foydali qazilmalar. Ular jumlasiga ko‘mirning barcha turlari, shu jumladan toshko‘mir va kul rang ko‘mir, antratsit, torf va radioaktiv minerallar kiradi;
g) uglevodorodlar — odatda energiya ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan, suyuq yoki gazsimon holatda bo‘ladigan foydali qazilmalarning uglevodorod birikmalari. Ular jumlasiga xom neft, tabiiy gaz, eritilgan gaz, gaz kondensatlari, yonuvchi slanetslar va slanetsli neft hamda ular bilan bog‘liq komponentlar, noan’anaviy uglevodorodlar, shuningdek neft mahsulotlari va tabiiy gazni chuqur qayta ishlash mahsulotlari kiradi.
Tarkibida metallar mavjud bo‘lmagan minerallar noruda foydali qazilmalardir. Noruda foydali qazilmalar jumlasiga quyidagilar kiradi:
a) kon-kimyo xom ashyosi — mineral pigmentlar, mineral tuzlar (inson iste’mol qilishi uchun foydalaniladigan), kaliy tuzi, natriy sulfat, karbonatli tog‘ jinslari (ohaktosh, dolomitlar), mineral o‘g‘itlar (glaukonitlar, fosforitlar va boshqalar), shuningdek boshqa kon-kimyo xom ashyosi;
b) kon-ruda xom ashyosi — eruvchan shpat, dala shpati xom ashyosi, kvars va kvarsit, tabiiy grafit, shisha xom ashyosi, kvars qum, brusit marmar, talk va talk toshi, talkli magnezit, vollastonit, asbest, barit, vermikulit, qoliplash xom ashyosi, felzit, serpentinit va boshqa kon-ruda xomashyosi;
v) qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar — har qanday ishlov berilmagan, sochilgan holdagi, ora-sira joylashgan toshlar (olmos, zumrad, berill, opal, rubin, sapfir, feruza, xrizoberill, shpinel, topaz, turmalin, sirkon, obsidian, peridot, oytosh, xrizopraz, ametist, kvars, yoqut, soizit, kordiyerit, skapolit va boshqa xomashyo);
g) qurilish materiallari va to‘ldirgichlar — odatda qurilish sanoatida shag‘al yoki blokli tosh sifatida foydalaniladigan foydali qazilmalar va ular bilan bog‘liq materiallar (gil, qum, shag‘al, ohaktosh va boshqa magmatik jinslar, loy, mergel, gips, bo‘r, andezit, tuf, kristalli slanets, gilli slanets, tom yopishda ishlatiladigan slanets, qumtosh, kvars, to‘ldirgichlar va qurilish toshi, serpentin, peridotit, dunit, diorit, diabaz, bazalt, gabbro, siyenit, gneys, kvarsit va boshqa xom ashyo).
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar yuqori qimmatli minerallar jumlasiga kiradi. Ular oltin va qimmatbaho toshlar kabi qimmatbaho metall minerallarni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining qarorlari bilan foydali qazilmalar ro‘yxati hali foydalanilmagan moddalar bilan to‘ldirilishi mumkin.
Sanoat ahamiyatiga molik yer osti suvlari ichimlik va mineral ichimlik suv sifatida yaroqsiz bo‘lgan va balneologik maqsadlarda foydalanilishi mumkin bo‘lmagan, biroq sanoat maqsadlarida foydalanilishi mumkin bo‘lgan tabiiy yer osti suvlaridan iboratdir. Suvning tarkibidagi minerallarga qarab minerallar asosiy va noruda minerallarga tasniflanadi.
6-modda. Yer qa’riga bo‘lgan mulkchilik huquqi
Yer qa’ri va yer qa’rida tabiiy yo‘l bilan joylashgan barcha foydali qazilmalar O‘zbekiston Respublikasining davlat mulki bo‘lib, undan oqilona foydalanish lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Ushbu mulk huquqi har qanday shaxsning yerga va suvga bo‘lgan biror-bir huquqiga yoki mulkchiligiga qaramay qo‘llaniladi.
Davlat yer qa’rini ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslar, shartlar va chegaralarda foydalanishga beradi.
Yer qa’ri uchastkalari oldi-sotdi, hadya, meros qilib qoldirish, omonat, garov predmeti bo‘lishi yoki har qanday boshqacha shaklda o‘zga shaxsga o‘tkazilishi mumkin emas.
Davlat ushbu Qonunning hamda qonunchilik hujjatlarining qoidalari va shartlariga muvofiq yer qa’ri uchastkalaridan foydalanishga doir, shu jumladan foydali qazilmalarni rekognossirovka qilish ishlarini, geologik jihatdan o‘rganishni, qazib olishni (qayta ishlashni) amalga oshirishga doir ruxsatnomalar berish huquqiga ega.
7-modda. Yer qa’ridan foydalanishga doir ruxsatnomaga va qazib olingan foydali qazilmalarga bo‘lgan mulk huquqi
Yer qa’ridan foydalanishga doir ruxsatnomaga bo‘lgan mulk huquqi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa shaxsga o‘tkazilishi, shu jumladan sotish, garov yoki boshqacha ta’minot orqali boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin.
Qonunchilikda belgilangan tartibda qazib olingan foydali qazilmalarga bo‘lgan mulk huquqi yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishlidir.
Qonunga xilof ravishda qazib olingan foydali qazilmalarga bo‘lgan mulk huquqi O‘zbekiston Respublikasiga tegishlidir.
Ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda qazib olingan foydali qazilmalarga bo‘lgan mulk huquqi davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
8-modda. Texnogen mineral hosilalarga bo‘lgan mulk huquqi
Yer qa’ri uchastkasining chegarasida joylashgan texnogen mineral hosilalar mazkur uchastkaga tegishlidir.
Yer qa’ridan foydalanuvchining foydalanishida bo‘lgan yer qa’ri uchastkasida mazkur foydalanuvchining faoliyati natijasida yuzaga kelgan texnogen mineral hosilalarga bo‘lgan mulk huquqi yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqining amal qilish muddatida ushbu foydalanuvchida saqlanib qoladi. Texnogen mineral hosilalarning mulkdorlari bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar ushbu Qonunga muvofiq ularga egalik qilishga, ulardan foydalanishga va ularni tasarruf etishga, shu jumladan uchinchi shaxslarga berishga haqli.
Yer qa’ri uchastkasida u bilan bog‘liq ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaganidan keyin qolgan texnogen mineral hosilalar davlat mulki hisoblanadi va ular davlat yer qa’ri fondi tarkibiga kiritiladi.
Ochiq maydonlarda texnogen mineral hosilalarni joylashtirishga ushbu Qonun qoidalariga muvofiq ruxsat berilishi mumkin.
Texnogen mineral hosilalarning berilishi yer qa’ridan foydalanuvchining yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amaldagi majburiyatlariga ta’sir etmaydi.
2-bob. Yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasini davlat tomonidan tartibga solish
9-modda. Davlatning yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi roli
Davlat yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida quyidagi vazifalarni bajaradi:
1) konchilik tarmog‘iga investitsiyalar kiritilishiga ko‘maklashish va ularni tartibga solish, yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishni tashkil etish, foydali qazilmalarni qazib olishni, yer qa’rining boshqa obyektlarini o‘zlashtirishni va yer qa’ridan foydalanishni tartibga solish;
2) foydali qazilmalarni o‘zlashtirish va tasarruf qilishda qonuniylikni, ochiqlik va shaffoflikni, xolislikni hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yer qa’ridan foydalanishni monitoring qilish va ma’lumotlarni muntazam ravishda e’lon qilish, shuningdek investitsiya loyihalari doirasida ijtimoiy himoyani amalga oshirish;
3) berilgan ruxsatnomalar doirasida yer qa’ridan foydalanish shartlari bajarilishini ta’minlash, yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida davlat nazoratini amalga oshirish, shuningdek qonunchilikka zid bo‘lgan harakatlarga yo‘l quymaslik choralarini ko‘rish.
10-modda. Yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi organlar
Yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi organlar quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi;
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Yer qa’ridan foydalanish markazi” davlat muassasasi;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari.
11-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
yer qa’rini davlat mulki obyekti sifatida boshqarishni amalga oshiradi, milliy xavfsizlikni, aholi xavfsizligini, uning hayoti va sog‘lig‘i saqlanishini, shuningdek atrof-muhitning muhofaza qilinishini ta’minlash maqsadida, yer qa’ridan foydalanishga doir cheklovlar va taqiqlarni belgilaydi;
mineral xomashyo bazasini rivojlantirishga hamda qayta to‘ldirishga oid uzoq muddatli va o‘rta muddatli davlat dasturlarini tasdiqlaydi hamda ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yer qa’ri uchastkalarini foydalanishga berish hamda yer qa’ri holatining davlat monitoringini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
yer qa’rining davlat fondi kadastrini yuritish tartibini belgilaydi;
foydali qazilmalar konlarini o‘zlashtirish va mineral xomashyoni qayta ishlashda Yer qa’rini muhofaza qilishning yagona qoidalarini tasdiqlaydi;
yer qa’rining geologik jihatdan o‘rganilishi, undan foydalanilishi va uning muhofaza qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
qimmatbaho metallarni va qimmatbaho toshlarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi;
Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi tarkibini tasdiqlaydi;
mineral xomashyo bazasini rivojlantirishga va qayta to‘ldirishga oid davlat dasturlari doirasida amalga oshirilgan, sanoat ahamiyatiga molik bo‘lgan foydali qazilmalarning yangi konlarini ochganlik yoki ilgari ma’lum bo‘lgan konlarni (konlar uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pulli mukofotlar miqdorlarini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan uglevodorodlar sohasida, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan atrof-muhitni muhofaza qilishda yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
boshqa vazirliklar va davlat idoralari bilan yer qa’ridan foydalanish sohasida, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan uglevodorodlar bo‘yicha hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan atrof muhitni muhofaza qilish yuzasidan sektorning rivojlanishini muvofiqlashtiradi;
mineral xomashyo bazasini rivojlantirishga va uni to‘ldirishga oid har yilgi davlat dasturlarini shakllantiradi hamda amalga oshiradi;
yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish, undan foydalanish hamda uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratining yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish normativlari va talablariga rioya etilishiga, mineral xomashyoni qazib olish va qayta ishlashning oqilona usullarini qo‘llashga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan uglevodorodlar yuzasidan kelishuvga ko‘ra foydali qazilmalar zaxiralari hisobga olinishini ta’minlashga taalluqli qismini tashkil etadi;
yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi yo‘riqnomalarni hamda uslubiy qo‘llanmalarni o‘z vakolatlari doirasida ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasining ishini tashkil etadi;
foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansini yuritish tartibini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13-modda. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi:
yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining energetika xavfsizligini ta’minlashga, iqtisodiyot tarmoqlarini va mamlakat aholisini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta’minlashga qaratilgan yagona davlat siyosatini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
uglevodorodlarning qazib olinishi, qayta ishlanishi, transportda tashilishi, taqsimlanishi hamda ulardan foydalanilishi davlat tomonidan tartibga solinishini amalga oshiradi;
yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish shartlarining uglevodorodlarga oid qismini ishlab chiqishda ishtirok etadi va ularni kelishadi;
uglevodorodlarning resurs bazasini rivojlantirishga va qayta to‘ldirishga oid davlat dasturlarini ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
14-modda. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining yer qa’ridan foydalanish hamda uni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi:
yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi yagona davlat siyosatining ekologik masalalarga oid qismini amalga oshirishda ishtirok etadi;
yer qa’ridan foydalanish sohasidagi loyihalarni davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazadi va xulosalar beradi;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda, yer ostida saqlashga doir ruxsatnomalar berilishini, ularni berish rad etilishini, ularning qaytarib olinishini, amal qilishi uzaytirilishini, to‘xtatib turilishini yoki tugatilishini amalga oshiradi;
yer qa’rini muhofaza qilishga doir dasturlar va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan takliflar kiritadi;
yer qa’ridan foydalanish faoliyatiga taalluqli bo‘lgan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga muvofiq ishlab chiqadi;
yer qa’rining davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi, yer qa’rini muhofaza qilishga oid ekologik talablarni buzgan holda bajarilayotgan yer qa’ridan foydalanishga doir ishlarni cheklash va (yoki) to‘xtatib turish yuzasidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq choralar ko‘radi;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
15-modda. O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi:
yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilishda sanoat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
yer qa’ridan foydalanuvchilar uchastkalarining inspeksiyasini o‘tkazadi;
jarima sanksiyalarini solish, yer qa’ridan foydalanish sohasidagi ishlarni cheklash va (yoki) to‘xtatib turish yuzasidan qonunchilikka muvofiq choralar ko‘radi;
sanoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan yer qa’ri to‘g‘risidagi qonunchilik va yer qa’ridan foydalanishni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish bilan bog‘liq loyihalarning sanoat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishiga oid qismini muvofiqlashtiradi;
sanoat xavfsizligi talablarini buzgan holda amalga oshirilayotgan yer qa’ridan foydalanishga doir ishlarni cheklash va (yoki) to‘xtatib turish yuzasidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq choralar ko‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
16-modda. O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Yer qa’ridan foydalanish markazi” davlat muassasasining yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Yer qa’ridan foydalanish markazi” davlat muassasasi (bundan buyon matnda Yer qa’ridan foydalanish markazi deb yuritiladi):
yer qa’ri davlat fondining, foydali qazilmalarning zaxiralari bo‘yicha davlat balansini, yer qa’ri kadastr tizimining, shu jumladan qattiq holdagi foydali qazilmalar konlari va belgilari kadastrining hamda uglevodorodlar kadastrining hisobini yuritadi va ularni boshqarishni amalga oshiradi;
mineral xomashyo bazasini rivojlantirishga oid davlat dasturlari doirasida yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga oid loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazadi;
kadastr kvadratlarining axborot bazasini yuritadi;
yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomalar berilishini, ularni berish rad etilishini, amal qilishi uzaytirilishini, to‘xtatib turilishini yoki tugatilishini amalga oshiradi;
ruxsatnoma berishga doir arizani va ruxsatnomani berish jarayonlarini ishlab chiqadi hamda joriy etadi;
ushbu Qonunga muvofiq ruxsatnomalar berishning qo‘shimcha usullari uchun kadastr kvadratlarini zaxira qiladi;
ochiq kvadratlar bo‘lmagan kadastr kvadratlarini belgilaydi;
foydali qazilmalar zaxiralari to‘g‘risidagi hisobotlarning hisobini yuritadi;
yer qa’ridan foydalanuvchilardan hisobotlarni qabul qiladi va ularning davlat nazoratining tegishli organlariga taqdim etilishini muvofiqlashtiradi;
foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansini yuritish va hisobga olish tartibini belgilaydi;
Yer qa’rining davlat fondi hisobini yuritadi va uni boshqaradi;
yer qa’ri kadastr tizimini, shu jumladan qattiq foydali qazilmalar konlari kadastrini hamda uglevodorodlar kadastri hisobini yuritadi va ularni boshqaradi;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa foydalanuvchilar bilan hamkorlik qilish uchun yer qa’ri uchastkalari to‘g‘risidagi kadastr axborotini o‘z ichiga olgan elektron xaritani ishlab chiqadi.
Yer qa’ridan foydalanish markazi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
17-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
tegishli hududda mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirishga hamda yer qa’rini muhofaza qilishga oid davlat dasturlarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda ishtirok etadi;
hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Yer qa’rining kadastr tizimi va ma’lumotlarni boshqarish
18-modda. Yer qa’rining kadastr tizimi
Yer qa’rining kadastr tizimi yer qa’ri davlat fondining kadastridan hamda birlamchi geologik axborot reyestridan iborat.
Yer qa’rining kadastr tizimini yaratish hamda uning barqaror ishlab turishini ta’minlash Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan yer qa’ridan foydalanuvchilarning ma’lumotlari asosida amalga oshiriladi.
Yer qa’ri kadastr tizimining tarkibi, mazmuni, talablari, undan foydalanish shartlari qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Yer qa’rining kadastr tizimini yuritish bilan bog‘liq ishlar mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va uni to‘ldirishning har yilgi davlat dasturlari doirasida O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtiriladi.
19-modda. Kadastr kvadrati
Kadastr setkasi kadastr kvadratlaridan iborat bo‘ladi. Har bir kadastr kvadrati to‘liq graduslar va daqiqalarga hamda zarur bo‘lganda o‘n karrali soniyalarga to‘g‘ri kelishi kerak bo‘lgan o‘nta oltmishtalik soniyani tashkil etadigan ikki parallel va ikki meridian o‘rtasida yuzasining asosi joylashgan noaniq chuqurlikdagi yer qa’ri uchastkasidan iboratdir.
Kadastr kvadrati ajralmas bo‘lishi kerak, bundan milliy hudud chegaralari bilan ajratilgan kadastr kvadratlari hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq aynan bitta kadastr kvadratiga doir ikki ruxsatnoma mavjud bo‘lgan hollar mustasno.
Ushbu Qonun maqsadlari uchun yer qa’ri uchastkasi makon chegaralarining o‘lchovlari koordinatalar bo‘yicha Jahon geodeziya tizimiga (WGS-84) bog‘lanadi, chuqurliklar mutlaq chuqurliklar belgilari bilan ko‘rsatiladi.
Yer qa’ri uchastkasining ustki makon chegarasi tuproq qatlamidan pastda, ushbu qatlam mavjud bo‘lmaganda esa yer yuzasidan yoki suv havzalari, suv oqimlari tubidan pastda joylashadi. Yer qa’ri uchastkasining pastki makon chegarasi geologik jihatdan o‘rganish va o‘zlashtirish uchun qulay bo‘lgan chuqurliklarda joylashadi. Ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda, yer qa’ri uchastkasining ustki va pastki makon chegaralari har xil chuqurlikda joylashishi mumkin.
Ruxsatnoma har doim umumiy nuqtaga ega bo‘lgan uchastkalar hech bo‘lmaganda tomonlaridan birining butun uzunligi bo‘yicha birlashgan tarzdagi yonma-yon kadastr kvadratlarining muayyan miqdoriga nisbatan beriladi yoki uzaytiriladi, bundan ushbu Qonunning 169-moddasida nazarda tutilgan o‘tuvchi qoidalarda ko‘rsatilganidan oshib ketish hollari mustasno.
Ruxsatnomalar doirasida yer qa’ri uchastkasi perimetrlari yer yuzasi bir yoki bir necha kvadratlar orqali hosil bo‘ladigan tarzda perimetrning biror-bir cho‘qqisidan biriga muvofiq bo‘lgan parallel bilan meridian kesishadigan joyni tayanch nuqta sifatida qabul qilgan holda, geografik koordinatalar yordamida so‘rab olinishi hamda belgilanishi kerak.
20-modda. Yer qa’rining davlat fondi
Yer qa’rining davlat fondi O‘zbekiston Respublikasining yer qa’rida joylashgan foydali qazilma resurslarining potensial qimmati to‘g‘risidagi axborot davlat tomonidan saqlanadigan joydir. U foydalanilayotgan va foydalanilmayotgan yer qa’ri uchastkalari to‘g‘risidagi, shuningdek texnogen mineral hosilalar haqidagi ma’lumotlardan iborat bo‘ladi.
Yer qa’rining foydalanilayotgan uchastkalari belgilangan maqsadidan qat’i nazar, ruxsatnoma berilgan uchastkalarni o‘z ichiga oladi.
Yer qa’rining davlat fondini hisobga olish Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
1) yer qa’rining davlat fondi kadastrini yuritish;
2) yer qa’ri holatining davlat monitoringini amalga oshirish;
3) yer qa’rining davlat fondiga taalluqli bo‘lgan geologik axborotni yig‘ish, saqlash, tizimlashtirish, umumlashtirish va tahlil qilish.
Yer qa’ri va uning obyektlari to‘g‘risidagi geologik, gidrogeologik, geofizik, geokimyoviy hamda boshqa axborot O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona tizim bo‘yicha qabul qilinadi, ishlov beriladi, saqlanadi va foydalaniladi.
Yer qa’ri va uning obyektlari to‘g‘risidagi axborot yer qa’ri davlat fondi kadastrining, yer qa’ri holati davlat monitoringining, foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansining materiallarida, shuningdek xaritalash, yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi davlat hisobi hamda statistika hisoboti materiallarida qayd etiladi. Materiallar bir-biriga to‘g‘ri kelishi hamda yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi yagona axborot tizimining asosini tashkil etishi kerak.
Yer qa’rining davlat fondiga kiritilishi lozim bo‘lgan axborotning turi va mazmuni qonunchilik hujjatlarida nazarda tutiladi.
21-modda. Yer qa’rining davlat fondi kadastri
Yer qa’rining davlat fondi kadastri Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan yuritiladi va yangilanib boriladi hamda quyidagilardan iborat bo‘ladi:
1) qattiq holdagi foydali qazilmalar konlarining va belgilarining kadastri;
2) uglevodorodlar kadastri;
3) yer qa’ri makonining kadastri;
4) qattiq holdagi foydali qazilmalarga, yer ostida saqlashga doir ruxsatnomalar va boshqa ruxsatnomalar kadastri;
5) texnogen mineral hosilalar kadastri;
Qattiq holdagi foydali qazilmalar konlari va belgilarining kadastri har bir qattiq holdagi foydali qazilmalar koni hamda belgisi bo‘yicha ham asosiy foydali qazilmalarning, ham ular bilan birga joylashgan foydali qazilmalarning miqdori va sifati, foydali komponentlar, qattiq holdagi foydali qazilmalar konlarini yoki yer qa’ri uchastkalarini o‘zlashtirishning kon-ruda, texnologik, gidrogeologik, ekologik hamda boshqa shartlari to‘g‘risidagi, shuningdek qattiq holdagi foydali qazilmalar konlarining geologik-iqtisodiy jihatdan baholanishi haqidagi barcha mavjud axborotni o‘z ichiga oladi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalar konlari va belgilarining kadastri qarovsiz qolgan, ishlatilayotgan va yopiq konlar yoki qazib olish uchastkalari to‘g‘risidagi, ularning maqomi, joylashgan yeri, mulk huquqi, o‘lchami, iqtisodiy va ishlab chiqarishga oid ma’lumotlar, maxsus ruxsatnomalar, foydalanishga doir rejalar, har yilgi hisobotlar kabi axborotni hamda boshqa tegishli axborotni o‘z ichiga oladi.
Uglevodorodlar kadastri neft-gaz operatsiyalarining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq holda alohida kadastr tarzida yuritiladi va quyidagilardan iborat bo‘ladi:
1) uglevodorodlar konlari va belgilarining kadastridan;
2) uglevodorodlar konlari bo‘yicha ruxsatnomalar kadastridan;
3) uglevodorodlar quduqlarining kadastridan.
Uglevodorodlar konlari va belgilarining kadastri har bir uglevodorodlar koni bo‘yicha asosiy foydali qazilmalarning hamda boshqa foydali qazilmalarning va ular bilan birga joylashgan foydali qazilmalarning miqdori hamda sifati, uglevodorodlar konlarini yoki yer qa’ri uchastkalarini o‘zlashtirishning kon-ruda, texnologik, gidrogeologik, ekologik hamda boshqa shartlari, shuningdek har bir uglevodorodlar konining geologik-iqtisodiy jihatdan baholanishi to‘g‘risidagi barcha mavjud axborotni o‘z ichiga oladi. Uglevodorodlar konlari va belgilarining kadastri qazib olish uchastkalari to‘g‘risidagi, ularning maqomi, joylashgan yeri, mulk huquqi, miqdori haqidagi, iqtisodiy va ishlab chiqarishga oid ma’lumotlar, ma’qullash, foydalanishga doir rejalarni, har yilgi hisobotlar kabi axborotni hamda boshqa tegishli axborotni, shuningdek qarovsiz qolgan, ishlatilayotgan va yopiq (konservatsiya qilingan) quduqlarning koordinatalarini o‘z ichiga oladi.
Uglevodorodlar konlari bo‘yicha ruxsatnomalar kadastri qattiq holdagi foydali qazilmalar, uglevodorodlar, saqlashga doir ruxsatnomalar va boshqa ruxsatnomalar kadastrining tarkibiy qismi sifatida amaldagi, amal qilishi to‘xtatib turilgan yoki tugatilgan rekognossirovka qilish ishlariga doir ruxsatnomalar, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomalar, uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomalar to‘g‘risidagi, ularning maqomi, joylashgan yeri, mulk huquqi, to‘langan yig‘imlar va to‘lovlar kabi ma’lumotlarni hamda boshqa tegishli axborotni o‘z ichiga oladi.
Uglevodorodlar quduqlarining kadastri uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlari, geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish chog‘ida burg‘ilangan barcha quduqlar, shu jumladan utilizatsiya qilingan quduqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Uglevodorodlar quduqlarining kadastri geotexnik va ekologik jihatdan baholash uchun quduqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olmaydi. Mazkur kadastr uglevodorodlarning makondagi joylashgan yeri, chuqurligi, burg‘ilash obyekti, geologik-geofizik karotaj, o‘tkazilgan kolonnaning qoldiqlari, olingan namunalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni va quduq haqidagi boshqa tegishli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Yer qa’ri makonining kadastri yer qa’ri makonining hisobga olinadigan har bir birligi, ularning koordinatalari, hajmi va shakli (konfiguratsiyasi), ishlab chiqarish, xo‘jalik obyektlarini hamda boshqa obyektlar va moddalarni joylashtirish, texnologik va boshqa jarayonlarni amalga oshirish imkoniyati, vaqt o‘zgarishi bilan dastlabki shaklni hamda hajmni saqlash qobiliyati, foydalanishning ekologik, geologik, konchilik-texnik, gidrogeologik va boshqa shartlari, geologik-iqtisodiy jihatdan baholash to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarga, uglevodorodlarga, saqlashga doir ruxsatnomalar va boshqa ruxsatnomalar kadastri amaldagi, amal qilishi to‘xtatib turilgan yoki tugatilgan qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomalar, qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomalar, uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlariga doir ruxsatnomalar, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomalar, uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomalar, saqlash uchun yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomalar, yer ostida saqlashga doir ruxsatnomalar, radiatsiyaviy xavfsizlik sohasidagi biror-bir ruxsatnoma, oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomalar, kolleksiya materiallarini to‘plashga doir ruxsatnomalar to‘g‘risidagi, maqomi, joylashgan yeri, mulk huquqi, to‘langan yig‘imlar va to‘lovlar kabi ma’lumotlarni hamda boshqa tegishli axborotni o‘z ichiga oladi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarga, uglevodorodlarga, saqlashga doir ruxsatnomalar va boshqa ruxsatnomalar kadastri barcha berilgan ruxsatnomalar bo‘yicha ma’lumotlarni, shu jumladan quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi:
1) har bir ruxsatnoma to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shu jumladan: ro‘yxatga olish raqami va berilgan sana; yer qa’ridan foydalanuvchining nomi; ruxsatnoma berilgan foydali qazilmalar koni; ruxsatnomaning turi va uning joriy maqomi; ruxsatnoma berish uchun biror-bir asos; ruxsatnomada ko‘rsatilgan kadastr kvadratlari; ruxsatnomaning amal qilish muddati; tuzatishlar, huquqdan voz kechish, ruxsatnomaning amal qilishini tugatish yoki uni chaqirib olish;
2) har bir yer qa’ridan foydalanuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shu jumladan: uning nomi va manzili; uning ruxsatnomaning amal qilish muddati ichida tegishli to‘lovlar to‘langanligi to‘g‘risidagi tasdig‘i, shu jumladan biror-bir to‘lanmagan soliqlar haqidagi axborot; yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan hisobotlar va biror-bir boshqa hisobot; uning sug‘urta polislari; ruxsatnoma doirasida o‘zi sodir etgan biror-bir qoidabuzarlikka nisbatan vakolatli organning qarori;
3) har bir ruxsatnomada ko‘rsatilgan yer qa’ri uchastkasi va kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkasi to‘g‘risidagi makonga oid axborotni, shu jumladan: uning atrofi, transport jihatdan qulayligi, yer qa’ri uchastkasidagi mavjud inshootlar va infratuzilma, shuningdek ushbu Qonunning 34-moddasiga muvofiq yer qa’ridan foydalanish taqiqlangan yer qa’ri uchastkalari;
4) uglevodorodlar bo‘yicha: biror-bir ishlatilayotgan yoki tugatilgan quduqlarning turlari, shu jumladan utilizatsiya qilingan quduqlar hamda burg‘ilash qorishmalarini, kukunni, qatlamning gidravlik uzilish suyuqligini yoki qatlam suvini saqlash uchun chuqurchalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shu jumladan konchilik sanoati suyuqliklari va chiqindilarining makondagi joylashgan yeri, egallagan hajmi (maydoni), miqdori va sifati haqidagi mavjud axborotni, foydali qazilmalar to‘g‘risidagi axborotni hamda suyuq chiqindilarni takroran nasos bilan haydash uchun tog‘ jinslarining geologik qalinligi haqidagi axborotni;
5) O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi yoki boshqa davlat nazorati organlari tomonidan ruxsatnomalarga nisbatan tayyorlangan hisobotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shu jumladan: ruxsatnomaning maqomi, yer qa’ridan foydalanish uchastkasida yerdan foydalanish to‘g‘risidagi va foydalanish bo‘yicha tasdiqlangan rejalarning hamda ishlar dasturlarining bajarilish darajasi haqidagi hisobotlar; mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi to‘g‘risidagi hisobotlar; atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni monitoring qilish va boshqarish haqidagi hisobotlar;
6) qarovsiz qolgan yer ostidagi va yer yuzasidagi kon qazishmalari, kavaklar va yer osti omborlari, tog‘-kon ishlari sababli yuzaga kelgan yoriqlari bo‘lgan maydonchadagi, hududlardagi inshootlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni.
Texnogen mineral hosilalar kadastri foydali qazilmalarni qazib olish yoki qayta ishlash natijasida hosil bo‘lgan hamda yer qa’rining ishlab bo‘lingan makonlarida yoki Yer yuzasida (karyerlarda, yer osti bo‘shliqlarida, tog‘ jinslari uyumlarida, qoldiqlarni saqlash joylarida va boshqa joylarda) joylashgan mineral xomashyoning har bir yirik to‘planishi bo‘yicha tuziladi.
Texnogen mineral hosilalar kadastri foydali qazilmalarning makondagi joylashgan yeri, egallagan hajmi (maydoni), miqdori va sifati, ularning tarkibidagi foydali komponentlar hamda taqsimlanishi va konsentratsiyasi xususiyati, geologik jihatdan o‘rganish jarayonida olingan ma’lumotlarning o‘rganilganligi va ishonchliligi darajasi, texnogen mineral hosilalarning konchilik-texnologik, gidrogeologik va geologik-iqtisodiy jihatdan baholanishi, boshqa tavsiflari hamda ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi mavjud axborotni o‘z ichiga oladi.
Quduqlar kadastri foydali qazilmalar konlarini, shu jumladan texnogen hosilalarni, yer osti suvlarini, yer qa’ri makonlarini va geotermal energiyani geologik jihatdan o‘rganish uchun burg‘ilangan barcha quduqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Quduqlar kadastri geotexnik va ekologik jihatdan baholash, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish hamda qazib olish uchun quduqlar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olmaydi. Mazkur kadastr burg‘ilash obyektining makondagi joylashgan yeri, chuqurligi, geologik va geofizik karotaj, o‘tkazilgan kolonna qoldiqlari, olingan namunalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni va quduq haqidagi boshqa tegishli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Yer qa’rining davlat fondi kadastri yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish va yer qa’ri holatining davlat monitoringi natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning kelib tushishi hisobidan, shuningdek yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan ushbu Qonunga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq taqdim etiladigan hisobotlar va o‘zga ma’lumotlar asosida shakllantiriladi.
22-modda. Birlamchi geologik axborot reyestri
Yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish chog‘ida olingan birlamchi geologik axborotning yagona hisobini yuritish va uni lozim darajada saqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan birlamchi geologik axborot reyestri yuritiladi.
Birlamchi geologik axborot reyestri yer qa’ri davlat fondining boshqa tizimlari bilan o‘zaro bog‘lanadigan, yer qa’ri to‘g‘risidagi birlamchi geologik axborotni to‘plash, hisobga olish, tizimlashtirish va saqlash yo‘li bilan tashkil etiladigan maxsus axborot-qidiruv tizimidan iboratdir.
Birlamchi geologik axborot reyestri yer qa’ri to‘g‘risidagi geologik axborotning egalari tomonidan taqdim etiladigan axborotga asosan yuritiladi.
Yer qa’ri to‘g‘risidagi birlamchi geologik axborot reyestrida tabiiy va sun’iy tashuvchilardagi geologik axborot hisobga olinadi.
Geologik axborotning tabiiy tashuvchilarini saqlash O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan hududlarda tashkil etilgan davlat ixtisoslashtirilgan saqlash joylarida amalga oshiriladi.
Birlamchi geologik axborot reyestriga kiritiladigan geologik axborotning tarkibi, uni avtomatlashtirish, yozuvlarni kiritish shakli, ushbu axborotni saqlash va undan foydalanish imkoniyatini ta’minlash, shuningdek birlamchi geologik axborotning tabiiy tashuvchilarini davlat ixtisoslashtirilgan saqlash joylariga taqdim etish, ularga ishlov berish, ularni tavsiflash hamda saqlash O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan belgilanadigan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
23-modda. Geologik axborot
Yer qa’rining va uning uchastkalarining, foydali qazilmalar konlari hamda belgilarining moddiy tarkibi, geologik tuzilishi va tarixi, geologik, geokimyoviy, geofizik, gidrogeologik, geomorfologik hamda tektonik xususiyatlari to‘g‘risidagi har qanday tashuvchida qayd etilgan va identifikatsiya qilish imkonini beradigan rekvizitlarga ega bo‘lgan ma’lumotlar geologik axborotdir.
Geologik axborotni tashuvchilar landshaft, tog‘ jinslarining namunalari kabi tabiiy tashuvchilarga, (foydali qazilmalar, karbonat angidrid gazlari, merkaptanlar, suvlar namunalari, tog‘ jinslari va minerallar namunalari, burg‘ilangan quduqlar kernlari, tosh materiallarining namunalari hamda kolleksiyalari, shliflar, anshliflar, mineral eritmalar va kukunlar) hamda sun’iy tashuvchilarga (dala kuzatuvlari, namunalar olish, namunalarning tahlillari, geofizik kuzatuvlarni ro‘yxatga olish jurnallari, geologik hisobotlar, birlamchi dala ma’lumotlarining qog‘ozdagi va elektron tashuvchilar) bo‘linadi.
Agar geologik axborot budjet mablag‘lari hisobidan olingan yoki ushbu Qonunga muvofiq davlat mulkiga topshirilgan bo‘lsa, u davlat mulkida bo‘ladi. Yer qa’ridan foydalanuvchining mablag‘lari hisobidan olingan geologik axborot yer qa’ridan foydalanuvchining mulki bo‘ladi. Ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etiladigan geologik hisobotlardagi va boshqa hujjatlardagi xususiy geologik axborot davlatga muddatsiz egalik qilishga hamda foydalanishga beriladi.
Davlat mulkida bo‘lgan geologik axborotni, shuningdek davlatning egaligida va foydalanishida bo‘lgan axborotni hisobga olish, saqlash, tizimlashtirish, umumlashtirish hamda taqdim etish O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchilar o‘zi tomonidan olingan geologik axborotning hisobga olinishi va saqlanishini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi vakillarining ushbu axborotdan o‘rganish yoki tekshirish uchun moneliksiz foydalanishi imkoniyatini, basharti qonunchilik hujjatlarida belgilangan maxfiylikka hamda boshqa oqilona cheklovlarga rioya etilsa, qonunchilikda belgilangan tartibda ta’minlashi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi yer qa’ridan foydalanuvchidan hisobotlardagi tegishli geologik axborotni vazirlikka mulk qilib bepul topshirilishini talab qilishga haqli.
Yer qa’ridan foydalanuvchilar bir oydan kechiktirmay Yer qa’ridan foydalanish markazini — geologik axborotni tabiiy tashuvchilar kelgusida boshqa shaxslarga o‘tkazilishi yoki yo‘q qilinishi to‘g‘risida hamda yer qa’ridan foydalanish tugatilguniga qadar — geologik axborotning mavjud tabiiy tashuvchilari boshqa shaxslarga o‘tkazilishi va sun’iy tashuvchilar tiklanishi lozim bo‘lmagan tarzda yo‘q qilinishi to‘g‘risida yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Geologik axborotni tabiiy tashuvchilarni O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish faqat tadqiqot o‘tkazish va tahlil qilish maqsadlarida O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi geologik axborotni tabiiy tashuvchilarni O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqishga ruxsat berilishini quyidagi asoslarga ko‘ra rad etishga haqli:
1) ruxsat berishga doir ariza ushbu moddaning sakkizinchi qismida ko‘rsatilgan maqsadlarga mos kelmasa;
2) olib chiqiladigan namunalarning hajmi taxmin qilinayotgan tadqiqotning xususiyatiga mos kelmasa.
Agar davlat sirlarini saqlash to‘g‘risidagi qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, sun’iy tashuvchilardagi geologik axborotni O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning sakkizinchi va to‘qqizinchi qismlarida nazarda tutilgan cheklovlar yer qa’ri makonlaridan foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda foydalanishni amalga oshiradigan yer qa’ridan foydalanuvchilarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
24-modda. Yer qa’ri kadastr tizimining ma’lumotlar bazasi
Yer qa’ri kadastr tizimining ma’lumotlar bazasi O‘zbekiston Respublikasining butun hududida foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish, qazib olish sohasidagi, shuningdek ularni qazib olish tugaganidan keyingi faoliyat to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar birlashtiriladigan, saqlanadigan, yuritiladigan va muntazam ravishda yangilab boriladigan ma’lumotlar bazasidan iborat.
Yer qa’ri kadastr tizimining ma’lumotlar bazasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1) potensial, amaldagi hamda to‘xtatib turilgan qattiq foydali qazilmalarni va uglevodorodlarni qazib olish uchastkalari, shuningdek minerallashtirish zonalari to‘g‘risidagi geologik, gidrogeologik, geofizik, geokimyoviy va boshqa axborotni;
2) yer qa’ri davlat fondi materiallarida qayd etilgan yer qa’ri va u bilan bog‘liq inshootlar haqidagi axborotni;
3) yer qa’ridan foydalanishga doir amaldagi va ilgari berilgan barcha ruxsatnomalar uchun geografik ma’lumotlarni, geologik ma’lumotlarni hamda tegishli iqtisodiy ma’lumotlarni o‘z ichiga oladigan ma’lumotlarni va yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha boshqa huquqlarni;
4) yer qa’ri holatining davlat monitoringi, foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansi to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi kartografik materiallarni, davlat hisobini hamda davlat statistika hisobotini.
Ilgari olingan barcha ma’lumotlar ularning butligini ta’minlash maqsadida tarixiy ma’lumotlar bo‘yicha ma’lumotlar bazasi bo‘limida hisobga olinishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining kartografik ma’lumotlari bilan birga yer qa’ri kadastr tizimining ma’lumotlar bazasi ushbu Qonunning 25-moddasida nazarda tutilgan geologik axborot tizimiga (bundan buyon matnda GAT deb yuritiladi) asosan geologik ma’lumotlar bazasi uchun asosni ta’minlaydi.
25-modda. Interaktiv geologik portal
Interaktiv geologik portal yer qa’ridan foydalanish sohasidagi ma’lumotlardan yer qa’ri kadastr tizimi ma’lumotlar bazasining va GAT asosidagi geologik ma’lumotlar bazasining axboroti asosida foydalanish imkonini beradi.
Yer qa’ri davlat fondi kadastrining ma’lumotlaridan foydalanish va ushbu ma’lumotlarni ko‘z bilan ko‘rishdan tashqari, GAT asosidagi geologik ma’lumotlar bazasi maxfiy bo‘lmagan mavjud ma’lumotlarni hamda foydali qazilmalarni qazib olishning mavjud bo‘lgan va qarovsiz qolgan uchastkalari; ifloslangan uchastkalar; foydali qazilmalar belgilari va konlar zaxiralari; tuproqshunoslik, eroziya, geologiya, geokimyo, tektonika, geofizika, gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi; iqlim sharoitlari hamda, agar qo‘llaniladigan bo‘lsa, geotermal energiya to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga oladi.
GAT asosidagi geologik ma’lumotlar bazasi GAT portali, axborot tizimlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki veb-saytlar orqali axborot almashishni amalga oshirish imkonini beradi.
Interaktiv geologik portal ma’lumotlari ushbu Qonunning qoidalariga muvofiq foydalanish uchun ochiqdir.
26-modda. Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi axborotdan foydalanish imkoniyatini berish
Yer qa’ridan foydalanish markazi ushbu Qonunga muvofiq jamoatchilikni asosiy axborotdan, shu jumladan kamida quyidagi axborotdan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi:
1) yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqiga doir berilgan ruxsatnomalar to‘g‘risidagi, shu jumladan yer qa’ridan foydalanish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish, uni boshqa shaxsga o‘tkazish, shuningdek ruxsatnomalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va ularni bekor qilish haqidagi;
2) ta’minotning turini va summasini, amal qilish muddatini va ta’minotni bergan tashkilotning nomini o‘z ichiga olgan yer qa’ridan foydalanish oqibatlari bartaraf etilishini ta’minlash to‘g‘risidagi;
3) yer qa’ridan foydalanuvchi taqdim etilgan hisobotga binoan amalga oshirgan xarajatlarning yillar bo‘yicha umumiy summasi haqidagi;
4) agar tovarlar, ishlar va xizmatlardagi mahalliy ulush miqdorini ta’minlash yer qa’ri uchastkalaridan foydalanishning tegishli shartlarida nazarda tutilgan bo‘lsa, yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan yer qa’ri uchastkasidan foydalanishga doir ishlarni amalga oshirish uchun avvalgi hisobot davrida olingan tovarlar, ishlar va xizmatlardagi mahalliy ulush miqdori to‘g‘risidagi;
5) agar ko‘rsatilgan xarajatlar tegishli ruxsatnomaning shartlariga ko‘ra majburiy bo‘lsa, yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan mahalliy kadrlarni o‘qitish va O‘zbekiston Respublikasi hududidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish, mahalliy aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun avvalgi hisobot davrlari bo‘yicha amalga oshirilgan xarajatlarning umumiy summasi haqidagi.
Bunday axborot xarajatlarning o‘rnini qoplash uchun nominal to‘lov evaziga taqdim etiladi.
Davlat organlari tomonidan olingan hisobotlardagi va boshqa hujjatlardagi mavjud geologik axborot ruxsatnomaning, shu jumladan biror-bir keyingi ruxsatnomaning amal qilishi saqlanadigan vaqtga qadar yer qa’ridan foydalanuvchining tijorat siri bo‘lib qoladi hamda davlat organlari uning maxfiyligini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rishi shart. Davlat konchilik kompaniyalaridan tashqari boshqa davlat organlarining talabiga ko‘ra, bunday axborot yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan, basharti davlat organlari ushbu axborotning maxfiyligini himoya qilish, shu jumladan davlat konchilik kompaniyalaridan ham himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rsa, oshkor qilinishi mumkin.
Yer qa’ridan foydalanish markazi davlat organlari tomonidan olingan hisobotlardagi va boshqa hujjatlardagi mavjud geologik axborotni e’lon qilish yoki undan ochiq foydalanish imkoniyatini berish yo‘li bilan quyidagi hollarda oshkor etadi:
1) agar ma’lumotlar axborot mineral xomashyo bazasini rivojlantirishga oid davlat dasturlari doirasida yer qa’rini davlat tomonidan geologik jihatdan o‘rganish natijasida olingan bo‘lsa;
2) yer qa’ri uchastkasidan foydalanishga doir ruxsatnomaning (shu jumladan qayta rasmiylashtirilgan ruxsatnomaning) amal qilish muddati tugaganidan keyin;
3) yer qa’ridan foydalanuvchining yozma roziligi mavjud bo‘lganda.
Bunday axborot boshqa davlat organlarining talabiga ko‘ra, basharti axborotning maxfiyligini himoya qilish bo‘yicha ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq choralar ko‘rilsa, oshkor etilishi mumkin.
Davlat organlari tomonidan olingan hisobotlardagi va boshqa hujjatlardagi axborotni boshqacha usul bilan oshkor etish taqiqlanadi.
Yer qa’ridan foydalanish shartlari to‘g‘risidagi majburiyatlarning mahalliy ta’minotga oid qismi bajarilishiga taalluqli bo‘lgan, yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan tovarlarni, ishlarni va xizmatlarni xarid qilish rejalashtirilganligi va amalga oshirilayotganligi to‘g‘risidagi, mahalliy kadrlarni o‘qitish xarajatlari haqidagi hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidagi ilmiy-tadqiqot ishlariga, shuningdek hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga doir xarajatlarning hajmlari to‘g‘risidagi axborot maxfiy deb topilmaydi.
Yer qa’ri davlat fondi tarkibiga kiritilgan yer qa’ri uchastkasi joylashuvining geologik tarkibi to‘g‘risidagi yanada batafsil ma’lumotlardan auksionlar, tenderlar yoki ushbu Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga asosan ruxsatnomalar berish uchun foydalanilishi mumkin.
Bunday axborot, basharti shunday ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan moliyalashtiriladigan geologik qidiruvlarga asoslangan bo‘lsa yoki O‘zbekiston Respublikasining mulkida bo‘lsa va ularga ishlov berilayotgan bo‘lsa hamda ular maxfiylikka nisbatan biror-bir majburiyatlarga tortilmasa, normativ-huquqiy hujjatda belgilanadigan narx bo‘yicha realizatsiya qilinishi mumkin. Oluvchi bilan maxfiylik to‘g‘risidagi kelishuv tuzilishi shunday batafsil ma’lumotlarni taqdim etish shartidir. Bunday batafsil ma’lumotlar biror-bir javobgarlikdan ozod qilish asosida taqdim etiladi.
27-modda. Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansi
Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansi O‘zbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarining holatini va harakatlanishini hisobga olish maqsadida har yili Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan yuritiladi.
Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansi sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan konlar bo‘yicha har bir turdagi foydali qazilmalar zaxiralarining miqdori, sifati va o‘rganilganlik darajasi, ularning joylashishi to‘g‘risidagi, sanoat yo‘sinida o‘zlashtirilish, qazib olinish, yo‘qotilish hamda foydali qazilmalar zaxiralari bilan ta’minlanganlik darajasi haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak.
Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansi quyidagi ma’lumotlar asosida yuritiladi:
1) yer qa’rini qaysi geologik jihatdan o‘rganish natijasida muayyan konlar va texnogen mineral hosilalar bo‘yicha foydali qazilmalarning zaxiralari tasdiqlangan (qayta tasdiqlangan) bo‘lsa, o‘sha geologik jihatdan o‘rganish haqidagi;
2) konlarni o‘zlashtirish chog‘ida foydali qazilmalarni qazib olish to‘g‘risidagi;
3) texnogen mineral hosilalardan foydalanish chog‘ida foydali qazilmalarni ajratib olish haqidagi.
Yer qa’ridan foydalanuvchilar foydali qazilmalar zaxiralarini davlat balansida hisobga olish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq rasmiylashtirilgan quyidagi materiallarni taqdim etadi:
1) yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga doir ishlarning natijalari to‘g‘risidagi hisobotni;
2) foydali qazilmalar konining pasportini;
3) Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasining foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash (qayta tasdiqlash) to‘g‘risidagi bayonnomasini.
Yer qa’ridan barqaror foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish, yer qa’ridan foydalanganlik uchun haq to‘lash, foydalanishga beriladigan yer qa’ri uchastkalarining chegaralarini belgilash maqsadida tegishli geologik materiallar davlat ekspertizasidan o‘tkazilishi mumkin, ijobiy xulosaga asosan esa o‘rganilayotgan konlardagi foydali qazilmalarning zaxiralari tasdiqlanadi. Yer ostida saqlash uchun ajratilgan yer qa’ri maydoni bo‘yicha materiallar ham davlat ekspertizasidan o‘tkazilishi mumkin.
Foydali qazilmalar zaxiralarning davlat balansiga kiritish uchun foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishning barcha bosqichlarida konning sanoat ahamiyatiga molik qimmatini belgilaydigan qidiruv shartlari asosida amalga oshiriladi.
Davlat foydali qazilmalar zaxiralarining hisobi davlat tomonidan tasdiqlangan foydali qazilmalar zaxiralari, tasdiqlangan hisobotlar va yer qa’ri davlat fondining ma’lumotlariga asosan Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tayyorlanadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan taqdim etiladigan yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish to‘g‘risidagi hisobot geologik qidiruv chog‘ida foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansiga kiritish uchun Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Hisobot ushbu maqsadda tasdiqlanmagan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi hisobotga o‘zgartirish kiritishi shart emas.
Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasiga taqdim etiladigan geologik jihatdan o‘rganishga doir hisobotlarda mavjud bo‘lgan ekspertiza natijalari yer qa’rining davlat fondiga kiritiladi.
Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansini yuritish bilan bog‘liq ishlar mineral xomashyo bazasini rivojlantirishga oid har yilgi davlat dasturlari doirasida O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtiriladi.
28-modda. Yer qa’rini davlat tomonidan geologik jihatdan o‘rganish
O‘zbekiston Respublikasining mineral xomashyo bazasini rivojlantirishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari va jalb etiladigan mablag‘lar hisobidan uzoq muddatli (besh yildan ko‘p bo‘lgan muddatga), qisqa muddatli (ikki yildan besh yilgacha bo‘lgan muddatga) va har yilgi davlat dasturlari amalga oshiriladi.
Davlat dasturida aniq belgilangan maqsadlar, ularga erishish bo‘yicha zarur choralar, shuningdek moliyaviy resurslarga bo‘lgan ehtiyojlar aks ettirilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi davlat dasturlarini ishlab chiquvchi, shuningdek ushbu dasturlar doirasida yer qa’rini davlat tomonidan geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha bajariladigan ishlarning buyurtmachisi sifatida ish yuritadi.
Yer qa’rini davlat tomonidan geologik jihatdan o‘rganish geologik, muhandislik-geologik, gidrogeologik hamda tuproqli-geologik xaritalashni, shuningdek muayyan geologiya-qidiruv ishlarini o‘z ichiga oladi.
Davlat dasturlarida nazarda tutilgan ishlarni loyihalashtirish buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan geologik topshiriqqa muvofiq qat’iy ravishda amalga oshiriladi.
Geologiya-qidiruv ishlarining loyiha-smeta hujjatlarini tuzish bo‘yicha yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat dasturlari doirasida yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha ishlarni bajarish, shu jumladan uglevodorodlarni rekognossirovka qilish uchun ruxsatnoma olish talab etilmaydi.
Davlat dasturlari doirasidagi ishlarni boshlash uchun quyidagilar talab etiladi:
1) davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi;
2) yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha ishlarni davlat hisobiga qo‘yish.
Davlat ekologik ekspertizasi o‘tkazilishini talab etmaydigan yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish ishlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Yer qa’rini davlat tomonidan geologik jihatdan o‘rganish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan yo‘riqnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi davlat tomonidan yollangan quyidagi shaxslarga pul mukofotini to‘lash huquqiga ega:
1) O‘zbekiston Respublikasi hududida ilgari ma’lum bo‘lmagan, sanoat jihatidan qimmatga ega bo‘lgan foydali qazilmalar konini ochgan yoki uni geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirgan shaxslarga;
2) ilgari ma’lum bo‘lgan konda yoki konning uchastkasida uning sanoat jihatidan qimmatini jiddiy ravishda oshiradigan foydali qazilmalarning qo‘shimcha zaxiralarini yoki yangi foydali qazilmalarni va qo‘shilib chiqadigan foydali komponentlarni aniqlagan shaxslarga.
Yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish ishlarining davlat hisobi Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan geologik hisobotlarda, xaritalarda va boshqa materiallarda mavjud bo‘lgan yer qa’ri to‘g‘risidagi geologik va boshqa axborotni umumlashtirish, tizimlashtirish hamda undan foydalanish, shuningdek yer qa’rining aynan bitta uchastkasida ishlar asossiz bajarilishining oldini olish maqsadida yuritiladi.
Yer qa’rini davlat tomonidan geologik jihatdan o‘rganish amalga oshirilayotgan kadastr kvadratlari yer qa’ri davlat fondining kadastrida tegishli tarzda hisobga olinishi lozim bo‘lib, ular ochiq yer qa’ri uchastkalari bo‘lmaydi. Bunday kadastr kvadratlari yer qa’rini davlat tomonidan geologik jihatdan o‘rganish tugallanganidan keyin ochiq kvadratlar maqomiga qaytariladi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi davlat dasturi doirasida yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirish uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq pudratchini jalb etishi mumkin.
Yer qa’rini davlat tomonidan geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirish natijalari to‘g‘risidagi axborot yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish to‘g‘risidagi hisobot qabul qilib olingan kundan e’tiboran ikki oydan kechiktirmay, ochiq foydalanish uchun taqdim etiladi.
29-modda. Foydali qazilmalar joylashgan uchastkalardagi qurilish shartlari
Shaharlar hududi doirasidan tashqaridagi aholi punktlarini, sanoat obyektlarini va boshqa obyektlarni joylashtirish uchun uchastkalarni tanlash chog‘ida qurilish qilinadigan uchastka ostidagi yer qa’rida foydali qazilmalar mavjud emasligi yoki kam miqdorda mavjudligi to‘g‘risida Yer qa’ridan foydalanish markazining xulosasi zarur bo‘ladi.
Foydali qazilmalar konlari (bundan qurilish materiallari va to‘ldirgich xomashyolar mustasno) joylashgan maydonlardagi qurilishga, shuningdek foydali qazilmalar konlari joylashgan maydonlarda foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini joylashtirishga yer qa’ridan foydali qazilmalarni chiqarib olishni ta’minlash hisobga olingan holda, O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan kelishuvga ko‘ra, alohida hollarda yo‘l qo‘yiladi.
Foydali qazilmalar joylashgan maydonlardagi qurilishga doir ruxsatnoma berish tartibi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
4-bob. Yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilishga doir umumiy talablar
30-modda. Yer qa’ridan foydalanish turlari
Yer qa’ridan foydalanish turlari quyidagilardan iborat:
1) qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish;
2) qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish;
3) uglevodorodlarni rekognossirovka qilish;
4) uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish;
5) uglevodorodlarni qazib olish;
6) yer ostida saqlash maqsadida geologik jihatdan o‘rganish;
7) yer ostida saqlash;
8) oltin izlovchilar usulida qazib olish;
9) kolleksiya materiallari namunalarini to‘plash.
31-modda. Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnoma
Yer qa’ridan foydalanishning har bir turi yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir olingan ruxsatnoma asosida, ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida amalga oshiriladi.
Yer qa’ridan foydalanish markazi yer qa’ri uchastkalaridan foydalanishning ushbu Qonunda nazarda tutilgan barcha turlariga doir ruxsatnomani beradi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan beriladigan chiqindilarni (uglevodorodlarni saqlashdan tashqari) saqlash va ko‘mib tashlash maqsadida yer osti inshootlarini qurish hamda ishlatish uchun yer qa’ri makonidan foydalanishga doir ruxsatnoma mustasno.
Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanishga doir ruxsatnoma, basharti ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilsa, o‘lchami kadastr kvadratlarining miqdori bilan belgilangan yer qa’ri uchastkasidan ushbu Qonunda belgilangan ayrim cheklovlar hisobga olingan holda nazarda tutilgan muddat ichida mutlaq foydalanish uchun o‘z egasining huquqini tasdiqlovchi hujjatdir.
Ruxsatnoma birinchi berilgan ariza prinsipi (bundan buyon matnda “birinchi kelgan — birinchi oladi” prinsipi deb yuritiladi) bo‘yicha yoki ruxsatnoma berishning ushbu Qonunda belgilangan qo‘shimcha usullari asosida beriladi.
Bir shaxsga cheklanmagan miqdorda ruxsatnomalar berilishi mumkin, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Aynan bitta loyihaning qismi bo‘lgan, bir-biriga bog‘liq kvadratlar uchun berilgan ruxsatnomalar ushbu Qonunga muvofiq tartibga solish, shu jumladan atrof-muhitni muhofaza qilish jihatidan tartibga solish maqsadlari uchun bitta loyiha sifatida qabul qilinishi mumkin.
Ruxsatnomalar faqat bitta shaxsning nomiga rasmiylashtiriladi.
Bir kadastr kvadratidan foydalanish huquqiga doir har xil turdagi ruxsatnomalarning bir necha shaxsga berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Bir vaqtning o‘zida yer qa’ridan foydalanishning bir nechta turiga doir ruxsatnomalar berilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Qonunchilikga muvofiq Yer qa’ridan foydalanish markazi yoki O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi berilgan ruxsatnomalarning kadastrini yuritadi.
Ruxsatnoma O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tushirilgan blankaning belgilangan shaklini, shuningdek ruxsatnomaning ajralmas tarkibiy qismi bo‘lgan va yer qa’ridan foydalanishning asosiy shartlarini belgilaydigan matnli, chizmali hamda boshqa ilovalarni o‘z ichiga olgan shaklda rasmiylashtiriladi. Ruxsatnomalar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan holda “Litsenziya” axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda beriladi.
Ruxsatnomaga Yer qa’ridan foydalanish markazi yoki O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlangan kadastr kvadratlari aks ettirilgan xarita ilova qilishi kerak.
Ruxsatnoma yer qa’ridan foydalanuvchiga yerga bo‘lgan mulk huquqlarini bermaydi.
Shaxs yerga egalik qilishi mumkin bo‘lgan biror-bir huquqdan qat’i nazar, agar bunday shaxs ushbu Qonunga muvofiq ruxsatnoma olmagan yoki boshqacha tarzda harakat qilmayotgan bo‘lsa, yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishga haqli emas.
32-modda. Ruxsatnomalar olish uchun vakolatli bo‘lgan shaxslar
Yer qa’ridan foydalanish markazi ruxsatnomalar (bundan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan beriladigan uglevodorodlardan tashqari yer ostida saqlashga doir ruxsatnomalar mustasno) uchun faqat vakolatli shaxslar tomonidan berilgan arizalarni ko‘rib chiqadi hamda yer qa’ridan foydalanishga doir ruxsatnomani faqat vakolatli shaxslar olishga haqli.
Ushbu moddaning talablariga javob beradigan shaxs ruxsatnoma olish huquqiga ega bo‘lgan vakolatli shaxsdir.
Quyidagilar ruxsatnoma olish uchun arizachi va yer qa’ridan foydalanuvchidir:
1) O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxs;
2) O‘zbekiston Respublikasi rezidenti;
3) O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan yuridik shaxs.
Ruxsatnoma, bundan kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash uchun ruxsatnoma mustasno, quyidagi jismoniy shaxslarga berilishi, o‘tkazilishi yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita uning egaligida bo‘lishi mumkin emas:
1) tadbirkorlik subyekti sifatida ro‘yxatga olinmagan jismoniy shaxsga;
2) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida ishlaydigan yoki davlat nomidan vazifalarni bajaradigan, o‘z mavqeyi, lavozimi yoki majburiyatlariga ko‘ra yer qa’ridan foydalanish huquqlarini berishda ishtirok etadigan yoxud geologik axborotdan yoki qidirib topilgan foydali qazilmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs. Ushbu qoida mazkur shaxs o‘z lavozimini egallashni yoki majburiyatlarini bajarishni to‘xtatganidan keyin bir yil ichida amal qilishda davom etadi;
3) ushbu qismning 2-bandida ko‘rsatilgan biror-bir shaxsning eri (xotini), ota-onasi, farzandi yoki tug‘ishgan aka-ukasi yoki opa-singlisi bo‘lgan jismoniy shaxs;
4) yer qa’ri to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun sudning hukmi bilan hukm qilingan yoki ruxsatnomasi chaqirib olingan jismoniy shaxs. Ushbu qoida jazo o‘talganidan yoki ruxsatnoma qayta olinganidan keyin uch yil muddatga qo‘llaniladi;
5) firibgarlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun sudning hukmi bilan hukm qilingan jismoniy shaxs. Ushbu qoida jazo o‘talganidan keyin uch yil muddatga qo‘llaniladi.
Ruxsatnoma quyidagi yuridik shaxsga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita o‘tkazilmasligi, berilmasligi yoki uning egaligida bo‘lmasligi kerak:
1) O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq ro‘yxatga olinmagan yuridik shaxs;
2) tarkibiy jihatdan o‘zgartirilishi, shu jumladan bankrotlik tartib-taomili doirasida qayta tashkil etilishi uchun talab qilinadigan tugatilishdan farq qiladigan tugatish bosqichida turgan yuridik shaxs;
3) o‘ziga nisbatan vakolatli yurisdiksiyadagi sud tomonidan uning faoliyatini tugatish to‘g‘risida qaror chiqarilgan yuridik shaxs;
4) benefitsiar mulki jismoniy shaxsga tegishli bo‘lgan, ushbu moddaga muvofiq istisnoga tushayotgan yuridik shaxs;
Foydali qazilmalarni qazib olish uchun ruxsatnoma olishga uchun ariza berayotgan har bir yuridik shaxs u vakolatli shaxs ekanligining dalili sifatida o‘zining benefitsiar egalik qiluvchi to‘g‘risidagi ishonchli axborotni taqdim etishi kerak.
33-modda. Ruxsatnomalar olish uchun qulay bo‘lgan yer qa’ri uchastkalari
Yer qa’ridan foydalanish uchun ruxsatnomalar faqat ochiq kadastr kvadratlariga berilishi mumkin. Yer qa’ridan foydalanishga doir ruxsatnoma olish uchun arizalar barcha ochiq kadastr kvadratlariga berilishi mumkin.
Barcha kadastr kvadratlari, agar bu bevosita ushbu modda bilan taqiqlanmagan bo‘lsa, ochiq kadastr kvadratlari bo‘ladi.
Tashqi chegaralari quyidagi hududlar doirasida joylashgan kadastr kvadrati ochiq kadastr kvadrati bo‘lmaydi:
1) ushbu Qonunning 34-moddasiga muvofiq hududida yer qa’ridan foydalanish taqiqlangan kadastr kvadratlari;
2) muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, geologik buyurtma qo‘riqxonalari, tabiat yoki madaniyat yodgorliklari yoxud ushbu Qonunning 35-moddasiga muvofiq ilmiy yoki o‘quv maqsadda foydalanish uchun zaxira qilib qo‘yilgan uchastkalar joylashgan kadastr kvadratlari;
3) ushbu Qonunning 108-moddasiga va 169-moddasi birinchi qismining 4-bandiga muvofiq yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlari uchun boshqa ruxsatnoma berib bo‘lingan kadastr kvadratlari;
4) Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan ushbu Qonunning 126-moddasiga muvofiq oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun belgilangan kadastr kvadratlari;
5) Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan ushbu Qonunga muvofiq auksion yoki tender o‘tkazish uchun zaxira qilib qo‘yilgan kadastr kvadratlari;
6) O‘zbekiston Respublikasi mineral xomashyo bazasini rivojlantirishga oid davlat dasturlari doirasida geologik jihatdan o‘rganish amalga oshirilayotgan kadastr kvadratlari;
7) O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan ushbu moddaning beshinchi qismiga muvofiq taqiqlangan kadastr kvadratlari sifatida belgilangan kadastr kvadratlari.
Ushbu moddaning uchinchi qismida sanab o‘tilgan kadastr kvadratlariga ruxsatnomalar berilmaydi va bu kvadratlarda faoliyat amalga oshirilmaydi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, davlat tomonidan geologik jihatdan o‘rganilishi lozim bo‘lgan foydali qazilmalar konlari ushbu Qonunning 49-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq ularning zaxiralari tasdiqlanguniga qadar auksionga yoki tenderga qo‘yilishi mumkin emas. Davlat tomonidan geologik jihatdan o‘rganilishi lozim bo‘lgan, auksionga yoki tenderga qo‘yilmaydigan foydali qazilmalar konlari ochiq kadastr kvadratlari toifasiga qaytariladi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi yer qa’ridan foydalanish taqiqlangan qo‘shimcha uchastkalarni ular jamoatchilik manfaatlariga javob beradi deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan har qanday paytda, bunday jamoatchilik manfaatini tasdiqlovchi tadqiqot o‘tkazilganidan keyin e’lon qilishi mumkin. Bunday qaror qabul qilinganda kadastr kvadratlari ochiq kvadratlar toifasidan yer qa’ridan foydalanish taqiqlangan uchastkalar toifasiga o‘tkaziladi hamda Yer qa’ridan foydalanish markazi bunday tegishli kadastr kvadratlari va ularning taqiqlangan uchastkalar sifatida bo‘lib turgan muddati to‘g‘risida yer qa’rining davlat fondi kadastriga hisobga olish yozuvini kiritish vositasida tegishli ochiq kvadratlarni taqiqlangan uchastkalar sifatida belgilashi mumkin.
Taqiqlangan uchastkalar yer qa’rining davlat fondi kadastrida hisobga olinadi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan taqiqlar aerogeofizik ishlarga yoki Yerni masofaviy zondlash usullari bilan tadqiqot o‘tkazishga nisbatan tatbiq etilmaydi, bundan mudofaa ehtiyojlari uchun berilgan hududlar mustasno.
Qo‘shimcha taqiqlangan uchastka e’lon qilinganligi sababli o‘z huquqlarining cheklanishi munosabati bilan ko‘rgan zararini isbotlab berishi mumkin bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar kompensatsiya olish huquqiga ega.
34-modda. Yer qa’ridan foydalanish taqiqlangan yoki cheklangan hududlar
Yer qa’ridan foydalanish quyidagi hududlarda taqiqlanadi:
1) mudofaa ehtiyojlari uchun berilgan yerlar hududida;
2) eski qabristonlardan, dafn etish joylaridan, shuningdek eski qabristonlar va dafn etish uchun ajratilgan yer uchastkalaridan yuz metr radius masofada;
3) faoliyat ko‘rsatayotgan, kon-qayta ishlash (boyitish) sohasidagi ishlab chiqarishlarning texnogen mineral hosilalari joylashtiriladigan obyekt bo‘lmagan gidrotexnik inshoot joylashgan yer uchastkasi hududida va unga tutash hududda besh yuz metr radiusli masofada.
Suv fondi hududida yer qa’ridan foydalanish taqiqlanadi, bundan oltin izlovchilar usulida qazib olish, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish mustasno.
Yer qa’ridan foydalanish quyidagi hududlarda cheklanadi:
1) aholi punktlaridagi yerlarning hududida va ularga tutash hududlarda besh yuz metr radiusli masofada (bundan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishuvga ko‘ra va foydali qazilmalarni qazib olish natijasida mavjud infratuzilmaga zarar yetkazilishi xavfi mavjud emasligining dalillari taqdim etilgan hollarda yer osti suvlarini izlash va baholash, qattiq holdagi foydali qazilmalarni yer osti usulida qazib olish ishlari mustasno);
2) uchinchi shaxslarga tegishli bo‘lgan hamda binolar va inshootlar, ko‘p yillik dov-daraxtlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalarining hududida va ularga tutash hududlarda yuz metr radiusli masofada ushbu shaxslarning roziligisiz;
3) infratuzilma obyektlari bilan band bo‘lgan yer uchastkalari hududida, ularga tutash hududlarda qonunchilik hujjatlarida belgilangan masofalarda.
Geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomalar faqat ushbu moddaning uchinchi qismida sanab o‘tilgan yer uchastkalariga nisbatan, tegishincha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yoki yer egasi bilan kelishuvga ko‘ra kadastr kvadratlariga nisbatan berilishi mumkin. Kadastr kvadratlarida yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomalar ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan yer uchastkalariga nisbatan faqat yer yuzasidan ancha chuqurlikda, yer ustidagi inshootlarga ta’sir ko‘rsatmagan holda amalga oshiriladigan yer qa’ridan yer ostida foydalanish uchun beriladi hamda yuzaga kelishi ehtimoli bo‘lgan zarar uchun kompensatsiyani hisobga olgan holda, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va tegishli aholi punktlarida yashaydigan aholi bilan kelishuvga ko‘ra berilishi mumkin.
Yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomalar O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga muvofiq qishloq xo‘jaligi ekinlarining kadastr kvadratlariga berilishi mumkin. Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomalar qishloq xo‘jaligi ekinzorlari joylashgan kadastr kvadratlariga faqat yer yuzasidan ancha chuqurlikda, qishloq xo‘jaligi faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmagan holda hamda yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lanishini inobatga olib, qishloq xo‘jaligi ekinzorlaridan (yer uchastkalaridan) foydalanuvchilar bilan kelishuvga ko‘ra beriladi.
35-modda. Alohida tabiiy, ilmiy va madaniy qimmatga ega bo‘lgan yer qa’ri uchastkalarini muhofaza qilish
Davlat qo‘riqxonalari, tabiat va geologiya bog‘lari, majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalari, tabiat yodgorliklari, biosfera rezervatlari, davlat buyurtma qo‘riqxonalari va pitomniklar muhofaza etiladigan tabiiy hududlardir hamda bunday hududda to‘liq yoki qisman joylashgan biror-bir kadastr kvadrati ochiq kvadrat bo‘lmaydi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar o‘z makonidagi chegaralariga ega bo‘ladi. Ushbu hududlarning tabiiy obyektlari va majmualari but saqlanishini buzadigan biror-bir faoliyatni amalga oshirish taqiqlanadi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yer qa’rining davlat fondi kadastrida hisobga olinishi lozim.
Alohida ilmiy yoki madaniy qimmatga ega bo‘lgan kamyob geologik ochiq tog‘ jinslari, mineralogik hosilalar, paleontologik obyektlar va boshqa yer qa’ri uchastkalari muhofaza etiladigan geologik obyektlar, shu jumladan geologik qo‘riqxonalar, buyurtma qo‘riqxonalar, tabiat va (yoki) madaniyat yodgorliklari yoxud ilmiy va o‘quv poligonlari deb e’lon qilinishi mumkin.
Geologik obyektlar, geologik qo‘riqxonalar, buyurtma qo‘riqxonalar, tabiat va (yoki) madaniyat yodgorliklari jumlasiga kiritilgan yoxud ilmiy yoki o‘quv maqsadlarida foydalanish uchun mo‘ljallangan yerlardagi kadastr kvadratlari ularga tegishli maqom berilganidan keyin muhofaza etiladigan geologik obyektlar deb hisoblanadi. Bunday maqom yer qa’ri davlat fondining kadastriga kiritiladi.
Muhofaza etiladigan geologik obyektlar, geologik qo‘riqxonalar, buyurtma qo‘riqxonalar, tabiat va (yoki) madaniyat yodgorliklari hududlarida yoxud ilmiy yoki o‘quv maqsadlari uchun zaxira qilib qo‘yilgan hududlarda yer qa’ri uchastkalaridan foydalanishga faqat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.
Muhofaza etiladigan geologik obyektlar hududidagi faoliyat muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi qonunchilik qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Yer qa’ridan foydalanish chog‘ida tarixiy, ilmiy, badiiy va boshqa madaniy qimmatga ega bo‘lgan obyektlar topilgan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchilar yer qa’rining tegishli uchastkasidagi ishlarni to‘xtatib turishi va bu haqda Yer qa’ridan foydalanish markazini hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlarini yozma shaklda yoki elektron pochta manzili orqali xabardor qilishi shart.
Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan xabarnoma olinganidan keyin oltmish kun ichida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi arxeologik tadqiqotlar o‘tkazish uchun mazkur uchastkani zaxira qilib qo‘yish zarurligi haqida e’lon qilishi mumkin. Agar ular oltmish kun ichida bunday bayonot bermasa, yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’rining daxl qilingan uchastkasida yer qa’ridan foydalanishga doir faoliyatni qaytadan boshlashi mumkin. Agar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan tegishli organlar topilgan obyektlarni oltmish kun ichida chiqarib olmasa yoki ularning but saqlanishini ta’minlamasa, yer qa’ridan foydalanuvchi ustuvor holatlarga qarab, ushbu obyektlarni davlat nomidan hamda davlat hisobidan chiqarib olishi, ularning but saqlanishini va saqlanishini ta’minlashi mumkin.
36-modda. Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshirishga doir umumiy talablar
Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi butun faoliyat qo‘llaniladigan tegishli darajadagi tarmoq amaliyotiga muvofiq amalga oshirilishi va quyidagilarni ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi kerak:
1) foydali qazilmalarni texnik va iqtisodiy jihatdan barqaror tarzda qazish va ajratib olish, shuningdek yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida tegishli darajadagi usullar hamda jarayonlardan foydalanish hisobidan amalga oshiriladigan yer qa’ri resurslarini saqlashga;
2) mehnatni muhofaza etishga va avariyalarning, baxtsiz hodisalarning oldini olishga rioya etilishiga imkon beradigan, shuningdek xodimlar, obyektlar hamda mavjud infratuzilma, shu jumladan mahalliy aholi va jamoatchilik uchun tavakkalchilikning amaliy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lgan past darajagacha kamayishiga olib keladigan uslublar hamda jarayonlardan foydalanishni nazarda tutadigan texnika xavfsizligiga rioya etish;
3) yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning atrof muhitga eng kam salbiy ta’sir ko‘rsatishiga olib keladigan uslublar va jarayonlar qabul qilinishini talab etadigan atrof-muhitni muhofaza qilish.
Yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markazining so‘roviga ko‘ra muayyan amaliyot, tartib-taomil yoki tasniflash qo‘llaniladigan tegishli darajadagi tarmoq amaliyotiga muvofiqligini quyidagilar orqali namoyish etadi:
1) amaliyot, tartib-taomil yoki tasniflash xalqaro darajada tan olingan tashkilot tomonidan qabul qilingan standartga muvofiqligi yoxud undan mustahkamroq ekanligi hamda Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan qo‘llaniladigan standart sifatida e’tirof etilishi yuzasidan dalillar taqdim etish;
2) qabul qilingan amaliyot, tartib-taomil yoki tasniflash ishonchli, xavfsiz, samarali va zarur ekanligi yuzasidan asoslarni taqdim etish.
37-modda. Yer qa’ridan foydalanuvchiga kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkalarini berish
Foydali qazilmalarni, uglevodorodlarni qazib olish, yer ostida saqlash uchun yer qa’ridan foydalanish maqsadlari uchun zarur bo‘lganda, kadastr kvadratlari yuzasiga mos keladigan yer uchastkalari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda jamoat ehtiyojlari uchun (yetkazilgan zararni qoplab bergan holda) olib qo‘yilishi mumkin.
Yer uchastkasi yer qa’ridan foydalanish maqsadida jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganidan (yetkazilgan zararni qoplab bergan holda) hamda mazkur yer uchastkasi davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin bunday yer uchastkasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yer fondining boshqa toifasiga o‘tkaziladi.
Yer qa’ri davlat fondining kadastriga kiritilgan kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkalari Yer qa’ridan foydalanish markaziga yoki O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga ularning so‘rovlariga ko‘ra doimiy foydalanishga beriladi.
Yer uchastkasi yer qa’ridan foydalanish maqsadida jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan taqdirda, mahalliy davlat hokimiyati organlari yer qa’ridan foydalanish maqsadlari uchun olib qo‘yilayotgan yer uchastkalarining yerdan foydalanuvchisi, yerga egalik qiluvchisi yoki mulkdori bilan kompensatsiya to‘lovining miqdori va shartlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda kelishib oladi.
Kompensatsiya to‘lovi Yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan zararlarning o‘rnini jismoniy va yuridik shaxslarga qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Yer qa’ridan foydalanish markazi yoki O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi kompensatsiya miqdorini hamda uni to‘lash to‘g‘risidagi talabni ruxsatnomada aks ettiradi, shuningdek, qo‘llanilishiga ko‘ra ularni elektron auksion, tender hujjatlariga kiritadi.
Yer qa’ridan foydalanish markaziga yoki O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga doimiy foydalanish uchun berilgan yer uchastkalariga ular yer qa’ridan foydalanuvchiga ijaraga berilmaguniga qadar soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni va uglevodorodlarni qazib olish, shuningdek yer ostida saqlash huquqiga doir ruxsatnomani berish faqat tegishli yer uchastkasi Yer qa’ridan foydalanish markaziga yoki O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida berilganidan keyin amalga oshiriladi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni va uglevodorodlarni qazib olish, shuningdek yer ostida saqlash huquqiga doir ruxsatnomani berish bilan bir vaqtda Yer qa’ridan foydalanish markazi yoki O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda yer qa’ridan foydalanuvchi o‘rtasida ruxsatnomaga ilova qilinadigan, yer qa’ri uchastkasidan foydalanish shartlarining ajralmas qismi bo‘lgan yer uchastkasining ijara shartnomasi tuziladi.
Ijara shartnomasi yoki yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) u bilan bog‘liq ruxsatnomaning amal qilishi tugashi bilan bekor qilinadi.
Yer qa’ridan foydalanish maqsadlarida yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlar yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan ruxsatnoma berilgan kundan boshlab uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armaga qoplab berilishi lozim.
Yer qa’ridan foydalanuvchi ijaraga berilgan yer uchastkasi va amalga oshiradigan faoliyati bo‘yicha qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan soliqlar, yig‘imlar hamda to‘lovlarni amalga oshiradi.
Ochiq maydonlarda yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari asosida yer qa’rini geologik o‘rganish uchun tegishli ruxsatnoma berilganidan keyin yer to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq berilgan yer uchastkalarini olib qo‘ymasdan amalga oshiriladi. Kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkalarida yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish uchun yer uchastkasining foydalanuvchisi (egasi) bilan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) belgilanishi ham mumkin.
5-bob. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish
38-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni rekognossirovka qilish ishlari
Har qanday vakolatli shaxs, basharti u Yer qa’ridan foydalanish markazini xabardor qilsa hamda o‘z nomi va manzilini ro‘yxatdan o‘tkazsa, shuningdek u rekognossirovka qilish ishlari amalga oshirilishini taklif etayotgan uchastkaning tavsifini va joylashgan yerini taqdim etsa, bunday shaxs biror-bir kadastr kvadratida qattiq holdagi foydali qazilmalarni rekognossirovka qilish ishlarini ruxsatnomasiz amalga oshirishi mumkin, bundan mudofaa ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkalari mustasno.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni rekognossirovka qilish ishlarini amalga oshirish chog‘ida yer qa’rining yaxlitligini buzish taqiqlanadi hamda rekognossirovka qilish ishlari amalga oshirilishini taklif etayotgan biror bir shaxs zarur bo‘lganda yer uchastkasiga kirish uchun yerga egalik qiluvchining, yerdan foydalanuvchining yoki yer uchastkasi mulkdorining ruxsatnomasini olishi kerak.
39-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berishga oid ariza
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan arizani ochiq kadastr kvadratlariga oid “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipi bo‘yicha ko‘rib chiqish orqali beriladi:
Har qanday vakolatli shaxs “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipiga ko‘ra qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirishga doir ruxsatnoma berilishi uchun Yer qa’ridan foydalanish markaziga ochiq kadastr kvadratlarining quyidagi eng ko‘p miqdori uchun ariza berishga haqli:
1) energetik foydali qazilmalar uchun — 2 100 kadastr kvadrati;
2) rudali va noruda foydali qazilmalar uchun — 1 575 kadastr kvadrati;
3) qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar uchun — 525 kadastr kvadrati;
4) qurilish materiallari va to‘ldirgichlar uchun — 105 kadastr kvadrati.
Berilgan ruxsatnomada ko‘rsatilgan barcha kadastr kvadratlari bir-biriga bog‘liq bo‘lishi kerak.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomani olish uchun arizachi “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipiga ko‘ra elektron platforma orqali Yer qa’ridan foydalanish markaziga quyidagilarni ilova qilgan holda ariza beradi:
1) arizachining davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga muvofiq to‘liq nomini;
2) arizachining vakolatli shaxs ekanligini tasdiqlovchi axborotni;
3) so‘ralayotgan ochiq kvadratlar to‘g‘risidagi batafsil axborot, shu jumladan ularning joylashgan yeri va koordinatalari ko‘rsatilgan tegishli masshtabdagi xaritani;
4) arizachi ruxsatnoma berilishi uchun taqdim etilishi lozim bo‘lgan kadastr kvadratlarining umumiy soniga doir cheklovni buzmasligini tasdiqlovchi hujjatni;
5) zarur ekologik ekspertiza o‘tkazilguniga hamda davlat ekologik ekspertizasining va O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasi olinguniga qadar biror-bir konchilik faoliyatini boshlamaslik to‘g‘risidagi majburiyat bayon qilingan xatni;
6) qonunchilik hujjatlarga muvofiq zarur bo‘lgan boshqa axborotni.
Arizalar Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berish uchun arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Yig‘im summasi qaytarilmaydi.
Ariza olinganidan keyin Yer qa’ridan foydalanish markazi arizani yer qa’ri davlat fondi kadastrining arizalar reyestrida ariza olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan holda ro‘yxatga oladi hamda ariza berilganligini tasdiqlovchi hujjatni arizachiga beradi.
Yer qa’ridan foydalanish markazi arizaning to‘liqligini tasdiqlaydi.
Ariza bilan birga taqdim etilgan hujjatlarda xatolar va kamchiliklar aniqlangan taqdirda, Yer qa’ridan foydalanish markazi arizachini bu haqda xabardor qiladi.
Arizachi xabarnomada ko‘rsatilgan sanadan e’tiboran o‘n ish kuni ichida aniqlangan xatolar va kamchiliklarni tuzatadi hamda yangidan ariza beradi. Agar xatolar va kamchiliklar ko‘rsatilgan muddat ichida tuzatilmasa, Yer qa’ridan foydalanish markazi ruxsatnoma berishni rad etadi.
40-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berishning qo‘shimcha usullari
Auksion o‘tkazish orqali kimoshdi savdolarining zarurligi O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan aniqlangan hollarda, qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomalar auksion o‘tkazish yo‘li bilan berilishi mumkin.
Alohida hollarda, qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq berilishi mumkin.
Bunday hollarda, auksion o‘tkazish uchun tegishli kadastr kvadratlari Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan zaxira qilib qo‘yiladi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berish uchun auksionlar qonunchilikka muvofiq chetdan aralashuvni istisno etadigan elektron savdo maydonchasida kimoshdi savdolarini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Auksion ishtirokchilari auksionda ishtirok etish huquqini olish uchun ushbu Qonunning 39-moddasida nazarda tutilgan ma’lumotlarni taqdim etishi kerak. Ayrim nihoyatda yirik va muhim foydali qazilmalar yoki foydali qazilmalar konlariga nisbatan Yer qa’ridan foydalanish markazi auksionda ishtirok etish uchun qo‘shimcha talablarni, masalan, taklif etilayotgan ishlar dasturini bajarishning moliyaviy va texnik imkoniyati dalillarini taqdim etish talabini belgilashi mumkin.
Yer qa’ri uchastkalaridan qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish uchun foydalanish huquqini auksionlarda realizatsiya qilishning boshlang‘ich narxi foydali qazilmaning turiga qarab, qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Auksion g‘olibini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnoma g‘olibga tegishli kadastr kvadratlarida foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomani berish uchun asos bo‘ladi.
Auksiondan tushgan mablag‘lar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq berilgan qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomalarga ushbu Qonunda nazarda tutilgan talablardan tashqari qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va yer qa’ridan foydalanuvchi o‘rtasida tuziladigan kelishuvga ko‘ra qo‘shimcha shartlar va to‘lov belgilanishi mumkin.
41-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish
Berilgan arizani ko‘rib chiqish muddati ushbu Qonunning 39-moddasiga muvofiq to‘ldirilgan ariza olingan sanadan e’tiboran yigirma ish kunidan oshmasligi kerak. Yer qa’ridan foydalanish markazi berilgan arizani ko‘rib chiqish uchun belgilangan muddat o‘tganidan yoki auksion jarayoni tugaganidan keyin uch ish kuni ichida, qo‘llaniladigan holatga qarab, qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish uchun yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomani tegishincha birinchi bo‘lib tegishli tarzda to‘ldirilgan arizani topshirgan, ruxsatnoma olish huquqiga ega bo‘lgan shaxsga yoki auksion g‘olibiga beradi.
Yer qa’ridan foydalanish markazining qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomani berishni rad etishi asoslantirilgan bo‘lishi hamda ushbu Qonun va qonunchilik hujjatlari qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomani berishda yer qa’ri davlat fondi kadastrining ruxsatnomalar reyestriga tegishli yozuv kiritiladi.
42-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma quyidagi muddatlarga beriladi:
1) foydali qazilmalarning asosiy turlari bo‘yicha — besh yilgacha;
2) noruda foydali qazilmalar bo‘yicha — ikki yilgacha.
Asosiy qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati yer qa’ridan foydalanuvchining arizasiga ko‘ra ikki marta to‘rt yilga uzaytirilishi mumkin.
Noruda foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati har bir alohida holda ushbu Qonunning 110-moddasida belgilangan tartibda ikki marta ikki yilga uzaytirilishi mumkin.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirishda ruxsatnomaga kiritilgan kadastr kvadratlarining miqdori ellik foizga kamaytiriladi.
43-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish
Yer qa’ridan foydalanuvchi biror-bir konchilik faoliyati boshlanguniga qadar zarur ekologik ekspertizani amalga oshiradi hamda atrof-muhitni muhofaza qilish va xavfsizlik sohasidagi barcha zarur ma’qullashlarni, shu jumladan davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasini oladi. Davlat ekologik ekspertizasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, qo‘llaniladigan holatga qarab, bunday ma’qullashlarni yer qa’ridan foydalanuvchiga beradi, ularning ko‘chirma nusxalari esa ushbu ma’qullashlar olingan paytdan e’tiboran besh kun ichida bevosita Yer qa’ridan foydalanish markaziga yuboriladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi qattiq holdagi foydali qazilmalarning asosiy turlarini geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berilgan paytdan e’tiboran bir yuz sakson kun ichida hamda noruda foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berilgan paytdan e’tiboran bir yuz yigirma kun ichida Yer qa’ridan foydalanish markaziga ruxsatnomaning butun amal qilish davri uchun ishlab chiqilgan geologik jihatdan o‘rganish loyihasini, shu jumladan zarur bo‘lgan taqdirda oqibatlarni bartaraf etish rejasini taqdim etishi shart.
Agar asosiy foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasi ruxsatnoma berilgan sanadan e’tiboran bir yuz sakson kun ichida, noruda foydali qazilmalar uchun — bir yuz yigirma kun ichida taqdim etilmasa, auksion yakunlariga ko‘ra berilgan qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomalar avtomatik ravishda bekor qilinadi.
Geologik jihatdan o‘rganish loyihasi qaysi foydali qazilmalarga taalluqli ishlar amalga oshiriladigan bo‘lsa, o‘sha foydali qazilmalarning turlari, geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirish usullari va vositalari, ruxsatnoma amal qiladigan davr uchun ishlarning taxminiy hajmlari va ishlar rejasi, shuningdek taklif etilayotgan ishlar dasturini bajarish uchun moliyaviy va texnik imkoniyatlar dalillari to‘g‘risidagi batafsil axborotni o‘z ichiga oladi. Geologik jihatdan o‘rganish loyihasiga doir shakl va maxsus talablar qonunchilik hujjatlarida nazarda tutiladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan geologik jihatdan o‘rganish loyihasi yer qa’rini geologik geologik jihatdan o‘rganish boshlanishidan oldin Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlanishi lozim. Yer qa’ridan foydalanish markazi geologik jihatdan o‘rganish loyihasini yigirma ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Loyihani tasdiqlashni rad etish asoslangan bo‘lishi kerak. Geologik jihatdan o‘rganish loyihasi faqat ushbu Qonunga, tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka yoki boshqa qonunchilik hujjatlariga mos kelmaydigan hollarda rad etilishi mumkin. Geologik jihatdan o‘rganish loyihasi tasdiqlanmagan hollarda, yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markazining mulohazalarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqilgan loyihani takroran taqdim etishga haqli.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga muvofiq bajariladigan ishlar yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan ishlab chiqilgan geologik jihatdan o‘rganishning tasdiqlangan loyihasiga muvofiq bajariladi. Favqulodda vaziyatlardan tashqari, geologik jihatdan o‘rganish loyihasida nazarda tutilmagan qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
Rejalashtirilgan ishlarning turlari, usullari va (yoki) vositalari, shuningdek ishlarning hajmlari va ularni amalga oshirish muddatlari o‘zgargan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.
Agar ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan o‘zgartirishlar qo‘shimcha kelishuvlarni va ekspertizani talab etsa, qayta ko‘rib chiqilgan qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasi ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etiladi.
Agar ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan o‘zgartirishlar biror-bir qo‘shimcha ekologik ekspertiza o‘tkazilishini talab etsa, bunday o‘zgartirishlar ekologik ekspertiza tugaguniga va davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasi olinguniga qadar amalga oshirilmaydi.
Barcha amalga oshiriladigan geologiya-qidiruv ishlari va olinadigan natijalar O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan tasdiqlangan normativ hujjatlarga muvofiq hujjatlashtirilishi lozim.
Yer qa’ridan foydalanuvchi geologik jihatdan o‘rganish davrida ushbu Qonunning 46-moddasiga muvofiq kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkasiga mos bo‘lgan uchastkada doimiy kapital inshootlarini barpo etishga, shuningdek yer qa’ri uchastkasida konchilik faoliyatining chiqindilari obyektlarini joylashtirishga haqli emas.
Yer qa’ri uchastkasini geologik jihatdan o‘rganish chog‘ida gidrogeologik tadqiqotlar o‘tkazilishi shart. Yer qa’ridan foydalanuvchi aniqlangan minerallashuv resurslarini baholashda yer osti suvlarining fizikaviy va kimyoviy xossalarini tavsiflagan holda minerallashuvning gidrogeologik xususiyatlarini aniqlashi kerak.
Agar geologik jihatdan o‘rganishni yer yuzasidagi suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari doirasida amalga oshirish mo‘ljallanilayotgan bo‘lsa, geologik jihatdan o‘rganish loyihasi va (yoki) tajriba-sanoat usulida qazib olish O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining va O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining tegishli hududiy bo‘linmalari bilan ham kelishiladi.
Yer qa’ri uchastkasida o‘tkazilayotgan geologik jihatdan o‘rganish jarayonida yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomada ko‘rsatilmagan foydali qazilmalar koni topilgan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi bu haqda Yer qa’ridan foydalanish markaziga xabar qilishi hamda aniqlangan foydali qazilmalarni o‘rganish va qazib olish uchun to‘siqlarni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan harakatlarni topilgan foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga kiritilguniga qadar to‘xtatib turishi shart. Foydali qazilmaning ushbu qo‘shimcha turi yer qa’ridan foydalanuvchining so‘roviga ko‘ra geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga qo‘shib qo‘yiladi, geologik jihatdan o‘rganish loyihasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi va yangilangan loyiha ushbu Qonunning 47-moddasiga muvofiq Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etiladi.
44-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish uchun har yilgi eng kam xarajatlar
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu moddada belgilangan yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish uchun har yilgi eng kam xarajatlar to‘g‘risidagi talablarga rioya etishi shart.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomalar doirasida kadastr kvadratlari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi uchun har yilgi eng kam xarajatlar qonunchilikda belgilanadi. Geologik jihatdan o‘rganishga doir har yilgi eng kam xarajatlarni hisob-kitob qilish O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan va hisobot yilining 1-yanvardagi holatga ko‘ra amal qiladigan bazaviy hisoblash miqdori asosida amalga oshiriladi.
Agar ruxsatnomaning amal qilish muddatining birinchi yoki oxirgi yili to‘liq bo‘lmasa, har yilgi eng kam xarajatlar ruxsatnoma mazkur yildagi amal qilish muddatining har bir to‘liq oyi uchun mutanosib ravishda hisob-kitob qilinadi.
Kadastr kvadratini geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilishi yil davomida tugatilgan taqdirda, har yilgi eng kam xarajatlar ruxsatnoma mazkur yildagi amal qilish muddatining har bir to‘liq oyi uchun mutanosib ravishda hisob-kitob qilinadi. Yer qa’ridan foydalanuvchining har yilgi eng kam xarajatlarga kiritilmaydigan maqbul xarajatlari va boshqa xarajatlari qonunchilik hujjatlarda belgilanadi. Yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga doir eng kam xarajatlarni hisob-kitob qilish faqat tegishli ruxsatnoma doirasida qilingan xarajatlarga nisbatan amalga oshiriladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan har yilgi eng kam xarajatlar bo‘yicha majburiyatlar buzilgan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi yetishmayotgan xarajatlarni amalga oshirishi va bu haqda Yer qa’ridan foydalanish markaziga hisobot yilidan keyingi ikki oydan kechiktirmay hisobot taqdim etishi shart. Bunda yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan ushbu moddaga muvofiq amalga oshirilgan xarajatlar joriy yil xarajatlarida hisobga olinmaydi va hisobot yili uchun hisobotda aks ettirilgan deb hisoblanadi.
45-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning huquqlari
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish loyihasida ko‘rsatilgan foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirish huquqiga ega.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar quyidagi mutlaq huquqlarga ega:
1) ruxsatnomada nazarda tutilgan yer qa’ri uchastkasida geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirish;
2) kadastr kvadrati yuzasining ajratilgan yer uchastkalari doirasida ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan vaqtinchalik sanoat obyektlarini va ijtimoiy obyektlarni barpo etish, shuningdek umumiy foydalanishdagi obyektlar va kommunikatsiyalardan shartnoma asosida foydalanish;
3) ushbu Qonunning 46-moddasida nazarda tutilgan tajriba-sanoat usulida ishlab chiqarishni amalga oshirish;
4) basharti ushbu Qonunning 6-bobi talablariga rioya etilsa, geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati davomida istalgan vaqtda qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish uchun ruxsatnomani so‘rash va olish;
5) qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish uchun zarur bo‘lgan yoki ular bilan bog‘liq boshqa ishlarni amalga oshirish.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar ushbu Qonunga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
46-modda. Yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish davrida foydali qazilmalarni tajriba (sinov) va tajriba-sanoat usulida qazib olish
Yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ri uchastkasini geologik jihatdan o‘rganish davrida foydali qazilmalar mavjudligi tasdiqlangan taqdirda, foydali qazilmalarni boyitish va qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish yoki takomillashtirish, ularning sifatini baholash va foydali qazilmalar konining geologik modelini tuzish hamda ularni o‘zlashtirishning oqilona uslublarini va usullarini tanlash, shuningdek texnogen mineral hosilalardan foydalanish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlarni olish maqsadida foydali qazilmalarni tajriba (sinov) va tajriba-sanoat usulida qazib olishni amalga oshirishga haqli.
Foydali qazilmalarni tajriba (sinov) usulida qazib olish geologik jihatdan o‘rganish loyihasida asoslangan hajmda, quyidagilarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi:
1) sanoat xavfsizligi normalari va qoidalariga;
2) atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka, shu jumladan ushbu Qonunning 15-bobida nazarda tutilgan tuproqning unumdor qatlamini saqlash, yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek buzilgan yerlarni kelgusida rekultivatsiya qilish shartlariga.
Foydali qazilmalarni tajriba-sanoat usulida qazib olish Yer qa’ridan foydalanish markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi xabardor qilinganidan keyin amalga oshiriladi.
Tajriba-sanoat usulida qazib olish chog‘ida qazib olingan foydali qazilmalar yer qa’ridan foydalanuvchining mulki bo‘ladi. Bunday foydali qazilmalarni sotish yoki boshqa shaxsga o‘tkazish yer qa’ridan foydalanuvchi mazkur loyiha yuzasidan qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish uchun ruxsatnoma olmaguniga qadar taqiqlanadi.
Foydali qazilmalarni tajriba (sinov) va (yoki) tajriba-sanoat usulida qazib olish hamda ularning tadqiqotlari natijalari yer qa’ri uchastkasini geologik jihatdan o‘rganish natijalari to‘g‘risidagi hisobotda aks ettirilishi kerak.
Yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu Qonunning 37-moddasiga muvofiq qaysi yer uchastkasiga nisbatan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni olgan bo‘lsa, o‘sha yer uchastkasida tajriba-sanoat usulida qazib olish bilan bog‘liq kapital inshootlarni barpo etishga haqli.
47-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning majburiyatlari
Yer qa’ridan foydalanuvchilar qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati davomida:
1) geologik jihatdan o‘rganish rejasi tasdiqlangan va ushbu Qonun 43-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasi olingan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida konchilik faoliyatini boshlashi;
2) geologik jihatdan o‘rganish ishlari konchilik faoliyatini amalga oshirishning barcha qo‘llaniladigan normalari va qoidalariga, shuningdek tegishli darajadagi amaliyotiga muvofiqligini ta’minlashi;
3) geologik jihatdan o‘rganish ishlari amaldagi geologik jihatdan o‘rganish loyihasiga muvofiqligini ta’minlashi;
4) geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha butun faoliyatni hamda yer qa’ri uchastkasidan biror-bir boshqacha qonuniy asosda foydalanishni ushbu barcha ishlar oqilona vositalar bilan yo‘l qo‘yilmasligi mumkin bo‘lgan jamoatchilik yoki xususiy manfaatlar buzilishiga olib kelmasligini ta’minlash maqsadida konchilik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan choralar bilan cheklashi;
5) ushbu Qonunning 44-moddasida ko‘rsatilgan har yilgi eng kam xarajatlarga rioya etishi;
6) tabiiy va sun’iy tashuvchilarning but saqlanishini va to‘g‘ri tamg‘alanishini ta’minlashi, geologik jihatdan o‘rganish jarayonida ishlab chiqilgan geologik, marksheyderlik hujjatlarini va boshqa hujjatlarni saqlashi;
7) ushbu Qonunning 48-moddasiga muvofiq zarur bo‘lgan hisobotlarni taqdim etishi;
8) ushbu Qonunning 161-moddasida ko‘rsatilgan har yilgi to‘lovlarni to‘lashi;
9) qonunchilikda belgilangan tartibda foydali qazilmalar konlarini o‘zlashtirish va boshqa maqsadlar uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan geologik kon qazishmalari hamda quduqlar konservatsiya qilinishini ta’minlashi, shuningdek foydalanilmaydigan kon qazishlari va quduqlar tugatilishini ta’minlashi;
10) ushbu Qonunning 15-bobiga muvofiq yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish rejasini ishlab chiqishi va moliyalashtirishi;
11) ushbu Qonunning 14-bobiga va amaldagi qonunchilikka muvofiq tasdiqlangan o‘qitish dasturlarini amalga oshirishi hamda mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligiga hamda xodimlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha normalarga, shuningdek avariyalarga va favqulodda vaziyatlarga shay holatda turishni hamda ularning oqibatlari bartaraf etilishini ta’minlash choralariga rioya etishi;
12) foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan konchilik faoliyati obyektlarini va yer osti inshootlarini tugatish hamda yopish tartibiga rioya etishi;
13) davriy va tanlab olingan tekshiruvlar va (yoki) auditlar o‘tkazish tartibiga rioya etishi;
14) O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xulq-atvor qoidalarini ishlab chiqishi va ularga rioya etilishini ta’minlashi;
15) O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan qazib olish tarmoqlarining shaffofligi tashabbusi standartlariga (QTSHTS) rioya etishi;
16) nizo predmeti bo‘lmagan barcha bojxona bojlarini, to‘lovlarni, yig‘imlarni va soliqlarni o‘z vaqtida hamda aniq deklaratsiya qilishi va to‘lashi;
17) ushbu Qonun hamda biror-bir boshqa qo‘llaniladigan qonunchilik qoidalariga rioya etilishi maqsadida barcha tegishli vakolatli organlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilishi shart.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning zimmasida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
48-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirish chog‘ida hisobdorlik
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi o‘tgan kalendar yil uchun yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish uchun ruxsatnomada nazarda tutilgan majburiyatlarining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotni har yili Yer qa’ridan foydalanish markaziga keyingi yilning birinchi martidan kechiktirmay taqdim etishi shart. To‘liq bo‘lmagan kalendar yil uchun hisobotlar aniq muddat uchun, bunday muddat tugaganidan keyin ikki oydan kechiktirmay taqdim etiladi.
Ruxsatnomaning amal qilishi tugaganidan keyin yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ri uchastkasidagi geologik jihatdan o‘rganish natijalari to‘g‘risidagi yakuniy hisobotni Yer qa’ridan foydalanish markaziga ruxsatnomaning amal qilishi tugagan sanadan e’tiboran uch oydan kechiktirmay taqdim etishi shart.
Geologik jihatdan o‘rganish natijalari to‘g‘risidagi yakuniy hisobot geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirish natijasida aniqlangan foydali qazilmalarning potensial konlari haqidagi axborotni, shu jumladan dastlabki geologik axborot materiallariga asoslangan batafsil geologik ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi, shuningdek geologiya, burg‘ilash, tuproqni, tog‘ jinslarini, yer osti suvlarini, foydali qazilmalar namunalarini hamda boshqa geologik materiallarni tanlab olish va sinab ko‘rish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar, sinovlar hamda geologik jihatdan o‘rganishning holati va natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Geologik jihatdan o‘rganish natijalari to‘g‘risidagi yakuniy hisobotning shakli va unga doir talablar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Ushbu Qonun 169-moddasi birinchi qismining o‘n birinchi va o‘n ikkinchi bandlarida nazarda tutilgan qoidalarni hisobga olgan holda, qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish natijalari haqidagi yakuniy hisobot Qattiq holdagi foydali qazilmalar zaxiralari to‘g‘risidagi xalqaro hisobot standartlari bo‘yicha qo‘mitaning (CRIRSCO) talablariga muvofiq axborotni o‘z ichiga olishi kerak.
Yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish natijalari bo‘yicha yakuniy hisobot geologik materiallarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish va foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash uchun Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasiga taqdim etiladi.
Agar yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish natijalari to‘g‘risidagi yakuniy hisobotda foydali qazilmalarning zaxiralari hisob-kitob qilingan holda aniqlangan kon haqidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, hisobot umumlashtirish hamda tizimlashtirish uchun faqat Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etiladi.
Geologik jihatdan o‘rganish to‘g‘risidagi hisobotda ko‘rsatilgan geologik jihatdan o‘rganishga doir xarajatlar va mahalliy ta’minot ulushi haqidagi axborot “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq auditor tomonidan tasdiqlanishi lozim. Bunday axborot, agar u auditorlik tekshiruvidan o‘tgan moliyaviy hisobotda alohida keltirilgan (aks ettirilgan) bo‘lsa, auditor tomonidan ham tasdiqlangan hisoblanadi.
49-modda. Geologik materiallar ekspertizasi va foydali qazilmalar zaxiralarini davlat tomonidan tasdiqlash
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati ichida yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ri uchastkasidagi noruda foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash to‘g‘risidagi ariza bilan O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga murojaat qilishga haqli.
Geologik materiallarning davlat ekspertizasi va foydali qazilmalar zaxiralarini davlat tomonidan tasdiqlash Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Foydali qazilmalar zaxiralarining sanoatga molik ahamiyati to‘g‘risidagi qaror ularni davlat balansiga qo‘yish uchun asos bo‘ladi.
Noruda foydali qazilmalar konlarining geologik materiallarini davlat ekspertizasidan o‘tkazish va ularning zaxiralarini tasdiqlash uchun Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi joylarda foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha hududiy komissiyalarni tashkil etadi.
Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi milliy yoki xalqaro qo‘llaniladigan standartlarga muvofiq e’tirof etilgan vakolatli shaxsni jalb qilishga haqli, biroq majbur emas.
Geologik materiallarning davlat ekspertizasi va foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash bunday tasdiqlashni so‘rayotgan yer qa’ridan foydalanuvchining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat ekspertizasini o‘tkazish uchun taqdim etiladigan geologik materiallarga doir talab yer qa’ri uchastkasi geologik tuzilishining murakkabligi hamda ularning soni hisobga olingan holda, Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan jalb etilgan foydali qazilmalar zaxiralariga doir hisobotning xalqaro standartlari bo‘yicha vakolatli shaxs geologiya-qidiruv ishlari natijalari, foydali qazilmalar zaxiralari (bundan noruda foydali qazilmalar mustasno) to‘g‘risida ommaviy hisobotlar ham tayyorlashi mumkin. Bunday holda mazkur vakolatli shaxs Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasining talablariga muvofiq geologik materiallarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish va foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash uchun hisobotlarni ham tayyorlashi shart.
Geologik materiallarning davlat ekspertizasini o‘tkazganlik uchun undiriladigan to‘lov miqdori Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi bilan kelishuvga ko‘ra Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat ekspertizasini o‘tkazishga doir mablag‘lar jalb etiladigan ekspertlarning xizmatlariga haq to‘lashga va materiallarni Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasida ko‘rib chiqish uchun tayyorlash xarajatlarining o‘rnini qoplashga yo‘naltiriladi.
Geologik materiallarning davlat ekspertizasi uchun to‘lov Yer qa’ridan foydalanish markazining hisob-kitob varag‘iga kelib tushadi.
6-bob. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish
50-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma olishga oid ariza
Yer qa’ridan foydalanuvchi, basharti geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomada ko‘rsatilgan bir-biriga bog‘liq kadastr kvadratlaridan hech bo‘lmaganda bittasida qattiq holdagi foydali qazilmalar koni joylashgan bo‘lsa hamda qattiq holdagi foydali qazilmalarning bunday konidan tijorat maqsadida foydalanilishi zarur bo‘lsa, bunday kadastr kvadratlarida ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaguniga qadar ushbu Qonunning 108-moddasiga muvofiq qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma olishga oid mutlaq huquqqa ega bo‘ladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomani olish uchun Yer qa’ridan foydalanish markaziga quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan arizani topshiradi:
1) arizachining davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga muvofiq to‘liq nomi;
2) arizachi vakolatli shaxs ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
3) so‘ralayotgan kadastr kvadratlari to‘g‘risidagi batafsil axborot, shu jumladan ularning joylashgan yeri va koordinatalari ko‘rsatilgan tegishli masshtabdagi xarita;
4) geologik jihatdan o‘rganish to‘g‘risidagi yakuniy hisobot;
5) konni o‘zlashtirish loyihasi yoki texnik-iqtisodiy asos;
6) konni o‘zlashtirish loyihasiga yoki texnik-iqtisodiy asosga muvofiq taklif etilayotgan konchilik faoliyatini amalga oshirish uchun arizachining moliyaviy, kasbiy va texnik imkoniyatlari dalillari;
7) davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi.
Ariza bilan birga topshiriladigan hujjatlarga nisbatan talablar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Agar qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati yer qa’ridan foydalanuvchi qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma berish bo‘yicha ariza topshirish uchun zarur bo‘lgan biror-bir ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasini kutayotgan davrda tugasa, geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasi olinguniga yoki rad etilguniga qadar amal qilishda davom etadi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma berish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im miqdori qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Yig‘im summasi qaytarilmaydi.
51-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma olishning qo‘shimcha usullari
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomalar Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan belgilangan konlar bo‘yicha auksion yoki tender o‘tkazish yo‘li bilan berilishi mumkin.
Mamlakatni rivojlantirish bilan bog‘liq alohida hollarda qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq berilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan konlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma doirasidagi geologiya-qidiruv ishlari natijasida qidirib topilgan, ruxsatnomaning amal qilish muddati (foydali qazilmalarni qazib olish uchun ruxsatnoma olishga doir mutlaq huquq) tugaganidan keyin davlat balansiga kiritilgan konlar;
2) mineral xomashyo bazasini rivojlantirish davlat dasturlari doirasida budjet mablag‘lari hisobidan qidirib topilgan foydali qazilmalar konlari.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish uchun zarur bo‘lgan kadastr kvadratlari Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan zaxira qilib qo‘yiladi.
Auksionlar va tenderlar o‘tkazish tartibi qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Tender jarayonining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
1) yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish shartlarini ishlab chiqishda vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlarining samarali hamkorligini tashkil etish;
2) mavjud bo‘lgan geologik ma’lumotlar, geologik jihatdan o‘rganish to‘g‘risidagi hisobotlar va boshqa tegishli axborot asosida ishlab chiqilgan yer qa’ri uchastkalarini berish bo‘yicha tenderning boshlang‘ich shartlarini kelishish;
3) taqdim etilgan konni o‘zlashtirish loyihasining yoki dastlabki texnik-iqtisodiy asosning yoxud investitsiyaviy loyihalar texnik-iqtisodiy asosining ekspertizasi o‘tkazilishini hamda ularning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga, shuningdek yer qa’ri uchastkalaridan foydalanishning belgilangan shartlariga muvofiqligi baholanishini tashkil etish;
4) maqbul bo‘lgan tanlovga oid arizani va ruxsatnoma berilishining maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosani O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish.
Auksion yoki tender ishtirokchilari ushbu Qonunning 50-moddasida nazarda tutilgan axborotni taqdim etishi kerak, bundan davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi mustasno, shuningdek ishtirokchi texnik-iqtisodiy asosning o‘rniga dastlabki texnik-iqtisodiy asosni taqdim etishga haqli. Auksion yoki tender jarayoni ishtirokchisi biror-bir zarur ekologik ekspertizasi o‘tkazilguniga va davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasi olinguniga qadar konchilik faoliyatini boshlamaslik majburiyatini taqdim etishi kerak.
Auksion yoki tender g‘olibini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnoma tegishli kadastr kvadratlarida foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomani g‘olibga berish uchun asos bo‘ladi.
Auksion yoki tender g‘olibi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatiga asosan ruxsatnoma olgan yer qa’ridan foydalanuvchi ruxsatnoma berilgan paytdan e’tiboran bir yil ichida Yer qa’ridan foydalanish markaziga konni o‘zlashtirish loyihasini yoki texnik-iqtisodiy asosni, davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini taqdim etishi kerak. Taqdim etilgan hujjatlar ushbu Qonunning 53-moddasiga muvofiq ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga asosan beriladigan foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomalar ushbu Qonunning barcha talablariga muvofiq bo‘lishi kerak, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va yer qa’ridan foydalanuvchi o‘rtasida tuziladigan shartnomaga ko‘ra qo‘shimcha shartlar va yig‘imlar ham qo‘llanilishi mumkin.
Auksiondan yoki tenderdan tushgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda taqsimlanadi.
52-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish
Yer qa’ridan foydalanish markazi qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomani berish uchun ariza olingan paytdan yoxud auksion yoki tender jarayoni tugaganidan keyin yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq berilgan ruxsatnoma munosabati bilan konni o‘zlashtirishning yakuniy loyihasi yoki texnik-iqtisodiy asos olingan paytdan e’tiboran o‘n ish kuni ichida, qo‘llaniladigan holatga qarab, arizani ko‘rib chiqadi hamda uning to‘liqligini aniqlash uchun dastlabki tarzda ko‘zdan kechirishni o‘tkazadi.
Arizachi dastlabki tarzda ko‘zdan kechirish bosqichi tugaganidan keyin arizadagi biror-bir kamchiliklar to‘g‘risida xabardor qilinadi. Yer qa’ridan foydalanish markazi arizachiga uncha katta bo‘lmagan kamchiliklarni tuzatishga ruxsat berishga yoki arizani rad etishga haqli. Agar ariza rad etilgan bo‘lsa, arizachi takroran yangi ariza berishga haqli.
Arizani dastlabki tarzda ko‘rib chiqish Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan ariza olingan paytdan e’tiboran yigirma ish kuni ichida amalga oshiriladi.
Arizani ko‘rib chiqishda Yer qa’ridan foydalanish markazi qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha taklif etilayotgan faoliyatni amalga oshirish uchun arizachining moliyaviy, kasbiy va texnik imkoniyatlarini, shuningdek konni o‘zlashtirish loyihasining yoki texnik-iqtisodiy asosning texnik va foydalanish jihatlarini taqdim etilgan hujjatlarning to‘liqligi, ijro etilishi hamda ushbu Qonunning 50 va 53-moddalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi.
Taklif etilayotgan konni o‘zlashtirish loyihasida yoki texnik-iqtisodiy asosda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, Yer qa’ridan foydalanish markazi arizachidan to‘qson kundan oshmaydigan oqilona muddatda kamchiliklar bartaraf etilishini talab qilishi mumkin. Bunday so‘rov olinganidan keyin arizachi o‘z arizasini qaytarib olishga, unga o‘zgartirishlar kiritishga yoki o‘zgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida yozma tushuntirish taqdim etishga haqli. Agar arizachi o‘z arizasiga o‘zgartirishlar kiritsa yoki unga o‘zgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq emasligi haqida yozma tushuntirish taqdim etsa, Yer qa’ridan foydalanish markazi bunday javobni ko‘rib chiqadi va o‘n besh ish kuni ichida o‘zining javobini taqdim etadi. Bundan tashqari arizachi o‘z nuqtai nazarini bayon etish uchun eshituv o‘tkazilishini so‘rashga haqli, Yer qa’ridan foydalanish markazi esa asosga taalluqli savollarga javob berish uchun arizachining shaxsan hozir bo‘lishini talab qilish huquqiga ega. Bunday holda Yer qa’ridan foydalanish markazi arizachining dalillarini ko‘rib chiqish uchun o‘n besh ish kuni ichida shunday eshituvni o‘tkazadi. Yer qa’ridan foydalanish markazi o‘sha paytda ma’lum bo‘lishi mumkin bo‘lgan hamda ushbu qismda tavsiflangan jarayon doirasida uning dastlabki tarzdagi ko‘rib chiqishiga kiritilmagan yangi masalalarni ko‘tarish huquqiga ega emas. Ushbu qismda bayon etilgan jarayon Yer qa’ridan foydalanish markazi ruxsatnomani tasdiqlashga tayyor bo‘lmaguniga yoki arizachi o‘z arizasini uzil-kesil qaytarib olmaguniga qadar bir necha bor qo‘llaniladi.
Ushbu moddaning birinchi — beshinchi qismlarida bayon etilgan jarayon tugagach, Yer qa’ridan foydalanish markazi konni o‘zlashtirish loyihasini yoki texnik-iqtisodiy asosni qabul qiladi yoxud qaytaradi.
Konni o‘zlashtirish loyihasi yoki texnik-iqtisodiy asos qabul qilingan va ariza ushbu Qonunning barcha boshqa talablariga muvofiq bo‘lgan hollarda, Yer qa’ridan foydalanish markazi qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomani beradi. Konni o‘zlashtirish loyihasini yoki texnik-iqtisodiy asosni o‘zgartirish qo‘shimcha ekologik ekspertiza o‘tkazilishini yoki uning qayta ko‘rib chiqilishini talab etsa, ekologik ekspertizani o‘tkazish tugaguniga va davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasi olinguniga qadar ruxsatnoma berilmaydi.
Agar ariza ushbu Qonunning 50-moddasida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmasa, Yer qa’ridan foydalanish markazi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma berishni rad etish huquqiga ega. Rad etish asoslangan bo‘lishi kerak. Ushbu Qonunda nazarda tutilmagan asoslar bo‘yicha rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yer qa’ridan foydalanish markazi ko‘rib chiqish muddati tugaganidan keyin bunday rad etish haqida arizachini xabardor qiladi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma berilganda yer qa’ri davlat fondi kadastrining ruxsatnomalar reyestriga tegishli yozuv kiritiladi.
53-modda. Konni o‘zlashtirish loyihasi va texnik-iqtisodiy asos
Konni o‘zlashtirish loyihasi yoki texnik-iqtisodiy asos ko‘rib chiqilayotganda Yer qa’ridan foydalanish markazi qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma berilguniga qadar asosning texnik va foydalanishga doir jihatlarini ko‘rib chiqadi. Yer qa’ridan foydalanish markazi asosning moliyaviy jihatlarini o‘rganish uchun javobgar bo‘lmaydi. Yer qa’ridan foydalanish markazi oqilona asoslarga ko‘ra quyidagi mezonlarga ustuvorlik berishi mumkin:
1) qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishning eng yaxshi mavjud variantining muvofiqligi;
2) konchilik faoliyati uchun barqaror, ekologik jihatdan xavfsiz texnologiyalarni qo‘llash;
3) konchilik faoliyati natijasida foydali qazilmalarning ishlatilayotgan va tutash konlariga hamda yer qa’rining boshqa uchastkalariga zarar yetkazilishining oldini olish va yer qa’rida joylashgan foydali qazilmalar zaxiralarini konservatsiya qilish;
4) davlat uchun eng ko‘p umumiy daromad va foyda olish;
5) O‘zbekiston Respublikasida konchilik faoliyatidan eng ko‘p qo‘shimcha iqtisodiy samara olinishini ta’minlash.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishni amalga oshirish chog‘ida quyidagilar ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi:
1) foydali komponentlar barqaror, kompleks ravishda chiqarib olinishini ta’minlaydigan texnologik sxemalar;
2) qayta ishlashning turli bosqichlarida foydali komponentlar taqsimotini va ushbu komponentlarning foydali qazilmalar konlaridan ajratib olinishi darajasini hisobga olish hamda nazorat qilish;
3) qayta ishlash mahsulotlari va chiqindilaridan, shuningdek oqova suvlardan imkon qadar xavfsiz foydalanish;
4) foydali komponentlarni o‘z ichiga olgan vaqtincha foydalanilmayotgan mahsulotlarni va ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash, hisobga olish va konservatsiya qilish.
Foydali qazilmalarning turlari hamda xossalariga, konlarni o‘zlashtirish usullariga, qayta ishlash texnologiyalarining turlariga va boshqa omillarga qarab, konlarni o‘zlashtirishga hamda mineral xomashyoni qayta ishlashga doir qo‘shimcha talablar nazarda tutilishi mumkin.
54-modda. Foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati
Foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati ruxsatnoma berilgan sanadan e’tiboran yigirma besh yildan oshishi mumkin emas.
Foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati yer qa’ridan foydalanuvchining arizasiga ko‘ra, ushbu Qonunning 110-moddasida nazarda tutilgan tartibda ruxsatnomaning dastlabki amal qilish muddatidan oshmaydigan davrga bir necha marta uzaytirilishi mumkin.
55-modda. Konchilik faoliyatini amalga oshirish
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi biror-bir konchilik faoliyati boshlanguniga qadar zarur ekologik ekspertizadan o‘tishi va xavfsizlik sohasidagi barcha tegishli ma’qullashlarni, shu jumladan davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasini olishi kerak. Yer qa’ridan foydalanuvchi bunday ma’qullashlarni ular olingan paytdan e’tiboran besh kun ichida Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etadi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish huquqini olgan yer qa’ridan foydalanuvchi biror-bir konchilik faoliyati boshlanguniga qadar davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi olingan hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi bilan kelishilgan yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etishning dastlabki rejasini o‘z ichiga oladigan tegishli foydali qazilmalar konini o‘zlashtirish loyihasini Yer qa’ridan foydalanish markaziga kiritadi. Agar konlarni o‘zlashtirish loyihasi ushbu Qonunning 50-moddasiga muvofiq taqdim etilgan dastlabki texnik-iqtisodiy asosga yoki texnik-iqtisodiy asosga kiritilgan bo‘lsa, uning takroran taqdim etilishi talab qilinmaydi.
Konni o‘zlashtirish loyihasi ushbu Qonun talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Konni o‘zlashtirish va (yoki) tajriba-sanoat usulida qazib olish loyihalarining mazmuni yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining qo‘llaniladigan qonunchiligiga muvofiq, dastlabki texnik-iqtisodiy asosga yoki texnik-iqtisodiy asosga kiritilgan tafsilotlar, shuningdek ekologik va sanoat xavfsizligi talablari hisobga olingan holda mustaqil ravishda belgilanadi.
Konchilik faoliyati yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan tayyorlangan konni o‘zlashtirishning tasdiqlangan joriy loyihasiga muvofiq amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar hollari mustasno.
Agar ushbu Qonunning 57-moddasiga muvofiq ilgari o‘zgartirishlar kiritilmagan bo‘lsa, foydali qazilmalarning asosiy turlariga doir loyiha uchun konni o‘zlashtirish loyihasi Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlangan sanadan e’tiboran bir yil davomida, noruda foydali qazilmalarga doir konni o‘zlashtirish loyihasi esa ikki yil davomida amal qiladi. Yer qa’ridan foydalanish markazi konni o‘zlashtirish loyihasi ushbu qismda ko‘rsatilgan muddatdan uzoqroq davrni qamrab olishini, biroq, agar yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha rejalashtirilayotgan faoliyatning keng ko‘lamligi, texnik jihatdan bajarilishi va davomiyligi ularni amalga oshirish muddatlarining ko‘paytirilishini talab etsa, to‘rt yildan oshmasligini talab qilishga haqli.
Foydali qazilmalarni qazib olishga doir barcha ishlar ushbu Qonunning 59 va 61-moddalariga muvofiq hujjatlashtirilishi lozim.
Konchilik faoliyati davomida yer qa’ri uchastkasida qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomada ko‘rsatilmagan foydali qazilmalarning yirik koni aniqlangan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi bu haqda Yer qa’ridan foydalanish markazini o‘n kunlik muddatda xabardor qilishi va aniqlangan foydali qazilmalar konini hisobga olgan holda o‘zining konni o‘zlashtirish loyihasiga o‘zgartirishlar kiritish kerak.
Agar konchilik faoliyatini yer yuzasidagi suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari doirasida amalga oshirish mo‘ljallanilayotgan bo‘lsa, konni o‘zlashtirish loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining tegishli hududiy bo‘linmalari bilan ham kelishiladi.
56-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir har yilgi eng kam xarajatlar
Yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu moddada va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan qattiq holdagi asosiy foydali qazilmalarni qazib olishga doir har yilgi eng kam xarajatlar to‘g‘risidagi talablarga rioya etishi shart, bundan texnogen mineral hosilalar bo‘yicha loyihalar mustasno.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir har yilgi eng kam xarajatlar foydali qazilmalarning har bir turi bo‘yicha qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish muddatining birinchi yoki oxirgi yili to‘liq bo‘lmaganda, har yilgi eng kam xarajatlar mazkur yildagi qazib olish davrining har bir to‘liq oyi uchun mutanosib ravishda hisoblab chiqiladi. Kadastr kvadratida qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilishi biror-bir yil davomida tugatilgan taqdirda, har yilgi eng kam xarajatlar mazkur yildagi amal qilish muddatining har bir to‘liq oyi uchun mutanosib ravishda hisoblab chiqiladi.
Har yilgi eng kam xarajatlar jumlasiga kiritilishi lozim bo‘lgan konchilik faoliyati, shuningdek kiritilmaydigan faoliyat qonunchilik hujjatlarida nazarda tutiladi. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir har yilgi eng kam xarajatlarni hisob-kitob qilish faqat tegishli ruxsatnomada ko‘rsatilgan kadastr kvadratlarida qilingan xarajatlarga nisbatan amalga oshiriladi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma doirasida har yilgi eng kam xarajatlarni hisob-kitob qilish O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan va hisobot yilining 1-yanvarida amal qiladigan bazaviy hisoblash miqdori asosida amalga oshiriladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan qazib olishga doir eng kam xarajatlar bo‘yicha majburiyatlar buzilgan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi yetishmayotgan xarajatlarni amalga oshirishi va bu haqda Yer qa’ridan foydalanish markaziga hisobot yilidan keyingi ikki oydan kech bo‘lmagan muddatda hisobot taqdim etishi shart. Bunda yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan ushbu moddaga muvofiq amalga oshirilgan xarajatlar joriy yil xarajatlarida hisobga olinmaydi va hisobotda hisobot yili uchun aks ettirilgan hisoblanadi.
57-modda. Konni o‘zlashtirish loyihasiga o‘zgartirishlar kiritish
Foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha rejalashtirilayotgan ishlarning turlari, uslublari va (yoki) usullari, shuningdek ishlarni amalga oshirish texnologiyalari, hajmlari va muddatlari o‘zgargan, ishlab chiqarish obyektlarining hamda infratuzilma obyektlarining tarkibi o‘zgargan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi konni o‘zlashtirish loyihasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritishi va uni kelishish uchun Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etishi shart.
Foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha loyihalarga kiritiladigan o‘zgartirishlar quyidagi hollarda Yer qa’ridan foydalanish markazi bilan kelishilishini talab etadi:
1) loyihada nazarda tutilgan qazib olish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish xavf-xatarlari ko‘payganda;
2) agar foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha qo‘shimcha xavf-xatarlarni keltirib chiqaruvchi rejalashtirilayotgan o‘zgartirishlar avval kelishilgan loyihada nazarda tutilmagan bo‘lsa;
3) agar foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha rejalashtirilayotgan o‘zgartishlarning amalga oshirilishi loyihada ko‘rsatilgan ekologik ko‘rsatkichlarga erishilmasligiga olib kelsa;
4) agar foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha rejalashtirilayotgan o‘zgartirishlar yer qoplamining butligini qo‘shimcha ravishda buzishi taxmin qilinayotgan bo‘lsa;
5) agar kon qazib olish majmuining asosiy obyektlari sonini va parametrlarini o‘zgartirish rejalashtirilayotgan bo‘lsa;
6) rejalashtirilayotgan xarajatlarda jiddiy o‘zgartirishlar mavjud bo‘lsa;
7) yer qa’ridan foydalanuvchining majburiyatlarida jiddiy o‘zgartirishlar mavjud bo‘lsa.
Qayta ko‘rib chiqilgan konni o‘zlashtirish loyihasi Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan qayta ko‘rib chiqilgan loyiha olinganidan keyin yigirma ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Yer qa’ridan foydalanish markazi konni o‘zlashtirish loyihasini to‘liqligi, ijro etilishi va ushbu Qonunning 53-moddasiga muvofiqligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi. Konni o‘zlashtirish loyihasiga kiritilgan o‘zgartirishlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, Yer qa’ridan foydalanish markazi arizachidan ushbu Qonun 52-moddasining to‘rtinchi qismida bayon etilgan tartib-taomilga muvofiq oqilona muddatlarda bunday kamchiliklar bartaraf etilishini talab qilishi mumkin. Konni o‘zlashtirishning joriy loyihasiga kiritilgan o‘zgartirishlar qo‘shimcha ekologik ekspertiza o‘tkazilishini yoki uning qayta ko‘rib chiqilishini talab etgan hollarda, bunday loyihani tasdiqlash faqat ekologik ekspertiza o‘tkazilganidan keyin va davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi berilganidan keyin amalga oshiriladi.
O‘zgartirilgan konni o‘zlashtirish loyihasi Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlanguniga qadar unga doir ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
Ko‘rib chiqish jarayoni tugaganidan keyin Yer qa’ridan foydalanish markazi qayta ko‘rib chiqilgan konni o‘zlashtirish loyihasini qabul qilishi yoki uni qaytarishi kerak. Qayta ko‘rib chiqilgan konni o‘zlashtirish loyihasini qaytarish asoslangan bo‘lishi kerak. Ushbu Qonunda nazarda tutilmagan asoslarga ko‘ra qaytarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
58-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning huquqlari
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar tegishli ruxsatnomada ko‘rsatilgan qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish, qayta ishlash, saqlash, transportda tashish, sotish va (yoki) eksport qilish huquqiga ega.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma yer qa’ridan foydalanuvchiga berilgan yer qa’ri uchastkalari hamda ruxsatnomada ko‘rsatilgan yer uchastkasi hamda kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkalari va biror-bir zarur bo‘lgan tegishli uchastkalar doirasida quyidagi mutlaq huquqlarni beradi:
1) qo‘shimcha geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirish;
2) foydali qazilmalar zaxiralarini qayta baholash uchun qo‘shimcha o‘rganishni amalga oshirish;
3) konni o‘zlashtirishning joriy loyihasiga muvofiq konchilik faoliyatini amalga oshirish;
4) qattiq holdagi foydali qazilmalarni ishlab chiqarishni amalga oshirish;
5) ruxsatnoma berilgan qattiq holdagi foydali qazilmalarni tovar xomashyosi sifatida boyitishni, qayta ishlashni va ularga ishlov berishni amalga oshirish;
6) qazib olingan foydali qazilmalarni transportda tashish, saqlash va realizatsiya qilish;
7) basharti tegishli ruxsatnomalar, kelishuvlar yoki ma’qullashlar olingan bo‘lsa, konchilik, qayta ishlash (boyitish), transport obyektlarini va boshqa tegishli obyektlarni hamda texnogen mineral hosilalarni joylashtirish, shu jumladan:
a) konni qurishni, doimiy inshootlarni barpo etishni hamda qazib olingan foydali qazilmalarni qazib olish, qayta ishlash, saqlash va yuklab jo‘natish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni o‘rnatishni amalga oshirish;
b) konning xodimlari va ularning oila a’zolari uchun inshootlar hamda obyektlarni qurishni yoki o‘rnatishni amalga oshirish;
v) qazib olingan foydali qazilmalarni kondan realizatsiya qilish punktlariga yetkazish uchun infratuzilmani qurishni amalga oshirish;
8) basharti biror-bir qo‘llaniladigan ruxsatnomalar yoki ma’qullashlar olingan bo‘lsa, quyidagilardan foydalanish:
a) basharti foydalanuvchilar uchun oqimdan pastda yetarlicha suv oqimi mavjud bo‘lsa, foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq maqsadlar uchun yer qa’ri uchastkasi doirasidagi yer osti suvlaridan;
b) konchilik faoliyatini amalga oshirish uchun yer qa’ri uchastkasi doirasidagi biror-bir tabiiy gidroenergetik resurslardan;
9) basharti ushbu Qonunda nazarda tutilgan qoidalarga rioya etilsa, ruxsatnomada ko‘rsatilgan uchastkadagi sanoat obyektlarida aniqlangan boshqa qattiq holdagi foydali qazilmalar uchun ruxsatnomaning amal qilishi tatbiq etilishiga erishish;
10) ruxsatnomadan foydalanishga va uni bajarishga oqilona tarzda aralashmaslik.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
59-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning majburiyatlari
Yer qa’ridan foydalanuvchi qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati davomida:
1) ruxsatnoma berilgan sanadan e’tiboran qattiq holdagi foydali qazilmalarning asosiy turlariga doir uch yil ichida hamda noruda foydali qazilmalar bo‘yicha bir yil ichida konchilik faoliyatini amalga oshirishni boshlashi;
2) konchilik faoliyatining barcha turlari, shu jumladan ishlab chiqarish texnologiyalari barcha qo‘llaniladigan standartlar va normalarga, shuningdek konchilik faoliyatini yuritishning tegishli amaliyotiga muvofiqligini ta’minlashi;
3) konchilik faoliyati konni o‘zlashtirishning joriy tasdiqlangan loyihasiga ma’lum darajada muvofiqligini ta’minlashi;
4) Yer qa’ridan foydalanish markaziga foydali qazilmalarning asosiy turlari bo‘yicha konni o‘zlashtirishning yangilangan loyihasini har yili, noruda foydali qazilmalar bo‘yicha esa har ikki yilda taqdim etishi;
5) konchilik faoliyatining barcha turlarini va yer qa’ri uchastkasidan qonuniy asosda boshqacha foydalanishni ushbu barcha ishlar oqilona vositalar bilan yo‘l qo‘yilmasligi mumkin bo‘lgan jamoatchilikka oid yoki xususiy manfaatlar buzilishiga olib kelmasligini ta’minlash maqsadida konchilik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan choralar bilan cheklashi;
6) konchilik faoliyatiga nisbatan amaldagi qonunchilikda belgilangan barcha talablarga tizimli ravishda va doimiy rioya etilishini ta’minlash hamda ularning ijro etilishini ta’minlash ustidan nazorat qilish uchun mo‘ljallangan tegishli boshqaruv tizimini tashkil etishi, joriy qilishi va muntazam ravishda yangilab borishi;
7) qazib olingan foydali qazilmalarning hamda ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan ishlab chiqarish chiqindilarining aniq hisobini yuritishi, shu jumladan har kungi ishchi jurnallarning va mahsulotlarni ishlab chiqarish, yuklab jo‘natish, asbob-uskunalarni yetkazib berish, baxtsiz hodisalar va obyektga tashrif buyuruvchilar reyestrlarining yuritilishini ta’minlashi;
8) ushbu Qonunning 61 va 62-moddalariga muvofiq foydali qazilmalarni qazib olish to‘g‘risidagi hisobotlarni o‘z vaqtida taqdim etishi;
9) atrof-muhitni boshqarishning tasdiqlangan rejasi uning davriy ravishda qayta ko‘rib chiqilishini va yangilab borilishini, shu jumladan monitoringini va hisobdorligini hisobga olgan holda bajarilishini amalga oshirishi;
10) suvni muhofaza qilish choralarini ko‘rishi, shuningdek kon qazishmasiga kelib tushadigan yer osti suvlariga nisbatan qonunchilikda belgilangan suv obyektlarini muhofaza qilish bo‘yicha boshqa talablarga rioya etishi;
11) ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash va utilizatsiya qilish chog‘ida ekologik talablarga rioya etishi;
12) ushbu Qonunning 15-bobiga muvofiq yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish rejasini ishlab chiqishi va moliyalashtirishi;
13) ushbu Qonunning 60-moddasiga muvofiq uranni ishlab chiqarish chiqindilarini hamda uranni qayta ishlash mahsulotlarini saqlash va utilizatsiya qilish chog‘ida ekologik hamda sanitariya-epidemiologik talablarga rioya etishi;
14) ushbu Qonunning 136-moddasiga va amaldagi qonunchilikka muvofiq tasdiqlangan o‘qitish dasturlarini hamda mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi va xodimlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha normalarni, shuningdek avariyalar va favqulodda vaziyatlarga shay holatda turishni hamda ularning oqibatlari bartaraf etilishini ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirishi;
15) ushbu Qonunning 159-moddasiga muvofiq infratuzilmani rivojlantirish, foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatishning tasdiqlangan rejalarini amalga oshirishi;
16) davriy hamda tanlab o‘tkaziladigan tekshiruvlar va (yoki) auditlar olib borilishiga rioya etishi;
17) O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha odob-axloq kodeksini ishlab chiqishi va unga rioya etilishini ta’minlashi;
18) O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan qazib olish tarmoqlarining shaffofligi tashabbusi standartlariga (QTSHTS) rioya etishi;
19) nizo predmeti bo‘lmagan yer qa’ridan foydalanish uchun barcha soliqlarni, yer soliqlarini, bojxona bojlarini va boshqa soliqlarni o‘z vaqtida hamda ishonchli tarzda deklaratsiya qilishi va to‘lashi;
20) ushbu Qonun va biror-bir boshqa qo‘llaniladigan qonunchilik qoidalariga rioya etilishi maqsadida barcha tegishli vakolatli organlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan hamkorlik qilishi shart.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi biror-bir konchilik faoliyati boshlanguniga qadar konchilik faoliyatining barcha turlari uchun sug‘urta polislarini sotib oladi va doimiy ravishda yangilab boradi hamda amalga oshiriladigan konchilik faoliyatining xususiyati va turi hisobga olingan holda, tegishli sug‘urtaning o‘rnini qoplash limitlari, chegirmalari va boshqa shartlari mazkur tarmoqda odatda qo‘llaniladigan shartlar bilan taqqoslanishini ta’minlaydi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarning asosiy turlarini qazib olish uchun ruxsatnoma olgan yer qa’ridan foydalanuvchi texnogen mineral hosilalarga doir loyihalardan tashqari:
1) ushbu Qonunning 56-moddasida nazarda tutilgan har yilgi eng kam xarajatlar to‘g‘risidagi talabga rioya etishi;
2) ushbu Qonunning 16-bobiga muvofiq mahalliy ishlab chiqarish tovarlarini xarid qilish rejasining bajarilishini amalga oshirishi;
3) ushbu Qonunning 16-bobiga muvofiq mahalliy kadrlarni yollash, o‘qitish va yuqori lavozimga ko‘tarish bo‘yicha rejalarning bajarilishini amalga oshirishi shart.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
60-modda. Radioaktiv foydali qazilmalarni qazib olish uchun yer qa’ri uchastkasidan foydalanishning alohida shartlari
Radioaktiv foydali qazilmalarni, shu jumladan uranni qazib olish bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanadigan yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu moddada bayon etilgan qo‘shimcha majburiyatlarga rioya etishi kerak.
Uran bo‘yicha konchilik faoliyati Atom energiyasiga bo‘yicha xalqaro agentlikning (AEXA) radiatsiyadan muhofaza qilishga doir asosiy xavfsizlik standartlariga hamda O‘zbekiston Respublikasining radiatsiyaviy xavfsizlik sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Radioaktiv foydali qazilmalarni, shu jumladan uranni qazib olish bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanadigan yer qa’ridan foydalanuvchi quyidagilar uchun javobgar bo‘ladi:
1) butun hududda, shu jumladan yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish davrida va yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish davri tugaganidan keyin radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash uchun, shuningdek atrof-muhitni tiklash uchun;
2) yadroviy xavfsizlikni hamda uran ishlab chiqarishga oid biror-bir obyektning jismonan muhofaza qilinishini va chiqindilar utilizatsiya qilinishini ta’minlash uchun;
3) jo‘natuvchi va (yoki) tashuvchi sifatida radioaktiv materialni transportda tashish, shu jumladan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llar va temiryo‘l orqali tashish uchun.
Yer qa’ridan foydalanuvchi radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash doirasida o‘zining barcha majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlash uchun yetarlicha texnik va moliyaviy resurslarga ega bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan berilgan radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlashga doir ruxsat etuvchi hujjatlar uran qazib olish bilan bog‘liq faoliyatning muhim siklidagi barcha bosqichlar uchun, shu jumladan rudani geologik jihatdan o‘rganish, qazib olish, qayta ishlash va (yoki) ishlab chiqarish, konchilik faoliyatining radioaktiv chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish obyektlari hamda radioaktiv materiallarni transportda tashish uchun talab etiladi.
Uran qazib olish bo‘yicha loyiha uchun konni o‘zlashtirish loyihasi konchilik faoliyati uchun radiatsiyani boshqarish rejasini o‘z ichiga oladi. Radiatsiyani boshqarish rejasining shakli va mazmuni qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlashga doir ruxsat etuvchi hujjatlar berish tartib-taomili doirasida radiatsiyani boshqarishning birinchi dastlabki rejasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etishi shart. Uran bo‘yicha biror-bir konchilik faoliyati, shu jumladan qurilish radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlashga doir ruxsat etuvchi hujjatlarsiz amalga oshirilishi mumkin emas.
Yer qa’ridan foydalanuvchi uranni qazib olish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish chog‘ida quyidagilarni ta’minlashi shart:
1) “Radiatsiyaviy xavfsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan umumiy prinsiplarga muvofiq biror-bir uran qurilmalari loyihalashtirilishini;
2) obyektlar, shu jumladan konchilik faoliyatining radioaktiv chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha biror-bir obyekt uran oksidining konsentratlarini ruxsatsiz olib chiqish va qarshilik ko‘rsatish xavfidan lozim darajada himoya qilinishini;
3) jarayonning barcha bosqichlarida uranning joylashgan yeri, miqdori va xususiyatlari to‘g‘risidagi axborot aniq, o‘z vaqtida, to‘liq va ishonchli berilishiga ko‘maklashishni;
4) radiatsiyadan muhofaza qilish uchun asosiy xavfsizlik normalariga muvofiq hisobdorlikning barcha talablariga rioya etilishini;
5) ushbu tartib-taomillar va choralarga rioya etilishini tekshirish maqsadida o‘z xodimlari hamda obyektlari auditdan o‘tkazilishini;
6) har bir obyektda uran oksidi konsentratlarini hisobga olish hamda nazorat qilish choralarini boshqarish uchun javob beradigan tegishli malaka va tajribaga ega mutaxassis tayinlanishini;
7) uran oksidi konsentratining biror-bir yetishmayotgan hajmlari aniqlanganidan keyin ikki soat ichida O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi xabardor qilinishini;
8) uran oksidi konsentratlarini hisobga olish va nazorat qilish bilan bog‘liq barcha buxgalteriya hamda foydalanishga oid hisobga olish yozuvlari, hisobotlar va dastlabki hujjatlar ushbu konsentratlar yuzaga kelgan sanadan yoki uran oksidi konsentratlarining jami miqdori ishlab chiqarish obyektidan olib chiqilgan sanadan e’tiboran kamida besh yil ichida saqlanishini.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari uran rudasini qazib olish va (yoki) qayta ishlash bo‘yicha yer qa’ridan foydalanish obyektlaridan xavfsiz foydalanilishini ta’minlashga imkon berishi shart.
61-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishda hisobdorlik
Butun konchilik faoliyati foydali qazilmalarni qazib olish to‘g‘risidagi hisobotlarda hujjatlashtiriladi.
Foydali qazilmalarni qazib olish to‘g‘risidagi har yilgi hisobot quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1) konchilik faoliyatiga doir ishlarning barcha turlari tavsifini, shu jumladan quyidagilar bo‘yicha batafsil axborotni:
a) konchilik infratuzilmasi obyektlarining qurilishi yoki o‘zgartirilishi;
b) tog‘-kon ishlari, shu jumladan olib chiqilgan chiqindilar va ularni utilizatsiya qilish usullari;
v) yuklab jo‘natish va logistika;
g) avariyalar va xavfsizlik sohasidagi mojarolar;
2) qazib olingan foydali qazilmalar tavsifini (shu jumladan qazib olish chog‘idagi yo‘qotishlarni);
3) geologik jihatdan o‘rganish chog‘ida amalga oshiriladigan biror-bir ishlar bo‘yicha geologik hisobotni;
4) realizatsiya qilish (sotish) va sarf-xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
5) yer qa’ridan foydalanuvchining yillik moliyaviy hisobotining ko‘chirma nusxalarini;
6) foydali qazilmalarning asosiy turlari bo‘yicha loyihalar uchun, bundan texnogen mineral hosilalar mustasno — ushbu Qonunning 56-moddasiga muvofiq har yilgi eng kam xarajatlar to‘g‘risidagi hamda ushbu Qonunning 16-bobiga muvofiq mahalliy ishlab chiqarish tovarlarining xaridlari bo‘yicha, mahalliy kadrlarni yollash, o‘qitish va yuqori lavozimga ko‘tarish bo‘yicha rejalarning bajarilishi haqidagi hisobotni;
7) qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ma’lumotlarni.
Har yilgi hisobotning shakli qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Foydali qazilmalarni qazib olish to‘g‘risidagi har yilgi hisobot keyingi yilning 31-martiga qadar bo‘lgan muddatda Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etiladi. To‘liq bo‘lmagan kalendar yil uchun hisobotlar mazkur davr tugaganidan keyin ikki oydan kechiktirmay aniq muddat uchun taqdim etiladi.
62-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish to‘g‘risidagi yakuniy hisobot
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishni amalga oshirgan yer qa’ridan foydalanuvchi ruxsatnoma amal qiladigan butun davr uchun qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish to‘g‘risidagi yakuniy hisobotni Yer qa’ridan foydalanish markaziga qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugagan sanadan keyin uch oy ichida taqdim etishi shart.
Foydali qazilmalarni qazib olish to‘g‘risidagi yakuniy hisobot qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish to‘g‘risidagi har yilgi hisobotlar to‘plamini o‘z ichiga oladi va quyidagilarni umumlashtiradi:
1) konchilik faoliyatiga doir ishlarning natijalarini, shu jumladan qazib olingan va qayta ishlangan mineral xomashyoning tonnadagi og‘irligi, hajmi, tarkibi, salmog‘i hamda qiymati haqidagi ma’lumotlarni;
2) olib chiqilgan chiqindilarning tonnadagi og‘irligi va hajmi hamda ularni utilizatsiya qilish usuli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
3) xarajatlar, sarflar va yollangan xodimlar haqidagi batafsil ma’lumotlarni;
4) rejalarda va tegishli masshtabdagi kesimlarda aks ettiriladigan, yer qa’ri uchastkasida joylashgan biror-bir qolgan foydali qazilmalar zaxiralarining va resurslarning hisob-kitoblarini;
5) ruxsatnomaga muvofiq amalga oshiriladigan foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash bilan bog‘liq bo‘lgan mehnatni muhofaza qilish hamda xavfsizlik texnikasi, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini, shu jumladan biror-bir sodir bo‘lgan jiddiy baxtsiz hodisalarning turi va sonini;
6) yerlarni rekultivatsiya qilish bo‘yicha qo‘llaniladigan choralarni va yer qa’ri uchastkasi hududini tiklashning yakuniy holatini;
7) ishlab chiqarishga doir umumiy qilingan sarf-xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
8) qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ma’lumotlarni.
Yakuniy hisobotning shakli qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
7-bob. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma
63-modda. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma olishga oid ariza
Har qanday vakolatli shaxs “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipiga ko‘ra uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma berilishi uchun Yer qa’ridan foydalanish markaziga murojaat qilishi mumkin. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaga kiritilgan taxmin qilinayotgan yer uchastkasining o‘lchami 10 500 kadastr kvadratlaridan oshmasligi kerak.
Arizalar qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa davlat organlari bilan kelishilgan va muvofiqlashtirilgan taqdirda Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
1) arizachining davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga muvofiq to‘liq nomi;
2) arizachi vakolatli shaxs ekanligini tasdiqlovchi axborot;
3) so‘ralayotgan kadastr kvadratlarining tafsilotlari, shu jumladan ularning joylashgan joyi va koordinatalari ko‘rsatilgan tegishli masshtabdagi xarita;
4) rekognossirovka qilish ishlarining loyihasi;
5) arizachining uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirish uchun nazarda tutilgan ishlar bilan taqqoslanishi mumkin bo‘lgan uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlari bo‘yicha oldingi tajribasini tasdiqlovchi hujjatlar, shu jumladan arizachi oxirgi besh yilda uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlarini amalga oshirgan mamlakatlar ro‘yxati;
6) arizachining moliyaviy, kasbiy va texnik salohiyati hamda imkoniyatlari tasdig‘i;
7) davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi;
8) qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq zarur bo‘lgan har qanday boshqa axborot, shuningdek arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomani berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im miqdori qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Yig‘im summasi qaytarilmaydi.
Ariza kelib tushganda Yer qa’ridan foydalanish markazi uni yer qa’ri davlat fondi kadastrining arizalar reyestrida ro‘yxatga oladi va arizachini ariza berilganligi to‘g‘risida xabardor qiladi.
64-modda. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi berilgan arizani ko‘rib chiqish muddati to‘ldirilgan ariza olingan kundan e’tiboran yigirma ish kunidan oshmasligi kerak. Berilgan arizani ko‘rib chiqish uchun belgilangan muddat o‘tganidan keyin uch ish kuni ichida Yer qa’ridan foydalanish markazi uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomani birinchi bo‘lib to‘liq ariza bergan vakolatli shaxsga beradi.
Yer qa’ridan foydalanish markazining uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma berilishini rad etishi asoslangan bo‘lishi hamda ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak. Bunda Yer qa’ridan foydalanish markazi uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma doirasida nazarda tutilgan ishlar hajmini faqat rekognossirovka qilish ishlarining ayrim turlariga nisbatan cheklashga haqli.
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma berilganda yer qa’ri davlat fondi kadastrining ruxsatnomalar reyestriga tegishli yozuv kiritiladi.
65-modda. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma, agar u rad etilmagan yoki chaqirib olinmagan bo‘lsa yoxud uning amal qilish muddati ushbu Qonun talablariga muvofiq uzaytirilmagan bo‘lsa, ruxsatnoma ro‘yxatga olingan sanadan e’tiboran uch yilgacha muddatga beriladi.
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati yer qa’ridan foydalanuvchining so‘roviga ko‘ra bir yilgacha muddatga uzaytirilishi mumkin. Ushbu Qonunning 110-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini faqat bir marta uzaytirishga yo‘l qo‘yiladi.
66-modda. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir har yilgi eng kam xarajatlar
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma olgan yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu moddada va qonunchilikda belgilangan uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir har yilgi eng kam xarajatlar to‘g‘risidagi talablarga rioya etishi shart.
Yer qa’ridan foydalanuvchi uchun uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir har yilgi eng kam xarajatlar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir har yilgi eng kam xarajatlarni hisob-kitob qilish O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan va hisobot yilining 1-yanvarida amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdori asosida amalga oshiriladi.
Agar uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma amal qilishi muddatining birinchi yoki oxirgi yili to‘liq bo‘lmasa, har yilgi eng kam xarajatlar ruxsatnomaning tegishli yildagi amal qilish muddatining har bir to‘liq oyi uchun mutanosib ravishda hisob-kitob qilinadi.
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaning amal qilishi biror-bir yil davomida tugatilgan taqdirda, har yilgi eng kam xarajatlar ruxsatnomaning tegishli yildagi har bir to‘liq oyi uchun mutanosib ravishda hisob-kitob qilinadi.
Har yilgi eng kam xarajatlarga kiritilmaydigan, yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan qilingan maqbul xarajatlar va boshqa xarajatlar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir eng kam xarajatlarni hisob-kitob qilish faqat tegishli ruxsatnoma doirasida qilingan xarajatlarga nisbatan amalga oshiriladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan har yilgi eng kam xarajatlar bo‘yicha majburiyatlar buzilgan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi yetishmayotgan xarajatlarni amalga oshirishi va bu haqda Yer qa’ridan foydalanish markaziga hisobot yilidan keyingi ikki oydan kech bo‘lmagan muddatda hisobot taqdim etishi shart. Bunda yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan ushbu moddaga muvofiq amalga oshirilgan xarajatlar joriy yil xarajatlarida hisobga olinmaydi va hisobot yili uchun hisobotda aks ettirilgan deb hisoblanadi.
67-modda. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomani olgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning huquqlari
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma yer qa’ridan foydalanuvchilarga ruxsatnomaga kiritilgan yer qa’ri uchastkasi doirasida quyidagi huquqlarni beradi:
1) uglevodorodlarning biror-bir konlarini aniqlash salohiyatini baholash maqsadida dala kuzatuvlarini, geologik, petrofizik, geofizik, geokimyoviy va geotexnik tadqiqotlarni olib borish orqali, shu jumladan masofadan zondlash usullarini qo‘llagan holda geologik qatlamlarning tuzilishi va tarkibini geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirish;
2) kimyoviy va boshqa tahlilni, sinovlarni, tadqiqotlarni yoki ilmiy tajribalarni amalga oshirish maqsadlari uchun ruxsatnomada nazarda tutilgan yer qa’ri uchastkasidan uglevodorodli namunalarni chiqarib olish va olish;
3) zarur bo‘lgan taqdirda, ruxsatnomaning shartlarida ko‘rsatilgan, tuproq yuzasidan 300 metrdan oshmasligi kerak bo‘lgan chuqurlikkacha uncha chuqur bo‘lmagan burg‘ilashni amalga oshirish;
4) uglevodorodlarni rekognossirovka qilish uchun zarur bo‘lgan va bu bilan bog‘liq istalgan boshqa ishlarni ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirish.
Agar uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaning shartlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan huquqlar mutlaq huquq bo‘lmaydi. Yer qa’ridan foydalanish markazi ushbu Qonun qoidalariga muvofiq uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma doirasida yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan to‘langan yig‘imlarni qaytarish bo‘yicha biror-bir javobgarlik yoki majburiyat yuzaga kelmagan holda, uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir berib bo‘lingan ruxsatnoma tarkibiga kiradigan yer uchastkasining istalgan qismida uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berishga haqli.
Yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu Qonun qoidalariga muvofiq uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaga kiritilgan yer qa’ri uchastkasi doirasida olib boriladigan biror-bir geologik yoki boshqa tadqiqotlarni sharhlashga oid natijalar va hisobotlarni o‘z mablag‘lari hamda sarf-xarajatlari hisobidan sotish va tarqatish uchun tayyorlashga haqli.
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaning berilishi kadastr kvadrati yuzasi yer uchastkasining yoki uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaga kiritilgan yer qa’ri uchastkasining biror-bir qismiga nisbatan uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomani yoki uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomani berishga oid biror-bir ustuvor huquqni bermaydi.
68-modda. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning majburiyatlari
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar:
1) ruxsatnoma berilgan paytdan e’tiboran o‘ttiz kun ichida Yer qa’ridan foydalanish markaziga ruxsatnoma amal qiladigan butun davr uchun rekognossirovka qilish ishlarining kompleks loyihasini taqdim etishi;
2) biror-bir rekognossirovka qilish ishlari boshlanguniga qadar barcha zarur ruxsatnomalarni olishi, ekologik ekspertizani o‘tkazishi va davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasini olishi shart.
Rekognossirovka qilish ishlarining loyihasida taklif etilayotgan ishlar batafsil tavsiflanadi va kamida quyidagilar ko‘rsatiladi:
a) tegishli rekognossirovka qilish ishlarining maqsadi va xususiyati;
b) taklif etilayotgan rekognossirovka qilish usullari, shuningdek foydalanilishi taxmin qilinayotgan materiallar va asbob-uskunalar;
v) uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlari davomida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan xarajatlarning kutilayotgan eng kam summasi;
g) zarur bo‘lgan taqdirda, foydalanishdan chiqarish bo‘yicha dastlabki reja.
Rekognossirovka qilish ishlari loyihasining shakli qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan taqdim etiladigan rekognossirovka qilish ishlarining loyihasi yer qa’ridan foydalanuvchi biror-bir rekognossirovka qilish ishlarini boshlaguniga qadar Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlanishi lozim. Yer qa’ridan foydalanish markazi loyihani yigirma ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Loyihaning tasdiqlanishini rad etish asoslangan bo‘lishi kerak. Rekognossirovka qilish ishlarining loyihasi faqat loyiha ushbu Qonun, tegishli ekologiya to‘g‘risidagi qonunchilik yoki boshqa qo‘llaniladigan qonunchilik qoidalariga muvofiq bo‘lmagan taqdirda rad etilishi mumkin.
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati davomida yer qa’ridan foydalanuvchi:
1) ekologik ekspertizaning ushbu modda birinchi qismining 2-bandida ko‘rsatilgan barcha zarur bo‘lgan ijobiy xulosalari olingan sanadan e’tiboran o‘ttiz kun ichida uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlarini boshlashi;
2) tegishli darajadagi neft-gaz amaliyotiga muvofiq uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir barcha ishlar samarali va natijali amalga oshirilishini ta’minlashi;
3) rekognossirovka qilish ishlarining tasdiqlangan loyihasida bayon etilgan ishlarning usullariga doir normalar va talablarga rioya etishi;
4) uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlari rekognossirovka qilish ishlarining loyihasiga jiddiy ravishda muvofiqligini ta’minlashi;
5) uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish bilan bog‘liq biror-bir ishlarni amalga oshirmasligi;
6) rekognossirovka qilish ishlarining hamda ruxsatnomada ko‘rsatilgan kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkasidan biror-bir boshqacha tarzda foydalanish hajmini ushbu barcha ishlar oqilona usullar bilan oldini olish mumkin bo‘lgan ijtimoiy yoki xususiy manfaatlarning buzilishiga olib kelmasligi uchun bunday faoliyat maqsadlari uchun zarur bo‘lgan choralar bilan cheklashi;
7) har yilgi eng kam xarajatlarni amalga oshirishi;
8) tabiiy va sun’iy tashuvchilarning but saqlanishini hamda to‘g‘ri tamg‘alanishini ta’minlashi, rekognossirovka qilish ishlari jarayonida ishlab chiqilgan geologik, marksheyderlik va boshqa hujjatlarni saqlashi;
9) ushbu Qonunning 69-moddasiga muvofiq zarur bo‘lgan hisobotlarni taqdim etishi;
10) yer qa’ri uchastkasidan biror-bir uglevodorodlarni yoki boshqa turdagi foydali qazilmalar resurslarini chiqarib olmasligi, bundan shunday faoliyat oqilona darajada yer qa’ridan foydalanuvchiga uglevodorodli namunalarni tahlil qilish yoki ularning sinovlarini o‘tkazish imkoniyatini berishi uchun zarur bo‘lgan hollar mustasno;
11) tasdiqlangan o‘qitish dasturlarini amalga oshirishi hamda mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi va xodimlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha normalarga rioya etishi, shuningdek ushbu Qonunning 14-bobiga va amaldagi qonunchilikka muvofiq avariyalarga hamda favqulodda vaziyatlarga shay holatda turishni va ularning oqibatlari bartaraf etilishini ta’minlashga doir choralarini amalga oshirishi;
12) davriy hamda tanlab o‘tkaziladigan tekshiruvlar va (yoki) auditlar o‘tkazilishiga rioya etishi;
13) O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha odob-axloq kodeksini ishlab chiqishi va unga rioya etilishini ta’minlashi;
14) nizo predmeti bo‘lmagan barcha bojxona bojlarini, to‘lovlarni, yig‘imlarni va soliqlarni o‘z vaqtida hamda ishonchli deklaratsiya qilishi va to‘lashi;
15) ushbu Qonun va biror-bir boshqa qo‘llaniladigan qonunchilik qoidalariga rioya etilishi maqsadida barcha tegishli vakolatli organlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bilan hamkorlik qilishi shart.
Ushbu moddada ko‘rsatilgan majburiyatga qo‘shimcha sifatida uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markazini yoki istalgan boshqa vakolatli organni rekognossirovka qilish ishlarining natijalarini va izohlab berilgan hisobotlarini sotish yoki almashish to‘g‘risida yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
69-modda. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma doirasida hisobdorlik
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markaziga yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan o‘tgan uch oy uchun amalga oshirilgan uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlarining borishi to‘g‘risidagi batafsil axborotni o‘z ichiga olgan hisobotni har bir chorak tugaganidan keyin o‘n besh kun ichida taqdim etadi. Hisobot quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1) kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkasi hududida olib borilgan dala kuzatuvlari, geologik yoki geofizik tadqiqotlar va (yoki) masofaviy zondlash ishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
2) biror-bir shunday olib borilgan kuzatuv, tadqiqot va (yoki) ishlarning turi, joylashgan yeri hamda vaqtini;
3) yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan olingan ma’lumotlarning, yozuvlarning, xaritalarning, uglevodorodli namunalarning, hisobvaraqlarning va axborotning ko‘chirma nusxalarini;
4) yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan bajarilgan yoki olib borilayotgan biror-bir shunday kuzatuvni, tadqiqotni yoki ishlarni tahlil qilish natijalarini.
Yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugagan kundan e’tiboran uch oy ichida ishlarni bajarish chog‘ida olingan barcha dastlabki ma’lumotlar, shuningdek ishlov berish va sharhlash materiallari, kern namunalari va boshqa har qanday materiallar nazarda tutilgan ruxsatnomaning butun amal qilish muddati ichida ruxsatnomada ko‘rsatilgan yer uchastkasida amalga oshirilgan rekognossirovka qilish ishlarining natijalari to‘g‘risidagi yakuniy hisobotni qog‘ozda va elektron tarzda Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etadi.
Agar uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma amal qiladigan yakuniy chorakda olingan biror-bir ma’lumotlarga ko‘ra uch oydan ko‘proq muddat ishlov berish talab etilsa, yakuniy hisobot ma’lumotlarga ishlov berilganidan keyin, biroq uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugagan sanadan keyin olti oydan kechiktirmay darhol taqdim etiladi.
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlari bo‘yicha hisobotning shakli va unga doir talablar qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
8-bob. Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish
70-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi ariza
Istalgan vakolatli shaxs ko‘pi bilan 5 250 ta bir-biriga bog‘liq ochiq kadastr kvadratlariga nisbatan “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipiga ko‘ra uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi arizani Yer qa’ridan foydalanish markaziga berishga haqli.
Arizalar Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Manfaatdor shaxs “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipiga ko‘ra geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berish uchun Yer qa’ridan foydalanish markaziga quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan arizani beradi:
1) arizachining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga muvofiq to‘liq nomi;
2) arizachi vakolatli shaxs ekanligini tasdiqlovchi axborot;
3) so‘ralayotgan ochiq kadastr kvadratlari tafsilotlari;
4) arizachi bunday ruxsatnoma berilayotganda o‘zida bo‘lishi mumkin bo‘lgan kadastr kvadratlarining umumiy soni bo‘yicha cheklovlarni buzmayotganligini tasdiqlovchi hujjat;
5) taklif etilayotgan ishlarning xususiyati va turi hamda rejalashtirilayotgan eng kam xarajatlarning dastlabki summasi batafsil tavsiflangan uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish ishlarining dastlabki loyihasi;
6) ishlarning dastlabki loyihasiga binoan uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir taklif etilayotgan ishlarni amalga oshirishda arizachining moliyaviy, kasbiy va texnik imkoniyatlari hamda qobiliyatlarini tasdiqlovchi dalillar, shu jumladan yer qa’ridan foydalanuvchi oxirgi besh yil ichida bunday faoliyatni amalga oshirgan mamlakatlar ro‘yxati;
7) ekologik ekspertiza o‘tkazilguniga va davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasi olinguniga qadar uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir biror-bir ishlarni boshlamaslik to‘g‘risidagi majburiyat ko‘rsatilgan xat;
8) qonunchilik talablariga muvofiq boshqa axborot;
9) arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ishlarning dastlabki rejasida taklif etilayotgan geologik tadqiqotlarning xususiyati va hajmi, ularni amalga oshirish chog‘ida foydalaniladigan usullar va asbob-uskunalar to‘g‘risidagi batafsil axborot, shuningdek taklif etilayotgan ishlar jadvali hamda arizachi sarflashni rejalashtirayotgan xarajatlarning eng kam summalari bo‘lishi kerak.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im miqdori qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Yig‘im summasi qaytarilmaydi.
Ariza kelib tushganda Yer qa’ridan foydalanish markazi ariza kelib tushgan sana va vaqtni ko‘rsatgan holda uni yer qa’ri davlat fondi kadastrining arizalar reyestrida ro‘yxatga oladi hamda arizachiga ariza berilganligini tasdiqlovchi hujjatni beradi.
Yer qa’ridan foydalanish markazi arizaning to‘liqligini, shu jumladan uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish ishlariga oid dastlabki loyihaning shakli va mazmuni to‘g‘ri ekanligini besh ish kuni ichida tasdiqlaydi. Ariza ushbu moddada belgilangan talablarga nomuvofiq bo‘lgan taqdirda, Yer qa’ridan foydalanish markazi arizachini aniqlangan xatolar to‘g‘risida xabardor qiladi. Arizachi aniqlangan xatolarni xabarnomada ko‘rsatilgan sanadan e’tiboran o‘n ish kuni ichida tuzatadi. Agar xatolar bunday o‘n kunlik muddat ichida tuzatilsa, dastlabki ariza topshirilgan sana ariza topshirilgan sana deb hisoblanadi. Agar xatolar ko‘rsatilgan muddatda tuzatilmasa, Yer qa’ridan foydalanish markazi uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berilishini rad etadi.
71-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berishning qo‘shimcha usullari
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi auksion yoki tender orqali tanlovga oid kimoshdi savdolarini o‘tkazish zarurligini belgilagan hollarda uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomalar auksion yoki tender o‘tkazish yo‘li bilan berilishi mumkin.
Alohida hollarda uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq berilishi mumkin. Bunday hollarda auksion yoki tender uchun qulay bo‘lgan kadastr kvadratlari Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan zaxira qilib qo‘yiladi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berish uchun auksionlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomalar berish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, chetdan aralashuvni istisno etadigan elektron savdo maydonchasida kimoshdi savdolarini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berish uchun tender O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomalar berish to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan tartibga muvofiq o‘tkaziladi.
Tender jarayonining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
1) yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish shartlarini ishlab chiqishda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va xo‘jalik boshqaruvi organlarining samarali hamkorligini tashkil etish;
2) mavjud bo‘lgan geologik ma’lumotlar, geologik jihatdan o‘rganish to‘g‘risidagi hisobotlar va boshqa tegishli axborot asosida ishlab chiqilgan yer qa’ri uchastkalarini berish bo‘yicha tenderning boshlang‘ich shartlarini kelishish;
3) taqdim etilgan geologik jihatdan o‘rganish loyihalarining ekspertizasini va ularning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga, shuningdek yer qa’ri uchastkalaridan foydalanishning belgilangan shartlariga muvofiqligini baholashni tashkil etish;
4) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maqbul bo‘lgan tanlovga oid arizani tasdiqlash uchun taqdim etish.
Auksion yoki tender ishtirokchilari auksionda yoki tenderda ishtirok etish huquqini olish uchun ushbu Qonunning 70-moddasida nazarda tutilgan axborotni taqdim etishi kerak, tanlov ishtirokchisi esa geologik jihatdan o‘rganishning dastlabki loyihasi o‘rniga uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishning taxminiy rejasini taqdim etishi mumkin.
Auksion yoki tender g‘olibini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnoma tegishli kadastr kvadratlarida uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomani g‘olibga berish uchun asos bo‘ladi.
Auksiondan yoki tenderdan tushgan mablag‘lar qonunchilikda belgilangan tartibda taqsimlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq beriladigan uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomalar ushbu Qonunning barcha talablariga muvofiq bo‘lishi kerak, shuningdek ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va yer qa’ridan foydalanuvchi o‘rtasida tuzilgan kelishuvga muvofiq qo‘shimcha shartlar va yig‘imlar qo‘llanilishi mumkin.
72-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish
Berilgan arizani ko‘rib chiqish muddati ushbu Qonunning 70-moddasiga muvofiq to‘ldirilgan ariza olingan sanadan e’tiboran yigirma ish kunidan oshmasligi kerak. Yer qa’ridan foydalanish markazi berilgan arizani ko‘rib chiqish uchun belgilangan muddat o‘tganidan yoki auksion jarayoni tugaganidan keyin uch ish kuni ichida, qo‘llaniladigan holatga qarab, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomani tegishli tarzda to‘ldirilgan arizani tegishincha birinchi bo‘lib bergan vakolatli shaxsga yoxud auksion yoki tender g‘olibiga beradi.
Yer qa’ridan foydalanish markazining uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berilishini rad etishi asoslangan bo‘lishi hamda ushbu Qonun va qonunchilik hujjatlari qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berilayotganda yer qa’ri davlat fondi kadastrining ruxsatnomalar reyestriga tegishli yozuv kiritiladi.
73-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma, agar u rad etilmagan yoki chaqirib olinmagan yoxud uning amal qilish muddati ushbu Qonun qoidalariga muvofiq uzaytirilmagan bo‘lsa, ruxsatnoma ro‘yxatga olingan sanadan e’tiboran besh yilgacha muddatga beriladi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati yer qa’ridan foydalanuvchining so‘roviga ko‘ra bir marta to‘rt yil muddatgacha uzaytirilishi mumkin. Ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirishda ruxsatnomaga kiritilgan kadastr kvadratlarining soni ellik foizga kamaytiriladi.
74-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish ishlarini amalga oshirishga doir talablar
Yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha ishlar boshlanguniga qadar biror-bir zarur ekologik ekspertizalarni amalga oshiradi, shuningdek xavfsizlik texnikasi sohasidagi barcha zarur ma’qullashlarni, shu jumladan davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasini oladi. Davlat ekologik ekspertizasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, qo‘llaniladigan holatga qarab, bunday ma’qullashlarni yer qa’ridan foydalanuvchiga beradi, ularning ko‘chirma nusxasi esa ushbu ma’qullashlar olingan paytdan e’tiboran besh kun ichida bevosita Yer qa’ridan foydalanish markaziga yuboriladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berilgan paytdan e’tiboran to‘qson kun ichida Yer qa’ridan foydalanish markaziga ruxsatnomaning butun amal qilish davri uchun uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishning yakuniy loyihasini, shu jumladan zarur bo‘lgan taqdirda, yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish rejasini taqdim etishi shart.
Agar geologik jihatdan o‘rganish rejasi ruxsatnoma berilgan sanadan e’tiboran to‘qson kun ichida taqdim etilmagan bo‘lsa, auksion yakunlariga ko‘ra berilgan uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomalar avtomatik ravishda bekor qilinadi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasi geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirish turlari, usullari va vositalari, ishlarning eng kam hajmlari to‘g‘risidagi batafsil axborotni hamda ruxsatnomaning amal qiladigan davri uchun ishlar rejasini, shuningdek taklif etilayotgan ishlar dasturini bajarish uchun moliyaviy va texnik imkoniyatlar dalillarini o‘z ichiga oladi. Geologik jihatdan o‘rganish loyihasining shakli va unga doir maxsus talablar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi taqdim etgan uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasi yer qa’ridan foydalanuvchi geologik jihatdan o‘rganishni boshlaguniga qadar Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlanishi lozim. Yer qa’ridan foydalanish markazi uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasini yigirma ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasining tasdiqlanishini rad etish asoslangan bo‘lishi kerak. Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasi faqat ushbu Qonun qoidalariga, tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka yoki boshqa qo‘llaniladigan qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan hollarda rad etilishi mumkin.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasi tasdiqlanmagan hollarda yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan ko‘rsatilgan masalalar ko‘rib chiqilgan loyihaning maromiga yetkazilgan versiyasini takroran taqdim etishga haqli.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga muvofiq bajariladigan ishlar yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan ishlab chiqilgan uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishning yakuniy loyihasiga muvofiq bajariladi. Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishning tasdiqlangan loyihasida nazarda tutilmagan uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi, bundan favqulodda vaziyatlar hollari mustasno.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir rejalashtiriladigan ishlarning turlari, usullari va (yoki) vositalari, shuningdek ishlarni amalga oshirish hajmi va muddatlari o‘zgargan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritishi shart. Agar bu o‘zgartirishlar qo‘shimcha kelishuv va ekspertizani talab etsa, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ishlarning qayta ko‘rib chiqilgan loyihasi Yer qa’ridan foydalanish markaziga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi. Agar o‘n ish kuni ichida Yer qa’ridan foydalanish markazi e’tirozlarini taqdim etmasa, yer qa’ridan foydalanuvchi kiritilgan o‘zgartirishlarni hisobga olgan holda ishlarni amalga oshirishni davom ettirishi mumkin.
Agar o‘zgartirishlar biror-bir qo‘shimcha ekologik ekspertiza o‘tkazilishini talab etsa, bunday o‘zgartirishlar shunday ekologik ekspertiza tugaguniga qadar va davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasi berilguniga qadar amalga oshirilmaydi.
75-modda. Geologik jihatdan o‘rganish chog‘ida uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlarini amalga oshirishga doir talablar
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir biror-bir ishlarni faqat Yer qa’ridan foydalanish markazi yozma ravishda xabardor qilinganidan keyin hamda biror-bir zarur ruxsatnoma yoki ma’qullash yoxud qo‘llaniladigan qonunchilikka muvofiq zarur bo‘lgan biror-bir ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshirishga haqli.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan Yer qa’ridan foydalanish markaziga uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir biror-bir rejalashtirilayotgan ishlarni tasdiqlashga doir arizada taqdim etiladigan ma’lumotlar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Geologik jihatdan o‘rganishga doir tasdiqlangan ishlar dasturida nazarda tutilgan rekognossirovka qilish ishlarining hajmi o‘zgartirilishini ifoda etadigan uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir biror-bir rejalashtirilgan ishlarga kiritiladigan istalgan o‘zgartirishlar Yer qa’ridan foydalanish markazi bilan dastlabki yozma kelishuvni talab etadi.
76-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish chog‘ida uglevodorodlarni burg‘ilash ishlarini amalga oshirishga doir talablar
Agar uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan amalga oshirilgan ishlar uglevodorodlar kelgusida topilishiga ishora bersa, yer qa’ridan foydalanuvchi barcha geologik-texnik tavsiyalarni tayyorlaydi va tegishli vakolatli organlar bilan kelishadi hamda burg‘ilash ishlarining rejasini Yer qa’ridan foydalanish markaziga ma’lumot uchun taqdim etadi. Burg‘ilash ishlarining rejasiga doir geologik-texnik hujjatlarning mazmuni va shakli qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Quduqlarni boshqarish, shu jumladan quduqlarni nazorat qilish va tashlandiq chiqitlarning oldini olish, uglevodorodlarni burg‘ilash ishlarida foydalaniladigan asbob-uskunalarni ko‘zdan kechirish va sinash, burg‘ilash ustunida tushirilgan qatlamni sinovchi yordamida quduqning sinovlarini yoki tekshiruvlarini o‘tkazish, quduqlarni tugatish va to‘xtatib turish, burg‘ilash qurilmalarini demontaj qilish hamda uglevodorodlarni burg‘ilash ishlarini to‘xtatib turish tizimlari uchun tartib-taomillar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
77-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir har yilgi eng kam xarajatlar
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar ushbu moddada belgilangan har yilgi eng kam xarajatlarga oid talablarga rioya etishi shart.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi uchun har yilgi eng kam xarajatlar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga va geologik jihatdan o‘rganishga doir har yilgi eng kam xarajatlarni hisob-kitob qilish O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan hamda hisobot yilining 1-yanvarida amal qiladigan bazaviy hisoblash miqdori asosida amalga oshiriladi.
Agar uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma amal qiladigan muddatning birinchi yoki oxirgi yili to‘liq bo‘lmasa, har yilgi eng kam xarajatlar ruxsatnomaning tegishli yildagi amal qilish muddatining har bir to‘liq oyi uchun mutanosib ravishda hisob-kitob qilinadi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilishi bir yil ichida tugatilgan taqdirda, har yilgi eng kam xarajatlar ruxsatnomaning mazkur yildagi har bir to‘liq oyi uchun mutanosib ravishda hisob-kitob qilinadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan qilingan, har yilgi eng kam xarajatlarga kiritilmaydigan maqbul xarajatlar va boshqa xarajatlar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir eng kam xarajatlarni hisob-kitob qilish faqat tegishli ruxsatnoma doirasida qilingan xarajatlarga nisbatan amalga oshiriladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan har yilgi eng kam xarajatlar bo‘yicha majburiyatlar buzilgan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi yetishmayotgan xarajatlarni amalga oshirishi va bu haqda Yer qa’ridan foydalanish markaziga hisobot yilidan keyingi ikki oydan kechiktirmay hisobot taqdim etishi shart. Bunda o‘z majburiyatlari buzilishini bartaraf etish uchun yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan qilingan xarajatlar joriy yil xarajatlari tarkibiga kiritilmaydi va hisobot yili uchun hisobotda aks ettirilgan deb hisoblanadi.
78-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning huquqlari
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar quyidagi mutlaq huquqlarga ega bo‘ladi:
1) uglevodorodlar konlarini topish hamda bunday qidirib topilgan konlarning sifatini, masshtablarini va ishlov berilganlik darajasini o‘rganish maqsadida geologik qatlamlarning tuzilishini va tarkibini o‘rganish hamda tadqiq etish, shuningdek boshqa rekognossirovka qilish va geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish;
2) tahlil qilish, tadqiqotlar, sinovlar yoki tajribalar o‘tkazish maqsadida yer qa’ri uchastkasida burg‘ilashni va tajriba-sanoat usulida foydalanishni amalga oshirish;
3) uchastkadan olingan uglevodorodlarning istalgan namunalarini, shuningdek suvning namunalarini yer qa’ri uchastkasidan chiqarib olish va olib chiqish;
4) neft-gaz operatsiyalarini samarali tarzda amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan istalgan xodimlar bilan birgalikda yer qa’ri uchastkasida yoki kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkasida vaqtinchalik inshootlar hamda asbob-uskunalarni barpo etish yoki ko‘chirish;
5) uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlarini va geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirish maqsadida yer qa’ri uchastkasida yoki kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkasida neft-gaz infratuzilmasining vaqtinchalik obyektlarini qurish, barpo etish, joylashtirish hamda ishlatish;
6) uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish yoki ular bilan bog‘liq yordamchi ishlar uchun zarur bo‘lgan boshqa ishlarni amalga oshirish;
7) ushbu Qonunning 9-bobida belgilangan talablarga rioya etilgan taqdirda, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati ichida istalgan vaqtda uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomani so‘rash va olish.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar ushbu Qonunga hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
79-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning majburiyatlari
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar:
1) ruxsatnoma berilgan kundan e’tiboran to‘qson kun ichida Yer qa’ridan foydalanish markaziga ruxsatnoma amal qiladigan butun davr uchun geologik jihatdan o‘rganishga doir ishlarning kompleks loyihasini, shu jumladan taxmin qilinayotgan neft-gaz operatsiyalarining oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rsatilgan holda yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha dastlabki rejani taqdim etishi;
2) uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ishlar boshlanguniga qadar ekologik ekspertiza o‘tkazishi va davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasini olishi shart.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ishlar loyihasi amalga oshirilishi taklif etilayotgan ishlar, geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirish usullari va vositalari to‘g‘risidagi batafsil axborotni hamda uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish davri uchun ishlarni bajarish jadvalini o‘z ichiga olishi kerak.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasining mazmuni va shakli qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati ichida:
1) ushbu modda birinchi qismining 2-bandida ko‘rsatilgan barcha zarur ijobiy ekologik xulosalar olingan sanadan e’tiboran o‘ttiz kun ichida geologik jihatdan o‘rganishga doir ishlar loyihasiga muvofiq uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishni boshlashi;
2) geologik jihatdan o‘rganishga doir ishlarning barcha amaldagi standartlar va normalarga, shuningdek tegishli darajadagi neft-gaz amaliyotiga muvofiqligini ta’minlashi;
3) geologik jihatdan o‘rganish ishlarining uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishning joriy loyihasiga aniq muvofiq kelishini ta’minlashi;
4) geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha butun faoliyatni hamda yer qa’ri uchastkasidan biror-bir boshqacha tarzda qonuniy asosda foydalanishni ushbu barcha ishlar oqilona vositalar bilan yo‘l qo‘yilmasligi mumkin bo‘lgan ijtimoiy yoki xususiy manfaatlar buzilishiga olib kelmasligini ta’minlash maqsadida neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan choralar bilan cheklashi;
5) har yilgi eng kam xarajatlarni amalga oshirishi;
6) tabiiy va sun’iy tashuvchilarning but saqlanishini va to‘g‘ri tamg‘alanishini ta’minlashi, geologik jihatdan o‘rganish jarayonida ishlab chiqilgan geologik, marksheyderlik hujjatlarini va boshqa hujjatlarni saqlashi;
7) ushbu Qonunning 15-bobiga muvofiq yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish jamg‘armasini tashkil etishi hamda yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatishning dastlabki rejasini ishlab chiqishi;
8) uglevodorodlar konlarini izlash chog‘ida geologik va boshqa hujjatlarni yuritishi;
9) hisobotlar taqdim etishga doir ushbu Qonunning 80 va 81-moddalarida nazarda tutilgan majburiyatlarga rioya etishi;
10) sanoat xavfsizligi hamda yer qa’ri uchastkasidan foydalanish bilan bog‘liq ishlarning ta’sir ko‘rsatish zonasidagi ishchilar (xodimlar) va aholining xavfsizligini ta’minlash sohasidagi qo‘llaniladigan qonunchilikka rioya etishi;
11) tasdiqlangan o‘qitish dasturlarini amalga oshirishi hamda mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi va xodimlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha normalarga, shuningdek ushbu Qonunning 14-bobiga va qo‘llaniladigan qonunchilikka muvofiq avariyalarga hamda favqulodda vaziyatlarga shay holatda turishni va ularning oqibatlari tugatilishini ta’minlash bo‘yicha choralarga rioya etishi;
12) yer qa’ri uchastkasidan foydalanish bilan bog‘liq ishlarning xavfsiz amalga oshirilishini, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va avariyalarni tugatish rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha choralar ko‘rilishini ta’minlashi;
13) qo‘llaniladigan qonunchilikka hamda O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalariga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xulq-atvor kodeksini amalga kiritishi va unga rioya etilishini ta’minlashi;
14) nizo predmeti bo‘lmagan barcha bojxona bojlarini, to‘lovlarni, yig‘imlarni va soliqlarni o‘z vaqtida hamda to‘g‘ri deklaratsiyalashi va to‘lashi;
15) ruxsatnomaning shartlariga, ushbu Qonun, shuningdek boshqa qo‘llaniladigan qonunchilik qoidalariga rioya etilishi maqsadida vakolatli organlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilishi shart.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
80-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma doirasida hisobdorlik
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi yigirma to‘rt soatdan oshmaydigan, agar hisobot quduq bo‘yicha birinchi hisobot bo‘lmasa, bevosita burg‘ilash ishlari to‘g‘risidagi avvalgi har kungi hisobotda ko‘rsatilgan davr tugashi bilan hisoblanadigan davrga taalluqli bo‘lgan uglevodorodlar bo‘yicha biror-bir burg‘ilash ishlari bajarilishining borishi haqidagi har kungi hisobotlarni Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etishi shart. Burg‘ilash ishlari to‘g‘risidagi har bir hisobot qaysi kunga tegishli bo‘lsa, o‘sha kun tugaganidan keyin besh kun ichida taqdim etiladi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi har oylik hisobotlarni Yer qa’ridan foydalanish markaziga har bir oy tugaganidan keyin o‘n besh kun ichida taqdim etishi shart.
Har bir oylik hisobot o‘tgan oyda ishlarning turlariga ko‘ra, shu jumladan geologik va geofizik tadqiqotlar, boshlang‘ich ma’lumotlarni sharhlash, ularga ishlov berish, qo‘shimcha ravishda sharhlash, burg‘ilash, qurilish turlariga hamda ular bilan bog‘liq biror-bir boshqa ishlarga bo‘lingan holda amalga oshirilgan ishlarning batafsil tavsifini va baholanishini o‘z ichiga oladi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi har bir chorak tugagan paytdan e’tiboran o‘ttiz kun ichida Yer qa’ridan foydalanish markaziga ishlar bajarilishining borishi to‘g‘risida quyidagi choraklik hisobotlarni taqdim etadi:
1) o‘tkazilgan geologik va geofizik tadqiqotlarning tavsifi keltirilgan geologik jihatdan o‘rganish to‘g‘risidagi hisobotni;
2) quduq qurilishining borishi haqidagi hisobotni — agar yer qa’ridan foydalanuvchi qidiruv qudug‘ining qurilishini amalga oshirayotgan bo‘lsa;
3) obyektning qurilishi to‘g‘risidagi hisobotni — yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan neft-gaz infratuzilmasining biror-bir obyekti qurilgan taqdirda.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi geologik jihatdan o‘rganishga doir ishlar boshlangan sanadan e’tiboran bir yil to‘lganda tugaydigan har bir o‘n ikki oylik davrdan keyin o‘ttiz kun ichida Yer qa’ridan foydalanish markaziga tegishli o‘n ikki oylik davr uchun yillik hisobotni taqdim etadi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markaziga quyidagi hollarda maxsus hisobotlarni ham taqdim etishi shart, agar:
1) neft-gaz infratuzilmasi obyektining qurilishi tugallangan bo‘lsa;
2) neft-gaz infratuzilmasining biror-bir obyekti o‘zgartirilgan yoki modifikatsiya qilingan bo‘lsa;
3) quduq uchun biror-bir uskuna o‘rnatilgan yoki o‘zgartirilgan bo‘lsa;
4) uglevodorodli qatlam suyuqligining, shu jumladan suvning namunalari olinayotgan bo‘lsa;
5) uglevodorodli qatlam bosimini, qatlamga oid yoki gidrodinamika xususiyatlarini aniqlash maqsadida quduqning sinovlari o‘tkazilayotgan bo‘lsa;
6) quduq tugatilgan yoki yo‘q qilingan bo‘lsa.
Ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganidan keyin yer qa’ridan foydalanuvchi ishlarni bajarish chog‘ida olingan barcha dastlabki ma’lumotlar, shuningdek ishlov berish va sharhlash materiallari, kern namunalari va boshqa materiallar nazarda tutilishi kerak bo‘lgan, yer qa’ri uchastkasida amalga oshirilgan uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ishlarning natijalari to‘g‘risidagi yakuniy hisobotni Yer qa’ridan foydalanish markaziga ruxsatnomaning amal qilishi tugagan kundan e’tiboran uch oydan kechiktirmay qog‘ozda va elektron tarzda taqdim etadi.
Ushbu Qonun qoidalariga muvofiq uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish to‘g‘risidagi yakuniy hisobotga zarur bo‘lganda amaldagi A+B+C1 va C2 toifalari bo‘yicha nazarda tutilgan axborot uglevodorod xomashyosini hisobga olish va resurslarni boshqarish tizimidagi (PRMS) mavjud hisobotlarga qo‘shimcha sifatida kiritiladi.
Yakuniy geologik hisobotda uglevodorodlar aniqlanganligi to‘g‘risidagi axborot yoki foydali qazilmalar zaxiralarining hisob-kitobi mavjud bo‘lmagan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi yakuniy hisobotni Yer qa’ridan foydalanish markaziga umumlashtirish va tizimlashtirish uchun taqdim etadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi taqdim etishi zarur bo‘lgan barcha hisobotlar Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan belgilanadigan shakl bo‘yicha tayyorlanadi. Har bir hisobotning maxsus shakli va unga doir talablar qonunchilik hujjatlarda belgilanadi.
Hisobotlarda taqdim etiladigan, yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan amalga oshiriladigan xarajatlar to‘g‘risidagi axborot “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq auditor tomonidan tasdiqlanishi lozim. Bunday xarajatlar haqidagi ma’lumotlar, agar ular auditorlik tekshiruvidan o‘tgan buxgalteriya hisobotida alohida keltirilgan (ochib berilgan) bo‘lsa, auditor tomonidan tasdiqlangan deb topiladi.
81-modda. Uglevodorodlarning topilmalari to‘g‘risida xabardor qilish
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarning har qanday topilmasi haqida Yer qa’ridan foydalanish markazini yigirma to‘rt soat ichida yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlar topilishiga olib kelgan geologik jihatdan o‘rganishga doir ishlar natijasida olingan jami axborotni bunday xabarnoma taqdim etilganidan keyin o‘ttiz kundan kechiktirmay Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etadi hamda Yer qa’ridan foydalanish markaziga bunday uglevodorodlarning topilmasini baholashdan o‘tkazishning maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi to‘g‘risida xabar qiladi.
Agar uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarning topilmasini baholashdan o‘tkazishga arziydi deb hisoblasa, yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq xabarnoma yuborilgan sanadan keyin to‘qson kun ichida Yer qa’ridan foydalanish markaziga baholash ishlarining taxmin qilinayotgan rejasini tasdiqlash uchun taqdim etadi. Baholash ishlarining rejasi uglevodorodlar topilmasi alohida yoki yer qa’ri uchastkasining istalgan qismida aniqlangan boshqa uglevodorodlar topilmalari bilan birga tijoratbop topilma ekanligini yoki tijoratbop emasligini aniqlash uchun bajarilishi zarur bo‘lgan ishlarning tavsifini o‘z ichiga olishi kerak.
Yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarni baholash bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan muddat yer qa’ridan foydalanuvchi taqdim etgan baholash ishlarining rejasi Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlangan sanadan e’tiboran ikki yildan oshmasligi kerak. Agar yer qa’ridan foydalanuvchi baholash ishlari tasdiqlangan baholash ishlarining rejasiga muvofiq amalga oshirilganligini hamda uglevodorodlar topilmasi tijoratbop topilma ekanligini yoki tijoratbop emasligini aniqlash uchun kelgusida baholash ishlarini o‘tkazish zarurligini Yer qa’ridan foydalanish markaziga lozim darajada namoyish etsa, Yer qa’ridan foydalanish markazi mazkur ikki yillik muddatni uzaytirishga haqli.
Baholash ishlarining rejasi har yili yangilanadi va barcha o‘zgartirishlar Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etiladi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi topilma tijoratbop ekanligi yoki tijoratbop emasligi ko‘rsatiladigan qonunchilik hujjatlarida belgilanadigan shakldagi hisobotni Yer qa’ridan foydalanish markaziga tasdiqlangan baholash ishlarining rejasini amalga oshirish tugallanganidan keyin bir yuz sakson kundan kechiktirmay taqdim etadi. Mazkur hisobot Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Agar uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu moddaga muvofiq uglevodorodlarning tijoratbop topilmasi to‘g‘risida e’lon qilsa, bunday yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma olishga oid mutlaq huquqqa ega bo‘ladi.
9-bob. Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma
82-modda. Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi ariza
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarning yastanganligi ehtimoli va bo‘lishi mumkin bo‘lgan tijoratbop topilmalarni, shu jumladan bunday kondan tijorat maqsadida foydalanish uchun zarur bo‘lgan tutash kadastr kvadratlarini qamrab oladigan, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir bunday ruxsatnomaga kiritilgan chegaradosh kadastr kvadratlarida hamda biror-bir chegaradosh ochiq kvadratlarda yoki, basharti ushbu Qonunning 108-moddasi qoidalariga rioya etilsa, amaldagi ruxsatnoma doirasidagi chegaradosh kvadratlarda uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma berish bo‘yicha mutlaq huquqqa ega bo‘ladi.
Agar tarkibida tijoratbop topilma mavjud bo‘lgan uglevodorodlar koni uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir amaldagi ruxsatnomada ko‘rsatilgan yer qa’ri uchastkasidan tashqariga chiqib ketsa, yer qa’ridan foydalanuvchi yastangan tegishli qatlamni yoki neft-gaz konini qamrab oladigan ochiq kvadratlarni qo‘shgan holda, uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma doirasida yer qa’ri uchastkasining perimetrini kengaytirish haqidagi arizani Yer qa’ridan foydalanish markaziga berish bo‘yicha mutlaq huquqqa ega bo‘ladi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma berish uchun Yer qa’ridan foydalanish markaziga quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan tegishli arizani beradi:
1) arizachining to‘liq nomi;
2) arizachi vakolatli shaxs ekanligini tasdiqlovchi axborot;
3) so‘ralayotgan kadastr kvadratlari to‘g‘risidagi batafsil axborot;
4) tijoratbop topilma haqidagi e’londan avvalgi jarayonda tayyorlangan va taqdim etilgan geologik jihatdan o‘rganish to‘g‘risidagi barcha axborot;
5) uglevodorodlar konini o‘zlashtirishning dastlabki loyihasi;
6) uglevodorodlar konini o‘zlashtirish loyihasiga muvofiq uglevodorodlarni qazib olishga doir taklif etiladigan ishlarni amalga oshirish uchun arizachining moliyaviy, kasbiy va texnik qobiliyatlari hamda imkoniyatlarining tasdig‘i;
7) ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasi;
8) yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha dastlabki reja;
9) arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.
Sanab o‘tilgan hujjatlarga doir talablar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Agar uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma berishga doir ariza berishi uchun zarur bo‘lgan biror-bir ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasini olishi kerak bo‘lgan davrda tugaydigan bo‘lsa, geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma ekologik ekspertizaning barcha ijobiy xulosalari olinguniga qadar amal qiladi.
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im miqdori qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq belgilanadi. Yig‘im summasi qaytarilmaydi.
83-modda. Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma berishning qo‘shimcha usullari
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomalar O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi auksion yoki tender yo‘li bilan tanlov savdolarini o‘tkazish zarurligini belgilagan hollarda auksion yoki tender o‘tkazish yo‘li bilan berilishi mumkin. Bu quyidagi hollar bo‘lishi mumkin:
1) uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi o‘zi qidiruv o‘tkazgan yer qa’ri uchastkasida uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma olishga oid o‘z huquqidan voz kechganda;
2) Yer qa’ridan foydalanish markazi auksion yoki tender o‘tkazish yo‘li bilan ochiq kvadratlarda uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma berish zaruriyatini aniqlaganda.
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomalar milliy rivojlanish bilan bog‘liq alohida hollarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq berilishi mumkin.
Bunday hollarda uglevodorodlar konini o‘zlashtirish uchun zarur bo‘lgan kadastr kvadratlari Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan auksion yoki tender uchun zaxira qilib qo‘yiladi.
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma berish uchun auksionlar chetdan turib aralashuvni istisno etadigan elektron savdo maydonchasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomalar berish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq savdolar o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Uglevodorodni qazib olishga doir ruxsatnoma berish uchun tender O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomalar berish to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan tartibga muvofiq o‘tkaziladi.
Tender jarayonining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
1) yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish shartlarini ishlab chiqishda vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlarining samarali hamkorligini tashkil etish;
2) yer qa’ri uchastkalarini berish bo‘yicha tenderning mavjud geologik ma’lumotlar, geologik jihatdan o‘rganish to‘g‘risidagi hisobotlar va boshqa tegishli axborot asosida ishlab chiqilgan boshlang‘ich shartlarini kelishib olish;
3) neft va gaz konlarini o‘zlashtirish bilan bog‘liq taqdim etilgan loyihalarning ekspertizasini hamda ularning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga, shuningdek yer qa’ri uchastkalaridan foydalanishning belgilangan shartlariga muvofiqligini baholashni tashkil etish;
4) afzallikka ega bo‘lgan tanlov talabnomasini tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish.
Auksion yoki tender ishtirokchilari auksionda yoki tenderda ishtirok etish huquqini olish uchun ushbu Qonunning 82-moddasiga muvofiq zarur bo‘lgan hujjatlarni, bundan ekologik ekspertiza mustasno, taqdim etadi hamda savdolar ishtirokchisi neft-gaz konini o‘zlashtirishning dastlabki loyihasi o‘rniga neft-gaz konini o‘zlashtirishning taxminiy loyihasini taqdim etishga haqlidir. Auksion yoki tender ishtirokchisi ekologik ekspertiza o‘tkazilguniga va davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasi olinguniga qadar ishni boshlamaslik majburiyatini taqdim etadi.
Auksion yoki tender g‘olibini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnoma tegishli kadastr uchastkalarida uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomani g‘olibga berish uchun asos bo‘ladi. Ushbu Qonunning barcha talablariga rioya etishdan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq beriladigan uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomalar uchun qo‘shimcha shartlar va to‘lovlar belgilanishi mumkin, ular O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan tuziladigan kelishuvda belgilanadi.
Auksiondan yoki tenderdan tushgan mablag‘lar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
84-modda. Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish
Uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchining uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomani berish to‘g‘risidagi arizasi olingan yoki auksion yoxud tender jarayoni tugaganidan keyin neft-gaz konini o‘zlashtirishning yakuniy loyihasi olingan paytdan e’tiboran besh ish kuni ichida, qo‘llaniladigan holga qarab, Yer qa’ridan foydalanish markazi arizani ko‘rib chiqadi va taqdim etilgan arizaning to‘liqligini aniqlash uchun dastlabki o‘rganishni amalga oshiradi.
Arizachi dastlabki ko‘zdan kechirish bosqichi tugallanganidan keyin arizadagi biror-bir kamchiliklar haqida xabardor qilinadi. Yer qa’ridan foydalanish markazi arizachiga arzimas kamchiliklarni tuzatish uchun ruxsat berishga yoki to‘liq bo‘lmagan arizani qaytarishga haqli. Agar ariza qaytarilgan bo‘lsa, arizachi takroran yangi ariza berishga haqli.
To‘ldirilgan arizani dastlabki tarzda ko‘rib chiqish to‘ldirilgan ariza olingan paytdan e’tiboran yigirma ish kuni ichida Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Arizani ko‘rib chiqish chog‘ida Yer qa’ridan foydalanish markazi uglevodorodlarni qazib olish ishlari bo‘yicha taklif qilinayotgan ishlarni amalga oshirish uchun arizachining moliyaviy, kasbiy va texnik layoqati va imkoniyatlarini, shuningdek taklif etilayotgan neft-gaz konini o‘zlashtirish loyihasining to‘liqligi, bajara olinishi mumkinligi nuqtai nazaridan texnik va foydalanishga oid jihatlarini hamda taqdim etilgan hujjatlar ushbu Qonunning 82 va 85-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiqligini o‘rganadi. Neft-gaz konini o‘zlashtirishning taklif etilayotgan loyihasida kamchiliklar aniqlangan hollarda, Yer qa’ridan foydalanish markazi arizachidan kamchiliklarni to‘qson kundan oshmaydigan oqilona muddatda bartaraf etishni talab qilishi mumkin.
Arizachi bunday so‘rov olinganidan keyin o‘z arizasini chaqirib olishga, unga o‘zgartirishlar kiritishga yoki o‘zgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq emasligi haqida yozma tushuntirish taqdim etishga haqli. Agar arizachi o‘z arizasiga o‘zgartirishlar kiritsa yoki unga o‘zgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq emasligi haqida yozma tushuntirish taqdim etsa, Yer qa’ridan foydalanish markazi bunday javobni ko‘rib chiqadi va o‘z javobini yigirma ish kuni ichida taqdim etadi. Bundan tashqari arizachi o‘z nuqtai nazarini bayon qilish uchun eshituv o‘tkazilishini talab qilishga haqli, Yer qa’ridan foydalanish markazi esa neft-gaz konini o‘zlashtirishning taklif qilinayotgan loyihasi xususidagi savollarga javob berish uchun arizachining shaxsan hozir bo‘lishini talab qilish huquqiga ega. Bu holda Yer qa’ridan foydalanish markazi arizachining vajlarini ko‘rib chiqish uchun bunday eshituvni o‘n besh ish kuni ichida chaqiradi. Yer qa’ridan foydalanish markazi o‘sha paytda ma’lum bo‘lishi mumkin bo‘lgan va ushbu qismda bayon qilingan jarayon doirasida uni dastlabki tarzda ko‘rib chiqishga kiritilmagan yangi masalalarni ko‘tarish huquqiga ega emas. Ushbu qismda bayon qilingan jarayon Yer qa’ridan foydalanish markazi ruxsatnoma berilishini tasdiqlashga tayyor bo‘lguniga yoki arizachi o‘z arizasini uzil-kesil chaqirib olguniga qadar bir necha marta qo‘llaniladi.
Oldingi qismlarda bayon qilingan jarayon tugallangach Yer qa’ridan foydalanish markazi neft-gaz konini o‘zlashtirish loyihasini ma’qullaydi yoki rad etadi.
Neft-gaz konini o‘zlashtirishning taklif etilayotgan loyihasi tasdiqlangan taqdirda va, basharti ariza ushbu Qonunning barcha boshqa talablariga javob bersa, Yer qa’ridan foydalanish markazi uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma beradi.
Neft-gaz konini o‘zlashtirishning taklif etilayotgan loyihasidagi o‘zgartirishlar qo‘shimcha ekologik ekspertiza o‘tkazishni yoki uni qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan hollarda ekologik ekspertiza o‘tkazilmaguniga qadar va davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasi olinmaguniga qadar ruxsatnoma berilmaydi.
Yer qa’ridan foydalanish markazi, agar ariza ushbu Qonunning 82 yoki 83-moddalarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo‘lmasa, uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma berishni rad etish huquqiga ega. Rad etish asoslangan bo‘lishi kerak. Ushbu Qonunda nazarda tutilmagan shartlarga asosan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yer qa’ridan foydalanish markazi arizani ko‘rib chiqish muddati tugagach arizachini bunday rad etish to‘g‘risida xabardor qiladi.
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma berilganda uglevodorodlar kadastrining ruxsatnomalar reyestriga tegishli yozuv kiritiladi.
85-modda. Uglevodorodlar konini o‘zlashtirish loyihasi
Ushbu Qonunning 82-moddasiga muvofiq yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan taqdim etiladigan uglevodorodlar konini o‘zlashtirish loyihasi iqtisodiy, texnik, ekologik jihatlarning batafsil tavsifini, shuningdek qazib olish bo‘yicha rejalashtirilayotgan ishlarga doir resurslar hamda xavfsizlik bilan bog‘liq jihatlarni nazarda tutadi va kamida quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
1) ruxsatnomaga kiritilgan yer qa’ri uchastkasining tavsifini, shu jumladan uning geologik tuzilishi, tahlili va sharhlanishining qisqacha tavsifini;
2) geologik jihatdan o‘rganish va baholash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning qisqacha tavsifini;
3) uglevodorodlarni qazib olishning maqbul variantlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek taklif etilayotgan variant mavjud muqobil variantlardan eng yaxshisi ekanligini asoslovchi texnik-iqtisodiy jihatdan baholashni;
4) uglevodorodlarni qazib olishning eng yaxshi maqbul variantidan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi taklif etilayotgan ishlarning batafsil tavsifini, shu jumladan:
a) ishlarning taxminiy jadvalini;
b) rejalashtirilayotgan konchilik faoliyati munosabati bilan qurilishi yoki foydalanilishi rejalashtirilayotgan uglevodorodlarni qazib olishning har qanday vaqtinchalik yoki doimiy obyektlarini yoki boshqa infratuzilma obyektlarini;
v) mazkur ishlarni amalga oshirish jarayonida joriy etilishi rejalashtirilayotgan tashkiliy tizimlar va boshqaruv tizimlarini;
5) yer qa’ri uchastkasida yoki uning bir qismida uglevodorodlar konini boshqarish rejasini, shu jumladan tijoratbop topilmani o‘zlashtirish iqtisodiy jarayonining konni o‘zlashtirishning tasdiqlangan loyihasiga o‘zgartirishlar kiritilgan taqdirda taqdim etilishi kerak bo‘lgan dastlabki muddatini;
6) uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish usulining tavsifini;
7) foydalanishdan chiqarish bo‘yicha dastlabki rejani, shu jumladan uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha ishlarning oqibatlarini tugatish rejasini (tugatish rejasini).
Uglevodorodlar konlarini o‘zlashtirish loyihasining maxsus shakli va mazmuni qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Uglevodorodlar konini o‘zlashtirish loyihasini ko‘rib chiqish chog‘ida Yer qa’ridan foydalanish markazi uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma berilguniga qadar rejaning texnik va foydalanishga oid jihatlarini o‘rganadi. Yer qa’ridan foydalanish markazi rejaning moliyaviy jihatlari ko‘rib chiqilganligi uchun javobgar bo‘lmaydi. Yer qa’ridan foydalanish markazi oqilona asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda quyidagi mezonlarga ustuvorlik berishga haqli:
1) uglevodorodlarni qazib olish eng samarali maqbul variantining va qazib olish bo‘yicha taklif etilayotgan ishlarning lozim darajadagi neft-gaz amaliyotiga muvofiq bo‘lishiga;
2) uglevodorodlarni qazib olishning barqaror va ekologik jihatdan xavfsiz texnologiyalari qo‘llanilishiga;
3) uglevodorodlar koniga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmasligiga;
4) uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish natijasida ishlatilayotgan qattiq holdagi foydali qazilmalar konlariga va ularga tutash hamda boshqa yer qa’ri uchastkalariga zarar yetkazilishining oldi olinishiga;
5) davlat uchun eng ko‘p umumiy daromad va foyda olinishini ta’minlashga.
Topilgan uglevodorodlar konini o‘zlashtirish va uglevodorodlarni qayta ishlashga doir qo‘shimcha talablar uglevodorodlarning turlari hamda xossalariga, uglevodorodlar konini o‘zlashtirish usullariga, qayta ishlash texnologiyalarining turlariga va boshqa omillarga qarab qonunchilik hujjatlarida belgilanishi mumkin.
Neft va gaz konini o‘zlashtirishning tasdiqlangan loyihasi, agar unga ushbu Qonunning 91-moddasiga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilmagan bo‘lsa, o‘z kuchini saqlab qoladi va u Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlangan kundan e’tiboran besh yil ichida bajarilishi kerak.
Istisno tartibida Yer qa’ridan foydalanish markazi, agar uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha rejalashtirilayotgan ishlarning yirik miqyosliligi, texnik jihatdan bajarilishi va davomiyligi kabi alohida holatlarga bog‘liq holda amalga oshirish muddatlarining uzaytirilishini talab qilsa, uglevodorodlar konini o‘zlashtirish loyihasi ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan, o‘n yildan oshmaydigan ancha uzoq davrni qamrab olishini talab qilishi mumkin.
Uglevodorodlar konini o‘zlashtirishning tasdiqlangan loyihasidan chetga chiqishga faqat favqulodda vaziyatlarda yo‘l qo‘yiladi.
86-modda. Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma, agar u ilgari rad etilmagan yoki chaqirib olinmagan bo‘lsa yoxud uning amal qilish muddati ushbu Qonun qoidalariga muvofiq uzaytirilmagan bo‘lsa, ruxsatnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan e’tiboran ketma-ket yigirma besh yilgacha muddatga beriladi.
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati yer qa’ridan foydalanuvchining arizasiga ko‘ra bir marta yigirma besh yilgacha muddatga uzaytirilishi mumkin.
87-modda. Uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishga doir talablar
Yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha biror-bir faoliyat boshlanguniga qadar barcha talab qilinadigan ekologik ekspertizalarni o‘tkazadi va xavfsizlik texnikasi sohasidagi barcha zarur bo‘lgan ruxsatnomalarni, shu jumladan davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasini oladi. Bunday ma’qullashlar olingan paytdan e’tiboran besh kun ichida Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etiladi.
Uglevodorodlarni qazib olish:
1) uglevodorodlarning har bir alohida konida yoki bir nechta konda uglevodorodlar zaxiralarining eng ko‘p hajmi qazib olinishi ta’minlanadigan tarzda;
2) ilg‘or qulay texnologiyalardan foydalangan holda va oqilona iqtisodiy prinsiplarga muvofiq;
3) O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va lozim darajadagi neft-gaz amaliyotiga muvofiq amalga oshiriladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarni qazib olishni amalga oshirish chog‘ida quyidagilarni ta’minlashi shart:
1) qazib olishning qo‘llaniladigan texnik vositalarining maqbulligi va xavfsizligini;
2) uglevodorodlarni qazib olishda murakkablikka, uglevodorodlarni qazib olishning iqtisodiy samaradorligi pasayishiga olib keladigan xavfli texnogen jarayonlar ko‘rinishlaridan uglevodorodlar konining muhofaza qilinishini;
3) qazib olingan, shu jumladan neft-gaz operatsiyalari jarayonida yo‘qotilgan yoki foydalanilgan va yer qa’rida qolgan uglevodorodlar zaxiralarining, ularni qayta ishlash mahsulotlarining va qazib olish jarayonida hosil bo‘lgan ishlab chiqarish chiqindilarining to‘g‘ri hisobga olinishini;
4) uglevodorodlarni qazib olish chiqindilarini va qayta ishlash mahsulotlarini omborlarga joylashda hamda joylashtirishda ularning suv olish inshootlari maydonlarida va uglevodorodlar yig‘iladigan joylarda to‘planib qolishining oldini olish maqsadida ekologik hamda sanitariya-epidemiologik talablarga rioya etilishini;
5) qazib olishning qo‘llaniladigan usullari hamda vositalarining normalariga va standartlariga rioya etilishini;
6) konni o‘zlashtirish loyihasida nazarda tutilgan tartibda uglevodorodlar ajratib olinishini.
Uglevodorodlar konini o‘zlashtirish chog‘ida yer qa’ridan foydalanuvchi butun neft-gaz koni bo‘yicha, shuningdek uglevodorodlarning har bir alohida qatlami bo‘yicha qazib olishni, quduqlarning texnologik ishlash rejimini (bosimni, oqim rejimini, qazib olinayotgan yoki har bir quduqqa nasos bilan haydalayotgan uglevodorodlar va boshqa flyuidlar miqdorini), shu jumladan komponentlar tarkibini va qazib olingan uglevodorodlar miqdorini muntazam nazorat qilishi shart. Yer qa’ridan foydalanuvchi har bir alohida quduq bo‘yicha qazib olinayotgan va nasos bilan haydalayotgan uglevodorodlarning umumiy har oylik miqdori hisobini yuritadi.
Uglevodorodlarni qazib olishni turli ruxsatnomalar bo‘yicha amalga oshiradigan yer qa’ridan foydalanuvchilar ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda, qatlam bosimini saqlab turish maqsadida yer qa’ridan foydalanuvchining biri tayyorlagan qatlam suvini boshqa yer qa’ridan foydalanuvchi konining qatlamiga nasos bilan haydashni amalga oshirishi mumkin.
Yer qa’ridan foydalanuvchilar qatlam bosimini saqlab turish maqsadida zarur infratuzilma obyektlariga ega bo‘lgan shaxslarni qo‘shilib chiqqan suvni keyinchalik kon qatlamiga haydashga tayyorlash uchun jalb etishi mumkin.
Uglevodorodlarni qazib olish chog‘ida yer osti suvlarini bir yo‘la ajratib olish qonunchilikka muvofiq beriladigan suvdan maxsus foydalanishga yoki maxsus suv iste’moliga doir ruxsatnomalar olinmagan holda amalga oshiriladi. Bir yo‘la qazib chiqarilgan yer osti suvlaridan (bundan sanoat ahamiyatiga molik yer osti suvlari mustasno) keyinchalik foydalanish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
88-modda. Neft-gaz infratuzilmasi obyektlari
Uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligini yozma shaklda xabardor qiladi va vazirlikning quyidagilarga doir dastlabki ma’qullashini oladi:
1) neft-gaz infratuzilmasi obyektini yoki uning bir qismini o‘rnatishga;
2) neft-gaz infratuzilmasi obyektini dastlabki tarzda foydalanishga topshirish muddatiga;
3) neft-gaz infratuzilmasi obyektining har qanday yirik rekonstruksiyasiga yoki modifikatsiyasiga va obyekt rekonstruksiya yoki modifikatsiyadan keyin o‘z ishini qaytadan boshlaydigan muddatlarga;
4) neft-gaz konini o‘zlashtirish rejasiga muvofiq dastlab neft-gaz infratuzilmasi obyekti qaysi maqsadda tasdiqlangan bo‘lsa, o‘sha maqsadning har qanday o‘zgartirilishiga;
5) belgilangan obyektdan u konni o‘zlashtirish loyihasida dastlab nazarda tutilgan muddatdan ortiqcha foydalanilishiga va belgilangan muddat o‘tganidan keyin uning samarali ishlashini ta’minlash uchun amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlarga;
6) yer qa’ridan foydalanuvchining neft-gaz infratuzilmasi obyektidan foydalanishni tugatish, uni utilizatsiya qilish va tugatish to‘g‘risidagi qaroriga.
Ushbu moddada nazarda tutilgan majburiyatlar uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma olgan yer qa’ridan foydalanuvchilarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
89-modda. Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma doirasida geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirish
Uglevodorodlarni qazib olish davrida yer qa’ridan foydalanuvchilar topilgan konning geologik tuzilmasini va zaxiralarini yoki uglevodorodlar qatlamlarini yanada aniqlashtirish maqsadida yer qa’ri uchastkasida geologik jihatdan o‘rganishni uglevodorodlarni qazib olishga doir amaldagi ruxsatnoma doirasida amalga oshirishga haqli. Konni har qanday bunday geologik jihatdan o‘rganish va geologik jihatdan suratga olish uglevodorodlar konini o‘zlashtirish loyihasiga hamda lozim darajadagi neft-gaz amaliyotiga muvofiq amalga oshiriladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchilar Yer qa’ridan foydalanish markazini o‘zi amalga oshirish niyatida bo‘lgan konni geologik jihatdan o‘rganish to‘g‘risida bunday ishlar boshlanishidan bir hafta oldin yozma shaklda xabardor qiladi. Bunday xabarnomaning shakli qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Agar qazib olish uchastkasida geologik jihatdan o‘rganish davomida yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan yangi qatlam topilgan bo‘lsa, uni baholash konni o‘zlashtirish loyihasiga doir qo‘shimchaga muvofiq amalga oshiriladi.
Yer qa’ri uchastkasida uglevodorodlarning yangi qatlamlari topilganligi uglevodorodlarni qazib olish davrini uzaytirish uchun asos bo‘lmaydi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi bunday ishlarni amalga oshirish tugallanganidan keyin bir oy ichida Yer qa’ridan foydalanish markaziga konni ishlatishga oid biror-bir geologik jihatdan o‘rganish va suratga olish natijalari to‘g‘risidagi barcha axborotni taqdim etadi.
90-modda. Qo‘shilib chiqadigan gazni yoqish va gazni sovuq holida chiqarib yuborish
Qazib olingan uglevodorodlarni yoqishga yoki sovuq holida chiqarib yuborishga faqat zarurat bo‘lgan taqdirda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida yoki uglevodorodlarni baholash jarayonida yoxud uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish jarayonida foydalaniladigan obyektni foydalanishga topshirish chog‘ida yo‘l qo‘yiladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchilar qazib olingan uglevodorodlarni yoqish yoki sovuq holida chiqarib yuborish, shu jumladan yoqilg‘i sifatida yoki uglevodorodlarni chiqarib olishni yaxshilash, chiqarib yuborish uchun nasos bilan haydab kiritish vositasi sifatida foydalanish, saqlash yoki biror bir keragidan ortiqcha uglevodorodlarni maqbul iqtisodiy shartlarda maishiy maqsadlarda foydalanish uchun davlat tasarrufiga berish bo‘yicha barcha oqilona tijoratga yoki foydalanishga oid muqobil imkoniyatlarni ko‘rib chiqishi shart.
Yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarni rejalashtirilgan tarzda yoqish yoki sovuq holida chiqarib yuborish boshlanishidan oldin Yer qa’ridan foydalanish markaziga ariza beradi, shuningdek biror-bir zarur ekologik ekspertiza yuzasidan davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasini yoki boshqa ma’qullashlarni oladi.
Qazib olingan uglevodorodlarni mash’alda yoqish yoki sovuq holida chiqarib yuborishga doir arizada arizani berish sabablari va tegishli neft-gaz infratuzilmasi obyektining tavsifi, shuningdek uglevodorodlarning hajmlari, tarkibi va ularni yoqish yoki sovuq holida chiqarib yuborish muddatlari ko‘rsatiladi.
Yer qa’ridan foydalanish markazi qazib olish bo‘yicha ishlar davomida yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan nasos bilan haydalishi, sovuq holida chiqarib yuborilishi yoki mash’alda yoqilishi lozim bo‘lgan qazib olinayotgan uglevodorodlarning muayyan vaqt davri uchun eng ko‘p hajmlarini belgilaydi. Ushbu hajmlarni belgilashda Yer qa’ridan foydalanish markazi yer qa’ridan foydalanuvchi bilan yaqin hamkorlik qiladi va:
1) kon, uglevodorod qatlamining har bir qatlami bo‘yicha va har bir alohida quduq bo‘yicha nasos bilan haydalishi, chiqarib yuborilishi va mash’alda yoqilishi lozim bo‘lgan qazib olinayotgan uglevodorodlarning umumiy oylik hajmlarini taqsimlaydi;
2) agar konning xususiyatlari haqidagi yangi axborot yoki boshqa holatlar o‘zgacha qoidani talab qilmasa, konni o‘zlashtirish rejasi asoslanadigan qazib olish jadvalini inobatga oladi.
Qazib olingan uglevodorodlarni mash’alda yoqish va sovuq holida chiqarib yuborishga doir talablar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markaziga o‘zining har oylik hisobotlarida uglevodorodlardan foydalanish, ularni nasos bilan haydash, sovuq holida chiqarib yuborish, mash’alga yuborish va yoqishga doir barcha ma’lumotlarni hamda axborotni taqdim etadi.
91-modda. Neft-gaz konini o‘zlashtirishning tasdiqlangan rejasiga o‘zgartirishlar kiritish
Uglevodorodlarni qazib olish ishlari bo‘yicha rejalashtirilayotgan ishlarning turlariga, usullariga va (yoki) texnologiyalariga va (yoki) ishlarni bajarish texnologiyalariga, hajmlariga va muddatlariga o‘zgartirishlar kiritish zarur bo‘lgan, shu jumladan ishlab chiqarish va infratuzilma obyektlari tarkibida biror bir o‘zgarish bo‘lgan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlar konini o‘zlashtirishning tasdiqlangan loyihasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi hamda rejaning o‘zgartirilgan tahririni Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlar konini o‘zlashtirish loyihasidagi o‘zgartirishlarni quyidagi hollarda Yer qa’ridan foydalanish markazi bilan kelishib oladi:
1) uglevodorodlar konini o‘zlashtirishning amaldagi loyihasida nazarda tutilgan qazib olish bo‘yicha ishlar bilan bog‘liq xavf-xatarlar ko‘payganda;
2) qazib olish usullari va (yoki) texnologiyalariga uglevodorodlar konini o‘zlashtirishning amaldagi loyihasida nazarda tutilmagan qo‘shimcha xavf-xatarlar paydo bo‘lishiga olib keladigan o‘zgartirishlar kiritilganda;
3) qazib olish bo‘yicha ishlarga amalga oshirilishi uglevodorodlar konini o‘zlashtirishning amaldagi loyihasida ko‘rsatilgan ekologik va iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishib bo‘lmasligiga olib keladigan o‘zgartirishlar kiritilganda;
4) qazib olish bo‘yicha ishlarga amalga oshirilishi uchun ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasini olish talab qilinadigan va uglevodorodlar konini o‘zlashtirishning amaldagi loyihasida nazarda tutilmagan o‘zgartirishlar kiritilganda;
5) qazib olish bo‘yicha ishlarga tuproq ustki qatlamining butunligi qo‘shimcha ravishda buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlar kiritilganda;
6) uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha asosiy qurilmalarning va (yoki) infratuzilma obyektlarining soni hamda parametrlariga o‘zgartirishlar kiritilganda.
Uglevodorodlar konini o‘zlashtirishning qayta ko‘rib chiqilgan loyihasi Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan bunday o‘zgartirilgan loyiha olingan paytdan e’tiboran yigirma ish kuni ichida ko‘rib chiqilishi lozim.
Yer qa’ridan foydalanish markazi uglevodorodlar konini o‘zlashtirish loyihasini uning to‘liqligi, amalga oshirilishi mumkinligi va taqdim etilgan hujjatlar ushbu Qonunning 85-moddasiga muvofiqligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi.
Uglevodorodlar konini o‘zlashtirish loyihasida kamchiliklar aniqlangan taqdirda, Yer qa’ridan foydalanish markazi arizachidan bunday kamchiliklarni to‘qson kundan oshmaydigan oqilona muddatda bartaraf etishni talab qilishga haqli. Uglevodorodlar konini o‘zlashtirish loyihaga kiritilgan o‘zgartirishlar birorta qo‘shimcha ekologik ekspertiza o‘tkazilishini yoki uning qaytadan ko‘rib chiqilishini talab qilgan hollarda, bunday loyihani tasdiqlash faqat shunday ekologik ekspertiza o‘tkazilganidan va davlat ekologik ekspertizasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.
Ko‘rib chiqish jarayoni yakunlanganidan keyin Yer qa’ridan foydalanish markazi uglevodorodlar konini o‘zlashtirishning o‘zgartirilgan loyihasini tasdiqlash uchun qabul qiladi yoki yer qa’ridan foydalanuvchi rioya etishi zarur bo‘lgan asoslantirilgan shartlarni qo‘yadi.
Uglevodorodlar konini o‘zlashtirishning o‘zgartirilgan loyihasi Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlanguniga qadar ishlarni ushbu loyihaga muvofiq amalga oshirish taqiqlanadi.
92-modda. Uglevodorodlarni qazib olishga doir har yilgi eng kam xarajatlar
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha ushbu moddada va qonunchilik hujjatlarida belgilangan har yilgi eng kam xarajatlarga oid talablarga rioya etishi shart.
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi uchun har yilgi eng kam xarajatlar qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi. Uglevodorodlarni qazib olish uchun har yilgi eng kam xarajatlarning hisob-kitobi O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan va hisobot yilining 1-yanvarida amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdori asosida amalga oshiriladi.
Agar uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma amal qilish muddatining birinchi yoki oxirgi yili to‘liq bo‘lmasa, har yilgi eng kam xarajatlar tegishli yildagi ruxsatnoma amal qilish muddatining har bir to‘liq oyi uchun mutanosib ravishda hisob-kitob qilinadi.
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilishi yil davomida tugagan taqdirda har yilgi eng kam xarajatlar mazkur yildagi ruxsatnoma amal qilish muddatining har bir to‘liq oyi uchun mutanosib ravishda hisob-kitob qilinadi.
Uglevodorodlarni qazib olishga doir har yilgi eng kam xarajatlarga kiritilishi lozim bo‘lgan va lozim bo‘lmagan neft-gaz operatsiyalarining turlari qonunchilikda belgilanadi. Uglevodorodlarni qazib olishga doir eng kam xarajatlarning hisob-kitobi ruxsatnomada ko‘rsatilgan kadastr kvadratlarida qilingan xarajatlarga nisbatangina amalga oshiriladi.
Uglevodorodlarni qazib olish uchun ushbu moddada nazarda tutilgan har yilgi eng kam xarajatlar to‘g‘risidagi majburiyatlar buzilgan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi yetishmayotgan xarajatlarni amalga oshirishi va bu haqda hisobot yilidan keyingi uch oydan kech bo‘lmagan muddatda Yer qa’ridan foydalanish markaziga hisobot taqdim etishi shart. Bunda o‘z majburiyatlari buzilishini bartaraf etish uchun yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan amalga oshirilgan xarajatlar joriy yildagi xarajatlar tarkibiga kiritilmaydi va hisobot yili uchun hisobotda aks ettirilgan deb hisoblanadi.
93-modda. Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning huquqlari
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma yer qa’ridan foydalanuvchiga ruxsatnomaga kiritilgan yer qa’ri uchastkasidan chiqarib olinadigan har qanday turdagi uglevodorodlarni qazib olish va qayta ishlash uchun mutlaq huquq beradi.
Uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha ishlar uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma shartlariga va neft-gaz konini o‘zlashtirishning tasdiqlangan loyihasi qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma yer qa’ridan foydalanuvchiga kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkasi va ruxsatnomaga kiritilgan yer qa’ri uchastkasi doirasida quyidagi huquqlarni beradi:
1) ruxsatnomaga kiritilgan yer qa’ri uchastkasini tijoratbop topilmadan foydalanish sifatini, miqyosini va darajasini aniq baholash uchun qo‘shimcha ravishda geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshirish;
2) qonunchilikka muvofiq uglevodorodlarni tajriba-sanoat usulida qazib olishni amalga oshirish;
3) uglevodorodlar zaxiralarini qaytadan baholash bo‘yicha qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish;
4) uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish;
5) ruxsatnomada ko‘rsatilgan yer qa’ri uchastkasida har qanday turdagi uglevodorodlarni qazib olishni amalga oshirish;
6) uglevodorodlarning qazib olingan hajmlarini tovar mahsulotlari etib va tabiiy gazni chuqur qayta ishlash mahsuloti etib qayta ishlash;
7) qazib olingan uglevodorodlarni transportda tashish, saqlash va realizatsiya qilish;
8) basharti tegishli ruxsatnomalar, kelishuvlar va ma’qullashlar olingan bo‘lsa, uglevodorodlarni qazib olish ishlari, ularni qayta ishlash, transportda tashish bo‘yicha infratuzilma obyektlarini hamda ular bilan bog‘liq boshqa obyektlarni joylashtirish, shu jumladan:
a) uglevodorodlarni qazib olish ishlarini o‘tkazish uchun ruxsatnomada ko‘rsatilgan yer qa’ri uchastkasida infratuzilma obyektlarini qurishni, montaj qilishni, joylashtirishni yoki ko‘chirishni va ulardan foydalanishni amalga oshirish;
b) xodimlar uchun uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha ishlarni samarali o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan vaqtinchalik yoki doimiy inshootlarni va jihozlarni qurishni yoki o‘rnatishni amalga oshirish;
v) biror-bir infratuzilma obyektlarini, shu jumladan qazib olinayotgan uglevodorodlarni, neft mahsulotlarini, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash mahsulotlarini va boshqa mahsulotlarni yuklash, transportda tashish, tushirish, saqlash (doimiy asosda va boshqacha tarzda) hamda qayta ishlash bo‘yicha infratuzilma obyektlarini qurishni, montaj qilishni, joylashtirishni va ulardan foydalanishni, basharti bunday faoliyat uglevodorodlarni qazib olish ishlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lsa, amalga oshirish;
9) basharti ruxsatnomaga kiritilgan yer qa’ri uchastkasi doirasida biror-bir tabiiy gidroenergetika resurslaridan foydalanish uchun tegishli ruxsatnomalar yoki ma’qullashlar olingan bo‘lsa, bunday tabiiy gidroenergetika resurslaridan uglevodorodlarni qazib olishga doir faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan maqsadlar uchun foydalanish;
10) o‘z huquqlaridan ruxsatnoma doirasida, aralashuvlarsiz foydalanish va bu huquqlarni amalga oshirish;
11) zarur bo‘lgan yoki uglevodorodlarni qazib olishga doir ishlar bilan bog‘liq boshqa faoliyatni amalga oshirish.
94-modda. Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning majburiyatlari
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati davomida yer qa’ridan foydalanuvchi:
1) ruxsatnoma berilgan sanadan e’tiboran olti oy ichida uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha ishlarni boshlashi;
2) barcha turdagi neft-gaz operatsiyalarining, shu jumladan qazib olish texnologiyasining barcha qo‘llaniladigan standartlar va normalarga, usullar hamda texnologiyalarga, shuningdek tegishli neft-gaz amaliyotiga muvofiq bo‘lishini ta’minlashi;
3) neft-gaz operatsiyalarining uglevodorodlar konini o‘zlashtirishning amaldagi tasdiqlangan loyihasiga jiddiy muvofiq bo‘lishini ta’minlashi;
4) uglevodorodlar konini o‘zlashtirishning amaldagi loyihasi o‘zgartirilgan taqdirda Yer qa’ridan foydalanish markaziga uglevodorodlar konini o‘zlashtirishning yangilangan loyihasini taqdim etishi;
5) uglevodorodlarni qazib olishga doir butun faoliyatni va yer qa’ri uchastkasidan qandaydir boshqacha tarzda qonuniy ravishda foydalanishni ijtimoiy yoki xususiy manfaatlarning oqilona vositalar bilan oldini olish mumkin bo‘lgan buzilishiga olib kelmasligini ta’minlash maqsadida uglevodorodlar qazib olinishini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan chora-tadbirlar orqali cheklashi;
6) uglevodorodlarning mumkin qadar ko‘proq chiqarib olinishini ta’minlash maqsadida uglevodorodlar qatlamining mahsuldorligi va uglevodorod konining o‘zlashtirilishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirishi;
7) yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatga nisbatan amaldagi qonunchilikda belgilangan barcha talablarga tizimli va doimiy ravishda rioya etilishini ta’minlash uchun mo‘ljallangan tegishli boshqaruv tizimini yaratishi, joriy etishi hamda muntazam yangilab turishi va ularning ijrosi ustidan nazoratni ta’minlashi;
8) ushbu Qonunning 92-moddasida nazarda tutilgan uglevodorodlarni qazib olishga doir har yilgi eng kam xarajatlarni amalga oshirishi;
9) neft-gaz operatsiyalarining barcha turlari uchun sug‘urta polislarini olishi hamda amalga oshirilayotgan neft-gaz operatsiyalarining xususiyatini va turlarini hisobga olgan holda doimiy asosda yangilab turishi hamda limitlarning, chegirib tashlanadigan franshizlarning va tegishli sug‘urta qoplamasi boshqa shartlarining odatda mazkur neft-gaz sohasida qo‘llaniladigan amaliyotga muvofiq bo‘lishini ta’minlashi;
10) amaldagi qonunchilikka hamda tegishli neft-gaz amaliyotiga va tegishli asbob-uskunaning ishlab chiqaruvchisi tomonidan taqdim etilgan yo‘riqnomalarga muvofiq qayta ishlash, tijorat maqsadida hisobga olish va soliq solish maqsadlari uchun uglevodorodlarning aniq hisobini, o‘lchovini yuritishi va sinovlarini o‘tkazishi;
11) qazib olingan uglevodorodlarning, qazib olish chog‘ida hosil bo‘lgan chiqindilarning ishonchli hisobini yuritishi, shu jumladan o‘zlashtirish bo‘yicha har kungi ish jurnallarini va qazib olingan mahsulotni, uning yuklab jo‘natilishini, asbob-uskunalar yetkazib berilishi va yuklab jo‘natilishini, avariyalarni va obyektlarga tashrif buyuruvchilarni hisobga olish reyestrlarini yuritishi;
12) uglevodorodlarni qazib olish ishlarining barcha jihatlari to‘g‘risida ushbu Qonun qoidalariga va boshqa qo‘llaniladigan qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligini hamda istalgan boshqa vakolatli organni xabardor qilishi;
13) ushbu Qonunning 97 va 98-moddalarida belgilangan hisobotlar bo‘yicha majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishi;
14) tasdiqlangan ekologik va ijtimoiy boshqaruv rejasini amalga oshirishi, shuningdek vaqti-vaqti bilan uni qayta ko‘rib chiqishi va yangilashi, shu jumladan monitoring o‘tkazishi hamda hisobdorlikka rioya etishi;
15) chiqindilarni saqlash va utilizatsiya qilishda ekologik talablarga rioya etishi;
16) uglevodorodlarni qayta ishlash va realizatsiya qilishni tartibga soluvchi qonunchilik talablariga rioya etishi;
17) neft-gaz qurilmalarini foydalanishdan chiqarishni va uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaga kiritilgan yer uchastkasini tiklashni amalga oshirish uchun foydalanishdan chiqarish fondiga ushbu Qonunning 15-bobiga muvofiq chegirmalarni amalga oshirishi;
18) ushbu Qonunning 16-bobiga muvofiq mahalliy tovarlar va xizmatlarni xarid qilish rejasini amalga oshirishi;
19) ushbu Qonunning 16-bobiga muvofiq mahalliy kadrlar uchun ishga yollash, o‘qitish va xizmatda ko‘tarilish rejasini amalga oshirishi;
20) ushbu Qonunning 16-bobiga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq, tasdiqlangan o‘quv dasturlarini amalga oshirishi hamda mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi va xodimlar sihat-salomatligiga doir normalarga, shuningdek avariyalarga va favqulodda vaziyatlarga shaylikni ta’minlashga hamda ularning oqibatlarini tugatishga doir chora-tadbirlarga rioya etishi;
21) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq korrupsiyaga qarshi xulq-atvor kodeksini amalga kiritishi va unga rioya etilishini ta’minlashi;
22) davriy hamda tanlab tekshirishlar va (yoki) auditlar o‘tkazishi;
23) yer qa’ridan foydalanganlik uchun barcha soliqlarni, yer solig‘ini, bojxona bojlarini, to‘lovlarini, yig‘imlarini hamda nizo predmeti bo‘lmagan soliqlarni o‘z vaqtida va ishonchli tarzda deklaratsiyalashi hamda to‘lashi;
24) barcha tegishli vakolatli organlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bilan ushbu Qonun va boshqa biror bir qo‘llaniladigan qonunchilik qoidalariga rioya etish maqsadida hamkorlik qilishi shart.
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
95-modda. Uglevodorodlarni qazib olishni birgalikda amalga oshirish
Agar tijoratbop topilmani o‘z ichiga olgan biror bir uglevodorodlar koni qisman uglevodorodlarni qazib olishga doir bitta ruxsatnomaga kiritilgan yer qa’ri uchastkasi doirasida va qisman uglevodorodlarni qazib olishga doir boshqa ruxsatnomaga taalluqli o‘zga yer qa’ri uchastkasi doirasida joylashgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bunday yer qa’ridan foydalanuvchilarga uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni amalga oshirish maqsadida birgalikda o‘zlashtirish to‘g‘risida o‘zaro shartnoma tuzish zarurati to‘g‘risida yozma shaklda so‘rov yuborishi mumkin.
Yer qa’ri uchastkasini birgalikda o‘zlashtirish to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomalarda ko‘rsatilgan yer qa’ri uchastkalariga tegishli konni o‘zlashtirishning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash va uglevodorodlarning yanada samaraliroq hamda maqbullashtirilgan holda qazib olinishini ta’minlash maqsadida yaxlit yer qa’ri uchastkasi sifatida qaraladi.
Agar yer qa’ridan foydalanuvchilar ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan yozma xabar olingan paytdan e’tiboran o‘n sakkiz oy ichida birgalikda o‘zlashtirish to‘g‘risidagi shartnoma shartlarini kelishib olmasa, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi birgalikda o‘zlashtirish to‘g‘risidagi kelishuv shartlari xususida qaror qabul qilishi mumkin.
Ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan masalalar qatorini cheklamagan holda birgalikda o‘zlashtirish to‘g‘risidagi shartnomada:
1) konni birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladigan yer qa’ri uchastkasi belgilanadi;
2) birgalikda o‘zlashtirish to‘g‘risidagi shartnoma doirasida har bir yer qa’ridan foydalanuvchining ishtirok etish ulushi ko‘rsatiladi;
3) yer qa’ridan foydalanuvchilar o‘rtasida birgalikda foydalaniladigan ishlab chiqarish obyektlari, infratuzilma obyektlari va yordamchi tizimlar, shu jumladan elektr energiyasi, asbob-uskunalar hamda materiallar sanab o‘tiladi;
4) birgalikda o‘zlashtirish va qazib olish bilan bog‘liq neft-gaz operatsiyalarining turlari, shu jumladan tegishli ishlar dasturlari va budjetlar nazarda tutiladi;
5) qarorlar qabul qilish jarayoni yozib qo‘yiladi;
6) uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha joriy birgalikdagi ishlarga rahbarlik qiladigan operatorni tayinlash tartib-taomili nazarda tutiladi hamda uning iste’foga chiqishi va almashtirilishi tartibi belgilanadi;
7) qazib olingan uglevodorodlar hajmlarini yer qa’ridan foydalanuvchilar o‘rtasida bo‘lish va taqsimlash tartibi, shu jumladan soliq solishga oid tegishli masalalar belgilanadi;
8) to‘lovlarni to‘lamaganlikka, shartnomani uzaytirishga, o‘tkazishga, rad etishga va bekor qilishga, shuningdek neft-gaz infratuzilmasi obyektlarini foydalanishdan chiqarishga doir qoidalar yozib qo‘yiladi.
Ushbu moddaning oltinchi qismini inobatga olgan holda, uglevodorodlar konini birgalikda o‘zlashtirish amalga oshirilgan taqdirda, Yer qa’ridan foydalanish markazi o‘zi maqsadga muvofiq deb topgan tegishli ruxsatnomalarni uglevodorodlar konini rejalashtirilayotgan birgalikda o‘zlashtirishni inobatga olgan holda qayta rasmiylashtiradi.
Birgalikda o‘zlashtirish to‘g‘risidagi shartnoma taraflari birgalikda o‘zlashtirish to‘g‘risidagi shartnoma Yer qa’ridan foydalanish markazida ma’qullanganidan keyin uglevodorodlar konini o‘zlashtirishning yangi loyihasini tuzishi va tasdiqlash uchun taqdim etishi shart bo‘lib, unda birgalikda o‘zlashtirish zarurati hamda samaradorligi, shuningdek uni amalga oshirish sxemasi asoslab beriladi.
Birgalikda o‘zlashtirish to‘g‘risidagi shartnomadagi har qanday o‘zgartirish Yer qa’ridan foydalanish markazi bilan oldindan kelishib olishni talab qiladi.
96-modda. Yer qa’rining chegaraoldi uchastkalarida uglevodorodlarni qazib olish
Yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish natijasida yer qa’rining chegaraoldi uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan va chegaradosh davlat hududiga qadar yastangan uglevodorodlar qatlamlarini (qatlamlari majmuini) topgan taqdirda, u Yer qa’ridan foydalanish markazini va O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligini bu haqda zudlik bilan yozma yoki elektron shaklda xabardor qilishi shart.
Topilgan uglevodorodlar qatlamining (qatlamlari majmuining) bir qismi qaysi davlatning yer qa’rida joylashgan bo‘lsa, o‘sha davlat bilan O‘zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalari mavjud bo‘lmagan taqdirda, Yer qa’ridan foydalanish markazi bunday davlat bilan kelishuvga erishilguniga qadar yer qa’rining chegaraoldi uchastkasida uglevodorodlarni qazib olishga doir ishlarni to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli.
Yer qa’ridan foydalanish markazi yer qa’rining chegaraoldi uchastkasida uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha ishlarni to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida bu haqda yer qa’ridan foydalanuvchini yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi hamda o‘ttiz kalendar kuni ichida O‘zbekiston Respublikasi va qo‘shni davlat o‘rtasida yer qa’rining chegaraoldi uchastkasida joylashgan uglevodorodlar konini o‘zlashtirish tartibi va shartlarini tartibga soladigan xalqaro shartnomani ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqadi.
Yer qa’rining chegaraoldi uchastkasida uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha ishlarni to‘xtatib turish to‘g‘risida Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan qaror qabul qilingan taqdirda, uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati ishlarni qayta tiklash uchun ruxsatnoma berilguniga qadar to‘xtatib turilgan deb hisoblanadi.
97-modda. Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma doirasidagi hisobdorlik
Uglevodorodlarni qazib olishga doir barcha ishlar uglevodorodlar bo‘yicha hisobotlarda hujjatlashtiriladi.
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga quyidagi hisobotlarni taqdim etadi:
1) agar uglevodorodlar yer qa’ri uchastkasidan chiqarib olinayotgan bo‘lsa:
a) tegishli kun tugaganidan keyin ikki kundan kechiktirmay — har bir kun uchun uglevodorodlarni qazib olish to‘g‘risidagi har kungi hisobotni;
b) uglevodorodlarni amalda qazib olish boshlanganidan keyin har bir oy tugaganidan keyin o‘n kundan kechiktirmay — qazib olish to‘g‘risidagi har oylik hisobot o‘tgan oydagi qazib olishga doir ishlar haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan holda;
2) har bir chorak tugaganidan keyin o‘ttiz kun ichida:
a) uglevodorodlar konining mahsuldorligi to‘g‘risidagi har choraklik hisobot;
b) o‘tgan chorakdagi qazib olingan uglevodorodlarni realizatsiya qilish to‘g‘risidagi hisobot.
Yer qa’ridan foydalanuvchi uglevodorodlarni qazib olish ishlari boshlangan oydan e’tiboran har bir yil tugaganidan keyin o‘ttiz kundan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga yillik hisobot taqdim etadi, unda quyidagilar nazarda tutiladi:
1) o‘tgan yilda yer qa’ri uchastkasida amalga oshirilgan uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha barcha turdagi umumiy ishlarning tavsifi, har bir qatlam yoki uning qismi bo‘yicha uglevodorodlar zaxiralarining, shuningdek har bir topilgan obyekt bo‘yicha uni yer qa’ri uchastkasida o‘zlashtirish uchun uglevodorodlar hajmlarining dastlabki hisob-kitobi;
2) uglevodorodlarni qazib olish hajmlariga (qazib olish chog‘idagi yo‘qotishlarni qo‘shgan holda) doir ma’lumotlar, shu jumladan uglevodorodlar konini boshqarish va uni o‘zlashtirish samaradorligini ta’minlashga doir dolzarb ma’lumotlar;
3) uglevodorodlarni qazib olish, yuklab jo‘natish va realizatsiya qilish uchun xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
4) xarid qilingan tovarlar, ishlar va xizmatlar to‘g‘risidagi, shuningdek ularning tarkibidagi mahalliy tovarlar, ishlar va xizmatlar ulushi haqidagi, shu jumladan mahalliy ishchi kuchini o‘qitish va ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
5) qonunchilik talablariga muvofiq boshqa ma’lumotlar.
Uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga maxsus hisobotlarni ham taqdim etadi:
1) uglevodorodlarni qazib olish jarayonida foydalaniladigan infratuzilma obyektining qurilishi tugallanganda;
2) infratuzilma obyekti o‘zgartirilganda yoki modifikatsiya qilinganda;
3) quduq ichida asbob-uskunalar o‘rnatilganda yoki o‘zgartirilganda;
4) qatlam bosimini, uglevodorodlarning qatlami xususiyatlarini yoki oqimi xususiyatlarini aniqlash maqsadida foydalaniladigan quduqning sinovlari o‘tkazilganda;
5) foydalaniladigan yoki chiqarib olish quduqlari tugallanganda va tugatilganda.
Agar uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi rekognossirovka qilish ishlarini yoki uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha ishlarni amalga oshirayotgan bo‘lsa, u tegishincha ushbu Qonunning 69 va 80-moddalarida nazarda tutilgan hisobotlarni taqdim etadi.
Har bir bunday hisobotning shakli va mazmuni qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
98-modda. Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma doirasidagi yakuniy hisobot
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar ruxsatnomaning amal qilishi tugagan kundan e’tiboran uch oy ichida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga ruxsatnoma amal qilgan butun davr uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan shakl bo‘yicha yakuniy hisobot taqdim etishi shart.
Yakuniy hisobot uglevodorodlar bo‘yicha yillik hisobotlar to‘plamini o‘z ichiga oladi, shuningdek quyidagilarni tavsiflaydi:
1) qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning natijalarini, shu jumladan qazib olingan uglevodorodlarning, ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarining hamda tabiiy gazni chuqur qayta ishlash mahsulotlarining tonnadagi og‘irligi, hajmlari, tarkibi, salmog‘i va qiymati haqidagi ma’lumotlarni;
2) olib chiqilgan chiqindilarning tonnadagi og‘irligi va hajmi hamda ularni utilizatsiya qilish usullari haqidagi ma’lumotlarni;
3) xarajatlar, chiqimlar va ishga joylashtirilgan xodimlar haqidagi batafsil ma’lumotlarni;
4) rejalarda hamda tegishli masshtabdagi kesimlarda aks ettirilgan, yer qa’ri uchastkasida joylashgan uglevodorodlarning qolgan zaxiralari va resurslarining dastlabki hisobini;
5) mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi masalalarini, shuningdek ruxsatnoma doirasida amalga oshirilayotgan qazib olish va qayta ishlash bilan bog‘liq ekologik masalalarni, shu jumladan biror-bir sodir bo‘lgan jiddiy avariyalar va baxtsiz hodisalarning turi hamda sonini;
6) foydalanishdan chiqarish rejasiga va yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish rejasiga muvofiq yer uchastkasini tiklash bo‘yicha, yer uchastkasining uzil-kesil tiklanishini ta’minlovchi amalga oshirilgan hamda rejalashtirilayotgan chora-tadbirlarni;
7) uglevodorodlarni qazib olish ishlari jarayonida yer qa’ridan foydalanuvchi qilgan umumiy xarajatlarni.
99-modda. Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarga beriladigan kafolatlar
Yangi konni o‘zlashtirishda uglevodorodlarni qazib oluvchi yer qa’ridan foydalanuvchilarga ushbu moddaning ikkinchi qismi hisobga olingan holda quyidagilar kafolatlanadi:
1) qazib olingan uglevodorodlarning bir qismini tegishli davlat organlari yoki davlat korxonalari tomonidan alohida kelishuvlarga muvofiq xarid qilish;
2) uglevodorodlarni transportda tashish va qayta ishlash obyektlariga hamda yer qa’ri uchastkasida qazib olingan uglevodorodlarning barcha hajmlari uchun boshqa tegishli infratuzilmaga kirish;
3) qazib olingan tabiiy gazning bir qismini taraflarning manfaatdor emasligi prinsipiga ko‘ra xalqaro bozor narxlari bo‘yicha alohida kelishuvlarga muvofiq uchinchi shaxslarga eksport qilish huquqi.
Fors-major holatlari yuzaga kelgan taqdirda ushbu kafolatning taqdim etilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq har qanday sodir bo‘lgan hodisa tugaguniga qadar to‘xtatib turilishi mumkin. Ushbu modda maqsadlari uchun fors-major holatlari deganda ruxsatnoma egasi va (yoki) biror bir vakolatli davlat organlari nazoratidan tashqarida bo‘lgan va kutilmagan yoki oldindan aytib bo‘lmaydigan har qanday favqulodda hodisa tushuniladi.
Bunday hodisa jumlasiga faqat zilzilalar kabi tabiiy ofatlar, e’lon qilingan yoki e’lon qilinmagan urushlar, xorijiy davlatlar bilan harbiy harakatlar, bosqinlar, ommaviy tartibsizliklar, o‘ta sovuq ob-havo sharoitlari hamda umumiy ish tashlashlar singari keng ko‘lamli fuqarolar tartibsizliklari kirishi mumkin.
10-bob. Yer ostida saqlash
100-modda. Yer ostida saqlash uchun foydalanish mumkin bo‘lgan yer qa’ri makoni
Geotexnik, geologik, iqtisodiy va ekologik omillarni hisobga olgan holda, ishlab chiqarish, ilmiy yoki boshqa faoliyat obyektlarini joylashtirish uchun muhit sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan yer qa’rining uch o‘lchamli makonga oid xususiyati yer ostida saqlash uchun foydalanish mumkin bo‘lgan yer qa’ri makonidir.
Tabiiy yoki sun’iy ravishda yaratilgan yer qa’ri bo‘shliqlari, shuningdek odamlarning turishi, ishlab chiqarish obyektlarini, ilmiy va boshqa faoliyat obyektlarini joylashtirish uchun muhit sifatida foydalanishga yaroqli bo‘lgan boshqa yer qa’ri uchastkalari yer qa’ri makoni obyektlari bo‘lishi mumkin.
Yer qa’ri makoni uchastkasi doirasida joylashgan boshqa yer qa’ri resurslari, shu jumladan foydali qazilmalar ushbu uchastkaning tarkibiy qismi deb tan olinmaydi.
101-modda. Yer ostida saqlash uchun yer qa’ri makonining hududlari
Tabiiy geologik sharoitlari foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda foydalanish imkonini beradigan yer qa’ri makoni aniq maqsadga yo‘naltirilgan geologiya-qidiruv ishlarining natijalari bo‘yicha, shuningdek mavjud geologik materiallarning tahliliga ko‘ra tanlanadi.
Tanlangan yer qa’ri makoni uchastkasining geologik materiallari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkaziladi.
Foydali qazilmalar koni joylashgan kadastr kvadratlari, shuningdek xo‘jalik yer osti ichimlik suvlari kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkasida joylashgan kadastr uchastkalari yer ostida saqlash uchun foydalanishga berilishi mumkin emas.
Yer qa’ri makoni uchastkasini foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda foydalanish uchun tanlashning asoslanganligi to‘g‘risidagi qaror Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.
Yer ostida saqlash uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan kadastr kvadratlari davlat yer qa’ri fondi kadastrida hisobga olinishi kerak. Bunday kadastr kvadratlari ham, agar boshqacha qoida ko‘rsatilmagan va ruxsat etilmagan bo‘lsa, ochiq bo‘lishi kerak.
102-modda. Saqlash uchun yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma
Ushbu Qonunning 101-moddasiga muvofiq ajratilgan ayrim yer qa’ri uchastkalari ushbu Qonunda belgilangan tartibda saqlash uchun geologik jihatdan o‘rganishga berilishi mumkin.
Saqlash uchun geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma vakolatli shaxslarga “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipiga ko‘ra qirqta ochiq chegaradosh kadastr kvadratlari uchun beriladi.
Saqlash uchun yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma olish uchun vakolatli shaxs Yer qa’ridan foydalanish markaziga ariza beradi, unda quyidagi axborot ko‘rsatiladi:
1) arizachining davlat ro‘yxatiga olinganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga muvofiq to‘liq nomi;
2) arizachi vakolatli shaxs ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
3) so‘ralayotgan ochiq kadastr kvadratlari to‘g‘risidagi batafsil axborot, shu jumladan ular joylashgan yer va koordinatalar ko‘rsatilgan holdagi tegishli masshtabdagi xarita;
4) tegishli yer qa’ri uchastkasini o‘rganish zarurligining asoslari mavjud bo‘lgan geologik jihatdan o‘rganish loyihasi;
5) zarur bo‘lgan ekologik ekspertiza o‘tkazilguniga va davlat ekologik ekspertizasining hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasi olinguniga qadar biror-bir faoliyatni boshlamaslik majburiyati ko‘rsatilgan xat.
Saqlash uchun yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berishga oid arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Yig‘im summasi qaytarilmaydi.
Yer qa’ridan foydalanish markazi, agar arizachi ushbu moddada nazarda tutilgan talablarni bajarmagan bo‘lsa, shuningdek agar uning geologik jihatdan o‘rganish loyihasida yer qa’ri makonini o‘rganish va undan foydalanish zarurligi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, saqlash uchun yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berishni rad etishga haqli.
Yer qa’ridan foydalanish markazining saqlash uchun yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma berishni rad etishi asoslantirilgan bo‘lishi va ushbu Qonun hamda qonunchilik hujjatlari qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Saqlash uchun yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma davlat yer qa’ri fondi kadastrida hisobga olinishi lozim.
103-modda. Yer ostida saqlash uchun yer qa’ri makonidan foydalanishga doir ruxsatnoma
Yer ostida saqlash uchun yer qa’ri makonidan foydalanishga doir ruxsatnoma foydali qazilmalar konlari mavjud bo‘lmagan yoki foydali qazilmalarning, shu jumladan noruda foydali qazilmalarning kam ahamiyatli resurslari mavjud bo‘lgan yer qa’ri uchastkasidan foydalanish uchun beriladi.
Yer ostida saqlash uchun yer qa’ri makonidan foydalanishga doir ruxsatnoma faqat yuridik shaxslarga “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipiga ko‘ra beriladi. Ustuvorlik tegishli kadastr kvadratlarida saqlash uchun yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishni amalga oshiruvchi yer qa’ridan foydalanuvchiga beriladi.
Manfaatdor shaxs yer ostida saqlashga doir ruxsatnomani olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga, uglevodorodlarni saqlashni yoki boshqa yer ostida saqlashning turlarini amalga oshirishni rejalashtirayotgan shaxs esa Yer qa’ridan foydalanish markaziga ariza beradi.
Arizada quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:
1) arizachining davlat ro‘yxatiga olinganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga muvofiq to‘liq nomi;
2) arizachi vakolatli yuridik shaxs ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
3) saqlash uchun yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomada ko‘rsatilgan ochiq kadastr kvadratlari yoki arizachi tomonidan so‘ralayotgan ochiq kadastr kvadratlari bo‘yicha batafsil axborot, shu jumladan ularning joylashgan yeri va koordinatalari ko‘rsatilgan tegishli masshtabdagi xarita;
4) yer osti inshooti obyektining tavsifini, uning izolyatsiyasi tavsifini, tog‘ jinslarining turini, kollektor qatlamining joylashish chuqurligini va samarali quvvatini, uning maydonini, g‘ovaklilik koeffitsiyentini, to‘shalgan va suvga bardoshli to‘suvchi qatlamning tavsifini, yer osti suvlarining tabiiy oqimi tezligini, sifat va miqdor ko‘rsatkichlarini, ko‘mib tashlash, to‘plash va oqizib yuborishning konchilik texnik, maxsus muhandislik-geologik, gidrogeologik va ekologik shart-sharoitlarini o‘z ichiga olgan geologik hisobot;
5) zararli, zaharli moddalar, qattiq va suyuq holdagi chiqindilarning, oqova va sanoat suvlarining mahsulot nomi ko‘rsatilgan tavsiflari, ushbu mahsulot hosil bo‘ladigan texnik ishlab chiqarish yoki jarayon, uning fizikaviy tavsifi, to‘liq kimyoviy tarkibi, zaharli komponentlar, yong‘in xavfi, portlash xavfi mavjudligi, eruvchanligi, saqlash chog‘ida boshqa moddalar bilan bir-biriga mosligi, asosiy ifloslantiruvchi radionuklidlar, ularning faolligi, shuningdek transportda tashish tizimining xususiyatlari;
6) Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasining so‘ralayotgan yer qa’ri uchastkasidan ko‘rsatilgan maqsadga muvofiq foydalanish uchun uni tanlashning asosli ekanligi to‘g‘risidagi qarori;
7) davlat ekologiya va sanitariya-epidemiologik ekspertizalaridan o‘tgan yer ostida saqlash loyihasi;
8) yer ostida saqlash loyihasiga muvofiq arizachining moliyaviy, kasbiy va texnik qobiliyati hamda imkoniyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
9) yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish rejasi;
10) arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.
Arizani ko‘rib chiqish va yer qa’ridan foydalanishga doir ruxsatnomani berish jarayoni yigirma kunlik muddatdan oshmasligi kerak.
Yer ostida saqlashga doir ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im qonunchilik hujjatlarda belgilanadi. Yig‘im summasi qaytarilmaydi.
Arizani ko‘rib chiqish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Yer qa’ridan foydalanish markazi qo‘llaniladigan holga qarab, arizachining yer ostida saqlash bo‘yicha taklif etilayotgan faoliyatni amalga oshirish uchun moliyaviy, kasbiy va texnik imkoniyatlari hamda qobiliyatini, shuningdek yer ostida saqlashning to‘liqligi, bajarilishi mumkinligi va ushbu moddaga muvofiqligi nuqtai nazaridan texnik va foydalanishga oid jihatlarini ko‘rib chiqadi.
Ushbu modda to‘rtinchi qismining 7-bandiga muvofiq taqdim etilgan yer ostida saqlash loyihasida kamchiliklar aniqlangan hollarda Yer qa’ridan foydalanish markazi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi tegishli hollarda arizachidan kamchiliklarni oqilona muddatda bartaraf etishni talab qilishi mumkin.
Bunday so‘rov olinganidan keyin arizachi o‘z arizasini chaqirib olishga, unga o‘zgartirishlar kiritishga yoki o‘zgartirishlar kiritishning maqsadga muvofiq emasligi haqida yozma tushuntirish taqdim etishga haqli. Agar arizachi o‘z arizasiga o‘zgartirishlar kiritsa yoki unga o‘zgartirishlar kiritishning maqsadga muvofiq emasligi haqida yozma tushuntirish taqdim etsa, davlat organi bunday javobni ko‘rib chiqadi va yigirma kun ichida o‘z javobini beradi.
Arizachi o‘z nuqtai nazarini bayon etish uchun eshituv o‘tkazilishini so‘rashga haqli, davlat organi esa asoslash bo‘yicha savollarga javob olish uchun arizachining shaxsan hozir bo‘lishini talab qilish huquqiga ega. Bu holda Yer qa’ridan foydalanish markazi arizachining vajlarini ko‘rib chiqish uchun o‘n besh ish kuni ichida arizachi va tegishli davlat organi ishtirokida eshituv o‘tkazadi. Davlat organi o‘sha paytda ma’lum bo‘lishi mumkin bo‘lgan va ushbu moddada tavsiflangan jarayon doirasida uni dastlabki ko‘rib chiqishda kiritilmagan yangi masalalarni ko‘tarish huquqiga ega emas. Ushbu qismda bayon etilgan jarayon O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi yoki Yer qa’ridan foydalanish markazi, qo‘llaniladigan holga qarab, ruxsatnomani tasdiqlashga tayyor bo‘lguniga yoki arizachi o‘z talabnomasini uzil-kesil chaqirib olguniga qadar bir necha marta qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi yoki Yer qa’ridan foydalanish markazi, agar ariza yoki unga ilova qilingan hujjatlar ushbu moddada nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo‘lmasa, yer ostida saqlashga doir ruxsatnoma berishni rad etishga haqli.
Yer ostida saqlashga doir ruxsatnoma berish chog‘ida davlat yer qa’ri fondi kadastriga tegishli hisobga olish yozuvi kiritiladi.
104-modda. Yer ostida saqlashga doir ruxsatnomalarning amal qilish muddati
Saqlash uchun geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma ikki yildan oshmaydigan muddatga beriladi. Saqlash uchun geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati ushbu Qonunning 110-moddasida bayon etilgan tartib-taomilga muvofiq bir marta ikki yilga uzaytirilishi mumkin.
Yer ostida saqlashga doir ruxsatnoma yigirma besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.
Yer ostida saqlashga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati ushbu Qonunning 110-moddasida nazarda tutilgan tartib-taomilga muvofiq, ruxsatnomaning dastlabki amal qilish muddatidan oshmaydigan davrga bir necha marta uzaytirilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan yer ostida saqlashga doir ruxsatnoma berilgan taqdirda, ushbu vazirlik ushbu Qonunning 11-bobiga muvofiq Yer qa’ridan foydalanish markazi vazifasini bajaradi.
105-modda. Yer ostida saqlash loyihasi
Yer ostida saqlash loyihasi yer qa’ri makonidan foydalanish shartlari va parametrlarini belgilaydi.
Yer ostida saqlash loyihasini tuzishga doir yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi.
Yer ostida saqlash loyihasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1) yer qa’ri makonidan foydalanish maqsadi;
2) so‘ralayotgan yer qa’ri uchastkasidan foydalanish muddati;
3) obyektning tavsifi;
4) saqlanishi lozim bo‘lgan mahsulotlarning, shu jumladan ehtimoldagi biror-bir xavfli yoki zaharli moddalar, qattiq yoki suyuq holdagi chiqindilar va texnik suvlarning tavsifi — mahsulotning, texnologiyaning yoki mahsulot hosil bo‘ladigan jarayonning nomi, uning fizikaviy tavsiflari, to‘liq kimyoviy tarkibi va biror-bir zaharli komponentlar mavjudligi, eruvchanligi, saqlash chog‘ida boshqa moddalar bilan mos kelishi, asosiy va biror-bir ifloslantiruvchi radionuklidlar hamda ularning faolligi ko‘rsatilgan holda;
5) taklif etilayotgan yer qa’ridan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan saqlashning geotexnik sharoitlari, bosim, yong‘in xavfi, portlash xavfi, yer osti suvlarining ifloslanganligi, cho‘kish hamda transportda tashish tizimining tavsifi.
Yer ostida saqlash loyihasining shakli va uni tuzish uchun maxsus shartlar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Yer ostida saqlash loyihasidagi har qanday o‘zgartirishlar davlat ekologik va sanitariya-epidemiologik ekspertizalaridan o‘tkazilishi lozim.
106-modda. Yer ostida saqlashga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
Yer ostida saqlash uchun geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomasiz yoki yer ostida saqlashga doir ruxsatnomasiz yer ostida saqlash uchun yer qa’ri makonidan foydalanish taqiqlanadi.
Yer ostida saqlash uchun geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi zarur ekologik ekspertizani o‘tkazganidan va davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasini olganidan keyin ushbu Qonunning 102-moddasiga muvofiq taqdim etilgan geologik jihatdan o‘rganish loyihasida nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirishga haqli.
Yer ostida saqlashga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi quyidagilarni ta’minlashi shart:
1) qo‘llaniladigan texnik vositalarning maqbulligi va xavfsizligini;
2) yer qa’ri xavfli texnogen jarayonlarning ko‘rinishlaridan muhofaza qilinishini;
3) qattiq, suyuq holdagi va radioaktiv chiqindilarni, zararli zaharli moddalarni saqlash yoki ko‘mib tashlashda, oqova suvlarni, sanoat suvlarini va texnik suvlarni oqizib yuborishda (nasos bilan haydashda) ishonchli hisobga olishni;
4) geologik axborotning, shu jumladan laboratoriya tadqiqotlari hamda tahlillarining to‘g‘riligini va but saqlanishini.
Saqlash bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatishga doir o‘z rejasini tuzish, yangilash va unga amal qilish yuzasidan ushbu Qonunning 15-bobi talablariga rioya etishi shart.
Yer ostida saqlashga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ri uchastkasidan quyidagi ishlarni amalga oshirish uchun foydalanish huquqiga ega:
1) neft va gaz, gaz va neft mahsulotlarining yer osti omborlarini joylashtirish hamda ulardan foydalanish;
2) qattiq, suyuq holdagi va radioaktiv chiqindilarni, zararli zaharli moddalarni saqlash yoki ko‘mib tashlash, yer qa’riga oqova suvlarni, konchilik faoliyati chiqindilarini, sanoat ahamiyatidagi suvlarni va texnik suvlarni oqizib yuborish (nasos bilan haydash) uchun yer osti inshootlarini joylashtirish va (yoki) ulardan foydalanish;
3) yer osti suvlarining zaxiralarini sun’iy ravishda to‘ldirish uchun yer qa’riga suvni nasos bilan haydab kiritish, shu jumladan shu maqsadlar uchun mo‘ljallangan yer osti inshootlarini qurish va (yoki) ulardan foydalanish.
Ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan ishlarning turlari yer ostida saqlashning tasdiqlangan rejasiga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
107-modda. Yer ostida saqlash bo‘yicha hisobdorlik
Yer ostida saqlash bo‘yicha ishlarning butun jarayoni yer ostida saqlash rejasida batafsil tavsiflangan holda hujjatlashtiriladi.
Yer qa’ri makonidan foydalanishda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga yoki Yer qa’ridan foydalanish markaziga yer ostida saqlash loyihasi talablarining bajarilishi to‘g‘risidagi hamda yer qa’ri makonida joylashtirilgan obyektning holati va unda kuzatilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risidagi hisobotlar taqdim etiladi.
Bunday hisobotlarning shakli va mazmuni qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
11-bob. Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomalar bo‘yicha asosiy qoidalar
108-modda. Bir hududda turli yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan yer qa’ridan foydalanish
Yer qa’rining turli foydalanuvchilari, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ayni bir kadastr kvadratlari (bundan buyon matnda birlashtirilgan hudud deb yuritiladi) doirasida yer qa’ridan foydalanish ishlarini amalga oshirishga haqli emas.
Yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqiga doir ruxsatnoma ayni bir kadastr kvadratlariga yer qa’ridan foydalanishning boshqa turiga doir o‘zga ruxsatnoma sifatida berilishi mumkin bo‘lib, bunda ikkinchi ruxsatnoma doirasida amalga oshiriladigan faoliyat mavjud ruxsatnoma doirasida amalga oshiriladigan faoliyatga ta’sir ko‘rsatmaydigan chuqurlikda amalga oshirilishi shart. Har qanday holda, biror-bir yer osti inshootlaridan (quduqlar, shurflardan) va ularning kommunikatsiya yo‘laklaridan besh yuz metr radiusda joylashgan uchastkalarda yer qa’ridan foydalanishga doir mavjud ruxsatnomada nazarda tutilgan kadastr kvadratlariga oid boshqa ruxsatnoma berish taqiqlanadi.
Boshqa ruxsatnomada ko‘rsatilgan ayni bir kadastr uchastkalariga yer qa’ridan foydalanishga doir ruxsatnoma, agar ikkinchi ruxsatnoma bo‘yicha amalga oshirilayotgan faoliyat faqat bunday ruxsatnoma bo‘yicha faoliyat mavjud ruxsatnomaga ta’sir qilmaydigan chuqurlikda amalga oshirilsa, berilishi mumkin. Yer osti inshootlaridan (quduqlar, shurflardan) va ularning kommunikatsiya yo‘laklaridan besh yuz metr radiusda joylashgan uchastkalarda har qanday hollarda, ilgari amalda bo‘lgan ruxsatnomada ham nazarda tutilgan ayni o‘sha kadastr maydonlarini qamrab oluvchi boshqa ruxsatnoma berish taqiqlanadi.
Bunday hollarda arizachi ilgari berilgan ruxsatnoma amal qilayotgan kadastr uchastkalariga doir ruxsatnoma olish uchun Yer qa’ridan foydalanish markaziga va faoliyat ko‘rsatayotgan yer qa’ridan foydalanuvchiga amaldagi ruxsatnomada nazarda tutilgan kadastr uchastkasiga bunday yangi ruxsatnomani berish mavjud yer qa’ridan foydalanuvchining faoliyatiga monelik qilmasligining oqilona ta’minotini berishi kerak.
Birlashtirilgan hududda yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun faoliyatni amalga oshirish tartibi ular o‘rtasida tuzilgan kelishuvda belgilanadi. Kelishuvda birlashtirilgan hududda yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha barcha yoki ayrim turlardagi ishlarni olib borish shartlari va tartibi belgilanadi.
Kelishuv oddiy qog‘ozda tuziladi hamda yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan Yer qa’ridan foydalanish markaziga va tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kelishuv tuzilgan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida taqdim etiladi.
Kelishuvda yer qa’ridan foydalanuvchilarning biri tomonidan sarflangan xarajatlarning oqilona va mutanosib kompensatsiya qilinishi nazarda tutilishi mumkin.
Agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, birlashtirilgan hududdagi faoliyat tartibi to‘g‘risida yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan kelishuvga erishilmagan taqdirda, bunday hududda ishlarni olib borishda ustuvorlik ilgari berilgan ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchiga beriladi.
109-modda. Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish
Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnoma quyidagi hollarda qayta rasmiylashtirilishi mumkin:
1) yer qa’ridan foydalanuvchining nomi o‘zgarganda yoki u qayta tashkil etilganda;
2) ruxsatnomada ko‘rsatilgan foydali qazilmalar o‘zgarganda;
3) ruxsatnomaning amal qilish muddati uzaytirilganda;
4) ruxsatnomada ko‘rsatilgan kadastr kvadratlari o‘zgarganda;
5) yer qa’ridan foydalanuvchi ruxsatnomada nazarda tutilgan huquqlaridan boshqa vakolatli shaxs foydasiga voz kechganda, shu jumladan garov yoki boshqa ta’minot tarzida berish yo‘li bilan voz kechganda.
Ruxsatnoma zarur tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga ariza kelib tushgan kundan e’tiboran yigirma ish kunidan oshmaydigan muddatda Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan qayta rasmiylashtiriladi.
Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirganlik uchun Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan ruxsatnoma olishga doir arizani ko‘rib chiqqanlik uchun to‘langan summaning ellik foizi miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im summasi qaytarilmaydi.
Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnoma qayta rasmiylashtirilganda davlat yer fondi kadastrining ruxsatnomalar kadastriga tegishli yozuv kiritiladi.
110-modda. Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish
Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza Yer qa’ridan foydalanish markaziga ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaguniga qadar oxirgi yil ichida beriladi.
Ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi arizada yer qa’ridan foydalanuvchi vakolatli shaxs ekanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi kerak. Arizaning shakli Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan belgilanadi.
Geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi arizada ruxsatnomada ko‘rsatilgan kadastr kvadratlarini ellik foizga kamaytirishga doir axborot, shu jumladan ruxsatnomaga kiritilgan, yer qa’ridan foydalanuvchi voz kechayotgan kadastr kvadratlari, shuningdek uning foydalanishida qoladigan kadastr kvadratlari aniq belgilab qo‘yilgan yirik masshtabli xarita nazarda tutilgan bo‘lishi kerak.
Foydali qazilmalarni yoki uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi arizada quyidagilar ko‘rsatilishi zarur:
1) loyiha asosiy parametrlarining joriy dolzarbligini tasdiqlovchi dalillar;
2) tegishli va tasdiqlangan ishlar rejasida nazarda tutilgan yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyat amalga oshirilganligini yoki amalga oshirilishini tasdiqlovchi dalillar;
3) quyidagilarni tasdiqlovchi dalillar;
a) konchilik faoliyati amalga oshirilgan taqdirda, bunday faoliyat ruxsatnoma amal qilgan oxirgi o‘n yildan kamida ikki yili mobaynida amalga oshirilganligining dalili;
b) uglevodorodlar qazib olingan taqdirda, bunday faoliyat ruxsatnoma amal qilgan oxirgi o‘n yildan kamida sakkiz yil mobaynida amalga oshirilganligining dalili;
4) konni o‘zlashtirishning yangilangan loyihasi (zarur bo‘lsa), shuningdek yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatishning yangilangan dastlabki rejasi yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish rejasi;
5) arizachi sarflashni rejalashtirayotgan, taxmin qilinayotgan eng kam xarajatlar summasi.
Yer qa’ridan foydalanish markazi ruxsatnomaning amal qilish muddati uzaytirilganligi yoki uzaytirish rad etilganligi to‘g‘risida yer qa’ridan foydalanuvchini ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish haqidagi ariza olingan kundan e’tiboran o‘n besh ish kuni ichida xabardor qiladi.
Agar yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomani uzaytirish haqidagi arizani ko‘rib chiqish davrida ruxsatnomaning amal qilish muddati tugasa, ruxsatnoma bunday ko‘rib chiqish muddati mobaynida amal qilishda davom etadi. Ruxsatnomani uzaytirish muddatini hisoblash ruxsatnoma amal qilishining oxirgi kunidan keyingi kundan e’tiboran boshlanadi.
Yer qa’ridan foydalanishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish yer qa’ridan foydalanuvchiga ushbu Qonunning 109-moddasiga muvofiq yangi ruxsatnomani rasmiylashtirish va berish orqali amalga oshiriladi.
Yer qa’ridan foydalanishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirishni rad etish asoslantirilgan bo‘lishi kerak. Ushbu modda qoidalarida nazarda tutilmagan shartlarga asosan rad etish taqiqlanadi.
Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish quyidagi hollarda rad etiladi, agar:
1) ruxsatnomaning amal qilishini uzaytirishning so‘ralgan muddati tegishincha Qonun 42, 54, 65, 73 yoki 86-moddalarining talablariga muvofiq bo‘lmasa;
2) ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi arizani berishning ushbu moddada nazarda tutilgan muddati buzilgan bo‘lsa;
3) ushbu moddada belgilangan talablar bajarilmayotgan bo‘lsa;
4) yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza berilguniga qadar yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan bartaraf etilmagan yer qa’ri uchastkasidan foydalanish shartlarining jiddiy buzilishlari mavjud bo‘lsa.
Agar yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirishga oid ariza rad etilsa, ruxsatnomaning dastlabki amal qilish muddati uning amal qilishi tugaguniga qadar o‘z kuchida qoladi.
111-modda. Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomada nazarda tutilgan huquqlardan boshqa shaxs foydasiga voz kechish
Yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganishga doir va foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxs ruxsatnomada nazarda tutilgan o‘z huquqlarini boshqa shaxsga berishga, agar bu shaxs ruxsatnomada nazarda tutilgan shartlarni bajarish bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga olsa, shu jumladan garov yoki boshqa ta’minot sifatida taqdim etishga haqli.
Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir bo‘lgan, auksion yakunlariga ko‘ra olingan ruxsatnomada nazarda tutilgan huquqlarni bunday ruxsatnoma berilgan sanadan e’tiboran ikki yil ichida o‘zga shaxsga o‘tkazish taqiqlanadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi ruxsatnomada nazarda tutilgan (to‘liq yoki qisman) huquqlardan boshqa shaxs foydasiga voz kechish mo‘ljallangan yoki yer qa’ridan foydalanuvchining nazorati yoki uning benefitsiar egasi o‘zgargan yoxud yer qa’ridan foydalanuvchi o‘zining ruxsatnomada nazarda tutilgan huquqlarini garov yoki boshqa ta’minot sifatida berish niyatida bo‘lgan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markaziga o‘zi mo‘ljallayotgan huquqlaridan boshqa shaxs foydasiga voz kechguniga yoki nazorat yoki uning benefitsiar egasi o‘zgarguniga yoxud huquqlarni garov yoki boshqa ta’minot sifatida berguniga qadar kamida o‘ttiz kun oldin huquqlardan boshqa shaxs foydasiga voz kechish o‘ziga nisbatan amalga oshirilayotgan shaxs yoki nazoratni o‘z zimmasiga olayotgan shaxs yoki uning benefitsiar egasi yoxud garov yoki boshqa ta’minot berilayotgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ruxsatnoma berishga doir arizaga oid talablarga muvofiq taqdim etishi kerak.
Yer qa’ridan foydalanish markazi ma’lumotlar olingan sanadan e’tiboran yigirma ish kuni ichida yangi yer qa’ridan foydalanuvchi ma’qullanganligi yoki rad etilganligi to‘g‘risida yer qa’ridan foydalanuvchini xabardor qiladi.
Agar Yer qa’ridan foydalanish markazi huquqni qo‘lga kirituvchi, yangi nazorat qiluvchi shaxs yoki uning benefitsiar egasi, garov egasi yoki boshqa ta’minot egasi ushbu Qonunning biror-bir qoidasiga asosan bunday ruxsatnomaga ega bo‘lish huquqidan mahrum etilmagan bo‘lsa va ruxsatnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish uchun zarur moliyaviy hamda texnik imkoniyatlarga ega bo‘lsa, huquqlardan voz kechish, nazoratning yoki uning benefitsiar egasining o‘zgarishi, garov yoki boshqa ta’minot sifatida berish qabul qilinadi hamda ruxsatnoma ushbu Qonunning 109-moddasida belgilangan tartibda, Yer qa’ridan foydalanish markazi huquqlardan boshqa shaxs foydasiga voz kechish, nazorat yoki uning benefitsiar egasi o‘zgarishi yoki garov yoxud boshqa ta’minot sifatida berish tugallanganligi haqida xabardor qilingan sanadan e’tiboran besh ish kuni ichida qayta rasmiylashtiriladi.
Garov yoki boshqa ta’minot berilgan taqdirda qayta rasmiylashtirilgan ruxsatnomada tasdiqlangan garovga oluvchining yoki boshqa ta’minot oluvchining nomi ko‘rsatiladi. Garov yoki boshqa ta’minot ruxsatnomada nazarda tutilgan o‘z majburiyatlarini bajarish uchun zarur texnik imkoniyatlari bo‘lmagan bankka yoki o‘zga kreditorga berilgan hollarda Yer qa’ridan foydalanish markazi bank yoki o‘zga kreditor obro‘li muassasa ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak. Yer qa’ridan foydalanuvchining huquqlarini o‘z zimmasiga olish bank yoki o‘zga kreditor tomonidan faqat u ruxsatnomada nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarish uchun zarur moliyaviy va texnik imkoniyatlarga ega bo‘lgan taqdirda, bevosita amalga oshirilishi mumkin.
Bank yoki boshqa kreditor tomonidan uning nomidan yer qa’ridan foydalanuvchi huquqlarini qabul qilish (o‘zining aralashuvga bo‘lgan huquqini amalga oshirish) uchun shaxsni tayinlash taklif qilingan taqdirda, bunday shaxs ushbu moddaning beshinchi, oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda ma’qullanilishi lozim. Ushbu moddaga muvofiq tasdiqlangan garov yoki boshqa ta’minot huquqlari garovga oluvchi yoki ta’minot oluvchi tomonidan amalga oshirilgan taqdirda, ruxsatnoma tasdiqlangan garovga oluvchining yoki o‘zga ta’minot oluvchisining nomiga qayta rasmiylashtiriladi.
Yer qa’ridan foydalanish markazining huquqdan o‘zganing foydasiga voz kechishni, nazoratni yoki uning benefitsiar egasini o‘zgartirishni, garovni yoki boshqa ta’minotni qabul qilishni rad etishi asoslantirilgan bo‘lishi hamda ushbu Qonun va qonunchilik hujjatlari qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomani qayta rasmiylashtirishda yangi yer qa’ridan foydalanuvchi ruxsatnoma bilan bog‘liq barcha huquq va majburiyatlarni, shu jumladan geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomalarga oid barcha huquq va majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi, foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma olishda mutlaq huquqqa ega bo‘ladi, avvalgi yer qa’ridan foydalanuvchining huquq va majburiyatlari esa tugatiladi.
112-modda. Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomadan yoki uning bir qismidan voz kechish
Yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu Qonunning qoidalarini inobatga olgan holda, yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaguniga qadar istalgan vaqtda Yer qa’ridan foydalanish markaziga xabarnoma yuborish orqali butun ruxsatnomadan voz kechishga haqli.
Yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markazidan yer qa’rining qolgan kadastr kvadratlari chegaradosh bo‘lib qolishi va tomonlaridan loaqal biri butun uzunligi bo‘yicha umumiy bog‘lanish nuqtasiga ega bo‘ladigan tarzda biror-bir kadastr kvadratlarini ruxsatnomadan chiqarib tashlashni ham so‘rashi mumkin.
Yer qa’ridan foydalanuvchining yer qa’ri uchastkasining bir qismidan voz kechish to‘g‘risidagi arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:
1) yer qa’ridan foydalanuvchi voz kechayotgan kadastr kvadratlari va u o‘zida olib qoladigan kadastr kvadratlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, agar shunday ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, shu jumladan ruxsatnomaga kiritilgan, yer qa’ridan foydalanuvchi voz kechayotgan, shuningdek uning o‘zida qoladigan yer qa’ri uchastkasining hududi aniq ko‘rsatilgan yetarlicha yirik masshtabli geologik xarita;
2) yer qa’ridan foydalanuvchining so‘roviga ko‘ra voz kechish kuchga kiradigan sana;
3) yer qa’ridan foydalanuvchi voz kechayotgan tegishli kadastr kvadratlaridagi qazib olish oqibatlarini tugatish to‘g‘risidagi dalolatnoma.
Yer qa’ri uchastkasining bir qismidan voz kechish yer qa’ri uchastkasining chegaralari o‘zgarishi munosabati bilan ruxsatnoma ushbu Qonunning 109-moddasida belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirilishiga sabab bo‘ladi.
Yer qa’ridan foydalanish markazining yer qa’ridan foydalanuvchi voz kechayotgan kadastr kvadratlarini qabul qilishni rad etishi asoslantirilgan hamda ushbu Qonun va qonunchilik hujjatlari qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak.
113-modda. Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomaning cheklanishi yoki to‘xtatib turilishi
Yer qa’ridan foydalanuvchi ruxsatnoma doirasida kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash bo‘yicha faoliyatdan tashqari yer qa’ridan foydalanishga doir ishlarni vaqtincha to‘xtatib turishga haqli. To‘xtatib turish davri ruxsatnomaning umumiy amal qilish muddatiga kiritiladi. Ishlarning to‘xtatib turilishi yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini to‘xtatib turish uchun asos hisoblanmaydi, bundan konchilik sohasidagi ishlab chiqarishlarni yoki neft-gaz operatsiyalarini vaqtinchalik konservatsiya qilish mustasno.
Yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqi ushbu Qonunning 14 va 15-moddalarida nazarda tutilgan vakolatlarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi yoki O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining inspektorlari tomonidan ruxsatnoma doirasida quyidagi hollarda cheklanishi yoki to‘xtatib turilishi mumkin:
1) yer qa’ridan foydalanish natijasidagi ishlar ta’sir etadigan zonada aholining hayotiga yoki sog‘lig‘iga yoxud atrof-muhitga tahdid yuzaga kelganda;
2) yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyat bilan bevosita bog‘liq ishlar loyihasi yoki ushbu Qonun qoidalari haqida yer qa’ridan foydalanuvchi xabardor qilinganidan keyin ushbu loyiha yoki qoidalar foydalanuvchi tomonidan jiddiy ravishda buzilganda va ularni muayyan vaqt ichida bartaraf etish yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarni keyinchalik davom ettirish imkoniyatini berganda;
3) yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish uchun zaxira yetarli bo‘lmay qolganda va zaxira ushbu Qonunning 151-moddasiga muvofiq almashtirilmaganda.
Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnoma cheklanishi yoxud to‘xtatib turilishi mumkin.
Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomalar ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan davlat organlarining taqdimnomalariga asosan ko‘pi bilan o‘n kun muddatga cheklanadi yoki to‘xtatib turiladi.
Buzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlarning tugallanishi bilan bog‘liq bo‘lgan alohida hollarda yer qa’ridan foydalanish huquqini to‘xtatib turish o‘ttiz kundan oshmagan muddatga, ushbu modda ikkinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan hollarda esa oltmish kundan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
114-modda. Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomaning amal qilishini tugatish
Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
1) ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaganda;
2) yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu Qonunning 112-moddasiga muvofiq ruxsatnomadan voz kechganda;
3) ruxsatnoma ushbu Qonunning 115-moddasiga muvofiq bekor qilinganda;
4) jismoniy shaxs vafot etganda yoki o‘ziga ruxsatnoma berilgan yuridik shaxs ushbu moddaning to‘rtinchi qismi inobatga olingan holda tugatilganda.
Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnoma amal qilishining tugatilishi yer qa’ridan foydalanuvchining bajarilmagan majburiyatlari tugatilishiga, shu jumladan ushbu Qonunda belgilangan tartib-taomilga muvofiq yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha bajarilmagan majburiyatlari tugatilishiga yoxud ruxsatnomaning amal qilishi muddati mobaynidagi biror-bir harakatlar yoki harakatsizlik uchun javobgarlik tugatilishiga sabab bo‘lmaydi.
Ruxsatnoma amal qilishining tugatilishi yer qa’ridan foydalanuvchiga nisbatan ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaguniga qadar yuzaga kelgan javobgarlik masalalari yuzasidan yoki yer qa’ridan foydalanuvchiga nisbatan ruxsatnoma bekor qilingan paytga qadar boshlangan yoki davom etayotgan sud muhokamasiga ta’sir etmaydi.
Yuridik shaxs bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchining tugatilishiga faqat Yer qa’ridan foydalanish markaziga yoki O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga yer qa’ridan foydalanish oqibatlari tugatilganligiga doir dalolatnoma taqdim etilganidan keyin yo‘l qo‘yiladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomadan voz kechganda yer qa’rida qolgan foydali qazilmalar zaxiralari va texnogen mineral hosilalar yer qa’ridan foydalanuvchi, O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining hamda Yer qa’ridan foydalanish markazining vakillari tomonidan imzolanadigan tegishli dalolatnomani rasmiylashtirish orqali davlat balansiga qaytariladi.
Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganda yer qa’ri davlat fondi kadastrining ruxsatnomalar reyestriga tegishli yozuv kiritiladi.
115-modda. Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomani bekor qilish
Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnoma quyidagi hollarda bekor qilinadi:
1) auksion natijalariga ko‘ra yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoxud O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hujjatiga asosan berilgan ruxsatnomaga binoan geologik jihatdan o‘rganish loyihasi va konni o‘zlashtirish loyihasi belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;
2) yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu Qonunda nazarda tutilgan hisobotlarni ketma-ket ikki yil taqdim etmaganda;
3) yer qa’ridan foydalanuvchi geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma uchun ushbu Qonunning 161-moddasida ko‘rsatilgan muntazam yillik to‘lovni kamida ikki yil mobaynida to‘lamaganda;
4) yer qa’ridan foydalanuvchi har yilgi eng kam xarajatlar bo‘yicha majburiyatlarni ketma-ket ikki yil mobaynida bajarmaganda;
5) yer qa’ridan foydalanuvchi o‘zining geologik jihatdan o‘rganish loyihasini, konni o‘zlashtirish loyihasini, ishlar rejasini yoki yer ostida saqlash loyihasini yer qa’ridan foydalanish sohasidagi tegishli faoliyat bilan bevosita bog‘liq holda jiddiy ravishda buzganda, ularni bartaraf etish mumkin bo‘lmasa yoki bartaraf etish mumkin bo‘lsa-yu, bu haqda xabardor qilingan paytdan e’tiboran to‘qson kun ichida bartaraf etilmagan bo‘lsa;
6) yer qa’ridan foydalanuvchi o‘z ekologik majburiyatlarini jiddiy ravishda buzganda, ularni bartaraf etish mumkin bo‘lmasa yoki bartaraf etish mumkin bo‘lsa-yu, ularni bartaraf etish haqida xabardor qilingan paytdan e’tiboran to‘qson kun ichida ular bartaraf etilmagan bo‘lsa;
7) ushbu Qonunning 151 va 153-moddalarida nazarda tutilgan yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatishni moliyalashtirish bo‘yicha majburiyatlarni bajarish buzilganda, ularni bartaraf etish haqida xabardor qilingan paytdan e’tiboran o‘ttiz kun ichida ular bartaraf etilmaganda;
8) qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish yoki qattiq holdagi foydali qazilmalarning asosiy turlarini qazib olish bo‘yicha neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirish chog‘ida foydalaniladigan ishlar va xizmatlarda mahalliy imkoniyatlarni ishga solishning eng kam ulushi to‘g‘risidagi talablarga yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan ketma-ket ikki yil davomida rioya etilmaganda, bundan texnogen mineral hosilalarga doir ruxsatnomalar yoki uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomalar mustasno;
9) qattiq holdagi foydali qazilmalarning asosiy turlarini qazib olishga doir ruxsatnomalar doirasida O‘zbekiston Respublikasi hududida mahalliy kadrlarni o‘qitish hamda ilmiy-tadqiqot, ilmiy-texnik va (yoki) tajriba-konstruktorlik ishlarini moliyalashtirish bo‘yicha majburiyatlar yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan ketma-ket ikki yil davomida bajarilmaganda, bundan ushbu Qonunning 16-bobiga muvofiq texnogen mineral hosilalarga doir ruxsatnomalar yoki uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomalar mustasno;
10) ruxsatnoma firibgarlik yo‘li bilan, shu jumladan bila turib yolg‘on ma’lumotlar taqdim etish orqali olinganda;
11) qazib olingan foydali qazilmalarning miqdoriga yoki sifatiga nisbatan yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan yolg‘on hisobotlar yoki axborot taqdim etilganda;
12) yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan ruxsatnoma doirasida undirilishi va to‘lanishi lozim bo‘lgan, nizo predmeti bo‘lmagan boj, to‘lovlar, yig‘imlar, jarima yoki yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq to‘lanmaganda va ularni to‘lash to‘g‘risida xabardor qilinganidan keyin o‘ttiz kun ichida to‘lanmaganda.
Agar huquqbuzar o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan jazoni o‘tagan bo‘lsa, ushbu Qonun 163-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ruxsatnoma bekor qilinishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi yoki boshqa nazorat qiluvchi organ tomonidan Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdimnoma kiritilishi yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomani muddatidan ilgari bekor qilish yuzasidan qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomani muddatidan ilgari bekor qilish to‘g‘risidagi qaror ushbu moddada nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra tegishincha Yer qa’ridan foydalanish markazi yoki O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan qabul qilinadi. Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomani ushbu moddada nazarda tutilmagan boshqa asoslarga ko‘ra bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda Yer qa’ridan foydalanish markazi yoki O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi yer qa’ridan foydalanuvchiga bir ish kuni ichida tegishli xabarnoma yuboradi hamda ruxsatnomalar reyestriga tegishli yozuv kiritiladi.
Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomaning bekor qilinishi yer qa’ridan foydalanuvchining bajarilmagan majburiyatlarini, shu jumladan yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini ushbu Qonunda belgilangan tartibda tugatish bo‘yicha majburiyatlarini tugatish uchun asos bo‘lmaydi.
Ruxsatnomaning bekor qilinishi yer qa’ridan foydalanuvchida bekor ruxsatnoma qilinguniga qadar yuzaga kelgan biror-bir majburiyatlarga va yer qa’ridan foydalanuvchiga nisbatan ruxsatnoma bekor qilinguniga qadar boshlangan yoki davom etayotgan biror-bir sud muhokamalariga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi kon ishlanmalarini konservatsiya qilishni va yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etishni ushbu Qonunda belgilangan tartibda amalga oshirishi shart.
Yer qa’ridan foydalanuvchilar ruxsatnomalarni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorlar ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.
12-bob. Oltin izlovchilar usulida va kichik miqyosli usulda qazib olish
116-modda. Oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun beriladigan yer qa’ri uchastkasining hududi
Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun yer qa’ri uchastkasining (oltin izlovchilar usulida qazib olish uchastkasi) tashqi chegaralari to‘g‘riburchakni hosil qilishi kerak. Agar boshqa yer qa’ri uchastkasining tabiiy xususiyatlari yoki chegaralari to‘g‘riburchak shaklidagi tegishli oltin izlovchilar usulida qazib olish uchastkasi hududining tashqi chegaralarini aniqlash imkonini bermasa, bunday yer qa’ri uchastkasining hududi uchburchak (kadastr kvadratlarining to‘g‘ri to‘rtburchak shaklini hisobga olgan holda) yoki to‘rtburchak shaklga ega bo‘lishi mumkin, uning kamida ikki qarama-qarshi tomoni bir-biriga parallel bo‘lishi kerak.
Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun yer qa’ri uchastkasi hududining maydoni kamida bir gektarni va ko‘pi bilan besh gektarni tashkil etishi kerak. Bunda bir nafar yer qa’ridan foydalanuvchiga tegishli bo‘lgan yoki bitta loyiha doirasida foydalaniladigan yer qa’ri uchastkasining maydoni ko‘pi bilan bir kadastr kvadratini tashkil etishi kerak.
Oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun beriladigan yer qa’ri uchastkasi Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishuvga ko‘ra belgilanadi.
Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun taklif etiladigan yer qa’ri uchastkalarining ro‘yxati har yili Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlanadi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun ajratilgan hudud davlat yer fondi kadastrida hisobga olinadi.
117-modda. Oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun vakolatlilik
Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun ruxsatnomalar faqat vakolatli shaxslarga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan, yakka tartibdagi tadbirkor maqomiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxsning ulushi ustav fondida (ustav kapitalida) yetmish va undan ortiq foizni tashkil etadigan yuridik shaxslarga beriladi.
Bitta shaxs oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqiga doir bittadan ortiq ruxsatnomaga bevosita yoki bilvosita egalik qilishi mumkin emas.
Oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qa’ridan foydalanuvchi yuridik shaxsi xodimlarining kamida yetmish foizi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lishi kerak.
118-modda. Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnoma
Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida qazib olish oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnoma faqat elektron savdo maydonchasida o‘tkaziladigan auksion natijalariga ko‘ra beriladi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomani berish uchun arizachilar auksionda ishtirok etish uchun quyidagi axborotni taqdim etadi:
1) arizachining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga muvofiq to‘liq nomi;
2) arizachi ushbu Qonunning 117-moddasi talablariga muvofiq ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
3) ushbu Qonunning 116-moddasiga muvofiq oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun ajratiladigan uchastkadagi so‘ralayotgan ochiq kadastr kvadratining tafsilotlari.
Yer qa’ri uchastkalaridan oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun foydalanish huquqini realizatsiya qilishdan tushgan pul mablag‘lari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir hujjatlarni ko‘rib chiqish va ruxsatnoma berish muddati yigirma ish kunidan oshmasligi kerak.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning shakli qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnoma uchastkaning joylashuviga qarab Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan belgilanadigan, faoliyatga nisbatan qo‘llaniladigan foydalanish shartlarini o‘z ichiga oladi. Foydalanish shartlari ruxsatnomaga ilovada nazarda tutiladi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir huquqlarni boshqa shaxslarga berishga (shu jumladan ikkilamchi ijara yoki boshqa shaxs foydasiga voz kechish yo‘li bilan berishga) yo‘l qo‘yilmaydi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomani berish chog‘ida davlat yer fondi kadastriga tegishli hisobga olish yozuvi kiritiladi.
119-modda. Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati va uni uzaytirish tartibi
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnoma uch yil muddatga beriladi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishuvga ko‘ra bir marta uch yilga uzaytirilishi mumkin. Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza Yer qa’ridan foydalanish markaziga oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashiga qadar oxirgi yil mobaynida beriladi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza dastlabki arizadagi ayni o‘sha axborotni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza yigirma ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Agar oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish davrida ruxsatnomaning muddati o‘tgan bo‘lsa, bunday ko‘rib chiqish davrida ruxsatnoma amal qilishda davom etadi. Ruxsatnomaning amal qilishini uzaytirish muddatini hisoblash ruxsatnoma amal qiladigan muddatning oxirgi kunidan keyingi kundan e’tiboran boshlanadi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati yer qa’ridan foydalanuvchiga yangi ruxsatnomani rasmiylashtirish va berish orqali uzaytiriladi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati quyidagi hollarda uzaytirilmaydi, agar:
1) uzaytirilishi so‘ralayotgan muddat ushbu moddaning talablariga muvofiq bo‘lmasa;
2) ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risida ariza berishning ushbu moddada nazarda tutilgan muddati buzilgan bo‘lsa;
3) oltin izlovchilar usulida qazib olish bilan bog‘liq qo‘shimcha ishlarni bajarish zarurati mavjud bo‘lmasa;
4) yer qa’ridan foydalanish shartlarining buzilishlari bu haqda xabarnoma olinganidan keyin yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan darhol bartaraf etilmagan bo‘lsa;
5) yer qa’ridan foydalanuvchi qazib olingan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni realizatsiya qilish bo‘yicha ushbu Qonunning 121-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmagan bo‘lsa.
120-modda. Oltin izlovchilar usulida qazib olish ishlarini amalga oshirish
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar ruxsatnomada nazarda tutilgan shartlarga rioya etishi shart. Oltin izlovchilar usulida qazib olish ishlari, shu jumladan ochish ishlari, qum va tuproqni yuvish ishlari va bu bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa ishlar qo‘lda bajariladi yoki kam quvvatli asbob-uskunalar qo‘llanilgan holda olib boriladi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchidan o‘z yer qa’ri uchastkalari uchun oltin izlovchilar usulida qazib olish loyihasini ishlab chiqish yoki uni boshqacha tarzda kelishish va tasdiqlashdan o‘tkazish talab etilmaydi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi oltin izlovchilar usulida qazib olishni amalga oshirayotganda quyidagilarga haqli:
1) yer qa’ridan foydalanuvchiga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan, o‘n tonnadan ortiq bo‘lmagan yuk ko‘tarish quvvatiga ega bitta yuk mashinasi, burg‘ilash uskunasi, cho‘michining hajmi jami ikki kub metrdan ko‘p bo‘lmagan ekskavator va (yoki) buldozer tarzidagi mexanizatsiya vositalaridan foydalanishga;
2) oltin izlovchilar usulida qazib olishni (yer osti kon qazishmalarini qazib bormasdan) quyidagi xavfsiz (yo‘l qo‘yiladigan) chuqurlikkacha amalga oshirishga:
a) sochma uchastkalarda — yer osti kon qazishmalarini qazib bormagan holda tub tog‘ jinslariga qadar;
b) tub tog‘ jinslari uchastkalarida — ikki metr chuqurlikkacha. Agar tog‘-kon lahmlari zinasimon shaklga ega bo‘lsa, bu holda olti metrgacha bo‘lgan umumiy chuqurlikka yo‘l qo‘yiladi. Bunda har bir zinaning balandligi ikki metrdan oshmasligi, eni esa yarim metrdan oshmasligi kerak;
3) qimmatbaho metallarni ajratib olishning faqat rudani maydalash va gravitatsiya usulini qo‘llashga.
Suv fondi va suv obyektlari yerlarida oltin izlovchilar usulida qazib olish faqat qo‘lda amalga oshirilishi kerak.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi:
1) oltin izlovchilar usulida qazib olish ishlari jarayonida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilishi va ularni kelgusida foydalanish uchun yaroqli holatga keltirishi;
2) mexanizatsiya vositalaridan foydalanishga doir ushbu moddada nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etishi shart.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarga quyidagilar taqiqlanadi:
1) suv resurslari oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun foydalaniladigan suv havzalari va daryolar qirg‘oqlarining tabiiy relyefini buzish;
2) oltin izlovchilar usulida qazib olish uchastkasida joylashgan suv obyektlarida va suv fondi yerlarida ekskavatorlardan hamda buldozerlardan foydalanish;
3) kimyoviy reagentlarni va portlovchi moddalarni qo‘llash;
4) kapital inshootlarni barpo etish va qurish;
5) tuproqni va ajratib olingan tog‘ massasini oltin izlovchilar usulida qazib olish uchastkasidan tashqariga olib chiqish.
Yer qa’ridan foydalanuvchilar suv resurslaridan foydalangan taqdirda, suvni muhofaza qilish tadbirlarini bajarishi, shuningdek qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan suv obyektlarini muhofaza qilishga doir boshqa talablarga rioya etishi shart.
Yangi kon qazishmalarini kavlab borishga faqat avvalgi ishlar uchastkasi (tashlandiq) biror narsa tashlab to‘ldirilganidan keyin ruxsat beriladi.
Ekologik zarar yetkazilishi mumkin bo‘lgan biror-bir uchastkada oltin izlovchilar usulida qazib olish boshlanishidan oldin yer qa’ridan foydalanuvchilar atrof-muhitga yetkazilgan shikastlarni tasdiqlash uchun mazkur uchastkada O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining inspektori tomonidan inspeksiya o‘tkazilishini so‘raydi. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi inspeksiya o‘tkazilishi uchun o‘ziga nisbatan bunday so‘rovni olmagan har qanday zona shikastlanmagan deb hisoblanadi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi ruxsatnomaning amal qilish muddati tugagan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida inshootlarni, vaqtinchalik imoratlarni va uskunalarni demontaj qilishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining talablariga muvofiq yer uchastkasini rekultivatsiya qilishni amalga oshirishi shart.
121-modda. Oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun yer qa’ri uchastkalaridan foydalanishning alohida shartlari
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning muomalada bo‘lishi, shu jumladan ularni qazib olish, ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyat qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olish natijasida qazib olingan qimmatbaho metallarni sotish yoki boshqacha tarzda topshirish faqat qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochiladigan va faoliyat ko‘rsatadigan ixtisoslashtirilgan qabul qiluvchi kassalar orqali amalga oshirilishi mumkin, shuningdek qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini hamda boshqa buyumlarni yasash bo‘yicha faoliyatni amalga oshiradigan yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga sotilishi mumkin.
122-modda. Oltin izlovchilar usulida qazib olish bo‘yicha hisobdorlik
Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida qazib olishda Yer qa’ridan foydalanish markaziga tegishincha yil tugaganidan keyin yoki ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganidan keyin o‘ttiz kun ichida yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish shartlariga rioya etilganligi va qazib olingan hamda realizatsiya qilingan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning hajmlari to‘g‘risidagi hisobotlar taqdim etiladi. Oltin izlovchilar usulida qazib olish to‘g‘risidagi har yilgi hisobotning shakli qonunchilik hujjatlarida belgilanishi mumkin.
123-modda. Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilishini tugatish
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnoma quyidagi holda tugatiladi:
1) oltin izlovchilar usulida qazib olish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish chog‘idagi talablar jiddiy ravishda buzilganda;
2) ushbu Qonunning 120-moddasida belgilangan oltin izlovchilar usulida qazib olishni olib borish uslublariga doir cheklovlar yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan buzilganda;
3) qazib olingan qimmatbaho metallar yashirilganda, shu jumladan ular bir yil mobaynida realizatsiya qilinmaganda yoxud qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni realizatsiya qilish hamda topshirishning ushbu Qonunning 121-moddasida nazarda tutilgan shartlari buzilganda, shu jumladan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganda;
4) yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu Qonunga muvofiq zarur bo‘lgan hisobotlarni ketma-ket ikki yil mobaynida taqdim etmaganda;
5) yer qa’ridan foydalanuvchi o‘zining ekologik majburiyatlarini jiddiy ravishda buzganda, qoidabuzarliklarni bartaraf etib bo‘lmasa yoki ularni bartaraf etish mumkin bo‘lsa-yu, biroq ularni bartaraf etish to‘g‘risidagi xabarnoma olingan paytdan e’tiboran to‘qson kun ichida ular bartaraf etilmaganda;
6) ruxsatnoma firibgarlik yo‘li bilan, shu jumladan bila turib yolg‘on ma’lumotlar taqdim etish orqali olinganda;
7) yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanganlik uchun ruxsatnoma doirasida undiriladigan va to‘lanishi lozim bo‘lgan yig‘imlarni, jarimani yoki soliqni to‘lamaganda va ularni to‘lash to‘g‘risidagi xabarnoma olinganidan keyin o‘ttiz kun ichida ularni to‘lamaganda.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilishi muddatidan ilgari tugatilgan hollarda yer qa’ridan foydalanuvchiga bir yil mobaynida oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnoma olish yoki oltin izlovchilar usulida qazib olishni amalga oshirish taqiqlanadi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilishini muddatidan ilgari tugatish ushbu moddada nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra Yer qa’ridan foydalanish markazining qarori bilan amalga oshiriladi. Ruxsatnomaning amal qilishini ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan boshqa asoslar bo‘yicha muddatidan ilgari tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan qaror qabul qilinguniga qadar oltin izlovchilar usulida qazib olish bo‘yicha faoliyat O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining talabiga ko‘ra to‘xtatib turiladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchilar, agar oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilishini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risidagi qarorga rozi bo‘lmasa, sudga murojaat qilishi mumkin.
Agar sud oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilishini muddatidan ilgari tugatish haqidagi da’voni qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilsa, yer qa’ridan foydalanuvchi oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi. Bu holda oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati ushbu moddaga muvofiq oltin izlovchilar usulida qazib olish vaqtincha to‘xtatib turilgan davrga teng muddatga uzaytiriladi.
124-modda. Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlar uchun qurilishbop foydali qazilmalarni va to‘ldirgichlarni qazib olish uchun maxsus qoidalar
Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va yer uchastkalarining mulkdorlari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy, maishiy hamda boshqa xo‘jalik ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun o‘ziga tegishli bo‘lgan yer uchastkalari doirasida qurilishbop foydali qazilmalarni va to‘ldirgichlarni qazib olishga haqli.
Agar yer uchastkasidan foydalanish maqsadi qurilishbop foydali qazilmalar va to‘ldirgichlarni chiqarib olishdan hamda mazkur yer uchastkasi hududidan tashqariga olib chiqishdan iborat bo‘lsa, ularni joylashtirish va (yoki) ulardan foydalanish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va Yer qa’ridan foydalanish markazi bilan kelishuvga ko‘ra amalga oshiriladi.
Ushbu moddaga muvofiq qurilishbop foydali qazilmalarni va to‘ldirgichlarni qazib olish portlovchi moddalarni, kimyoviy reagentlar hamda zaharli moddalarni qo‘llamasdan amalga oshiriladi.
Yer uchastkasi doirasida joylashgan hamda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar yoki yer uchastkalarining mulkdorlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy, maishiy va boshqa ehtiyojlarni qanoatlantirish uchun foydalaniladigan qurilishbop foydali qazilmalar hamda to‘ldirgichlar boshqa shaxsga berilishi mumkin emas.
Qurilishbop foydali qazilmalarni va to‘ldirgichlarni qazib olishga doir ushbu moddaga muvofiq yuzaga keladigan huquq yer uchastkasiga bo‘lgan huquqdan ajralmasdir.
Yer uchastkalarining mulkdorlarida, yer egalarida hamda yerdan foydalanuvchilarda qurilishbop foydali qazilmalarni va to‘ldirgichlarni qazib olish huquqi ushbu moddaga muvofiq yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi yoki yer uchastkasiga egalik qilish yoki undan foydalanish huquqi bilan bir vaqtda yuzaga keladi hamda tugatiladi.
Ushbu moddaga muvofiq qurilishbop foydali qazilmalarni va to‘ldirgichlarni qazib olish uchun ruxsatnoma asosida yer qa’ridan foydalanadigan shaxslar uchun majburiy bo‘lgan ruxsatnomani olish, shuningdek hisobotlar va boshqa hujjatlarni taqdim etish talab qilinmaydi.
13-bob. Nodir tosh xomashyosining, paleontologik qoldiqlarning va boshqa geologik kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash
125-modda. Nodir tosh xomashyosining, paleontologik qoldiqlarning va boshqa geologik kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash hamda bunday to‘plashni amalga oshirish uchun hududni aniqlash
Nodir tosh xomashyosining, paleontologik qoldiqlarning va boshqa geologik kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash (bundan buyon matnda kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash deb yuritiladi) deganda nodir tosh xomashyosining, paleontologik qoldiqlarning va boshqa geologik kolleksiya materiallarining birlamchi namunalarini tabiiy tog‘ jinslaridan, tabiiy yer osti bo‘shliqlaridan (g‘orlardan), ishlatib bo‘lingan ochiq konlardan, kon qazib olish ishlab chiqarishlarining to‘kindi uyumlaridan chiqarib olish, shuningdek yer qa’rining yaxlitligini buzadigan konchilik ishlarini va ishlarning boshqa maxsus turlarini amalga oshirmasdan turib daryolar qayirlarida kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash tushuniladi.
Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash alohida uchastkalarda va asbob-uskunalarni qo‘llamasdan amalga oshiriladi, bundan qo‘lda ishlatiladigan asboblar mustasno.
Kolleksiya materiallarining to‘plangan namunalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslarning mulki hisoblanadi hamda ular tomonidan ilmiy, ilmiy-ma’rifiy, tijorat, badiiy hunarmandchilik va boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkin.
Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash uchun yer qa’ri uchastkasining o‘lchami to‘rtta yonma-yon kadastr kvadratlaridan oshmasligi kerak bo‘lib, ular shunday joylashgan bo‘lishi kerakki, toki umumiy tutash nuqtaga ega bo‘lgan tomonlar butun uzunlik bo‘yicha o‘z tomonlarining loaqal bittasi bilan birlashadi.
126-modda. Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plashga doir ruxsatnoma
Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plashga doir ruxsatnoma Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan yuridik yoki jismoniy shaxsga “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipi bo‘yicha beriladi.
Manfaatdor shaxsning arizasida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
1) arizachining to‘liq nomi;
2) kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash uchun so‘ralayotgan ochiq kvadratlar.
Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plashga doir ruxsatnoma ikki yil muddatga beriladi. Kolleksiya materiallarini to‘plashga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati uzaytirilmaydi.
Ariza ushbu Qonunda nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, Yer qa’ridan foydalanish markazi kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plashga doir ruxsatnoma berishni rad etishga haqli.
Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plashga doir ruxsatnomani berish chog‘ida davlat yer qa’ri fondi kadastriga tegishli hisobga olish yozuvi kiritiladi.
127-modda. Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish
Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
1) geologiya, mineralogiya, paleontologiya va o‘lkashunoslik muzeylarining ilmiy kolleksiyalarini butlash hamda to‘ldirish;
2) ta’lim muassasalarining o‘quv kolleksiyalarini butlash va to‘ldirish;
3) ilmiy-ma’rifiy va estetik maqsad uchun mo‘ljallangan xususiy geologiya hamda paleontologiya kolleksiyalarini butlash hamda to‘ldirish (bundan tarkibida qimmatbaho metallar va toshlar mavjud bo‘lgan namunalar mustasno).
Yer qa’ridan foydalanuvchidan kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash uchun loyiha taqdim etish talab qilinmaydi.
Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash uchun kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkalari berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash chog‘ida kon-burg‘ilash ishlarini amalga oshirish hamda yer qa’rining yaxlitligini buzadigan turli asbob-uskunalardan foydalanish taqiqlanadi.
Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash, agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, davlat ekologik ekspertizasini hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi bilan kelishishni talab etmaydi.
Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash uchun yer qa’ri uchastkasidan foydalanish tugatilganda yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish ishlarini amalga oshirish talab qilinmaydi.
Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plashga doir ruxsatnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechilmaydi. Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plashga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaguniga qadar yer qa’ridan foydalanuvchi istalgan vaqtda Yer qa’ridan foydalanish markazini bu haqda yozma yoki elektron shaklda xabardor qilib kadastr kvadratlaridan voz kechish huquqiga ega.
Ruxsatnoma berilgan yer qa’ri uchastkasining bir qismini qaytarib berish qolgan yonma-yon bo‘lishi kerak bo‘lgan kadastr kvadratlariga kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plashga doir ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.
128-modda. Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash bo‘yicha hisobdorlik
Kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plashda Yer qa’ridan foydalanish markaziga yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish shartlarining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobot kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plashga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxs tomonidan mazkur ruxsatnomaning amal qilishi tugagan paytdan e’tiboran oltmish kun ichida taqdim etiladi.
14-bob. Yer qa’ridan foydalanish chog‘ida atrof-muhitni muhofaza qilish, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi
129-modda. Yer qa’ridan foydalanish chog‘ida ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha umumiy qoidalar
Yer qa’ridan foydalanish, shu jumladan ishlab chiqarish obyektlarini va boshqa obyektlarni rejalashtirish hamda loyihalashtirish ekologiya to‘g‘risidagi hamda boshqa qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Yer qa’rining ekologik holati eng yuqori yo‘l qo‘yiladigan tashlanmalarni, chiqindilarni normalashtirish, shuningdek yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha faoliyatning ayrim turlarini cheklash yoxud taqiqlash orqali ta’minlanadi.
Yer qa’ridan foydalanishga faqat tegishli ekologik ekspertiza o‘tkazilganidan keyin yo‘l qo‘yiladi. Yer qa’ri uchastkasida faoliyatni amalga oshirayotgan har qanday shaxs atrof-muhitga qasddan yoki ehtiyotsizlik tufayli biror-bir moddiy yoxud jiddiy zarar yetkazmasligi yoki yer qa’ri uchastkasida yoxud uning doirasida atrof-muhitning muhofaza qilinishini ta’minlash maqsadida berilgan biror-bir materiallar yoki uskunalardan belgilanganidan boshqacha maqsadda foydalanmasligi kerak.
Yer qa’ridan va foydali qazilmalar resurslaridan foydalanishga faqat quyidagi shart bilan yo‘l qo‘yiladi:
1) qazib olish chog‘ida yer qa’ridan va foydali qazilmalardan hamda ular bilan bog‘liq tabiiy resurslardan kompleks va tejamli foydalanilishini ta’minlash, shuningdek atrof-muhit va yer qa’ri ifloslanishining oldini olish;
2) foydali qazilmalarni qazib olish chog‘ida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish;
3) qoplama tog‘ jinslari va aralashma tog‘ jinslarining to‘kindi uyumlarini, chiqindi saqlash joylarini, terrikonlarni atrof-muhitga eng kam zararli ta’sir ko‘rsatilishini ta’minlaydigan holda joylashtirish;
4) suvdan maxsus foydalanishga yoki maxsus suv iste’moliga doir ruxsatnomalar olish.
Barcha yer qa’ridan foydalanuvchilar o‘zlari tomonidan yer qa’ridan foydalanish chog‘ida buzilgan kadastr kvadrati yuzasidagi yer uchastkalarini keyinchalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltirishi shart.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni yoki uglevodorodlarni qazib olish chog‘ida yer osti suvlarining kon qazishmalariga yoki infratuzilma obyektlariga texnologik jihatdan muqarrar ravishda kirishiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq berilgan suvdan maxsus foydalanish yoki maxsus suv iste’moliga doir ruxsatnomalar talab qilinmaydi.
Kon qazishmalariga yoki infratuzilma obyektlariga kirayotgan yer osti suvlaridan foydalanish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalar yoki uglevodorodlarni qazib olish jarayonida qo‘shilib chiqib qazib olingan yer osti suvlaridan foydalanish va ularni boshqa o‘zanga solib yuborish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Uglevodorodlarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lgan yer osti suvlaridan va qatlamning suv ta’sirida yorilishi chog‘ida hosil bo‘lgan suyuqlikning teskari oqimidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq foydalanilishi kerak.
Ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda, yer qa’ridan davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasisiz foydalanish taqiqlanadi.
130-modda. Yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha faoliyatni tekshirish
Yer qa’rini va atrof-muhitni geologik jihatdan o‘rganish, undan foydalanish hamda uni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ekologik inspektorlari tomonidan amalga oshiriladi.
Inspektor kunduzi yoki kechasi maqbul vaqtda va tegishli ruxsatnoma mavjud bo‘lgan taqdirda yer qa’ridan foydalanish loyihasining ishlashi uchun keraksiz moneliklar yoki to‘siqlarni vujudga keltirmasdan kirish, mazkur loyihani ko‘zdan kechirish va tekshirish huquqiga ega.
Inspektor yer qa’ridan foydalanish loyihasining holati va maqomi o‘rganilishini hamda aniqlanishini o‘tkazishga va yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan majburiyatlarga rioya etilishini, shu jumladan mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha normalarga, shuningdek hisobdorlikka va moliyaviy majburiyatlarga rioya etilishini tekshirishga haqli.
Inspektor tekshirish o‘tkazish maqsadida yer qa’ridan foydalanish loyihasining rahbari yoki boshqa yuqori mansabdor shaxs, shuningdek inspektor zarur deb hisoblagan biror-bir boshqa mansabdor shaxs yoki xodim tekshirishni o‘tkazish jarayonida unga hamroh bo‘lishini talab qilishi mumkin.
Tekshirish doirasida inspektor yer qa’ridan foydalanish loyihasidan foydali qazilmalar va boshqa moddalarning namunalarini tanlab olishi, hujjatlardan ko‘chirmalar yoki ko‘chirma nusxalar olishi, shuningdek yer qa’ridan foydalanish obyektini fotosuratga olishi mumkin. Inspektor o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishi jarayonida olingan yoki olib chiqib ketilgan biror-bir ashyo yoxud hujjat uchun tilxat beradi.
131-modda. Yer qa’ri holatining davlat monitoringi
Yer qa’ri holatining davlat monitoringi undagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash, baholash, salbiy jarayonlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish uchun yer qa’ri holatining kuzatuvlari tizimidan iboratdir. Yer qa’ri holatining davlat monitoringi davlat atrof-muhit monitoringi kompleks tizimining tarkibiy qismidir.
Yer qa’ri holatining davlat monitoringi quyidagilar bo‘yicha yuritiladi:
1) xavfli ekzogen geologik jarayonlar;
2) endogen geologik jarayonlar;
3) foydali qazilmalar konlari;
4) foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlar uchun foydalanilayotgan yer qa’ri makonlari.
Yer qa’ri holatining davlat monitoringi respublika, mintaqaviy va mahalliy darajalarda amalga oshiriladi.
Yer qa’ri holatining respublika va mintaqaviy darajalardagi davlat monitoringi:
1) O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan — ekzogen geologik jarayonlarga va qattiq holdagi foydali qazilmalar konlariga oid qismida;
2) O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan — uglevodorodlar konlariga oid qismida;
3) O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Seysmologiya instituti tomonidan — endogen geologik jarayonlarga oid qismida;
4) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan — foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlar uchun foydalanilayotgan yer qa’ri makoniga oid qismida yuritiladi.
Yer qa’ri holatining respublika va mintaqaviy darajalardagi davlat monitoringini yuritish uslubiyati hamda davriyligi tegishli vazirliklar va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Yer qa’ri holatining mahalliy darajadagi davlat monitoringi yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan yer qa’rining foydalanilayotgan uchastkasidagi faoliyatni tartibga soluvchi hujjatlarga muvofiq taqdim etilgan konturlar doirasida geologik muhitni kuzatishlar asosida yuritiladi.
Yer qa’ri holatining davlat monitoringi, shuningdek mahalliy monitoringi natijalari monitoringni o‘tkazuvchi tegishli organ tomonidan yer qa’ri davlat fondining kadastriga kiritish uchun Yer qa’ridan foydalanish markaziga yer qa’ri uchastkasining holatini hisobga olish uchun kiritiladi.
Ushbu moddada ko‘rsatilgan vakolatli organlar va tashkilotlar tomonidan yer qa’ri holatining davlat monitoringi davomida olingan axborot bir yilda kamida bir marta O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga taqdim etiladi.
Geologik muhit holati o‘zgarishlarining o‘ta xavfli jarayonlari aniqlangan va yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p jarayonlari oshib ketgan taqdirda, axborot O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tezkorlik bilan taqdim etiladi.
Yer qa’ri holatining respublika va mintaqaviy darajalardagi davlat monitoringini yuritish O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan, mahalliy darajada esa yer qa’ridan foydalanuvchining mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
132-modda. Yer qa’ridan foydalanuvchining ekologik ekspertizani o‘tkazishga va uning yuzasidan yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha muayyan ishlarni bajarish uchun ijobiy xulosa olishga doir majburiyatlari
Yer qa’ridan foydalanuvchi “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishga doir talablarga qo‘shimcha ravishda yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha quyidagi ishlarga nisbatan ekologik ekspertiza o‘tkazishi shart:
1) yer qa’rini yerlarning butunligi tasodifiydan ko‘ra ko‘proq buzilishini taqozo etuvchi geologik jihatdan o‘rganish (masalan, zovurlar qazish, boshlama quduqlarni burg‘ilash va seysmik tadqiqotlar);
2) foydali qazilmalarning asosiy turlarini qazib olish va qayta ishlash;
3) noruda foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash;
4) uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish bo‘yicha qatlamning, shu jumladan u bilan bog‘langan quduqlarning gidravlik yorilishini nazarda tutuvchi ishlar, shuningdek ilmiy sinovlar;
5) uglevodorodlar uchun quduqlarni burg‘ilashga doir ishlarning barcha turlari;
6) neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirish chog‘ida geogen suvlarni boshqa o‘zanga burib yuborish, shu jumladan quduqlar orqali burib yuborish, agar bunday ishlar ushbu moddada nazarda tutilmagan bo‘lsa;
7) uglevodorodlarni qayta ishlash va tashish obyektlarini qurish, montaj qilish hamda ulardan foydalanish;
8) maydoni besh gektardan ortiq bo‘lgan konchilik faoliyati chiqindilari obyektlari;
9) maydoni ikki gektardan ortiq bo‘lgan kukunlar to‘plagichlarni va suv quyiladigan hovuzlarni shakllantirish;
10) ifloslangan tuproqni yoki boshqa zararli materialni joylashtirish, konchilik sanoati chiqindilaridan yoki kukunlar to‘plagichlardan tashqari;
11) odamlar halok bo‘lishi ehtimolini, inson sog‘lig‘i uchun jiddiy xavfni yoki atrof-muhit uchun jiddiy tahdidni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan chiqindilar joylashtiriladigan obyektlar;
12) foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan, xavfli va zaharli moddalarni saqlashni ko‘zda tutuvchi maqsadlarda yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish;
13) radioaktiv moddalarni ko‘mib tashlash uchun yer osti omborlarini qurish va ulardan foydalanish.
133-modda. Ekologik ekspertizani o‘tkazishga doir talablar
Ekologik ekspertizani o‘tkazish chog‘ida yer qa’ridan foydalanuvchi “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni normalari va talablariga rioya etishi shart, shuningdek, agar qo‘llaniladigan bo‘lsa:
1) yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish chog‘ida rejalashtirishning ekologik jihatdan xavfsiz tartib-taomillari qo‘llanilishini va tegishli texnologiyalardan foydalanilishini ta’minlashi;
2) foydali qazilmalarni qazib olish uchastkasida va (yoki) tegishli qayta ishlovchi korxonalarda ekologik nazorat, yong‘in xavfsizligi va, zarur bo‘lgan hollarda, radiatsiya xavfsizligi uchun tegishli monitoring tizimini o‘rnatishi hamda joriy etishi;
3) baxtsiz hodisalar va avariyalarning oldini olish rejasini ishlab chiqishi;
4) atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqlik darajasining tahlilini amalga oshirishi;
5) yer qa’ri uchastkasida va qayta ishlovchi korxonalarda shovqin hamda tebranishlar darajasini aniqlashi va nazorat qilishi;
6) yer qa’ridan foydalanishning va qayta ishlash bo‘yicha ishlarning yer uchastkasi bilan yonma-yon joylashgan tabiiy obyektlarga hamda muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar majmualariga ta’sirini aniqlashi;
7) tegishli malakali xodimlarni jalb etgan holda yer qa’ri uchastkasida hayvonot va o‘simlik dunyosini o‘rganishi hamda ularning monitoringini amalga oshirishi;
8) qishloq xo‘jaligi yerlarida tuproqning unumdor qatlamini aniqlash, zarur bo‘lgan hollarda esa bunday tuproqni olish va maxsus ajratilgan joylarga olib chiqish maqsadida yer qa’ridan foydalanish uchastkasi tuprog‘ining agrokimyoviy tadqiqotlarini o‘tkazishi;
9) O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan o‘simliklarning biror-bir turlarini yoki yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning turlarini aniqlash maqsadida yer qa’ri uchastkasidagi o‘simliklarni o‘rganishi;
10) foydali qazilmalar qazib olinganidan (yoki boshqa konchilik faoliyatidan) keyin ushbu Qonunga muvofiq yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha batafsil rejani, shu jumladan buzilgan yerlarni tiklash rejasini tuzishi;
11) yer qa’ridan foydalanilayotgan tumanda yoki yer qa’ridan foydalanish uchastkasining bevosita yaqinida yashovchi aholining sog‘lig‘iga har qanday ehtimoliy salbiy va (yoki) zararli ta’sirini aniqlashi kerak.
Ekologik ekspertiza natijalari baholashdan o‘tkazilayotganda Yer qa’ridan foydalanish markazi:
1) ekologik ekspertiza o‘tkazilishi to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilishi;
2) agar ekologik ekspertiza o‘tkazilishi jamoatchilikning ishtirok etishini talab qilsa, bu haqda yer qa’ridan foydalanish uchastkasining bevosita yaqinida yashovchi jamoatchilik vakillarini ommaviy e’lonlar orqali o‘z vaqtida xabardor qilishi hamda mazkur masala yuzasidan asosli ravishda va o‘z vaqtida berilgan biror-bir takliflarni inobatga olishi shart.
Yer qa’ridan foydalanuvchi ekologik ekspertiza natijalarini maxsus hisobotda batafsil bayon qiladi. Davlat ekologik ekspertizasining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin yer qa’ridan foydalanuvchi atrof-muhitni boshqarish rejasini ishlab chiqadi hamda uni tegishli ishlar rejasini tasdiqlash doirasida Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etadi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan atrof-muhitni boshqarish rejasi ekologik ekspertiza natijalariga muvofiq bo‘lishi hamda unda ehtimoliy xavf-xatarlar va yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha taklif etilayotgan ishlarning atrof-muhitga ta’siri, shu jumladan yer qa’ridan foydalanish oqibatlarining oldini olish, ularni monitoring qilish, yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar tavsiflanishi hamda ekologik oqibatlar bilan bog‘liq biror-bir hodisa yuzaga kelishining oldini olish yoki unga chek qo‘yish uchun amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan tuzatishga doir chora-tadbirlarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Atrof-muhitni boshqarish rejasining mazmuni va shakli qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha ishlarning tarkibi va hajmlaridagi biror-bir o‘zgarishlarga qarab yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan atrof-muhitni boshqarish rejasiga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
134-modda. Uran bo‘yicha konchilik faoliyatini amalga oshirish uchun ekologik ekspertizani o‘tkazish va uning yuzasidan ijobiy xulosa olish bo‘yicha alohida majburiyatlar
Uran bo‘yicha konchilik faoliyati uchun ekologik ekspertizani o‘tkazish radiologik ekologik ekspertizani ham o‘z ichiga oladi, ushbu ekspertiza uran bo‘yicha konchilik faoliyatiga doir barcha radiologik jihatdan bog‘langan ishlarning bosqichlarini, shu jumladan konchilik faoliyatining radioaktiv chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish va yer qa’ridan foydalanish uchastkasini tiklash bo‘yicha biror-bir obyektdan foydalanishni to‘xtatishga taalluqli ishlarning bosqichlarini qamrab oladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi ekologik ekspertiza natijalarini maxsus hisobotda batafsil tavsiflaydi, uning shakli va mazmuni qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Aholi va atrof-muhitning himoyalanganlik darajasini ko‘rsatish hamda qo‘llaniladigan xavfsizlik talablari to‘liq bajarilishi haqida radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organga va har qanday boshqa manfaatdor taraflarga zarur kafolatlarni berish uchun uran rudasini qayta ishlovchi biror-bir yangi korxonani yoki konchilik faoliyatining radioaktiv chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshiruvchi korxonani qurishga yoki shunday turdagi biror-bir mavjud korxonani rekonstruksiya qilishga doir maxsus ruxsatnoma olish istagida bo‘lgan har qanday shaxs radiatsiyaviy xavfsizlik asosini va radiatsiyaviy xavfsizlikning tasdiqlovchi bahosini ishlab chiqishi hamda radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organlarga tasdiqlash uchun taqdim etishi kerak.
Ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan radiatsiyaviy xavfsizlik asosida va radiatsiyaviy xavfsizlik bahosida yer qa’ri uchastkasidagi radiatsiyaviy xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lgan barcha jihatlar, tegishli obyektni loyihalashtirish va undan foydalanish, shuningdek boshqaruv va nazoratga doir chora-tadbirlar batafsil tavsiflangan bo‘lishi kerak.
Uran rudasini qayta ishlovchi biror-bir yangi ishlab chiqarish obyektini yoki konchilik sanoatining radioaktiv chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshiruvchi ishlab chiqarish obyektini qurish yoki biror-bir mavjud bo‘lgan shunday obyektni rekonstruksiya qilish uchun foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma olish istagida bo‘lgan har qanday shaxs quyidagilarni ta’minlashi kerak:
1) qilingan xulosalarni tasdiqlashga va tartibga soluvchi organlar tomonidan mustaqil tekshirish hamda ko‘rib chiqish uchun tegishli asosni ta’minlashga yetarli bo‘lgan radiatsiyaviy xavfsizlikning batafsil baholanishini;
2) tegishli ishlab chiqarish obyektidagi biror-bir jiddiy o‘zgartirish rejalashtirilgan taqdirda, yangi radiatsiyaviy xavfsizlik asosi va radiatsiyaviy xavfsizlik bahosi taqdim etilishini;
3) xavfsizlik asosi va xavfsizlik bahosi radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organlarga taqdim etilishidan oldin ishonch darajasini oshirish maqsadida ularning mustaqil ekspert baholanishi va tekshiruvi o‘tkazilishini.
Yer qa’ridan foydalanuvchi:
1) foydalanish tajribasi to‘g‘risidagi barcha mavjud ma’lumotlarni hisobga olgan holda har uch yilda xavfsizlik asosini va xavfsizlik bahosini qayta ko‘rib chiqishi hamda zarur bo‘lganda unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishi;
2) tegishli obyektda jiddiy o‘zgartirish rejalashtirilgan har bir holda yangi xavfsizlik asosini va xavfsizlik bahosini taqdim etishi shart.
Yer qa’ridan foydalanuvchi radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organga radiatsiyaviy xavfsizlik asosiga va radiatsiyaviy xavfsizlik bahosiga doir biror-bir o‘zgartirishlarni ko‘rib chiqish hamda tasdiqlash uchun taqdim etadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi uran bo‘yicha ishlarning tugatilishi rejalashtirilayotgan sanaga qadar bir yildan kechiktirmay uning mazmunida tegishli obyektning yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bosqichlaridagi hamda yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilganidan keyingi sharoitlari mutanosib aks ettirilishini ta’minlash maqsadida radiatsiyaviy xavfsizlik asosini va radiatsiyaviy xavfsizlik bahosini qayta ko‘rib chiqishi shart.
Loyihaning bosqichma-bosqich tiklanishi lozim bo‘lgan qismlari uchun yer qa’ridan foydalanuvchi radiatsiyaviy xavfsizlik asosiga va radiatsiyaviy xavfsizlik bahosiga, uning mazmuni o‘zgartirilgan sharoitlarni mutanosib aks ettirishi uchun, tegishli tarzda tuzatishlar kiritadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi radiatsiyaviy xavfsizlik asosini va radiatsiyaviy xavfsizlik bahosini ishlab chiqarish obyekti foydalanishdan to‘liq chiqarilmaguniga, uchastkani ekologik jihatdan tiklash tugallanmaguniga va tegishli obyekt tartibga soluvchi choralar nazoratidan chiqarilmaguniga qadar saqlashi shart.
Yer qa’ridan foydalanuvchi konchilik faoliyatining radioaktiv chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha obyektlar borasida radiatsiyaviy xavfsizlik asosini va radiatsiyaviy xavfsizlik bahosini tegishli obyekt yopilgan hamda yer uchastkasi tiklangan sanadan keyin kamida o‘ttiz yil mobaynida saqlaydi.
135-modda. Ifloslantirish natijasida yetkazilgan zarar uchun yer qa’ridan foydalanuvchining javobgarligi
Yer qa’ridan foydalanuvchi, ifloslantirish natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘ladi.
Beparvolik yoki ayb hollarini istisno etganda, ushbu moddada nazarda tutilgan ifloslantirish natijasida yetkazilgan zarar uchun qonunda belgilangan javobgarlik quyidagi biron-bir jismoniy yoki yuridik shaxsga nisbatan e’lon qilinishi mumkin emas:
1) yer qa’ridan foydalanuvchi yoki uning pudratchilari yoxud ikkilamchi pudratchilari bilan kelishuvga ko‘ra yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyat bilan bog‘liq vazifalarni yoki ishlarni bajargan shaxsga;
2) yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha ishda foydalanish uchun uskuna tayyorlagan yoki yetkazib bergan shaxsga;
3) ifloslanish natijasidagi zararning oldini olish yoki uni cheklash yoxud yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha ishlar sababli tahdid ostida qolgan hayotni saqlab qolish chora-tadbirlarini ko‘rgan shaxsga, agar faqat bunday chora-tadbirlarni amalga oshirish vakolatli organlarning bevosita yozma yo‘riqnomalariga yoki biror-bir qo‘llaniladigan qonunchilik qoidalariga zid bo‘lmasa.
Yer qa’ridan foydalanuvchi barcha qo‘llanilayotgan ekologik qonunchilik normalariga rioya etilganligini va ifloslanish natijasidagi zarardan saqlanish yuzasidan barcha oqilona harakatlar amalga oshirilganligini isbotlay olsa, javobgar bo‘lmaydi.
Yer qa’ridan foydalanuvchining javobgarligi to‘g‘risidagi qaror ushbu moddada nazarda tutilgan asoslarni hisobga olgan holda sud tomonidan qabul qilinadi.
Ifloslanish natijasida yetkazilgan zarar uchun yer qa’ridan foydalanuvchining javobgarligi yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha tegishli ishlarning miqyoslari, zarar ko‘rgan tarafning ahvoli va ikkala tarafdan sug‘urta qoplamasini olish imkoniyati e’tiborga olinganidan keyin, shuningdek fors-major holatlar yoki uchinchi tarafning harakati tufayli kelib chiqqan ifloslanishdan zarar yuzaga kelgan taqdirda faqat oqilona darajada kamaytirilishi mumkin.
136-modda. Yer qa’ridan foydalanish chog‘ida sanoat xavfsizligi
Yer qa’ridan foydalanish, shu jumladan ishlab chiqarish obyektlarini va boshqa obyektlarni rejalashtirish hamda loyihalashtirish sanoat xavfsizligi talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan ishlarni xavfsiz amalga oshirish bo‘yicha qonunchilikda nazarda tutilgan qoidalar va normalarga rioya etilishi, shuningdek avariyalarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar yuzaga kelishining oldini olish hamda kasb kasalliklari profilaktikasi bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilishi ta’minlanishi kerak.
Odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf soladigan, yuridik va jismoniy shaxslarga moddiy zarar yetkazadigan yer qa’ridan foydalanishga doir faoliyat taqiqlanadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi tashkilotlarda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta’minlash uchun javobgarlik ularning rahbarlari zimmasiga yuklatiladi, ular tarkibiy bo‘linmalarda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi shaxslarni belgilaydi.
Ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda yer qa’ridan O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi bilan kelishilmagan holda foydalanish taqiqlanadi.
137-modda. Tog‘-kon qutqaruv qismlari hamda ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish hamda ularni tugatish xizmatlari
Yer osti tog‘-kon ishlarini olib borayotgan yer qa’ridan foydalanuvchilarga tog‘-kon qutqaruv qismlari tomonidan, uglevodorodlar konlarini aniqlash, qidirish va o‘zlashtirish chog‘ida burg‘ilash ishlarini olib borayotgan yer qa’ridan foydalanuvchilarga esa ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish hamda ularni bartaraf etish xizmatlari tomonidan xizmat ko‘rsatilishi kerak.
Tog‘-kon qutqaruv qismlarining, ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish hamda ularni bartaraf etish xizmatlarining faoliyati ushbu Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
15-bob. Yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish
138-modda. Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganidan keyin yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish, yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish va yer uchastkasini tiklashga doir umumiy qoidalar
Barcha yer qa’ridan foydalanuvchilar yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha faoliyat tugatilganidan keyin quyidagilarni ta’minlash uchun barcha zarur chora-tadbirlar bajarilishini ta’minlashi shart:
1) yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish toki kadastr kvadratining ustidagi yer uchastkasining yuzasi, shuningdek unga tutash hududlar, hech bo‘lmaganda, ular yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha faoliyat boshlanguniga qadar bo‘lgan o‘sha ko‘rinishga va sifatga keltiriladigan yoki, agar buning imkoni bo‘lmasa, qanchalik mumkin bo‘lsa, shunchalik yaqin holatga keltiriladigan tarzda amalga oshirilishini;
2) kadastr kvadrati yuzasidagi yer uchastkasining va unga tutash hududlarning rekultivatsiyasi, toki ularning yerdan foydalanishga nisbatan bo‘lgan avvalgi qobiliyati tiklanishi ta’minlaydigan va, agar yerlarni bunday tiklashning imkoni bo‘lmasa, bunday uchastkalar uchun yerdan eng samaraliroq foydalanilishiga erishiladigan tarzda o‘tkazilishini;
3) amalga oshirilishi taklif qilinayotgan chora-tadbirlar biologik xilma-xillikning biror-bir yo‘qolib ketishiga olib kelmasligini;
4) ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning uzoq muddatli istiqbolda barqarorligini ta’minlash uchun yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan yetarlicha moliyalashtirish ta’minlanishini.
Yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish ishlarining hajmini qisqartirish maqsadida tegishli ruxsatnomaning amal qilishi tugaguniga qadar yer qa’ridan foydalanishga oid faoliyatni qisman tugatish amalga oshirilishi mumkin.
Tegishli ruxsatnomaning amal qilishi tugatilishi yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha majburiyatlarning tugatilishiga olib kelmaydi. Agar ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganidan keyin o‘ttiz yildan so‘ng yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish to‘liq va muvaffaqiyatli oxiriga yetkazilsa hamda yangi ekologik majburiyatlar yuzaga kelmasa, yer qa’ridan foydalanuvchining majburiyati tugaydi.
139-modda. Konchilik faoliyati, neft-gaz operatsiyalari va yer qa’rida saqlash uchun yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatishning dastlabki rejasi
Yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha biror-bir rejalashtirilayotgan faoliyat boshlanishidan oldin foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi yoki yer qa’rida saqlashga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanishga oid faoliyatni tugatish uchun yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarishning dastlabki rejasini tayyorlashi kerak, u holatlarga qarab quyidagi axborotni o‘z ichiga olishi kerak:
1) yer qa’ridan foydalanishga oid faoliyat tugatilganidan keyin yopilishi lozim bo‘lgan yer qa’ri uchastkasining tavsifi;
2) konchilik obyektlarini, neft-gaz infratuzilmasi obyektlarini foydalanishdan chiqarishning, konni yoki yer qa’rida saqlash obyektlarini yopishning taxmin qilinayotgan sabablari;
3) yer qa’ridan foydalanishga oid faoliyatni tugatishning kutilayotgan davomiyligi;
4) qazib olinishi yoki yer qa’rida saqlanishi lozim bo‘lgan foydali qazilmalarning turi va miqdori;
5) yer qa’ridan foydalanish tugatilganidan keyin yer qa’ri uchastkasida qolishi taxmin qilingan biror-bir foydali qazilmalar zaxiralarining turi va miqdori;
6) zarur bo‘lgan taqdirda yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha, shu jumladan kon qazishmalarini qaytadan to‘ldirish chora-tadbirlarini qo‘llash bo‘yicha kadastr kvadrati yuzasidagi yer uchastkasida yoki yer qa’ri uchastkasida ilgari bajarilgan ishlar haqidagi hujjatlar;
7) yer usti yoki yer osti hududida o‘rnatilishi kerak bo‘lgan yoki allaqachon o‘rnatilgan yoki foydalanilayotgan konchilik obyektlari va uskunalarini yoki omborlarini tugatish, yer qa’rida saqlash, demontaj qilish, buzib tashlash va ulardan takroran foydalanish uchun amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar;
8) chiqindilarni boshqarishning dastlabki rejasi, konchilik va boshqa chiqindilarni qisqartirish, qayta ishlash, rekuperatsiya hamda chiqarib tashlashga oid taklif etilayotgan chora-tadbirlar ko‘rsatilgan holda;
9) suv uchun xavfli bo‘lgan biror-bir moddalar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishning taklif etilayotgan usullari;
10) xavfsizlikni ta’minlash va yer qa’ri uchastkasini tiklash bo‘yicha xavf-xatarlarni, joriy hamda rejalashtirilayotgan tadbirlarni baholash yuzasidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan taklif etilayotgan tadbirlar;
11) yonbag‘irning tuzilishi va eroziyaga hamda, zarur bo‘lgan taqdirda, suv oqimlari eroziyasiga nisbatan barqarorligi yuzasidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan taklif etilayotgan chora-tadbirlar;
12) yerlardan takroran foydalanish turlariga va yerdan foydalanishning amaldagi rejasi talablariga muvofiq yer uchastkasining balansi;
13) maxsus texnik zichlash konstruksiyalari talab qilinadigan ishlarning, jumladan shaxtalarning va xavfli moddalar yer osti omborlarining germetizatsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha ishlarning biror-bir zarur bo‘lgan maxsus rejalari;
14) yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish rejasini amalga oshirishning texnik maslahatchi tomonidan tayyorlangan smeta qiymati;
15) yer uchastkasini tiklashning dastlabki rejasi.
Ruxsatnoma olish uchun arizachi tomonidan taqdim etilgan yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatishning dastlabki rejasi, qo‘llaniladigan holga qarab, geologik jihatdan o‘rganish loyihasining, konni o‘zlashtirish loyihasining yoki yer qa’rida saqlash bo‘yicha loyihaning bir qismi bo‘ladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish rejasini ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartib-taomilga muvofiq unga o‘zgartirishlar kiritish doirasida yangilaydi.
140-modda. Neft-gaz operatsiyalari uchun yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha dastlabki reja
Biror-bir mo‘ljallanayotgan neft-gaz operatsiyalarining boshlanishidan oldin yer qa’ridan foydalanuvchi bunday ishlarni tugatish uchun yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha dastlabki rejani tuzadi, reja quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi:
1) ruxsatnomaga kiritilgan neft-gaz operatsiyalari tamomlanganidan keyin obyektlarni tugatish yoki konservatsiya qilish amalga oshiriladigan yer uchastkasining tavsifi;
2) tegishli ruxsatnomaga kiritilgan kadastr kvadratining yer yuzasida yoki yer qa’ri uchastkasida amalga oshirilgan neft-gaz operatsiyalarining hujjatlari;
3) yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejani amalga oshirishga taalluqli ma’lumot beradigan axborot, unga quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi diagrammalar, chizmalar va, zarur bo‘lganda, tegishli fotosuratlar ilova qilinadi:
a) kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkasi joylashgan yer va asosiy infratuzilma obyektlari ko‘rsatilgan xarita (xaritalar);
b) e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan boshqa biror-bir tutash obyektlarning (telefon kabellari, boshqa quvurlar va platformalar kabilar) tegishli joylashuvi, turi hamda holati;
v) mazkur uchastkada amalga oshirilayotgan biror-bir tijorat faoliyati haqidagi axborot;
g) yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejani ko‘rib chiqishga aloqador bo‘lgan har qanday boshqa ma’lumot beradigan axborot;
4) neft-gaz infratuzilmasi obyektlarini foydalanishdan chiqarish sabablari;
5) yer qa’ri uchastkasida o‘rnatiladigan yoki o‘rnatilgan yoxud foydalanilayotgan neft-gaz infratuzilmasi obyektlarini foydalanishdan chiqarish, demontaj qilish, utilizatsiya qilish, buzib tashlash, takroran qayta ishlash yoki takroran foydalanish uchun qo‘llash taklif qilinayotgan usullar va choralar, shuningdek taklif etilayotgan usulni tanlash sabablari, shu jumladan taklif etilayotgan usulni hamda choralarni qo‘llash natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ta’sirning baholanishi;
6) foydalanishdan chiqariladigan obyektlarda o‘rnatilgan yoki o‘rnatishga taklif qilinayotgan obyektlarning tavsifi, shu jumladan quyidagilarni ham nazarda tutadigan diagrammalar:
a) foydalanishdan chiqarish mo‘ljallanayotgan paytdagi neft-gaz infratuzilmasi obyektlarining barcha tayanch konstruksiyalari (turi, o‘lchami, tashqi ko‘rinishi va og‘irligi);
b) neft-gaz operatsiyalarining har bir obyekti bilan bevosita bog‘langan barcha (ishlab turgan, konservatsiya qilingan yoki tugatilgan) quduqlar ro‘yxati;
v) dasturga aloqador bo‘lgan barcha saqlash, yuklash va tashish obyektlari;
g) har qanday boshqa o‘rnatilgan obyektlar;
7) taklif etilayotgan chora-tadbirlar qiymatining xarajatlar toifalarining batafsil tavsifini o‘z ichiga olgan hisob-kitobi (eng aniq baholash asosida va baholashdan biror-bir ehtimol tutilgan chetga chiqishlar ko‘rsatilgan holda, ular rejani amalga oshirish jarayonida pirovard natijalarda biror-bir tafovut yuzaga kelishining sababini izohlashi mumkin);
8) agar biror-bir neft-gaz infratuzilmasi obyektini yoki asosiy uskunani qoldirish yoki qisman demontaj qilish va yer qa’ri uchastkasidan olib chiqish taklif qilinayotgan bo‘lsa, monitoring hamda texnik jihatdan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlar;
9) neft-gaz operatsiyalarini tugatishning kutilayotgan davomiyligi, yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlarni amalga oshirish muddatlarini qo‘shgan holda va bunday muddatlarni aniqlash mexanizmi;
10) zarur bo‘lgan taqdirda, qazib olingan uglevodorod resurslarining turi va miqdori;
11) zarur bo‘lgan taqdirda, zaxiralarning chiqarib olinuvchanligini hisoblash baholashdagi yoki konda uglevodorodlar qazib olishning muddatidan ilgari tugatilishini baholashdagi biror-bir o‘zgarishlar munosabati bilan qo‘llaniladigan taklif etilayotgan chora-tadbirlar;
12) zarur bo‘lgan taqdirda, neft-gaz operatsiyalari tugatilganidan keyin yer qa’ridan foydalanish uchastkasida qolishi kutilayotgan har qanday uglevodorod resurslarining turi va miqdori;
13) uchastkani tiklash bo‘yicha dastlabki reja.
Yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha dastlabki reja, qo‘llaniladigan holatga qarab, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasining yoki neft-gaz konini o‘zlashtirish loyihasining bir qismi bo‘lib, u arizachi tomonidan ruxsatnoma olish uchun taqdim etiladi. Ushbu dastlabki reja ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartib-taomilga muvofiq tegishli rejaga yangilashlarni taqdim etish doirasida yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan yangilanadi.
141-modda. Konchilik faoliyati uchun oqibatlarni tugatish bo‘yicha yakuniy reja
Ushbu moddaning ikkinchi qismini inobatga olgan holda yer qa’ridan foydalanuvchi konning rejalashtirilayotgan yopilishidan oldin bir yil ichida Yer qa’ridan foydalanish markaziga yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha yakuniy rejani tasdiqlash uchun taqdim etadi.
Agar yer qa’ridan foydalanuvchi tegishli ruxsatnomadan voz kechsa yoki ruxsatnoma uning amal qilish muddati tugaguniga qadar bekor qilinsa, yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha oxirgi tasdiqlangan dastlabki rejaning qoidalari qo‘llaniladi.
Yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha yakuniy reja Yer qa’ridan foydalanish markaziga kiritilgan taqdirda, bunday reja zarur bo‘lgan taqdirda quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1) yer qa’ridan foydalanuvchining nomi va manzilini;
2) daxl qilingan kadastr kvadratlari doirasida konchilik faoliyati neft-gaz operatsiyalari uchun foydalaniladigan uchastkaning tavsifini;
3) qazib olingan foydali qazilmalarning tavsifini va yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha faoliyat davomida olingan boshqa axborotni, xususan, texnik jihatlar va bunday ishlarni amalga oshirish chog‘idagi xavfsizlik nuqtai nazaridan yuzaga keladigan qiyinchiliklar haqidagi axborotni;
4) xo‘jalik yurituvchi subyekt sifatida kondagi texnik-ekspluatatsiya vaziyatining tavsifini va konni o‘zlashtirish xaritasi bo‘lmagan taqdirda — ishlarni amalga oshirish sxemasini;
5) konchilik faoliyatining boshlanish sanasini va uni tugatishning dastlabki sanasini, shuningdek bunday tugatishning sabablarini;
6) foydali qazilmalar konining geologik tavsifini va qazib olingan foydali qazilmalarning, shu jumladan konchilik faoliyati to‘kindi uyumlarining inventarizatsiyasini;
7) qayta ishlovchi quvvatlarning tavsifini (tayyor mahsulotning turi, unumdorligi va chiqarib olinishi hamda mavjud bo‘lgan kimyoviy tahlillar natijalarini, shu jumladan qoldiqlardagi metallar tarkibi);
8) yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha ishlar jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilarni malakali va vakolatli yuridik shaxslar hamda xodimlar tomonidan barcha shunday chiqindilarning qonuniy ravishda tashilishi, qayta ishlanishi, takroran foydalanilishi yoki xavfsiz utilizatsiya qilinishini ta’minlash maqsadida samarali boshqarish bo‘yicha rejalashtirilayotgan chora-tadbirlarni;
9) transport vaziyatining va asosiy qazib olish jihatlarining, realizatsiya qilinishi lozim bo‘lgan qayta ishlangan foydali qazilmalar hamda ular bilan bog‘liq mahsulotlarni olib chiqish va keyingi tashishlarning tavsifini;
10) yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha tegishli mavjud muqobil tavsiflarni, ular xavfsizlikni, ekologik, texnik, ijtimoiy hamda iqtisodiy jihatlarni inobatga oluvchi baholashning miqdoriy mezonlari asosidagi qiyosiy ta’sir tahlilining va ko‘rib chiqilayotgan muqobil xavf-xatarlarni, yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha tanlangan variantning asosini o‘z ichiga oladi;
11) yer qa’ridan foydalanuvchi amalga oshirilishini tavsiya etayotgan yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha qarorni, yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarishning taklif etilgan sxemasi muayyan holatlarda maqbul ekanligining sabablari tushuntirilgan holda, shu jumladan uni amalga oshirishning taklif etilayotgan jadvalini;
12) yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarishdan keyingi monitoring, texnik jihatdan xizmat ko‘rsatish, xavfsizlik va hisobdorlik bo‘yicha taklif etilayotgan, yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha faoliyat tugatilganidan keyin har qanday salbiy ta’sir mumkin qadar eng past darajaga tushirilishini tasdiqlash uchun qo‘llash taklif qilinadigan chora-tadbirlarni;
13) yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha rejani bajarish jarayonida amalga oshirilishi taklif etilayotgan, har bir toifadagi xarajatlarning batafsil tavsifini o‘z ichiga olishi kerak bo‘lgan barcha chora-tadbirlar qiymatining baholanishini;
14) kelishuvlarning tafsilotlarini, yer qa’ridan foydalanuvchi ularga muvofiq Yer qa’ridan foydalanish markazini yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha ishlarning amalga oshirilishi jarayoni haqida xabardor qiladi;
15) amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq talab etiladigan har qanday boshqa axborotni;
16) yer uchastkasini tiklash rejasini.
Foydalanishga doir jurnalni taqdim etish talabi qurilishbop foydali qazilmalar va ochiq usuldagi to‘ldirgichlar bo‘yicha konchilik faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
142-modda. Neft-gaz operatsiyalari uchun yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha yakuniy reja
Ushbu moddaning ikkinchi qismini inobatga olgan holda yer qa’ridan foydalanuvchi neft-gaz operatsiyalarining rejalashtirilayotgan tugatilishidan oldin bir yil ichida Yer qa’ridan foydalanish markaziga yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha yakuniy rejani tasdiqlash uchun taqdim etishi shart.
Agar yer qa’ridan foydalanuvchi tegishli ruxsatnomadan voz kechsa yoki ruxsatnoma o‘zining amal qilish muddati tugashidan oldin Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan bekor qilinsa, yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha oxirgi tasdiqlangan dastlabki rejaning qoidalari qo‘llaniladi.
Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etiladigan yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha yakuniy reja, zarur bo‘lgan taqdirda, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1) yer qa’ridan foydalanuvchining nomi va pochta manzilini;
2) daxl qilingan kadastr kvadratlari doirasidagi neft-gaz operatsiyalari uchun foydalaniladigan yer qa’ri uchastkasining tavsifini;
3) qazib olingan uglevodorod resurslarining tavsifini hamda geologik, geofizik va geologik jihatdan o‘rganish bilan bog‘liq boshqa biror-bir mavjud ma’lumotlarni, shuningdek yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha ishlar jarayonida olingan har qanday boshqa tegishli axborotni, xususan, texnik qiyinchiliklar to‘g‘risidagi, shuningdek xavfsizlik va ekologiya sohasidagi bunday ishlarni amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan qiyinchiliklar haqidagi axborotni;
4) yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha faoliyat ruxsatnomaga muvofiq boshlanadigan sanani va uni tugatish rejalashtirilayotgan sanani, shuningdek bunday tugatish sabablarini;
5) agar neft-gaz operatsiyalari biror-bir foydalanilayotgan neft-gaz koniga yoki boshqa konga daxl qilsa:
a) uglevodorodlar konining batafsil tarixiy axborotini, shu jumladan qazib olingan uglevodorodlar miqdorini;
b) neft-gaz operatsiyalari tugatilganidan keyin konda qoladigan uglevodorodlar miqdorining baholanishini;
6) foydalanishdan chiqarilishi lozim bo‘lgan neft-gaz infratuzilmasi obyektlarining turlarini, shu jumladan ularning joylashuv sxemasini, joylashish tartibini, chuqurligini, materiallar turini hamda xaritalar va diagrammalarda aks ettiriladigan boshqa materiallarni;
7) yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha tegishli mavjud muqobillar tavsifini, ular:
a) xavfsizlikni, ekologik, texnik, ijtimoiy hamda iqtisodiy jihatlarni inobatga oluvchi baholashning miqdoriy mezonlari asosidagi qiyosiy ta’sir tahlilini va ko‘rib chiqilayotgan muqobillarning xavf-xatarlarini ifodalaydi;
b) yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha tanlangan variantning asosini aniq ifodalaydi;
8) yer qa’ridan foydalanuvchi amalga oshirilishini taklif qilayotgan yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha qarorni, foydalanishdan chiqarishning taklif etilgan sxemasi muayyan holatlarda maqbul ekanligining sabablari tushuntirilgan holda, shu jumladan uni amalga oshirishning taklif etilayotgan jadvalini;
9) yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha ishlar jarayonida hosil bo‘ladigan biror-bir chiqindilarni malakali va vakolatli kompaniyalar hamda xodimlar tomonidan barcha shunday chiqindilarning qonuniy ravishda tashilishi, qayta ishlanishi, takroran foydalanilishi yoki xavfsiz utilizatsiya qilinishini ta’minlash maqsadida samarali boshqarish bo‘yicha rejalashtirilayotgan chora-tadbirlarni;
10) yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha faoliyat tugatilganidan keyin har qanday salbiy ta’sir mumkin qadar eng kam darajaga tushirilganini tasdiqlash uchun qo‘llash taklif qilinayotgan, yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarishdan keyingi monitoring, texnik jihatdan xizmat ko‘rsatish, xavfsizlik va hisobdorlik bo‘yicha taklif qilinayotgan chora-tadbirlarni;
11) yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejani ro‘yobga chiqarish jarayonida amalga oshirilishi taklif qilinayotgan, har bir toifadagi xarajatlarning batafsil tavsifini o‘z ichiga olgan barcha chora-tadbirlar qiymatining baholanishini;
12) yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha ishlarning amalga oshirilishi jarayoni haqida Yer qa’ridan foydalanish markazini qaysi kelishuvlarga muvofiq to‘liq xabardor qilsa, o‘sha kelishuvlar tafsilotlarini;
13) agar neft-gaz operatsiyalari amaldagi neft-gaz koniga yoki boshqa konga ta’sir qilsa, uglevodorodlar koni to‘g‘risidagi batafsil tarixiy axborotni, shu jumladan qazib olingan uglevodorodlar miqdorini, shuningdek neft va gaz operatsiyalari yakunlanganidan keyin konda qolgan uglevodorodlar miqdorining baholanishini;
14) foydalanishdan chiqarilishi lozim bo‘lgan neft-gaz infratuzilmasi obyektlarining turlarini, shu jumladan ularning joylashuv sxemasini, joylashish tartibini, chuqurligini, materiallar turini hamda xaritalar va sxemalarda ko‘rsatilgan boshqa materiallarni;
15) biror-bir qo‘llaniladigan qonunchilikka muvofiq talab qilinadigan har qanday boshqa axborotni.
Agar yer qa’ridan foydalanuvchining fikriga ko‘ra biror-bir neft-gaz infratuzilmasi obyektini ruxsatnomaga kiritilgan yer uchastkasida qoldirish yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha eng afzal qaror bo‘lsa, yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish, demontaj qilish va yer qa’ri uchastkasidan olib chiqish bo‘yicha barcha variantlar to‘liq ko‘rib chiqilganini hamda qiyosiy baholash o‘tkazilganini, unda atrof-muhitni muhofaza qilish va xavfsizlik bilan bog‘liq barcha turdagi ta’sirlar hamda xavf-xatarlar, shuningdek barcha tegishli ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlar inobatga olinganini asoslashi kerak.
143-modda. Yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha yakuniy rejani yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejani tasdiqlash tartibi
Yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha yakuniy rejani yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejani taqdim etgan sanadan e’tiboran to‘qson kun ichida Yer qa’ridan foydalanish markazi bunday reja tasdiqlanganligi to‘g‘risida yoki ko‘rib chiqilayotgan reja Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlanishidan oldin bajarilishi lozim bo‘lgan shartlar mavjud bo‘lsa, ular haqida yer qa’ridan foydalanuvchini yozma tarzda xabardor qiladi.
Yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha rejada yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejada tavsiflangan ishlar boshqa davlat organlarining vakolatlari va javobgarligiga daxl qilgan taqdirda, ushbu organlar rejani tasdiqlash jarayoniga jalb etiladi.
Shartlar Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan quyidagi holda belgilanishi mumkin:
1) yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha yakuniy rejadagi yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejadagi muddatlarda va ishlar turlarida, shuningdek ishlar rejasida, shu jumladan yerni tiklash ishlari jadvalida jiddiy o‘zgarishlar mavjud bo‘lganda;
2) yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha ishlarning muayyan qismiga yoki yer qa’ridan foydalanish oqibatlari tugatilganidan yoxud yer qa’ri uchastkasi foydalanishdan chiqarilganidan keyingi faoliyatga nisbatan tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq ekologik ekspertiza o‘tkazish va ijobiy xulosa olish zarur deb hisoblanganda;
3) agar yer qa’ridan foydalanuvchi zarur bo‘lgan ekologik ekspertizani o‘tkazish jarayonida jamoatchilikning ishtirok etishiga nisbatan boshqa qonunchilikda nazarda tutilgan talablarga rioya etish niyatida bo‘lmasa.
Yer qa’ridan foydalanish markazi tiklanishi lozim bo‘lgan kadastr kvadrati yuzasidagi yer uchastkasiga nisbatan yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha yakuniy rejani yoki yer uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejani tasdiqlash shartlarini belgilagan taqdirda, Yer qa’ridan foydalanish markazi kadastr kvadrati yuzasida joylashgan yer uchastkasiga va unga tutash bo‘lgan yoki shunday maqsadlar uchun mo‘ljallangan yer uchastkasi yuzasidan zaruratga qarab boshqa yer uchastkalariga har qanday oqilona vaqtda moneliksiz kirish huquqiga ega.
Yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha rejani yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejani kelishish sharti sifatida Yer qa’ridan foydalanish markazi yer qa’ridan foydalanuvchidan yer yuzasidagi infratuzilmaga zarar yetkazilishining oldini olish yoki yer ostidagi tog‘-kon ishlari natijasida xavfli moddalar sizib chiqishining oldini olish maqsadida o‘yilgan bo‘shliqlarni, yer osti kovaklarini yoki ilgari o‘rnatilgan yer osti omborlarini qaytadan to‘ldirib ko‘mib tashlashni talab qilishga haqli.
Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan o‘yilgan bo‘shliqlarni, yer osti chuqurlarini yoki ilgari o‘rnatilgan yer osti omborlarini to‘ldirib ko‘mib tashlash bo‘yicha shartlar belgilangan taqdirda:
1) foydali qazilmalarni qazib olishning barqaror va ekologik jihatdan xavfsiz usullaridan foydalanilishiga ko‘maklashish maqsadida o‘yilgan bo‘shliqlarni, yer osti chuqurlarini yoki ilgari o‘rnatilgan yer osti omborlarini to‘ldirib ko‘mib tashlash yer yuzasiga chiqarib tashlashdan (to‘kindi uyumlarini shakllantirishdan) ko‘ra afzalroq bo‘lishi kerak;
2) Yer qa’ridan foydalanish markazi konchilik sanoati chiqindilaridan, konchilik sanoati bilan bog‘liq bo‘lmagan chiqindilardan yoxud mazkur chiqindilarning ikkala turidan to‘ldirib ko‘mib tashlash uchun foydalanilishi mumkinligi-mumkin emasligi haqida qaror qabul qilish huquqiga ega.
Yer qa’ridan foydalanish markazi yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha yakuniy rejani yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejani tasdiqlashga oid shartlarni belgilagan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi barcha ana shu shartlarga muvofiq yangi rejani ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan xabardor qilingan sanadan e’tiboran oltmish kun ichida taqdim etishi shart.
Yer qa’ridan foydalanish markazi yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha yakuniy rejani yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejani tasdiqlashni faqat quyidagi hollarda rad etish huquqiga ega, agar:
1) yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq zarur bo‘ladigan, yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejalashtirilayotgan tadbirlar bilan, shuningdek yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish va yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish yakunlanganidan keyin amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar bilan bog‘liq bo‘lgan barcha axborotni va hisobga olish yozuvlarini rejaga kiritmagan bo‘lsa;
2) yer qa’ridan foydalanuvchi zarur bo‘ladigan kelishuvlarni, ruxsatnomalarni va (yoki) yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha tadbirlarni, shuningdek yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish yakunlanganidan keyin amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlarni bajarish uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq zarur bo‘ladigan ruxsatnomalarni olish uchun ko‘rmoqchi bo‘lgan choralar haqidagi tasdiqni yoki batafsil axborotni taqdim etmagan bo‘lsa;
3) Yer qa’ridan foydalanish markazi o‘zining asosli fikriga ko‘ra quyidagilarga rozi bo‘lmasa:
a) yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatishning yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarishning barcha mumkin bo‘lgan variantlari ko‘rib chiqilganligiga va qoniqarli qiyosiy baholash o‘tkazilganligiga;
b) yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha faoliyat natijasida hosil bo‘lgan har qanday chiqindilar to‘g‘ri foydalanilganligiga, saqlanganligiga yoki yer qa’ri uchastkasidan xavfsiz olib chiqib ketilganligiga;
v) yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar vaqtida va ular amalga oshirilganidan keyin uchinchi taraflarni ularning sog‘lig‘iga yoki hayotiga bo‘lgan xavf-xatardan himoya qilish uchun barcha zarur bo‘lgan ehtiyotkorlik choralari ko‘rilganligiga;
g) yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish va yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha ishlardan keyin amalga oshiriladigan, atrof-muhitga bo‘lgan salbiy ta’sirni nazorat qilish bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan taklif etiladigan chora-tadbirlar samarali va asosli ekanligiga;
d) kadastr kvadrati yuzasidagi yer uchastkasini tiklash bo‘yicha rejalashtirilgan tadbirlar zarur bo‘lgan hajmda amalga oshirilganligiga;
e) kadastr kvadrati yuzasida joylashgan yer uchastkasida odamlarning xavfsizligi va jamoat transportining muhofazasi ta’minlanganligiga;
j) konchilik faoliyati oqibatlari tugatilgan taqdirda konning rejalashtirilgan yopilishi keyinchalik ishlarni davom ettirish, ilg‘or tarmoqqa oid amaliyotga, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga va xavfsizlikni ta’minlash vositalariga rioya etish imkonini berishiga, shuningdek infratuzilma obyektlari va uskunalar yer osti uchastkasidan to‘liq olib chiqib ketilganligiga;
z) rejalashtirilayotgan yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish va faoliyat tugatilganidan keyingi ishlar ilg‘or neft-gaz amaliyotini hisobga olgan holda amalga oshirilishiga hamda maqsadga muvofiqligiga va atrof muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikning barcha talablariga hamda xavfsizlik texnikasiga muvofiq ekanligiga, har qanday transport obyektidan neft-gaz infratuzilmasining boshqa mavjud obyektlari bilan birga takroran foydalanish imkoniyati kelgusida bundan keyingi neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirish uchun to‘liq ko‘rib chiqilganligiga hamda yer qa’ri uchastkasi foydalanishdan chiqarilishiga qadar baholanganligiga.
Agar yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha reja yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha reja tasdiqlanmagan bo‘lsa, yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan rejani tasdiqlashni rad etish yoki uni tasdiqlash uchun shartlar belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran oltmish kun ichida yangi yoki o‘zgartirilgan rejani takroran taqdim etadi.
144-modda. Yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha rejaning yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejaning amal qilish muddati va ularga o‘zgartirishlar kiritish
Yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha reja yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha reja amaldagi reja hisoblanadi, agar u;
1) qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning butun amal qilish davri uchun qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasining bir qismi bo‘lsa;
2) qattiq holdagi foydali qazilmalar konini o‘zlashtirish loyihasining bir qismi bo‘lib, ushbu loyiha Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlangan sanadan e’tiboran kamida ikki yil o‘tgan bo‘lsa;
3) ruxsatnomaning butun amal qilish davri uchun uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasining bir qismi bo‘lsa;
4) Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlangan sanadan e’tiboran besh yil mobaynida uglevodorodlar konini o‘zlashtirish loyihasining bir qismi bo‘lsa.
Yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha rejaning yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejaning mazmuniga jiddiy o‘zgartirishlar kiritilgan taqdirda, yer qa’ridan foydalanuvchi rejaga tegishli o‘zgartirishlar kiritilganligi haqida Yer qa’ridan foydalanish markazini yozma ravishda xabardor qilishi shart.
Yer qa’ridan foydalanish markazi yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha rejaga yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejaga yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan taklif etgan barcha o‘zgartirishlarni ushbu Qonun 57-moddasining ikkinchi qismida yoki 91-moddasida belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi.
145-modda. Yer qa’ridan foydalanuvchining yer uchastkasini tiklash bo‘yicha dastlabki rejani tuzishga doir majburiyati
Yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanishga doir biror-bir ishlar boshlanguniga qadar Yer qa’ridan foydalanish markazi bilan kelishish uchun geologik jihatdan o‘rganish loyihasini yoki konni o‘zlashtirish loyihasini tayyorlash jarayonida konni yopish rejasini tayyorlash bo‘yicha majburiyatlar doirasida yer qa’ridan foydalanilgan yer uchastkasini tiklash bo‘yicha dastlabki rejani tuzadi.
Yer uchastkasini tiklash bo‘yicha dastlabki reja, agar qo‘llash mumkin bo‘lsa, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1) yer uchastkasini tiklash bo‘yicha taklif etilayotgan ishlarni bajarishning dastlabki jadvalini;
2) rejani bajarish uchun taklif etilayotgan barcha chora-tadbirlar qiymatining baholanishini;
3) konchilik faoliyati (neft-gaz operatsiyalari) taklif etilayotgan bosqichlarining yer uchastkasiga hamda atrof-muhitga va (yoki) parallel tiklash chora-tadbirlari uchun to‘kindi uyumlarini joylashtirish maydonchalariga va (yoki) yer osti qazishmalarini qaytadan to‘ldirib ko‘mib tashlashga bo‘lgan ehtimoliy ta’sirining baholanishini;
4) yer uchastkasini tiklash bo‘yicha chora-tadbirlarni bajarish uchun foydalanishga taklif etilayotgan texnika va transport uskunalarning tavsifini;
5) yer qa’ri uchastkasidan rejalashtirilayotgan qayta foydalanishni va undan takroran foydalanish uchun taklif etilayotgan cheklovlarni;
6) konchilik infratuzilma obyektlarini demontaj qilishning dastlabki rejasini;
7) to‘kindi uyumlari uchastkasiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazish va uni ko‘kalamzorlashtirishning dastlabki rejasini;
8) rekultivatsiya qilishning dastlabki rejasini (ko‘chat ekish, tuproqdan foydalanish, yuzani shakllantirish rejalarini, o‘simlik va hayvonotning hayoti qayta tiklanishini rag‘batlantirish chora-tadbirlarini o‘z ichiga oladi);
9) xizmat va jamoat ehtiyojlari uchun yo‘llar qurilishini nazarda tutuvchi infratuzilmaning, shuningdek uy-joy va rekreatsiya infratuzilmasining dastlabki rejasini;
10) konlar karyer usulda o‘zlashtirilgan taqdirda — kon qazib olinadigan uchastkada yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha ishlar natijasida landshaftga salbiy ta’sirning o‘rnini qoplash yuzasidan taklif etilayotgan chora-tadbirlarni va uning hududidan tashqaridagi o‘rnini qoplash chora-tadbirlarini;
11) tuproqni o‘g‘itlash bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlarni;
12) tiklash bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlar amalga oshirilganidan keyingi landshaft shakli tavsiflangan holda relyefning dastlabki modelini;
13) ustki drenaj tizimlarining taklif etilayotgan konstruksiyasini, shu jumladan qo‘llaniladigan joylarda foydali qazilmalar qazib olinganidan keyin yer ustki suvlarining va ko‘llarning rejalashtirilayotgan inshootlarini;
14) yer osti suvlarining kutilayotgan kelgusidagi sathini va suv balansini modellashtirishni;
15) yer osti suvlarini monitoring qilishning qo‘llanilishi taklif etilayotgan chora-tadbirlarini;
16) yer uchastkasini tiklash bo‘yicha taklif etilayotgan ishlar amalga oshirilganidan keyin qo‘llanilishi taklif qilinayotgan monitoring, sifatni boshqarish va hisobdorlik chora-tadbirlarini.
Yer uchastkasini tiklash bo‘yicha dastlabki reja yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha dastlabki rejaning qismi hisoblanadi.
Agar qazib olish sharoitlari o‘zgarganligi yoki atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa o‘zgarishlar munosabati bilan yer uchastkasini tiklash bo‘yicha mavjud rejani amalga oshirish qonunchilikka muvofiq yangi ekologik ekspertiza o‘tkazilishini va uning yuzasidan ijobiy xulosa olinishini talab qilsa, yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha yoki yer uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha yangi rejani tuzishi va tasdiqlash uchun Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etishi shart.
146-modda. Neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirayotgan yer qa’ridan foydalanuvchining yer uchastkasini tiklash bo‘yicha dastlabki rejani tuzishga doir majburiyati
Neft-gaz operatsiyalari bo‘yicha biror-bir ishlar boshlanguniga qadar uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasini yoki uglevodorodlar konini o‘zlashtirish loyihasini tayyorlashi va tasdiqlash uchun Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etishi zarur bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirish rejalashtirilayotgan, yer qa’ridan foydalanilgan yer uchastkasini tiklash bo‘yicha dastlabki rejani tuzadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan, yer uchastkasini tiklash bo‘yicha dastlabki reja, agar qo‘llash mumkin bo‘lsa, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1) yer uchastkasini tiklash bo‘yicha taklif etilayotgan ishlarni bajarishning dastlabki jadvalini;
2) rejani bajarish uchun taklif etilayotgan barcha chora-tadbirlar qiymatining baholanishini;
3) taklif etilayotgan neft-gaz operatsiyalari bosqichlarining yer uchastkasiga va atrof-muhitga taxmin qilinayotgan ta’sirining baholanishini;
4) yer uchastkasini tiklash bo‘yicha chora-tadbirlarni bajarish uchun foydalanilishiga taklif qilinayotgan texnika va transport uskunalarining tavsifini;
5) yer qa’ri uchastkasidan rejalashtirilayotgan takroran foydalanishni va undan takroran foydalanish uchun taklif etilayotgan cheklovlarni.
Yer uchastkasini tiklash bo‘yicha birlamchi ishlab chiqilgan dastlabki reja yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha dastlabki rejaning bir qismi hisoblanadi.
Agar neft-gaz operatsiyalarini o‘tkazish jarayonida atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan sharoitlar o‘zgarganligi munosabati bilan atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq ekologik ekspertiza o‘tkazilishini va uning yuzasidan ijobiy xulosa olinishini talab qilsa, yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha yangi rejani tuzishi va tasdiqlash uchun Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etishi shart.
147-modda. Yer qa’ridan foydalanuvchining yer uchastkasini tiklash bo‘yicha yakuniy rejani taqdim etishga doir majburiyati
Zimmasida yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha yakuniy rejani yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejani taqdim etish majburiyati bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanishga doir faoliyat yakunlanguniga qadar bir yil ichida Yer qa’ridan foydalanish markaziga yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha yakuniy reja yoki yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha reja tarkibida yer uchastkasini tiklash bo‘yicha yakuniy rejani tasdiqlash uchun taqdim etishi shart.
Yer uchastkasini tiklash bo‘yicha yakuniy rejaning mazmuni tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq ekologik ekspertiza o‘tkazish va uning yuzasidan ijobiy xulosa olish talablariga mos bo‘lishi kerak, bunda bunday davlat ekologik ekspertizasida biror bir muhofaza qilinadigan tabiiy resurslarga nisbatan ko‘rsatilgan xulosalar, tadqiqotlar va baholashlar tabiatga ta’sirni baholash hamda yer qa’ridan foydalanuvchi yer uchastkasini tiklash bo‘yicha amalga oshirishni taklif qilayotgan chora-tadbirlarni baholash chog‘ida e’tiborga olinadi.
Yer qa’ridan foydalanish markazi yer uchastkasini tiklash bo‘yicha yakuniy rejani ushbu Qonun 143-moddasining qoidalariga muvofiq konni yopishning yakuniy rejasini tasdiqlash tartib-taomili doirasida kelishadi.
148-modda. Yer uchastkasini tiklash bo‘yicha rejaning amal qilish muddati va unga o‘zgartirishlar kiritish
Ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq ilgari o‘zgartirishlar kiritilmagan yer uchastkasini tiklash bo‘yicha reja haqiqiydir va u quyidagi hollarda ijro etilishi lozim:
1) agar u geologik jihatdan o‘rganish loyihasining bir qismi bo‘lsa — geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaning butun amal qilish davrida;
2) agar u qattiq holdagi foydali qazilmalar konini o‘zlashtirish loyihasining bir qismi bo‘lsa, — tegishli reja Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlangan kundan e’tiboran ikki yil ichida;
3) agar u neft-gaz konini o‘zlashtirish loyihasining bir qismi bo‘lsa, — reja Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlangan kundan e’tiboran besh yil ichida.
Yer qa’ridan foydalanuvchi yer uchastkasini tiklash bo‘yicha rejaga, uning mazmunida biror-bir jiddiy o‘zgarishlar bo‘lgan taqdirda, o‘zgartirishlar kiritish niyati haqida Yer qa’ridan foydalanish markazini yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Yer qa’ridan foydalanish markazi yer uchastkasini tiklash bo‘yicha rejaga yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan taklif etilgan barcha o‘zgartirishlarni yigirma ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
149-modda. Yer qa’ridan foydalanuvchining uran konlari va inshootlari oqibatlarini tugatish, shuningdek yer uchastkasini tiklash bo‘yicha majburiyatlari
Uran bo‘yicha konchilik faoliyatini amalga oshiruvchi yer qa’ridan foydalanuvchi qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma doirasida yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha boshqa majburiyatlarga qo‘shimcha ravishda quyidagilarga rioya etishi shart:
1) uran bo‘yicha konchilik faoliyatining tugatilishini tartibga soluvchi, qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan joylarda, uranni qazib olish, rudani qayta ishlash, uran oksidi konsentratlarini ishlab chiqarish bo‘yicha biror-bir infratuzilma obyektini va konchilik faoliyatining radioaktiv chiqindilari bilan bog‘liq ishlar amalga oshiriladigan obyektni tugatishni, u yopilganidan keyin uni saqlash hamda unga texnik xizmat ko‘rsatishni tartibga soluvchi har qanday qo‘llaniladigan qonunchilik qoidalariga;
2) uran koni va obyektlarini yopish, shuningdek yer uchastkasini tiklash bo‘yicha ishlar uchun radiatsiyaviy xavfsizlikka doir maxsus ruxsatnoma qoidalari hamda shartlariga.
Yer qa’ridan foydalanuvchi radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi davlat organini quyidagilar haqida darhol yozma shaklda xabardor qilishi shart:
1) qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaguniga qadar amalga oshiriladigan uran bo‘yicha konchilik faoliyatini tugatish muddatlari haqida;
2) konni yopishning tasdiqlangan rejasiga nisbatan faktik axborotdagi biror-bir o‘zgarishlar to‘g‘risida.
Yer qa’ridan foydalanuvchi radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organni konni yopish bo‘yicha hamda u yopilganidan keyin barcha tasdiqlangan chora-tadbirlar va ishlar muvaffaqiyatli tugallanganligi to‘g‘risida yozma shaklda xabardor qiladi hamda unga ishlarni amalga oshirish jarayonida qilingan xarajatlarni tasdiqlovchi moliyaviy hisobotlarni taqdim etadi.
Radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organ bajarilgan tadbirlarning yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha rejada ko‘rsatilgan ishlarga hamda uran konini va infratuzilma obyektlarini yopish uchun radiatsiyaviy xavfsizlikka doir ruxsatnoma shartlariga muvofiqligini tekshiradi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan moliyaviy hisobot “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalariga muvofiq auditor tomonidan tasdiqlanishi hamda uran bo‘yicha konchilik faoliyatini moliyaviy, ekologik va texnik auditdan o‘tkazish borasida tegishli tajribaga ega bo‘lgan mustaqil auditor tomonidan yer qa’ridan foydalanuvchining hisobidan tekshirilishi lozim.
Ushbu Qonun 151-moddasining talablariga qo‘shimcha ravishda yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan konni yopish bo‘yicha va u yopilganidan keyin barcha tasdiqlangan chora-tadbirlarni amalga oshirishga doir xarajatlarni qoplovchi ta’minot garovining bo‘shatilishi mustaqil auditorning ijobiy xulosasiga bog‘liq bo‘ladi.
Yer qa’ridan foydalanish markazi qoldiq radioaktiv ifloslanish tufayli yerlardan foydalanishga doir bo‘lgan, kon muvaffaqiyatli yopilganidan va yer uchastkasi yoki biror-bir uranga oid ishlab chiqarish obyekti ekologik jihatdan tiklanganidan keyin qo‘llanilishi davom etayotgan biror-bir cheklovlarni davlat yer kadastrida ro‘yxatga oladi.
150-modda. Yer qa’ridan foydalanuvchining kadastr kvadrati yuzasidagi yer uchastkasining monitoringini amalga oshirish bo‘yicha majburiyati
Yer qa’ridan foydalanuvchi konni yopishning tasdiqlangan rejasida va yer uchastkasini tiklash bo‘yicha tegishli rejada nazarda tutilgan barcha chora-tadbirlarni bajarganidan keyin yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markazini tegishli reja bajarilganligi to‘g‘risida yozma shaklda xabardor qiladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi tegishli rejada nazarda tutilgan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilgan sanadan e’tiboran olti oy ichida Yer qa’ridan foydalanish markaziga ishlar tugallanganligi to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etadi, hisobot ushbu barcha chora-tadbirlar to‘liq hajmda amalga oshirilganligi to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga oladi. Hisobotda quyidagilar nazarda tutiladi:
1) tegishli rejaning asosiy bosqichlariga qay tarzda erishilganligining tavsifi;
2) konni yopish, shu jumladan yer uchastkasini tiklash bo‘yicha barcha chora-tadbirlar tegishli reja shartlariga muvofiq bajarilganligi dalillari;
3) monitoring va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha uchinchi tarafning mustaqil tekshiruvi bilan bir vaqtda ko‘rilgan chora-tadbirlarning natijalari;
4) faoliyat tugatilganidan keyin atrof-muhit namunalarini tadqiq etish natijalari;
5) ruxsatnomada nazarda tutilgan yer uchastkasida qolgan, biror-bir konchilik yoki neft-gaz infratuzilmasi obyektlari bilan bog‘liq ravishda yuzaga keladigan potensial xavflarni boshqarish uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar;
6) amalda qilingan xarajatlarning batafsil tavsifi va prognoz qilingan xarajatlarga nisbatan biror-bir farqning tushuntirilishi.
Yer uchastkasini tiklash bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar amalga oshirilganidan keyin yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markazining yozma so‘roviga ko‘ra, reja amalga oshirilganidan keyin ikki yil ichida o‘z hisobidan va nazorat ostida yer uchastkasida yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyati ta’sirining kutilayotgan turi va miqyoslarini aniqlash maqsadida o‘lchashlar o‘tkazishi hamda quyidagi hollarda har qanday nomaqbul oqibatlarning monitoringini amalga oshirishi shart, agar:
1) yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha ishlarning amalga oshirilishi yer uchastkasiga zarar yetkazgan va mavjud fizik inshootlarga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa;
2) biror-bir shunday zarar yuzaga kelishini kutishga oqilona asoslar mavjud bo‘lsa;
3) bunday o‘lchashlarning o‘tkazilishi insonning hayoti va sog‘lig‘iga xavfning yoki har qanday uchinchi tarafga tegishli bo‘lgan mol-mulkka zarar yetkazilishining oldini olishga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa.
Har qanday yer egasi, yerdan foydalanuvchi yoki yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan o‘lchashlarni o‘tkazishi kerak bo‘lgan yer uchastkasining mulkdori yer qa’ridan foydalanuvchiga istalgan oqilona vaqtda erkin kirish imkoniyatini beradi, ammo yer qa’ridan foydalanuvchi shunday o‘lchashlar o‘tkazilishi natijasida yetkazilgan biror-bir zarar uchun bunday yer egasiga, yerdan foydalanuvchiga yoki yer uchastkasining mulkdoriga tegishli kompensatsiyani to‘lashi shart.
Yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan o‘lchashlar natijalarini darhol Yer qa’ridan foydalanish markaziga taqdim etishi shart, Markaz ularni qonunchilik hujjatlariga muvofiq jamoatchilik tanishib chiqishi uchun e’lon qiladi.
151-modda. Yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish uchun moliyaviy kafolatlar
Yer qa’ridan foydalanuvchi foydali qazilmalarni qazib olish loyihasi mavjud bo‘lishini talab etadigan foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaga asosan foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha har qanday faoliyat boshlanguniga qadar, ushbu Qonunning 152-moddasida belgilangan shakl bo‘yicha quyidagi maqsadda moliyaviy kafolat berishi shart:
1) ushbu Qonunning qoidalariga, shu jumladan faoliyat tugatilganidan keyingi ishlarni amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlar to‘g‘risidagi qoidalarga muvofiq berilgan ruxsatnomada ko‘rsatilgan barcha majburiyatlarni to‘liq hajmda bajarish maqsadida;
2) yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha rejaga, yer uchastkasini tiklash bo‘yicha rejaga va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish rejasiga binoan yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish va konchilik faoliyati natijasida zarar ko‘rgan yer uchastkasini yoki chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha biror-bir infratuzilma obyektini tiklash uchun istalgan paytda mablag‘lar olinishini ta’minlash maqsadida.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan kafolat miqdorini hisob-kitob qilish quyidagi asosda amalga oshiriladi:
1) konchilik faoliyatining va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha infratuzilma obyektlarining atrof-muhitga hamda inson sog‘lig‘iga ehtimol tutilgan ta’siri asosida;
2) yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish va yer uchastkasini tiklash bo‘yicha, shu jumladan chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha biror-bir infratuzilma obyekti foydalanilganidan keyingi ishlarni aniqlash asosida;
3) qo‘llaniladigan ekologik standartlar va maqsadlar, shu jumladan chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha biror-bir infratuzilma obyektining fizik jihatdan barqarorligi, tuproq va suv resurslari sifatining minimal standartlari hamda ifloslantiruvchi moddalar chiqarib tashlanishining eng yuqori darajasi asosida;
4) ekologik maqsadlarga erishish uchun zarur bo‘lgan texnik chora-tadbirlar, xususan, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha infratuzilma obyektining barqarorligini ta’minlashga va atrof-muhitga zararni cheklashga qaratilgan chora-tadbirlar asosida;
5) konni yopish bosqichida va u yopilganidan keyin, shu jumladan yer uchastkasining tiklanishini ta’minlash, faoliyat tugatilganidan keyingi ishlarni amalga oshirish hamda zarur bo‘lgan taqdirda monitoring o‘tkazish maqsadlariga erishish uchun zarur bo‘lgan chora-tadbirlar va bioxilma-xillikni tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar asosida;
6) taxmin qilinayotgan ta’sirning vaqtinchalik miqyosiga va yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini yumshatishga doir zarur chora-tadbirlar asosida;
7) konni yopish bosqichida va u yopilganidan keyin, shu jumladan kon yopilganidan keyingi mumkin bo‘lgan biror monitoring yoki ifloslantiruvchi moddalardan tozalashni amalga oshirish bosqichida yerlar rekultivatsiya qilinishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xarajatlarni baholash asosida.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarning asosiy turlarini qazib olishga doir ruxsatnomalar borasida ushbu modda ikkinchi qismining 7-bandida nazarda tutilgan baholash mustaqil hamda malakali uchinchi taraf tomonidan o‘tkazilib, u Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan ma’qullanishi lozim va u faoliyatning rejalashtirilmagan yoki muddatidan ilgari tugatilish imkoniyatini nazarda tutadi.
Boshqa hollarda baholash yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan o‘tkazilishi va Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlanishi mumkin.
Agar Yer qa’ridan foydalanish markazi yer qa’ridan foydalanuvchi amalga oshirgan xarajatlarning baholanishiga rozi bo‘lmasa, Markaz xarajatlarga o‘z bahosini taklif etib, yer qa’ridan foydalanuvchi uni qabul qilishi mumkin, yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markazining bahosiga rozi bo‘lmagan taqdirda esa, u mustaqil va malakali uchinchi tarafni o‘z hisobidan jalb etishi mumkin bo‘lib, uchinchi taraf ushbu modda ikkinchi qismining 7-bandida ko‘rsatilgan xarajatlarni baholashi shart.
Kafolat miqdoriga ushbu moddaning ikkinchi qismida sanab o‘tilgan omillarning o‘zgarishi hisobga olingan holda har yili tuzatishlar kiritiladi.
Agar ilgari berilgan ta’minot yer qa’ridan foydalanuvchiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra ushbu Qonun qoidalariga muvofiq bo‘lmay qolsa, yer qa’ridan foydalanuvchi bunday ta’minotni oltmish kun ichida almashtirishi shart.
Agar yer qa’ridan foydalanuvchi mazkur davr ichida ta’minotning bunday almashtirilishini bajarmagan bo‘lsa, u har qanday joriy konchilik faoliyatini darhol to‘xtatib turishi shart, bundan qarov va texnik jihatdan xizmat ko‘rsatish ishlari mustasno. Konchilik faoliyatini tiklash faqat bunday ta’minot tiklanganidan yoki almashtirilganidan keyin amalga oshiriladi.
Agar tegishli ta’minot summasi yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatishning tegishli rejasida nazarda tutilgan xarajatlar o‘rnini qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, Yer qa’ridan foydalanish markazi yetishmayotgan summani konchilik faoliyatining oqibatlarini bartaraf etishi shart bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchining mol-mulki hisobidan olishga haqli.
Agar tegishli ta’minot summasi yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish uchun xarajatlarning haqiqiy summasidan ortiq bo‘lsa, yer qa’ridan foydalanuvchi tegishli yer qa’ri uchastkasi doirasida yer qa’ridan foydalanish oqibatlari bartaraf etilganligi haqidagi dalolatnomani taqdim etib, qolgan summani olish huquqiga ega bo‘ladi.
152-modda. Yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini kafolat, bank omonati garovi yoki sug‘urta bilan ta’minlash
Yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatishni va yer uchastkasini tiklash uchun xarajatlarni moliyalashtirish bo‘yicha o‘z majburiyatini kafolat, bank omonati garovi yoki sug‘urta bilan bajarishi mumkin.
Yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha majburiyatni yoki yer uchastkasini tiklash bo‘yicha majburiyatni bajarmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi, qo‘llanilgan holga qarab, kafildan bank omonati yoki sug‘urta polisi hisobidan yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchining majburiyatlarini bajarish uchun belgilangan eng kam pul summasi doirasida yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha rejaga va yer uchastkasini tiklash bo‘yicha rejaga muvofiq to‘liq yoki qisman badal olishga yoxud kafolat, bank omonati garovi yoki sug‘urta summasini olishga haqli.
Kafolat yaxshi nufuzli bank tomonidan beriladi. Agar chet el banki yoki aksiyalari qimmatli qog‘ozlar bozorida muomalada bo‘lgan tashkilot kafil bo‘lsa, bunday kafillar Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan belgilanadigan minimal kredit reytingi bo‘yicha shartlarga muvofiq bo‘lishi kerak. Kafolat Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan kelishilgan standart shakl bo‘yicha davlat tilida taqdim etiladi. Chet el shaxsi tomonidan berilgan kafolat albatta davlat tilidagi tarjimasi bilan chet tilda tuzilishi mumkin bo‘lib, tarjimaning to‘g‘riligi notarial tartibda tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Bank omonati garovida ushbu moddaga muvofiq faqat yaxshi nufuzli bankda joylashtirilgan bank omonati garov predmeti bo‘lishi mumkin. Omonat garovga faqat shu maqsadda topshiriladi va yer qa’ridan foydalanuvchining barcha boshqa kreditorlari oldida ustuvorlikka ega bo‘ladi.
Yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha majburiyatlar bajarilishining ta’minoti bo‘lgan bank omonatining qayta garovi taqiqlanadi. Bank omonati garovi milliy yoki chet el valyutasida kiritilishi mumkin.
Sug‘urtada sug‘urta polisini beradigan sug‘urta tashkiloti Yer qa’ridan foydalanish markazi belgilaydigan chet el valyutasida minimal kredit reytingi talablariga javob beradigan yetakchi kompaniya bo‘lishi kerak. Sug‘urta shartnomasi tufayli yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik (sug‘urta hodisasi) O‘zbekiston Respublikasi (naf oluvchi) foydasiga sug‘urta summasi to‘lanishiga sabab bo‘ladi. Ushbu moddada nazarda tutilgan sug‘urta munosabatlari sug‘urta to‘g‘risidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Kafilning, bank omonati garovi joylashtirilgan bankning yoki sug‘urta tashkilotining ushbu moddada nazarda tutilgan majburiyatlari yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish yakunlanguniga qadar tugatilmaydi.
Agar yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu Qonunning 95-moddasiga muvofiq yer qa’ridan foydalanishga doir ruxsatnoma bo‘yicha huquqlarining bir qismidan yoki barchasidan uchinchi shaxs foydasiga voz kechsa, huquqni qabul qilib oluvchi topshiruvchi tarafdan kafolat, bank omonati garovi yoki sug‘urta bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi yoxud huquqlardan boshqa shaxs foydasiga voz kechilganidan keyin o‘ttiz kun ichida ushbu moddaning talablariga javob beradigan yangi kafolat, bank omonati garovi yoki sug‘urta amalga kiritilishini tashkil etishi kerak. Birlamchi yer qa’ridan foydalanuvchi kafolatining, bank omonati garovining yoki sug‘urtasining amal qilishi bunday almashtirish yangi yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan tasdiqlanganidan keyin tugatilishi mumkin.
Yuridik shaxs bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi tugatilgan taqdirda yoki bankrot bo‘lganda kafolatning, bank omonati garovining yoki sug‘urtaning predmeti tender massasiga kiritilmaydi, kafil, bank omonatini garovga oluvchi, sug‘urta polisini saqlovchi esa yer qa’ridan foydalanuvchining mol-mulki hisobidan talablarni qanoatlantirishda ishtirok etuvchi kreditorlar hisoblanmaydi.
153-modda. Yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini moliyalashtirish yo‘li bilan ta’minlash
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan mahsulot realizatsiya qilinganidan keyin birinchi yildan e’tiboran, bunday yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha tasdiqlangan reja, shu jumladan yer uchastkasini tiklash bo‘yicha reja yuzasidan faqat o‘z majburiyatlarini bajarish maqsadida maqsadli bank hisobvarag‘iga ega bo‘lgan tugatish fondini tashkil etadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan tugatish fondining bank hisobvarag‘i:
1) yer qa’ridan foydalanuvchining nomiga maxsus eskrou hisobvarag‘i (eskrou-hisobvaraq) tarzida ochiladi;
2) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining litsenziyasiga ega bo‘lgan yaxshi nufuzli tijorat bankida xizmat ko‘rsatiladi;
3) foizlar hisoblanishini nazarda tutadi, bunda barcha hisoblangan foizlar tugatish fondining bir qismi hisoblanadi;
4) inflyatsiya natijasida qiymati yo‘qotilishining oldini olish uchun nisbatan barqaror valyutada denominatsiya qilinadi.
Pul mablag‘lari tugatish fondining hisobvarag‘iga yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan har yili 31-martga qadar kiritiladi. Har yili to‘lanishi lozim bo‘lgan summa yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan oxirgi yilda olingan sof daromadning bir foizini tashkil etadi.
Agar to‘lov davridagi yil to‘liq bo‘lmasa, yer qa’ridan foydalanuvchining moliyalashtirish bo‘yicha majburiyati mazkur yildagi shunday davrning har bir to‘liq oyi uchun mutanosib ravishda hisob-kitob qilinadi.
To‘lovlar yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan bir yo‘la yoki qismlarga bo‘lib amalga oshirilishi mumkin, qismlar har bir moliya yili davomida to‘rt qismdan oshmasligi kerak. Tugatish fondiga kiritiladigan badallar soliq solinadigan bazadan chegirib tashlanishi lozim.
Ushbu modda beshinchi qismining qoidalarini inobatga olgan holda tugatish fondining pul mablag‘lari garovga qo‘yilishi yoki biror-bir kredit yoki kafolatning ta’minoti sifatida taklif qilinishi, shuningdek boshqacha tarzda undirilishi yoki biror-bir shaklda o‘zga shaxsga berilishi mumkin emas.
Agar yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu Qonunning 111-moddasiga muvofiq yer qa’ridan foydalanishga doir ruxsatnoma bo‘yicha huquqlarining bir qismidan yoki barchasidan uchinchi shaxs foydasiga voz kechsa, u tegishincha tugatish fondi pul mablag‘larining bir qismini yoki barchasini tasdiqlangan huquqni qabul qilib oluvchiga topshirishi mumkin. Tugatish fondi bunday boshqa shaxs foydasiga voz kechishdan keyin to‘liq hajmda shakllantiriladi.
Har yili ushbu Qonunning 152-moddasida nazarda tutilgan tegishli kafolat, bank omonati yoki sug‘urtaning umumiy summasi tugatish fondiga har yili o‘tkazilgan mablag‘lar summasiga kamaytiriladi.
Tugatish fondining hisobvarag‘idan mablag‘larni yechishga faqat yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha tasdiqlangan rejaga va yer uchastkasini tiklash bo‘yicha rejaga muvofiq yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish hamda yer uchastkasini tiklash bo‘yicha ishlar haqini to‘lash uchun ruxsat beriladi. Yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan tugatish fondining hisobvarag‘idan mablag‘larni yechib olish uchun Yer qa’ridan foydalanish markazining yozma ruxsatnomasi olinishi zarur.
Yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markaziga har bir yil tugaganidan keyin o‘ttiz kundan kechiktirmay Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan belgilangan shaklga ko‘ra tugatish fondiga o‘zining badallari bo‘yicha hisobvaraqlaridan ko‘chirma taqdim etadi. Bunday ko‘chirmaning ko‘chirma nusxasi yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan ayni o‘sha muddatda soliq organlariga taqdim etiladi.
Agar yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha tasdiqlangan rejada va yer uchastkasini tiklash bo‘yicha rejada nazarda tutilgan barcha chora-tadbirlar Yer qa’ridan foydalanish markazi uchun maqbul tarzda bajarilganidan keyin tugatish fondida ortiqcha mablag‘lar qolgan bo‘lsa, bu ortiqcha mablag‘lar soliq solish maqsadlari uchun daromad deb hisoblanadi, har qanday soliq undirilganidan keyin qolgan summa esa yer qa’ridan foydalanuvchiga qaytariladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu bobning talablariga muvofiq yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish va yer uchastkasini tiklash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, Yer qa’ridan foydalanish markazi yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha amalga oshirilmagan ishlar haqini to‘lash uchun talab qilinadigan summani tugatish fondidan yechib oladi, tugatish fondida yetarlicha mablag‘lar mavjud bo‘lmagan taqdirda esa kafolat, bank omonati garovi yoki sug‘urta hisobidan yetishmayotgan mablag‘lar taqdim etilishini talab qiladi.
Yer qa’ridan foydalanish markazi yer qa’ridan foydalanuvchiga u talablarga rioya etmaganligi to‘g‘risida yozma xabarnoma taqdim etganidan va yer qa’ridan foydalanuvchi bunday nomuvofiqlikni bartaraf etmaganidan yoki oqibatlarni tugatish tadbirlarini yozma xabarni olgan paytdan e’tiboran oltmish kun ichida bartaraf etmaganidan keyin Markaz tugatish fondidan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritishi mumkin. Agar tadbirlar boshlangan bo‘lsa-yu, biroq yakunlanmagan bo‘lsa, uzaytirilishi mumkin bo‘lmagan majburiy jadval taqdim etilishi zarur.
Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan yer qa’ridan foydalanuvchining oqibatlarini tugatish bo‘yicha bajarilmagan ishlarini amalga oshirish uchun tugatish fondidan foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Markaz fondni boshqarish uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladi, bunday ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan har qanday tovarlarni, ishlarni yoki xizmatlarni xarid qilish davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
154-modda. Neft-gaz operatsiyalari oqibatlarini tugatish bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash
Tasdiqlangan neft-gaz operatsiyalarining birinchi yili tugaydigan sanadan kechiktirmay yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha tasdiqlangan rejaga va yer uchastkasini tiklash bo‘yicha rejaga doir faqat o‘z majburiyatlarini bajarish maqsadida aniq maqsadli bank hisobvarag‘iga ega bo‘lgan yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondi tashkil etiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondining hisobvarag‘i:
1) yer qa’ridan foydalanuvchining nomiga maxsus eskrou hisobvarag‘i (eskrou-hisobvaraq) tarzida ochiladi;
2) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining litsenziyasiga ega bo‘lgan va Yer qa’ridan foydalanish markazi uchun maqbul bo‘lgan yaxshi nufuzli tijorat bankida turadi;
3) foizlar hisoblanishini nazarda tutadi, bunda barcha hisoblangan foizlar yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondining bir qismi hisoblanadi;
4) inflyatsiya natijasida qiymati yo‘qotilishining oldini olish uchun nisbatan barqaror valyutada denominatsiya qilinadi.
Pul mablag‘lari yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondining hisobvarag‘iga yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan har yili 31-martga qadar kiritiladi. Agar to‘lov davridagi yil to‘liq bo‘lmasa, yer qa’ridan foydalanuvchining moliyalashtirish bo‘yicha majburiyati mazkur yildagi davrning har bir to‘liq oyi uchun mutanosib ravishda hisob-kitob qilinadi.
Geologik jihatdan o‘rganishni va baholashni amalga oshirishda yer qa’ridan foydalanuvchining har yilgi badali o‘tgan yilgi kapital xarajatlarning nol butun o‘ndan besh foizini tashkil etadi, uglevodorodlarni qazib olishda esa kapital xarajatlarning ikki foizini tashkil etadi.
To‘lovlar yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan bir yo‘la yoki qismlarga bo‘lib amalga oshirilishi mumkin, qismlar bir moliya yilida to‘rt qismdan oshmasligi kerak. Yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondiga kiritiladigan badallar soliq solinadigan bazadan chegirib tashlanishi lozim.
Ushbu modda beshinchi qismining qoidalarini inobatga olgan holda, yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondining pul mablag‘lari garovga qo‘yilishi yoki biror-bir qarzning yoki kafolatning ta’minoti sifatida taklif qilinishi va foydalanilishi yoxud biror-bir boshqa usulda yoki har qanday boshqa shaklda undirilishi yoki o‘zga shaxsga berilishi mumkin emas.
Agar yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu Qonunning 111-moddasiga muvofiq ruxsatnoma bo‘yicha huquqlarining bir qismidan yoki barchasidan uchinchi taraf foydasiga voz kechsa, yer qa’ridan foydalanuvchi tegishincha yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondi pul mablag‘larining bir qismini yoki barchasini tasdiqlangan huquqni qabul qilib oluvchiga topshirishi mumkin. Fond bunday boshqa shaxs foydasiga voz kechishdan keyin to‘liq hajmda shakllantiriladi.
Yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondining hisobvarag‘idan mablag‘larni yechib olishga faqat yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha tasdiqlangan rejaga va yer uchastkasini tiklash bo‘yicha rejaga muvofiq neft-gaz operatsiyalarining oqibatlarini tugatish hamda yer uchastkasini tiklash bo‘yicha ishlar haqini to‘lash uchun ruxsat beriladi. Yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan fond hisobvarag‘idan mablag‘larni yechib olish uchun Yer qa’ridan foydalanish markazining yozma ruxsatnomasi olinishi zarur.
Yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markaziga har bir yil tugaganidan keyin o‘ttiz kundan kechiktirmay Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan belgilangan shaklga ko‘ra yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondiga o‘zining badallari bo‘yicha hisobvaraqlaridan ko‘chirma taqdim etadi. Bunday ko‘chirmaning ko‘chirma nusxasi yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan ayni o‘sha muddatda vakolatli soliq organlariga taqdim etiladi.
Agar yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha tasdiqlangan rejada va yer uchastkasini tiklash bo‘yicha rejada nazarda tutilgan barcha chora-tadbirlar Yer qa’ridan foydalanish markazi uchun maqbul tarzda bajarilganidan keyin yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondida ortiqcha mablag‘lar qolgan bo‘lsa, bu ortiqcha mablag‘lar soliq solish maqsadlari uchun daromad deb hisoblanadi, har qanday soliq undirilganidan keyin qolgan summa esa yer qa’ridan foydalanuvchiga qaytariladi.
Yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondi tashkil etilguniga qadar bo‘lgan davrda, shuningdek yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondining mablag‘lari yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha tasdiqlangan rejada va yer uchastkasini tiklash bo‘yicha rejada bayon etilgan barcha taklif qilinayotgan chora-tadbirlar uchun xarajatlar o‘rnini qoplash uchun yetarli bo‘lmagan hollarda, yer qa’ridan foydalanuvchi bunday farqning o‘rnini ushbu Qonunning 152-moddasida o‘z majburiyatlarini to‘liq hajmda bajarish uchun nazarda tutilgan kafolat, bank omonati garovi yoki sug‘urta hisobidan qoplaydi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi neft-gaz operatsiyalari oqibatlarini tugatish va yer uchastkalarini tiklash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda yoxud yer qa’ridan foydalanuvchi tugatilgan yoki bankrot bo‘lgan taqdirda, Yer qa’ridan foydalanish markazi yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha amalga oshirilmagan ishlar haqini to‘lash uchun yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondidan zarur bo‘lgan summani yechib oladi.
Yer qa’ridan foydalanish markazi faqat yer qa’ridan foydalanuvchiga talablarga rioya etmaganligi to‘g‘risida yozma xabarnoma yuborganidan keyin, yer qa’ridan foydalanuvchi esa bunday rioya etmaslikni yozma xabarnoma olinganidan keyin oltmish kun ichida bartaraf etmaganda yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondi mablag‘laridan foydalanish imkoniyatini oladi.
Agar Yer qa’ridan foydalanish markazi yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish va yer uchastkasini tiklash bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan bajarilmagan ishlarni amalga oshirish uchun yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondining mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qilsa, u qo‘llaniladigan qonunchilikka muvofiq fond mablag‘larini boshqarish uchun javobgar bo‘ladi, bunday ishlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan biror-bir tovarlar, ishlar yoki xizmatlarni sotib olish esa davlat xaridlari to‘g‘risidagi qo‘llaniladigan qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Agar yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondida mablag‘lar yetarli bo‘lmasa, Yer qa’ridan foydalanish markazi ushbu moddaning o‘n birinchi qismida ko‘rsatilgan kafolat, bank omonati garovi yoki sug‘urta hisobidan yetishmayotgan mablag‘lar berilishini talab qiladi.
16-bob. Rivojlanishni ta’minlashda qo‘llab-quvvatlash
155-modda. Yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan mahalliy kadrlar qamrovini ta’minlash
Biror-bir ruxsatnoma bo‘yicha foydalaniladigan, malaka talab etilmaydigan kasblar uchun barcha malakasiz ishchi kuchi faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan jalb etiladi.
Har qanday yer qa’ridan foydalanuvchi va uning pudratchilari, ikkilamchi pudratchilari hamda milliy yetkazib beruvchilar mahalliy ishchi kuchiga afzallik berishi kerak.
Yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan chet el ishchi kuchini jalb etish faqat O‘zbekiston Respublikasi hududida kadrlar yetishmagan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Rahbarlar va mutaxassislar tarkibida chet el fuqarolarining soni har bir tegishli toifadagi rahbarlar hamda mutaxassislar umumiy sonining yigirma foizidan oshmasligi kerak.
Agar yer qa’ridan foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasida malakali kadrlar yo‘qligini isbotlay olsa, yer qa’ridan foydalanuvchi chet el mutaxassislarini ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan limitli cheklovlardan tashqari jalb etishi va yollashi, shu jumladan rahbarlik lavozimlariga jalb etish va yollashi mumkin.
Foydali qazilmalarning asosiy turlari bo‘yicha loyiha qurilishi bosqichida O‘zbekiston Respublikasining tegishli kadrlar yetishmasligi kuzatilayotgan hududlarida ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan limitli cheklov qo‘llanilmaydi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi o‘zining har yilgi hisobotiga mahalliy kadrlar qamrovi, shu jumladan rahbarlar va mutaxassislar tarkibidagi mahalliy kadrlar qamrovi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritishi shart.
156-modda. Fan va o‘qitishga oid talablar
Qattiq holdagi foydali qazilmalarning asosiy turlari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi yoki uglevodorodlar bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi qazib olish bo‘yicha faoliyat boshlanganidan e’tiboran o‘n ikki oydan keyin O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun o‘qitish dasturini ishlab chiqadi. Yer qa’ridan foydalanuvchi o‘zining O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini o‘qitishga oid batafsil dasturini dasturni amalga oshirish boshlanguniga qadar kamida bir oy oldin Yer qa’ridan foydalanish markaziga kelishishi uchun taqdim etishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan dasturda quyidagilar nazarda tutiladi:
1) fanning, o‘qitishning va ta’limning rivojlanishini yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha tegishli faoliyatning barcha bosqichlarida ta’minlashni;
2) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ularning boshqaruvga oid va texnik imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek texnik ishlarni bajarish uchun, shu jumladan ma’lumotlarni talqin qilish bo‘yicha zarur bo‘lgan biror-bir vositalarni kengaytirish yo‘li bilan eng ko‘p darajada bilimlar berishni;
3) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan xodimlarni va O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’limga oid faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ta’lim tashkilotlarining talabalarini amaliyotda o‘qitish uchun tegishli imkoniyatlarni zaxira qilishni;
4) etnik, madaniy va gender tenglikni hamda inson huquqlarining, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi hududida yashaydigan millatlar va xalqlarga hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalariga mansub bo‘lgan shaxslarning huquqlari hurmat qilinishi ta’minlanishini.
Foydali qazilmalarning asosiy turlari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi o‘zining o‘qitish dasturi o‘tgan yilgi natijalar bo‘yicha foydali qazilmalarni yoki uglevodorodlarni qazib olishdan olingan o‘z sof tushumining kamida bir foizi miqdorida moliyalashtirilishini ta’minlashi shart.
Foydali qazilmalarning asosiy turlari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanuvchi o‘zining har yilgi hisobotiga o‘qitish dasturi doirasida amalga oshiriladigan o‘qitish tadbirlari to‘g‘risidagi batafsil axborotni kiritishi shart.
157-modda. O‘zbekiston Respublikasida tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridlari bo‘yicha mahalliy qamrovni ta’minlash
Yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish chog‘ida yer qa’ridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlari bo‘yicha har qanday yer qa’ridan foydalanuvchi yoki uning pudratchilari va ikkilamchi pudratchilari butun sa’y-harakatlarini quyidagilarga afzallik berishga qaratadi:
1) O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan yoki mavjud bo‘lgan tovarlar, materiallar va uskunalarga, agar ular o‘z tavsiflariga ko‘ra miqdori, sifati, narxi va yetkazib berilish muddatlari bo‘yicha xorijiy tovarlarga muvofiq bo‘lsa;
2) O‘zbekiston Respublikasining jismoniy va yuridik shaxslari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarga.
O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlar, materiallar, ishlar va xizmatlarni yetkazib berish hamda ulardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishda, basharti ular o‘z tavsiflariga ko‘ra miqdori, sifati, narxi va yetkazib berilishi muddatlari bo‘yicha xorijiy tovarlarga muvofiq bo‘lsa, yer qa’ridan foydalanuvchiga nisbatan mahalliy qamrov talablarining muayyan ulushi qonunchilik hujjatlarida belgilanishi mumkin.
Yer qa’ridan foydalanuvchi o‘zining har yilgi hisobotiga xaridlardagi mahalliy qamrov to‘g‘risidagi batafsil axborotni kiritishi shart.
158-modda. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga doir majburiyatlar
Qattiq holdagi foydali qazilmalarning asosiy turlarini qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi foydali qazilmalarni qazib olish davri mobaynida, foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha ishlar boshlanishining ikkinchi yilidan e’tiboran uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchi yoki yer qa’ri uchastkasidan foydalanishni foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda amalga oshiradigan yer qa’ridan foydalanuvchi har yili yer qa’ridan foydalanish uchun sotib olinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) mahalliy qamrovi ulushi sotib olingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) umumiy hajmining kamida ellik foizi darajasida bo‘lishini ta’minlashi shart (bundan investitsiya kiritish davrida yoki keyingi kengaytirish davrida tog‘-kon qayta ishlash (boyitish) sohasidagi ishlab chiqarishlarni va tegishli infratuzilmani qurish uchun sotib olinadigan tovarlar, ishlar hamda xizmatlar mustasno).
Agar yer qa’ridan foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasida resurslar mavjud emasligi sababli ellik foizli maqsadli ko‘rsatkichni bajara olmasa, yer qa’ridan foydalanuvchi va Yer qa’ridan foydalanish markazi muayyan vaqt davri uchun pastroq maqsadli ko‘rsatkichni kelishib olishi mumkin.
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishni moliyalashtirishning belgilangan minimumdan ortiqcha hajmi yer qa’ridan foydalanuvchining keyingi yildagi tegishli majburiyatlarining bajarilishi hisobiga o‘tkazilishi lozim.
Yer qa’ridan foydalanuvchi o‘zining har yilgi hisobotiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risidagi batafsil axborotni kiritishi shart.
159-modda. Infratuzilma
Yer qa’ridan foydalanuvchi tegishli ruxsatnomalar bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan va davlat ekologik ekspertizadan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan infratuzilmani qurish hamda ta’minlash huquqiga ega.
Yer qa’ridan foydalanuvchining tegishli faoliyati jarayonida qurilgan, o‘rnatilgan va foydalanilayotgan infratuzilma quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi kerak:
1) qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan standartlarga, texnik shartlarga va xavfsizlik talablariga to‘liq muvofiq holda loyihalashtirish, tayyorlash, yetkazib berish, o‘rnatish va ularga xizmat ko‘rsatish;
2) infratuzilma qaysi maqsadda foydalanilayotgan bo‘lsa yoki foydalaniladigan bo‘lsa, o‘sha maqsadga muvofiq bo‘lishi;
3) yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha tegishli faoliyatning xavfsiz amalga oshirilishini ta’minlashi;
4) yer qa’ridan foydalanishga doir faoliyatni amalga oshirish jarayonida duch kelinishi taxmin qilinayotgan muayyan foydalanishga oid va ekologik sharoitlar inobatga olinishi;
5) tasdiqlangan tegishli ishlar rejasiga muvofiq bo‘lishi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan qurilgan har qanday infratuzilma uchun dastlab reja tuzilib, u fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining roziligi olinganidan keyin tasdiqlash uchun vakolatli organga taqdim etiladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi infratuzilma yoki obyekt qo‘llanilgan standartlar va talablarga muvofiq ekanligiga ishonch hosil qilish uchun konchilik yoki neft-gaz infratuzilmasi hamda obyektlarining muntazam sinovlarini, ko‘riklarini va tekshiruvlarini o‘tkazishi shart, shuningdek bunday har qanday sinovlar, ko‘riklar va tekshiruvlar natijalarining hisobini yuritishi shart.
Konchilik yoki neft-gaz infratuzilmasi va obyektlarining sinovlari, ko‘riklari hamda tekshiruvlari to‘g‘risidagi yozuvlar so‘rovga ko‘ra Yer qa’ridan foydalanish markaziga, O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga, qo‘llaniladigan holga qarab, shuningdek yer qa’ridan foydalanuvchidan tegishli sinov, ko‘rik yoki tekshiruv o‘tkazilishi xususida hisobot tayyorlash va taqdim etishni talab qilishi mumkin bo‘lgan har qanday boshqa vakolatli davlat organlariga taqdim etiladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan kadastr kvadrati yuzasidagi yer uchastkasi doirasida barpo etilgan kommunikatsiya kanallaridan boshqa qo‘shni konchilik, sanoat va tijorat korxonalarining ehtiyojlari uchun ularning so‘roviga ko‘ra foydalanilishi mumkin, shuningdek, basharti yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan ularning foydalanilishiga to‘siqlar mavjud bo‘lmasa, uning roziligiga ko‘ra, taraflar kelishuvida belgilangan kompensatsiyani to‘lash sharti bilan jamoatchilik foydalanishi uchun ochiq bo‘lishi mumkin.
Yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan kadastr kvadrati yuzasidagi yer uchastkasidan tashqari barpo etilgan kommunikatsiya kanallari, basharti foydalanish doirasida yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan berilgan texnik shartlar va xavfsizlik talablariga rioya etilsa, umumiy foydalanish uchun berilishi mumkin.
Yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan qurilgan, ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaganidan keyin yer uchastkasida qoladigan infratuzilma umumiy foydalanishda bo‘ladi.
17-bob. Yer qa’ridan foydalanganlik uchun to‘lovlar
160-modda. Yer qa’ridan foydalanganlik uchun to‘lovlarning turlari
Yer qa’ridan foydalanish qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar uchun pulli asosda amalga oshiriladi.
Yer qa’ridan foydalanuvchilar barcha qo‘llaniladigan soliqlarni va boshqa maxsus to‘lovlarni to‘laydi.
Yer qa’ridan foydalanuvchilarga soliq solish soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq qazib olingan foydali qazilmalarga nisbatan qo‘llaniladi.
Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqqa qo‘shimcha ravishda maxsus to‘lovlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) ruxsatnoma berish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun ariza bilan birga to‘lanadigan, arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im;
2) auksion, tender natijalariga ko‘ra, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq (agar qo‘llash mumkin bo‘lsa) to‘lanadigan to‘lovlar;
3) ushbu Qonunning 161-moddasiga muvofiq qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish, uglevodorodlarni rekognossirovka qilish bo‘yicha ishlar, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish yoki yer ostida saqlash uchun geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha har yilgi litsenziya to‘lovi.
Ushbu modda to‘rtinchi qismining 1-bandida ko‘rsatilgan yig‘im ariza berish chog‘ida to‘lanadi.
Ushbu modda to‘rtinchi qismining 2-bandida ko‘rsatilgan to‘lovlar auksion yoki tender muvaffaqiyatli yakunlanganda yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjati qabul qilinganidan keyin to‘lanadi.
Ushbu modda to‘rtinchi qismining 3-bandida ko‘rsatilgan to‘lovlar ruxsatnoma berilgan kunda va ruxsatnoma berilgan kundan e’tiboran har yili to‘lanadi.
Yer solig‘i amaldagi qonunchilikka muvofiq to‘lanadi.
161-modda. Foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma doirasidagi har yilgi litsenziya to‘lovi
Geologik jihatdan o‘rganish uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun har yilgi litsenziya to‘lovi tegishli ruxsatnomada ko‘rsatilgan har bir kadastr kvadratlari bo‘yicha foydali qazilmalarni izlash va qidirish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun har yilgi to‘lovdir.
Geologik jihatdan o‘rganish uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun litsenziya to‘lovi yer qa’ri uchastkasidan geologik jihatdan o‘rganish uchun foydalanishning har bir yili uchun ruxsatnomada ko‘rsatilgan muddatga muvofiq to‘lanadi.
Geologik jihatdan o‘rganish uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun litsenziya to‘lovining miqdori:
1) asosiy foydali qazilmalar turlari bo‘yicha geologik jihatdan o‘rganilishi lozim bo‘lgan yer qa’ri uchastkasining bir gektari uchun qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n foizini;
2) noruda foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishning bir gektari uchun qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh foizini tashkil etadi.
Ruxsatnoma amal qilishining birinchi va oxirgi yili uchun har yilgi to‘lov yilning ruxsatnomaning amal qilishi tatbiq etiladigan davriga mutanosib ravishda to‘lanadi.
Foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnoma uchun har yilgi to‘lov yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan birinchi yil uchun ruxsatnoma olingan sanadan e’tiboran o‘ttiz kun ichida, soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi soliq organlariga to‘lanadi. Har bir keyingi yil uchun to‘lovlar har yili 31-martdan kechiktirmay to‘lanadi.
Yer qa’ridan geologik jihatdan o‘rganish uchun foydalanganlik uchun har yilgi litsenziya to‘lovi quyidagilarga yo‘naltiriladi:
yetmish foizi — O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga;
o‘n besh foizi — Qoraqalpog‘iston Respublikasining hamda viloyatlarning mahalliy budjetlariga;
o‘n besh foizi — tumanlarning (shaharlarning) mahalliy budjetlariga.
18-bob. Nizolar va javobgarlik
162-modda. Yer qa’ridan foydalanuvchilar huquqlarining kafolati
Davlat organlarining yer qa’ridan foydalanuvchilar faoliyatiga aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yer qa’ridan foydalanuvchilarning buzilgan huquqlari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tiklanishi lozim.
163-modda. Yer qa’ri to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Yer qa’ri to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Yer qa’ridan belgilangan normalar va talablarni buzgan holda foydalanganlik natijasida davlatga yetkazilgan zararning o‘rni qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda qoplanadi.
Quyidagilar yer qa’ridan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar hisoblanadi:
1) agar yer qa’ridan foydalanuvchi qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasini, rekognossirovka qilish ishlari loyihasini, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasini, qattiq holdagi foydali qazilmalar konini o‘zlashtirish loyihasini, uglevodorodlar konini o‘zlashtirish loyihasini, yer ostida saqlash loyihasini, yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha rejani, yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha rejani, yer uchastkasini tiklash bo‘yicha rejani, muayyan holga qarab, ushbu Qonunda belgilangan muddatda taqdim etmagan bo‘lsa;
2) agar qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish loyihasi, rekognossirovka qilish ishlari loyihasi, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish rejasi, qattiq holdagi foydali qazilmalar konini o‘zlashtirish loyihasi, uglevodorodlar konini o‘zlashtirish loyihasi, yer ostida saqlash loyihasi, yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha reja, yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha reja, yer uchastkasini tiklash bo‘yicha reja yuzasidan, muayyan holga qarab, yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha tegishli faoliyat bilan bevosita bog‘liq jiddiy buzilishlar mavjud bo‘lsa, ularni bartaraf etib bo‘lmasa yoki, agar ularni bartaraf etish mumkin bo‘lsa-yu, lekin bu haqda xabardor qilingan paytdan e’tiboran to‘qson kun ichida bartaraf etilmagan bo‘lsa yoxud, agar yer qa’ridan foydalanuvchi qoidabuzarliklarni bartaraf etish ustida astoydil ishlay boshlagan bo‘lsa-yu, lekin ularni bartaraf etish uchun to‘qson kundan ortiq vaqt talab qilinsa;
3) agar yer qa’ridan foydalanuvchida o‘z ekologik majburiyatlarining jiddiy buzilishlari mavjud bo‘lib, ularni bartaraf etib bo‘lmasa yoki, agar ularni bartaraf etish mumkin bo‘lsa-yu, lekin bu haqda xabardor qilingan paytdan e’tiboran to‘qson kun ichida bartaraf etilmagan bo‘lsa yoxud, agar yer qa’ridan foydalanuvchi qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha astoydil ishlay boshlagan bo‘lsa-yu, lekin ularni tugatish uchun to‘qson kundan ortiq vaqt talab qilinsa;
4) agar yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha tartibga solinadigan faoliyatni tegishli ruxsatnomasiz amalga oshirayotgan bo‘lsa;
5) agar yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha tartibga solinadigan faoliyatni yerdan foydalanuvchining yoki tegishli ruxsatnomada ko‘rsatilgan kadastr kvadrati yuzasidagi yer uchastkasi mulkdorining roziligisiz amalga oshirayotgan bo‘lsa;
6) agar yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha tartibga solinadigan faoliyatni zarur bo‘lgan ruxsatnomalarsiz va kelishuvlarsiz amalga oshirayotgan bo‘lsa;
7) agar tartibga solinadigan faoliyat bunday faoliyat taqiqlangan yoki cheklangan sohalarda yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lsa;
8) agar yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanishga doir boshqa ruxsatnoma egasining faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashayotgan bo‘lsa;
9) yer qa’ridan foydalanuvchi ruxsatnoma berilgan kadastr kvadrati yuzasidagi yer uchastkasida joylashgan infratuzilmaga yoki yerdan foydalanuvchining yoxud bunday yer uchastkasi mulkdorining mulkida yoki foydalanishida yoxud unga tutash bo‘lgan yer uchastkasida joylashgan mol-mulkka qonunga xilof ravishda aralashayotgan bo‘lsa;
10) agar yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markaziga yoki boshqa vakolatli organga tegishli xabarnomani ushbu Qonunda belgilangan muddatda taqdim etmagan bo‘lsa;
11) agar yer qa’ri uchastkasidan foydalanib bo‘lingan materiallarni yoki ifloslantiruvchi moddalarni olib chiqish vakolatli organlar bilan kelishilmagan holda yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lsa;
12) agar yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq nazarda tutilgan to‘lovlarni to‘lamagan bo‘lsa;
13) agar yer qa’ridan foydalanuvchi ruxsatnomasiz qazib olingan foydali qazilmalarni sotishni yoki ulardan boshqacha tarzda foydalanishni amalga oshirayotgan bo‘lsa yoxud ularni o‘zga shaxsga berayotgan bo‘lsa;
14) agar yer qa’ridan foydalanuvchi ushbu Qonunda belgilangan hisobdorlikka doir talablarni bajarmayotgan bo‘lsa va bunday qoidabuzarliklar haqida tegishli xabarnoma olingan paytdan e’tiboran o‘ttiz kun ichida ularni bartaraf etmayotgan bo‘lsa;
15) agar yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish chog‘ida olingan maxfiy axborotni ushbu Qonunni buzgan holda uchinchi shaxslarga oshkor etgan bo‘lsa;
16) agar yer qa’ridan foydalanuvchi geologik namunalar, burg‘ilash kerni yoki kukunlari hisobini yuritmayotgan bo‘lsa va (yoki) ushbu Qonunni buzgan holda ularni utilizatsiya qilayotgan bo‘lsa;
17) yer qa’ridan foydalanuvchi Yer qa’ridan foydalanish markaziga yoki boshqa vakolatli organga so‘ralgan axborotni, statistika ma’lumotlarini yoki yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha ko‘rilgan choralar to‘g‘risidagi axborotni taqdim etmagan taqdirda, shuningdek bunday qoidabuzarlikni ushbu so‘rov olingan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida bartaraf etmagan taqdirda;
18) agar yer qa’ridan foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining tekshiruvni amalga oshirayotgan mansabdor shaxslariga axborot berishda to‘siqlarni, uzilishlarni yoki kechiktirishlarni qasddan yuzaga keltirayotgan bo‘lsa, shuningdek yolg‘on yoki chalg‘ituvchi axborot taqdim etayotgan bo‘lsa;
19) agar yer qa’ridan foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining tekshiruvni amalga oshirayotgan mansabdor shaxslarining qonuniy talabini, ko‘rsatmasini yoki farmoyishini bajarishni rad etayotgan bo‘lsa;
20) agar yer qa’ridan foydalanuvchi, holatlarga qarab, yer qa’ri uchastkasini foydalanishdan chiqarish fondini yoki tugatish fondini ushbu Qonunning 15-bobida nazarda tutilgan tartibda tashkil etmayotgan bo‘lsa va (yoki) ushbu fondga badallarni kiritmayotgan bo‘lsa.
Yer qa’ri to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganligi natijasida yer qa’riga zarar yetkazgan shaxslar zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda yoki sud tartibida qoplaydi.
164-modda. Yer qa’ridan foydalanuvchiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash
Yer qa’ridan foydalanuvchiga boshqa shaxslar tomonidan yetkazilgan zararning o‘rni qonunchilikka muvofiq qoplanishi lozim.
Yer qa’ridan foydalanuvchilarga yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi davlat tomonidan asossiz ravishda cheklanganligi, to‘xtatib turilganligi yoki tugatilganligi sababli yetkazilgan zararlarning o‘rni qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qoplanishi lozim.
165-modda. Sud tartibida shikoyat qilish huquqi
Yer qa’ridan foydalanish markazining yoki biror-bir boshqa davlat organining ushbu Qonunga muvofiq qabul qilingan har qanday qarori, shu jumladan biror-bir ruxsatnomani berishni yoki uni uzaytirishni rad etish haqidagi qarori yoxud ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
166-modda. Nizolarni hal etish
Yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq masalalarga doir nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida va (yoki) investor hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida tuzilgan shartnomada tegishli va haqiqiy arbitraj sharhi nazarda tutilgan bo‘lsa, yer qa’ridan foydalanuvchi nizolarni hal etish uchun xalqaro arbitrajga murojaat qilishi mumkin.
167-modda. Barqarorlik kafolatlari
Yer qa’ridan foydalanuvchi yer qa’ridan foydalanuvchiga nisbatan qo‘llaniladigan fiskal, soliq, bojxona va valyuta rejimlarining barqarorligini ta’minlash masalalari yuzasidan Yer qa’ridan foydalanish markaziga murojaat qilishi mumkin. Barqarorlik kafolatini ta’minlash usullari, shu jumladan ishtirok etish huquqi, malaka chegaralari, arizalar berish tartib-taomillari, davomiylik, yangilash shartlari, qo‘llanilishi, shartlari, cheklovlari va istisnolari qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Barqarorlik kafolati berilgan yer qa’ridan foydalanuvchi barqarorlik kafolati berilgan paytda qo‘llanilgan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan iqtisodiy shartlarning amal qilishini saqlab qolish huquqiga ega. Agar barqarorlik kafolati berilgan kunda amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritilishi yer qa’ridan foydalanuvchining xarajatlari ko‘payishiga yoki yer qa’ridan foydalanish loyihasi doirasida uning daromadlari kamayishiga bevosita olib kelsa, yer qa’ridan foydalanuvchi davlatdan kompensatsiya talab qilishga yoki barqarorlik kafolati berilgan kunda amalda bo‘lgan qonunchilik hujjatining amal qilishi, saqlanishini talab qilish huquqiga ega. Qonunchilik hujjatlarining amal qilishda davom etishini yoki yer qa’ridan foydalanuvchiga kompensatsiya to‘lanishini aniqlash tartibi va bunday to‘lov shartlari, shu jumladan summalarni hisob-kitob qilish, to‘lovlarning xususiyati va davriyligi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchi barqarorlik kafolatini rad etishi va barqarorlik kafolati berilgan sanadan keyin joriy etilishi mumkin bo‘lgan yanada qulayroq chora-tadbirlar qo‘llanilishini talab qilishi mumkin, ammo bu holda yer qa’riga egalik qiluvchi yangi rejimni (rejimlarni) faqat, agar u buni to‘liq qabul qilsa, tanlashi mumkin. Barqarorlik kafolatini rad etish usullari qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Yer qa’ridan foydalanuvchiga nisbatan barqarorlik kafolatining aniq qoidalari inobatga olingan holda ushbu Qonun va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining qoidalarini tatbiq etish davom etadi, xususan, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kafolatlar mudofaa, milliy xavfsizlik, jamoat tartibi, mehnatni muhofaza qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka doir biror-bir o‘zgartirishlarga nisbatan tatbiq etilmaydi, basharti mehnatni muhofaza qilishga, xavfsizlik texnikasiga va atrof-muhitni muhofaza qilishga nisbatan Yer qa’ridan foydalanish markazi yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan sog‘liq, xavfsizlik va (yoki) atrof-muhitni muhofaza qilish manfaatlarini ko‘zlab qabul qilinishi uchun zarur bo‘lgan har qanday qo‘shimcha chora-tadbirlar tarmoqqa oid ilg‘or amaliyotga muvofiq bo‘lishini ta’minlasa.
19-bob. Yakunlovchi qoidalar
168-modda. O‘tish qoidalari
Ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar boshlangan jarayonlar o‘sha paytda yer qa’ri to‘g‘risidagi amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq quyidagi tartibda tugallanishi lozim:
1) kadastr kvadratlari tizimini yaratish uchun besh yil ajratiladi;
2) ushbu moddaning qoidalari inobatga olingan holda, yer qa’ridan foydalanishga doir faoliyatni tartibga soluvchi mavjud ruxsatnomalar, mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi kelishuvlar va investitsiya kelishuvlari o‘z kuchida qoladi hamda o‘zida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq bajarilishi lozim;
3) barcha ruxsatnomalar, shuningdek kadastr kvadratlari tizimi yaratilguniga qadar tuzilgan mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi kelishuvlar yoki investitsiya kelishuvlari mavjud tizim doirasida beriladi;
4) ushbu Qonun kuchga kirgan kunga qadar yer qa’ridan foydalanishga doir ruxsatnoma berilgan, shuningdek o‘ziga nisbatan mahsulot taqsimoti to‘g‘risida kelishuvlar yoki investitsiya kelishuvlari tuzilgan barcha yer qa’ri uchastkalari uchun yer uchastkalarining avvalgi mavjud chegaralari o‘z kuchini saqlab qoladi. Bunday ruxsatnomalar yoki kelishuvlar doirasida band bo‘lgan kadastr kvadratlari ochiq kvadratlar deb hisoblanmaydi. Bunday ruxsatnomalar, mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi kelishuvlar yoki investitsiya kelishuvlari Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan kadastr kvadratlari tizimi yaratilganidan keyin bunday ruxsatnomalarning amal qilishi birinchi marta qayta uzaytirilayotganda kadastr kvadratlari tizimiga o‘tkaziladi;
5) Yer qa’ridan foydalanish markazi amaldagi ruxsatnomalarni shunday ruxsatnomalar qayta rasmiylashtirilguniga qadar yer qa’ridan foydalanuvchining roziligi bilan kadastr tizimiga o‘tkazishi mumkin;
6) yer qa’ridan foydalanish huquqini realizatsiya qilish bo‘yicha elektron savdo maydonchalariga joylashtirilgan yer qa’ri uchastkalarining hududi va ularning geometrik shakli auksion o‘tkazilgan paytda amalda bo‘lgan qonunchilikka muvofiq saqlanib qoladi hamda unga asosan tegishli ruxsatnomalar beriladi;
7) ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar ruxsatnomalar olishga doir berilgan arizalar ular berilgan kunda amalda bo‘lgan qonunchilikka muvofiq ko‘rib chiqiladi va rasmiylashtiriladi;
8) geologiya-qidiruv ishlari uchun imzoli bonus to‘langan yer qa’ri uchastkasiga geologik jihatdan o‘rganish uchun ilgari berilgan tegishli ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaguniga qadar yer qa’ri uchastkasidan geologik jihatdan o‘rganish uchun foydalanganlik uchun litsenziya to‘lovi undirilmaydi;
9) yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun minimal talablar ushbu Qonun kuchga kirgan sanada tegishli ruxsatnoma asosida faoliyat yuritayotgan yer qa’ridan foydalanuvchilarga nisbatan keyingi yilning 1-yanvaridan e’tiboran tatbiq etiladi;
10) foydali qazilmalar konlarini o‘zlashtirish uchun berilgan kon ajratish dalolatnomalari va yer uchastkalarining chegaralari ushbu Qonun qabul qilingan kundan e’tiboran uch yilgacha bo‘lgan muddatda o‘z kuchida qoladi. Bu davrda yer qa’ridan foydalanuvchilar chegaralarni O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi bilan kelishilgan holda konni o‘zlashtirish (jihozlash) chog‘ida nazarda tutilgan chegaralar bilan muvofiqlashtirishi kerak;
11) amaldagi ruxsatnomalarga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha rejani ushbu Qonun kuchga kirgan sanadan e’tiboran ikki yildan oshmagan muddatda taqdim etishi shart, agar ular ushbu muddatgacha yangi yoki yangilangan konni o‘zlashtirish loyihasini taqdim etmagan bo‘lsa;
12) qisman o‘zlashtiriladigan konlarning va foydali qazilmalarning qoldiq zaxiralarini qazib olish uchun qonunchilikka muvofiq beriladigan tegishli ruxsatnomalarga asosan yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatish bo‘yicha loyiha va uning ta’minoti unga ruxsatnoma asosida taqdim etilgan yer qa’ri uchastkasining tegishli qismi uchun amalga oshiriladi;
13) davlat yer qa’ri fondini ushbu Qonun kuchga kirgan yilning 31-dekabridan e’tiboran yangilashda davlat tomonidan foydalanish uchun o‘n yil mobaynida qattiq foydali qazilmalarni geologik o‘rganish bo‘yicha CRIRSCO formatidagi yakuniy hisobotda yoki uglevodorodlarni hisobga olish va resurslarni boshqarish tizimi (PRMS) formatidagi uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha yakuniy hisobotda tegishincha quyidagi axborot mavjud bo‘lishi kerak: A, B, C1 va C2 zaxiralari hamda P1, P2, P3 potensial resurslari toifalariga ko‘ra mineral resurslar va zaxiralar to‘g‘risida hisobot berish tizimi, shuningdek ushbu Qonunning 49-moddasiga muvofiq davlat tomonidan tasdiqlangan zaxiralar, shu jumladan balans va balansdan tashqari zaxiralar toifalari;
14) yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini tugatishni moliyalashtirishga nisbatan talablar ushbu Qonun kuchga kirgan sanadan e’tiboran ikki yildan keyin ellik foiz, uch yildan keyin yetmish besh foiz miqdorida va to‘rtinchi yildan e’tiboran to‘liq hajmda qo‘llaniladi.
169-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 23-sentabrda qabul qilingan “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi 2018-XII-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-yil, № 10, 252-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1994-yil 23-sentabrda qabul qilingan “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 2019-XII-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-yil, № 10, 253-modda);
3) O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 357-I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 2, 56-modda) XIII-bo‘limi;
4) O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 1-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 621-I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5-6, 102-modda) 11-bandi;
5) O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 681-I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 9, 181-modda) XI-bo‘limi;
6) O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 31-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 125-II-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 7-8, 217-modda) VII-bo‘limi;
7) O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrda qabul qilingan “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 444-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 1, 5-modda);
8) O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 18-dekabrda qabul qilingan “Sanoat, gaz ta’minoti va kon nazorati sohasidagi boshqaruv takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-133-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 604-modda) 3-moddasi;
9) O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-278-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-yil, № 1, 1-modda) 5-moddasi;
10) O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 9-sentabrda qabul qilingan “Geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimi takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-294-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-yil, № 9, 247-modda) 4-moddasi;
11) O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 21-dekabrda qabul qilingan “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 26 va 27-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-310-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-yil, № 12/2, 362-modda);
12) O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 30-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-352-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 4, 98-modda) 12-moddasi;
13) O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 25-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-405-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 4, 125-modda) 6-moddasi;
14) O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘RQ-446-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 9, 510-modda) 22-moddasi;
15) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-476-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 4, 224-modda) 15-moddasi;
16) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyulda qabul qilingan “Ba’zi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-486-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 7, 431-modda) 14-moddasi;
17) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 10-mayda qabul qilingan “Ba’zi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-536-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 5, 261-modda) 6-moddasi;
18) O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 7-yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘RQ-601-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 2-modda) 1-moddasi;
19) O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-653-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 12, 691-modda) 6-moddasi;
20) O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-683-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 50-moddasi;
21) O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-721-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 10, 968-modda) 7-moddasi.
170-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
171-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
172-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 31-oktabr,
O‘RQ-987-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.11.2024-y., 03/24/987/0873-son)